www.ziyouz.com kutubxonasi
155
g‘ashi kelib dedi Salim ota.
— Podsholarga ayg‘oqchilar, albatta, kerak, bunisi ko‘pdan ma’lum, — so‘zida davom
etdi shayx Muborak. — Ammo bu Ansoriy zulm tig‘ini Islom-shohga qanday qayrab berib
turganini Humoyun hali bilmasa kerak. Shundan foydalanib, makkor Ansoriy biz kabi
tarafdolarini ham Humoyunga yomon ko‘rsatishi, oraga nifoq solishi mumkin. Axir
hamon adolat izlab yurgan mahdiylar harakati xalq orasida hali to‘xtagan emas! Salim
ota Humoyunga hech bo‘lmasa bir maktub yozib, Bianadagi xalq harakati qanday
bo‘lganini, Ansoriy o‘shanda nelar qilganini haqqoniy so‘zlar bilan bayon qilishlari kerak
emasmi?
— Agar men bu maktubni yozsam, uni kim Humoyunga yetkazib bergay? Shohning
qabuliga kirish oson emas.
— Yozing, men eltib berishga urinib ko‘ray, — dedi shayx Muborak.
Mehmonlar shirguruchni yeb tarqaganlaridan so‘ng, Salim ota yolg‘iz qolib qo‘liga qalam
oldi. Shunda Hamida bonu va undan olgan maktubini es-ladi. Humoyunning Akbar degan
o‘g‘li kattagina o‘smir bo‘lib qolganini eshitgan edi, shu yodiga tushib, maktubni
muborakboddan boshladi. Keyin Humoyun quvg‘inda yurgan yillarda yuz bergan
voqealarni qisqacha bayon qildi. Shayx Ansoriy haqidagi gaplarni ham barcha dalillari
bilan qog‘ozga tushirgach, maktubni shunday tugatdi:
«Hazratim, ko‘rishmaganimizga o‘ng olti yil bo‘ldi. Bu orada siz ko‘p dovonlardan oshib,
avvalgidan yuz chandon tajribaliroq va donoroq bo‘lib qaytmoqdasiz, degan ishonch
bilan yo‘lingizga ko‘z tikmoqdamiz. Xalq adolatli rahbarga benihoya tashna. Mahdiylar
harakati ham ana shu tashnalikdan kelib chiqqan edi. Agar shu tashnalikni qondirsangiz,
el-ulus sizni barcha balolardan asraydigan balogardon bo‘lg‘usidir!»
Ertasi kuni yo‘l tayyorligini ko‘rib kelgan shayx Muborak bu maktubni to‘nining astariga
tikib, Panjobga yo‘l oldi. Ammo u Laxo‘rga yetib borma-sidan, Humoyun Dehliga tomon
qo‘shin tortib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Sherxon avlodlaridan Iskandarshoh Agra
yaqinida o‘z raqibi ibrohim surni yenggan, uning bir qism askarlarini o‘ziga qo‘shib olib,
lashkarini ellik mingga yetkazgan edi. Endi Iskandarshoh bu katta qo‘shin bilan Sirhind
yaqinida Humoyunning yo‘lini to‘sib chiqdi.
Shayx Muborak bir-biriga qarab yumalayotgan tog‘day zo‘r toshlarning orasida qolib,
yanchilib ketmaslik uchun o‘zini chetga olib, Kalonurga ketdi va janglar tugashini kutdi.
Oradan bir oycha vaqt o‘tgach, Iskandarshoh Panjobning Maxchivara degan joyida
Humoyunning lashkarboshisi Bayramxondan yengilib, Himolay tog‘lari tomonga qochgani
ma’lum bo‘ldi. Bundan behad suyungan shayx Muborak Humoyunning huzuriga yo‘l oldi.
Ammo Jamna bo‘yab Dehli tomonga ketib borayotgan Humoyunning hozir muqim
turadigan joyi yo‘q, qarorgohlarining o‘rni o‘zgarib turadi. Qalandar kiyimida yurgan
shayx Muborak, nihoyat, uning o‘rmon chetida ov qilish uchun ikki-uch kun
to‘xtaganidan foydalandi-da mavkab joylashgan qarorgohga yaqinlashdi. Qo‘riqchilar
boshlig‘iga:
— Hazrat oliylariga xalqning nomidan yozilgan bir maktub topshirmoqchimen, — deb arz
qildi.
Davlat boshlig‘iga arz-u dod qilib keluvchilar juda ko‘p bo‘lganligi uchun, ularni avval
sinchiklab tekshirishar va o‘ntadan bittasini podshoning huzuriga kirgizishar edi. Shayx
Muborakni ham qo‘rchibegi savolga tutib, taftish qilayotgan paytida katta oq sallali
Abdulla Ansoniy ikkita ulamo bilan ularning yonidan o‘ta boshladi. Shayx Muborak sallasi
kattalarga yuzini ko‘rsatmaslikka tirishib, orqa o‘girib turdi. Lekin qo‘rchibegi
ulamolardan birini chaqirib:
— Taqsir, beri keling, bu odam ham shayxlardan ekan, — dedi. — Qandaydir mahdiylar
nomidan podshoga maktub olib kelganmish. Ko‘rib bering-chi, hazratimning e’tiborlariga
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |