www.ziyouz.com kutubxonasi
142
dahshatlarga men bardosh berolmas edim. Bunday betakror davr kishining hayotida
faqat bir marta bo‘lg‘ay. Nahotki shunday muhabbatni unutib bo‘lsa? Faqat tanam yoki
ko‘nglim emas, butun ruhim, bor ma’naviy olamim bu dunyoda sizdan yaqinroq, sizdan
suyukliroq yor topgani yo‘q, Hamida, ishoning!..
Humoyunning bu gaplaridangina emas, ikkovi birga o‘tkazgan unutilmas kunlar
xotirasidan ham dili xiyol yorishgan Hamida kulumsirab hazil qildi:
— Balki kelgusida suyukliroq yor yana uchrab qolar, hazratim?
— Suyukliroq deb, yana qayta o‘zingizni uchratsakchi?
— Koshki! — deb kuldi Hamida.
Shu bilan arazlar unutildi-yu, Hamida bonu Humoyunni ichki xonaga taklif qildi. Alohida
did bilan yasatilgan bu tanobiy uyga avval sharbatchi oltin ko‘zachada gulob keltirdi.
Keyin bovurchilar bor san’atlarini ishga solib ikki kishilik quyuq-quyuq ziyofat
tayyorlashga kirishdi. Oftobachi ayol g‘uslxonaga iliq suv olib o‘tdi. Ko‘p o‘tmay
sozandalar ham paydo bo‘ldi, sho‘x, quvnoq kuylar yangray boshladi.
Butun bog‘ to‘yxonaga aylanganday serharakat, quvnoq tus oldi. Bu holat bog‘
yo‘lkalarida ko‘kaldoshlari bilan chopib yurgan Akbarga ham ta’sir qildi.
— «Yor-yor» o‘ynaymiz! — dedi u.
—Kelin yo‘q-ku.
Charchamanlar orasida besh yoshli Salima Sulton begim ko‘rindi. Uning otasi mirzo
Nuriddin jangda halok bo‘lgan, onasi Gulrang begim bultur xasba*dan vafot etgan,
shundan so‘ng uni Hamida bonu o‘z tarbiyasiga olgan edi. Salimaning murabbiyasi
ichkarida ish bilan band. Akbar ikki ko‘kaldoshi bilan qizchaning oldiga keldi.
— Biz bilan o‘ynaysenmi? — so‘radi Akbar.
O‘g‘il bolalar ilgari uni ko‘pda o‘yinlariga qo‘shishmas edi.Bugun qanday bo‘lib birga
o‘ynagani taklif qilganlaridan quvongan Salima old tishlari tushib, kemshik bo‘lib qolgan
og‘zini qiya ochib kulumsiradi:
— Mayli. Ne o‘yin?
— Oq ro‘moling bormi? — so‘radi Akbar.
— Bor.
— Boshingga yopib chiq.
Salima o‘zidan yarim yosh katta bo‘lgan Akbarning qarshisida allanechuk yuvosh,
itoatkor bo‘lib qolardi. Uning aytganini qilib, ichkaridan oq ro‘mol yopinib chiqdi. Shunda
Akbar:
— Kelin-kuyov o‘ynaymiz, — yedi. — salima, sen kelin. Kuyov kim bo‘lsin? Adhammi?
Salima bosh chayqadi. Akbar Azizni ko‘rsatgan edi, qizcha yana bosh chayqadi. Shunda
Aziz:
— Akbarmi? — deb so‘radi.
Salima ohunikiday chiroyli ko‘zlarini yerga qaratib sukut saqladi. Bu uning rozi bo‘lgani
edi.
Aziz behi gulining kichik bir shoxchasini sindirib, Akbarning bejirim sallachasiga jig‘a qilib
qadadi. Kelin-kuyov yonma-yon yerga qarab bog‘ yo‘lkasidan kela boshlashdi. Ikki
ko‘kaldosh ularning ikki yonida turib yor-yor aytishdi:
Kelin keldi, yor-yor-ey, kelin keldi!
Kuyov keldi, yor-yor-ey, kuyov keldi!
Bolachalar boshqa yor-yorni bilmaganlari uchun nuqul shu ikki gapni takrorlashardi.
Ko‘shkning yuqori qavatida visol zavqidan boshqa hamma narsani unutgan Humoyun va
Hamida bonu bolalarning bu o‘yinidan bexabar. Lekin ular bugun yana yangidan kelin-
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |