www.ziyouz.com kutubxonasi
139
binoan, Humoyun bu qizni nikohiga olishdan oldin katta xotinlaridan rozilik olmog‘i kerak
edi. Xo‘ja Muazzam Badaxshondan Kobulga kelib, jiyanidan rozilik so‘raganda Hamida
o‘rtanib yig‘ladi:
— Tog‘am bo‘laturib siz ham mening yuragimga tig‘ urgaymisiz?
— Iloj qancha, jiyanjonim! Humoyun hazratlari yigit yoshidalar, hali ellikka kirganlari
yo‘q. Bir yildan ortiq haramsiz yurmoq podsholar uchun mumkin bo‘lmagan hol. Zino
yo‘liga kirmaslik uchun halol-u pokiza bir nikohga zarurat...
— Biz bir umr halol-u pokiza yuribmiz-ku, mulla tog‘a? Nechun u kishi bir yilda zino
yo‘liga kirgaylar?
— Siz-u biz podsho emasmiz, begim, nechunligini bilolmasmiz. Shariat o‘zi to‘rt xotinga
yo‘l berib qo‘ygan bo‘lsa ne iloj? Podshoni kuyov qilishga havasmandlar ko‘p. Ota-
bobolardan qolgan udum... Balki hali Akbaringiz ham shundoq qilgay. Tojdorlarning
azaliy odati shu bo‘lsa biz ne qilaylik, jiyanjon! Mening ham sizga dilim kuyib, ezilib
yuribmen!
— Menga qayishsangiz, borib ayting! Hali endi yigirma birga kirdim. Nahotki shu yoshda
qari kampirga aylansam-u ustimga xotin olsalar? Men rizo emasmen!
— Men... bunday gapni borib aytolmagaymen... Nazardan qolsam, keyin boshqa beklar
meni tepkilab tashlagay. Chunki bizga dushmanlik maqomida bo‘lgan katta bir
viloyatning hokimi endi sulh yo‘liga o‘tib, hazratimga qizini bermoqchi. Agar bu nikoh
buzilsa, sulh ham yana urushga aylangay, qancha begunoh qonlar to‘kilgay. Nahotki siz
tog‘oyingizning zabun bo‘lishini istaysiz? Yana urush bo‘lishini, behuda qonlar to‘kilishini
istasangiz, mayli, rozi bo‘lmang!
Hamida bonu Sind viloyatida Humoyunga qirq kungacha ro‘yxushlik bermay yurgan
paytlarini esladi-yu:
— O‘zimdan ham o‘tgan! — dedi. — O‘shanda ko‘nmasligim kerak edi. Ilkimni cho‘zsam,
etagiga ham yetmasligini o‘shanda sezgan edim!
— Ammo hali hazratimning sizga mehrlari cheksiz...
— Mehrdan gapirmang! — deb Hamida tog‘asini jerkib tashladi. — Hammalaringiz birsiz!
Boring ayting, uylanaversinlar! Ammo ikkinchi mening yonimga kelmasinlar! Bas!
Humoyun o‘n yetti yoshli Badaxshon go‘zali Norchuchuk begimga uylanib, Kobulga
qaytguncha Komron Sinddan o‘g‘rincha kelib shaharni oldi. Qamal dahshatlarida ikki
yoshli qizalog‘i Jahon Sultondan ajralgan Hamida bonu keyin Humoyun xotinini ozod
qilganda ham boshqalar qatori quvona olmadi. Chunki Humoyunning yonida yangi xotini
Norchuchuk begim ham Kobulga kirib keldi, uni daryo bo‘yidagi Bog‘i Binafshaga
joylashtirdilar. Bir yil o‘tmay Norchuchuk begim Humoyunga o‘g‘il tug‘ib berdi, otini
Muhammad Hakim qo‘yishdi. Shuni eshitgan kuni Hamida bonu Akbarni bag‘riga bosib
ko‘ziga yosh oldi:
— Bolajonim, xudo senga ham o‘gay ini berdi!
Akbar onasining bundan nega iztirob chekayotganini tushunmadi:
— Ini... yomonmi, ayajon? Men uni o‘ynatamen-ku.
— Sen o‘ynatadigan ining Qandahor yo‘lida o‘lmaganda hozir to‘rt yashar bo‘lur edi!
Amaking Komron esingda bormi? Seni arkda to‘pning o‘qiga ro‘baro‘ qilgani yodingdami?
O‘gaylik ana shunday bo‘lur, bolam!
O‘shanda Komron mirzo uni qanday shafqatsiz o‘limning tig‘iga to‘g‘rilab qo‘yganini bola
hali ham onasi tushunganchalik fahmlagan emas, lekin baribir o‘sha damlar esiga
tushsa, yaqindan ko‘rgan to‘plarining dahshat solib otilishi ko‘z oldiga keladi-yu, uni
beixtiyor seskantirib yuboradi. Shu xotira ta’sirida bola Komron amakisini g‘ayrishuuriy
bir tuyg‘u bilan yomon ko‘radi, uni uchratsa yotsirab, o‘zini olib qochadi...
...Satodan chiqayotgan mungli kuylar pastda shovullayotgan Kobul daryosining ovozini
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |