www.ziyouz.com kutubxonasi
135
ko‘targanlari hozir Komronning esiga tushib kulgisini keltirdi.
Bobur maqbarasidan nariroqda Xonzoda begimning qabri ustiga qo‘yilgan odam bo‘yidan
balandroq oq marmarga Humoyun shikasta harflar bilan dil so‘zlarini o‘ydirib yozdirgan
edi. Hozir u ukalarini ammasining qabri oldiga boshlab keldi-da:
— Bu ulug‘ ayol umr bo‘yi otamizga-yu bizga o‘zini fido qilib yashadi, — dedi. —
Hayotining oxirgi daqiqalarigacha to‘rtovimizni birga ko‘rish orzusida bo‘ldi. — Humoyun
ammasining ruhiga ham xuddi tirik paytidagidek murojaat etdi: — Hazrat ammajon,
arvohingiz shod bo‘lsin, siz orzu qilgan kunlarga yetishdik. Ulug‘ ruhingiz bizga hamisha
madad bersin! Omin!
Komron bu gal yuziga istar-istamas fotiha tortdi, akasining bu gaplari, uning nazarida,
ulkan podshoga yarashmaydigan bachkanalikday tuyulardi.
Humoyun ertalab bu yoqqa kelayotib, maqbara etagiga ko‘chat olib chiqishni va
chuqurchalar qazib qo‘yishni buyurgan edi. Pastdagi ariq bo‘yida Turdibek u aytgan
ishlarni taxt qilib, to‘rt og‘aynini kutib turgan edi. Humoyun xilxonadan chiqib buni
ko‘rdi-yu, inilariga:
— Hozir ilk bahor, ayni nihol o‘tqazadigan payt,— dedi. — Yuringlar, otamiz qazdirgan
ariq bo‘yiga biz ham ko‘chat ekaylik, hozirgi mas’ud damlardan xotira bo‘lib qolsin.
Humoyun chinor ko‘chatini chuqurchaga solib, o‘zi tuproq tortmoqchi bo‘lgan edi,
navkari ketmonni bermadi:
— Hazratim, siz tutib tursangiz bas!
Ammo Humoyun bunga ko‘nmay ketmonni tortib oldi-da, ko‘chat tagiga o‘zi tuproq
tashlay boshladi. Umrida qilmagan bu ishga uning qo‘li kelishmayotganini ko‘rgan
Komron akasining kulgi bo‘lishidan ozorlanib:
— Bas, hazratim! — dedi. Komronning hokimona ishorasi bilan navkar tez ketmonni
Humoyunning qo‘lidan oldi.
Komronning o‘zi esa ko‘chatni tutib turdi, ammo ketmonsopga qo‘l tekkizmadi.
Aslzodalarga xos nazokat bilan tarbiya ko‘rib o‘sgan Komron, «avomga o‘zingni teng
tutsang, darhol tepangga chiqgay», degan e’tiqodda edi. Humoyun esa beg‘ubor oddiy
odamlarga yaqin bo‘lishni yaxshi ko‘rar, o‘g‘li Akbarning to‘yida u hatto Imomquli degan
navkari bilan kurash tushgan edi.
To‘rt og‘ayni faqat o‘zlari qolganda uncha bilinmaydigan bunday farqlar ular jamiyat
orasiga kirgan sari ko‘zga yaqqol tashlanadi va birini biridan uzoqlashtira boshlaydi.
Ko‘pchilik Humoyundan mamnun. Og‘a-inining olishuvlaridan bezor bo‘lganlar, «xay-
riyat, endi tinchidik», deb quvonadi, «Humoyun inilari qilgan yomonliklarni yuzlariga
solmay, hurmatlarini joyiga qo‘yib, yonida e’zozlab olib yuribdir, bag‘rikenglik bundan
ortiq bo‘lg‘aymi?» degan maqtovlar Komronning qulog‘iga ham chalinadi. Hozir bu
yarashish nuqul Humoyunning obro‘sini oshirayotganday, Komron esa Kobuldagi avvalgi
nufuzini yo‘qotib, pastlab ketayotganday tuyuladi-yu, kun sayin qattiq botadi. Ayniqsa,
qamal paytda undan jabr ko‘rgan odamlarning ko‘zlaridagi kudurat Komronga tikanday
sanchiladi, qarindosh ayollar bilan ko‘rishganda Hamida bonu unga ko‘zlari to‘la musibat
bilan shunday tikildiki, Komronning ko‘ngli allaqanday bo‘lib ketdi. U Humoyunning
qamal paytida zindonda jon bergan qizi — ikki yoshli Jahon Sulton begimning o‘limi
uchun javobgar ekanini mungli onaning nigohidan sezganda, bu ko‘zlarning o‘tkir dardi
go‘yo nayza bo‘lib otildi-yu, Komronning diliga qadaldi. Eshik darichalariga g‘isht
qalanib, qamoqxonaga aylantirilgan qorong‘i uyda singillari gulbadan ham bir necha oy
zindon azobini tortgan, endi u ham Komrondan ko‘rgan azoblarini unuta olmas edi...
Humoyunga sadoqatli beklardan bir qanchasi Bopusxon tomonidan ayovsiz o‘ldirilgan,
ba’zilarining xotinlari bozorda xaloyiqning oldida benomus qilingan, ularning tirik qolgan
og‘a-inilari buni ham Komrondan ko‘rishardi. «Sen farmon bergansen, qasdini sendan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |