www.ziyouz.com kutubxonasi
157
o‘zbek, Qilichxon Andijoniy kabi ahli davlat... Abdulla Ansoriy boshliq din peshvolari
podsho filining orqarog‘ida bormoqda. Abdulla Ansoriy xuddi Islomshoh saroyidagi kabi
Humoyun saroyida ham diniy peshvo bo‘lib olganligi rost edi. Lekin Humoyun uni birinchi
kunlardanoq qattiq itoatda tutishga intilar, mavkabda ahli davlat-dan keyingi ikkinchi
o‘rinda borishi kerakligini miri tuzukka o‘zi tayinlagan edi.
Dehli ko‘chalaridagi xaloyiq podshoning filini kim minib borayotganiga ham e’tibor berib
qarar edi. Filbon La’l Chand Qandahor va Kobulga yetolmay, Hindistonda qolgan, lekin
Humoyun Laxo‘rga qaytganini eshitgan zahoti yana uning huzuriga borgan va
Sirhinddagi jangda qo‘lidan kelgan ko‘maklarni bergan edi... Humoyun eski qadrdonining
ko‘p yillik yaxshiliklarini qaytarish uchun bugun Dehli markazidan minib o‘tayotgan
shohona filni boshqarishni La’l Chandga topshirdi. Yo‘l chetidagi odamlarning ba’zisi
Dehlida ko‘p yil yashagan La’l Chandni tanib, bir-birlariga iftixor bilan ko‘rsatishardi.
Bir vaqtlar Humoyun Agrada shu ishni qilmoqchi bo‘lganda yo‘l bermagan Said Xalil endi
yo‘q, hozirgi shayxulislom Abdulla Ansoriy esa Islom-shohga ko‘p yil xizmat qilganligi
uchun tili qisiq, «g‘ayridin podshoning filini minmasin!» deb e’tiroz qila olmaydi. Din
peshvolari «g‘ayridin» deb xushlamaydigan La’l Chand kabi hindlar Kalanjarda Sherxon
bilan qahramonlarcha jang qilib, uni qanday halokatga uchratganligi Humoyunning
yodidan chiqmaydi. U dini boshqa bo‘lsa ham, dili insoniy fazilatlarga to‘la bo‘lgan mana
shu ulug‘ elga o‘z ehtiromini bildirish uchun bugun Dehlidan hindlar juda e’zozlaydigan
jonivor — filda o‘tishni va bu filning izmini La’l Chandga topshirishni lozim ko‘rgan edi.
Karnay-surnaylar va naqora tovushlari baland joydagi qizil tosh devorli Puron qal’a
darvozasiga yetganda tindi. Bu yerga oldinroq kelgan maxsus qo‘riqchilar va
xizmatkorlar qal’ani orasta qilib jihozlab, yo‘lkalarga poyandozlar to‘shatib qo‘ygan
edilar. Qal’a hovlisi juda keng, u boshidan bu boshigacha ming qadamdan ortiq.
Kech kirgan bo‘lsa ham saraton issig‘i juda baland. Humoyun kuni bo‘yi zirhli kiyimda
yurib, issiqda juda lohas bo‘lgani uchun xonayi xosda eng avval yengil ipak kiyimlarini
kiydi, sovutilgan lim-u sharbatidan ichdi. Bari bir bino ichi issiq va dim tuyulib, nafasi
qaytganday bo‘laverdi. Shundan keyin Akbarni yoniga olib hovliga chiqdi va shabada
tegadigan ochiqroq joy izladi.
Oftob botgan, lekin osmonning g‘arb tomoni hamon lovullab yonib turibdi. Yo‘lkalarga
to‘shalgan qizg‘ish toshlardan ham kunduzgi issiqning tafti uryapti. Qal’aning eng baland
joyi kunbotish tomonda — Sherxonning masjidi va shermandal deb ataladigan tepasi
ochiq tosh bino turgan joyda edi. Humoyun Sherxon qurdirgan masjidning o‘rni yaxshi
tanlanganiga, bino peshtoqi salobatli, tosh bezaklari o‘ziga yarashib tushganiga tan
berdi-yu:
— Durust, Sherxon o‘zidan yaxshi xotira ham qoldiribdir, — deb qo‘ydi.
Masjiddan o‘ngda — baland va xushmanazara bir joyda sakkiz burchakli, ikki oshiyonli
mo‘jaz bino turibdi. Buning tarxini bir vaqtlar Humoyun chizdirgan va kitobxona uchun
mo‘ljallagan edi. Lekin to‘polonlar boshlangandan so‘ng qurilishlar to‘xtab, bu bino ham
chala qolib ketdi. Keyin uni Sherxon o‘z didiga moslab, uchinchi qavatini shabada
tegadigan ochiq sahn qilib qurdiribdi. Salqin shamol esib turadigan bu shinam joy
xursandchilik qilinadigan manzil — mandal nomini olibdi.
Humoyunning odamlari bugun shermandalni ham yuvib, tozalab, tepadagi shiyponiga
gilam va ko‘rpachalar to‘shab qo‘yishgan edi.
Zinapoya oldida turgan soqchi yigit ota-bolaga yo‘l berib, o‘zini darhol chetga oldi.
Humoyun yaxlit va dag‘al kulrang toshlardan tarashlangan zinapoyaga oyoq qo‘yib
yuqoriga qaradi. Zinapoya tik va tor, unga faqat bitta odam sig‘adi, ichi nimqorong‘i.
Besh-olti qadam narida yana xuddi shunga o‘xshash ikkinchi zinapoya bor — bunisi
chiqish uchun bo‘sa, narigisi pastga tushish uchunmi? Tosh quduqqa o‘xshaydigan va
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |