www.ziyouz.com kutubxonasi
140
bosib ketguday bo‘lar va bog‘ yo‘lkalariga, gullagan behi va olmalar orasiga sekin taralar
edi. Hamida bonu Humoyunni hali ham yaxshi ko‘rar, uni sog‘inib yashar, mana shu
sog‘inch hozir ma’yus va yorug‘ kuyga aylanib satoni yangratardi.
Humoyun hukumat ishlari bilan band bo‘lganda o‘z davlatxonasiga yaqin bo‘lgan Bog‘i
Dilkushoda tunab qoladi. Hamida bonu esa uni «yana Bog‘i Binafshaga, Norchuchuk
begimning xobgohiga ketgan» deb iztirob chekadi. Kobulning Bog‘i Yo‘ng‘ichqasida
Humoyunning katta xotini Beka begim o‘z yaqinlari bilan turadi. Hajdan qaytgandan beri
Hoji begim nomini olgan bu taqvodor ayol Humoyunning nazaridan qolgan, Hamidaning
unga rashki kelmaydi. Ammo Humoyun endi o‘n sakkizga kirgan Norchuchuk begimning
oldida tunagan kunlari Hamida bonu O‘rta bog‘da tikanga ag‘anaganday qiynalib chiqadi.
Shu ichki azob ta’sirida u goho Humoyundan arazlaydi. Odatda, Humoyun O‘rta boqqa
kelib tunaydigan bo‘lsa kunduz odam yuborib xabar qiladi. Bog‘da shunga yarasha
tayyorgarlik ko‘riladi.
Bugun peshinda xuddi shunday xabar keldi. Hamida bonu Humoyunning diydoriga zor
bo‘lsa ham, biroq uning o‘n kundan beri kelmaganiga, bu orada balki Norchuchuk begim
xobgohida tunaganiga achchiq qilib, rad javobi berdi:
— Hazratim meni ma’zur tutsinlar. Tobim yo‘q. Xizmatlarida bo‘lolmagaymen. Binafsha
bog‘iga boraqolsinlar.
Haram bekasi ul-bul deb, uni achchig‘idan tushirmoqchi bo‘ldi, lekin bir so‘zli Hamida
aytgan gapida turib oldi.
Hozir u Akbarga satoda chalib berayotgan mungli kuyda mana shu arazning dardi ham
goh nola, goh girya shakliga kirib yangramoqda edi.
Kutilmaganda O‘rta boqqa kirib kelgan Humoyun xizmatkorlarni sarosimaga solib qo‘ydi.
Ular ikkinchi oshiyonda sato chalayotgan Hamida bonuni chaqirib tushmoqchi bo‘ldilar.
Lekin Humoyun ruxsat bermadi:
— Bezovta qilmanglar, o‘zim chiqgaymen, — dedi va kuy ovozi kelayotgan tillakori
boloxonoga sekin ko‘tarildi. Eshik ochiq qolgan edi. Humoyun qadamini sekin bosib
bo‘sag‘aga kelganda ichkarida banoras ko‘rpacha ustida yuzma-yuz o‘ltirgan ona-bola
unga yon tomondan ko‘rindi. Ular kuyga mahliyo bo‘lib, eshik oldida to‘xtagan
Humoyunning sharpasini payqamadilar.
Hamidaning boshida havorang durra, ikki o‘rim uzun sochlarining uchi ko‘rpacha ustiga
to‘shalib yotibdi. O‘ng qo‘lidagi kamon munojot kuyiga monand nafis harakatlar qiladi.
Chap qo‘lining barmoqlari pardalarni mohirona bosadi. Endi yigirma ikki yoshga kirgan
va husn-u jamoli yetilib, tengsiz bir go‘zalga aylangan Hamidaning yuzlarida Humoyun
haligacha ko‘rmagan sog‘inch, qo‘msash, o‘ksinish mungi. Qarshisidagi Akbar goh
onasining yuziga, goh uning qo‘llariga qaraydi, go‘zal kuy bolani sehrlaydi! Ammo
onasining g‘amgin ko‘rinishi bolani ham beixtiyor ma’yuslantiradi.
Hamida shu mungli kuy bilan yuragini bo‘shatganday bo‘ldi. Munojotni chalib tugatgach,
Akbarga:
— Endi bas-a? — dedi.
Shu payt Humoyun:
— Ijozat bering, begim, — dedi. — Betobligingizni eshitib ko‘rgani keldim...
Ona-bola o‘rinlaridan tez turib, odatdagiday Humoyunga ta’zim qildilar. Besh-olti kundan
beri otasini ko‘rmagan Akbar unga qarab talpindi. Humoyun cho‘k tushib, bo‘yini o‘g‘li
barobarli past qildi-da, unga quchoq ochdi. Akbar chopib borib, otasining bag‘riga otildi.
Achomlashganlaridan so‘ng Humoyun qaddini rostladi-da, ovoziga rasmiyroq tus berdi:
— Amirzoda, — dedi o‘g‘liga, — mavlono Asomiddin sizga xat-savod o‘rgatmoqchi bo‘lsa,
rasm chizib o‘ltirar emishsiz.
Akbar besh yoshga yetar-yetmas muallimlar unga saboq bera boshlagan, arab
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |