www.ziyouz.com kutubxonasi
141
alifbosining murakkab qoidalari bolani qiynar, u erkalik qilib, ko‘p darslardan qochib
ketar va ko‘kaldoshlari bilan urush-urush o‘ynardi. Kobulning eng taniqli mudarrisi
mavlono Asomiddin kamoli jiddiyat bilan unga harf o‘rgatar:
— Mana bu «mim», bu esa «nun», orasiga «yoy» qo‘yib yozsak, «men» bo‘lur, — desa
Akbar bu harflardan qush yo boshqa biron jonvorning rasmini yasar, nuqtalarini ko‘zga,
zabarlari*ni qoshga aylantirib yuborar edi. Hozir u otasiga rostini aytdi:
— Menga mudarris emas... anu... surat chizadigan... Qazvindan kelgan mulla amak...
saboq bersa bas-da.
Humoyun Qazvin Nigorxonasida qilingan ahdga binoan, Behzodning shogirdlari Xo‘ja
Abdusamad va Mirsaid Ali ikkovi uchun shoh Tahmaspga katta mablag‘ to‘lab, maxsus
odamlar vositasida musavvirlarni Kobulga ko‘chirtirib keltirgan edi... Hozir Mirsaid Ali
Humoyun kutubxonasining kitobdori qilib tayinlangan. Xo‘ja Abdusamad esa olti yashar
Akbarga musavvirlikdan ilk saboqlar bermoqda edi.
— Amirzodamda tug‘ma bir iste’dod bor, — degan edi kecha Xo‘ja Abdusamad
Humoyunga. — Ranglarni yaxshi his qilurlar. Mutanosiblik tuyg‘usi kuchli. Binolar-u
daraxtlar rasmini yaxshiroq chizurlar. Ehtimolki, musavvirlikdan ham ko‘ra me’morlikka
ko‘proq salohiyat namoyon qilurlar. Ammo me’morlik iste’dodini kamolga yetkizish
uchun ham xat-savodli bo‘lmoqlari, ko‘p kitoblar mutolaa qilmoqlari zarur.
Humoyun, hozir bu gaplarni Akbarning qulog‘iga yaxshilab quydi-da, minba’d xat-
savodga zo‘r berish haqida undan so‘z oldi, so‘ng ko‘kaldoshlari oldiga qaytishga ruxsat
berdi.
Hamida bonu Humoyunning kelishiga odatdagidek tayyorgarlik ko‘rolmaganidan xijolat
bo‘lib:
— ma’zur tuting, — dedi. — Kutmagan edik...
Uning tani sog‘ ekanini, faqat araz qilib «betobmen» deganini payqagan Humoyun bir oz
tovushi olinib, o‘pkalab gapirdi:
— Diydor ham g‘animat, Hamida. Men qirqdan oshdim, yana shuncha umr ko‘rishim
gumon. Ko‘pi ketib ozi qoldi.
— Ne qilay? Men yoshligimda so‘lib bormoqdamen! Tanim sog‘ bo‘lsa-da, ko‘nglim
o‘ksik, ruhim pajmurda...
Hamidaning ko‘zlarida yosh g‘iltillaganini ko‘rgan Humoyun uning oldida hamon
gunohkor ekanini eslab o‘ng‘aysizlandi:
— Osiy banda ekanmiz, bobolar an’anasi-yu davlat manfaatlariga bo‘ysunib qilgan
gunohimni kechiring, Hamida bonu!
— O‘g‘il ko‘ribsiz, muborak bo‘lsin...
Humoyunning Norchuchuk begimdan ko‘rgan o‘g‘li Hamida bonuga quvonch emas, alam
keltirganini uning ovozidan sezgan Humoyun:
— Shoyadki, bu o‘g‘il sizga ham farzandlik qilsa,— dedi. — Hindol Dildor og‘achadan
tug‘ilganda mening xudo rahmati onam uni mana shu bog‘da o‘z farzandidek tarbiya
qilgan edi.
— Endi men ham shundoq qilmog‘im kerakmi?
— Yo‘q, nechun? Siz hali yoshsiz, yana qancha o‘g‘illar ko‘rmog‘ingiz mumkin. Men...
sizga... tanadan kor‘a ruh oliyroq ekanini aytmoqchi edim. Bu besh kunlik o‘tkinchi
dunyoda eng yuksak sadoqatning makoni ham ruhdir. O‘lsak qurtlarga yem bo‘laturgan
tanamiz tirikligida bizni nafs-u tama balolariga giriftor qilur ekan. Mening yoshimda
odam jismoniy yaqinlikdan ko‘ra ma’naviy yaqinlikning beqiyos darajada afzal bo‘lishini
fahmlar ekan. Men inilar tashvishidan forig‘ bo‘ldim-u ruhimni bir yayratgim keldi.
Shunda dilim sizga qarab talpindi... Sind bo‘ylari, Tar sahrosi, Qandahor-u Qazvin —
shuncha yo‘llarni birga bosib o‘tdik, Hamida. Siz yonimda bo‘lmasangiz, o‘sha
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |