www.ziyouz.com kutubxonasi
133
tomondan joy olishdi. Oltin kosalarda eng avval xushbo‘y gulob keltirildi. Bir kosa
gulobni avval Humoyun, so‘ng Komron ichdi. Ikkinchi kosadagi gulobning bir qismini
askariy ichib, qolganini Hindolga berdi.
Ziyofat boshlandi. Goh kiyik kabobini, goh kobuli sho‘rvani, goh farg‘onacha palovni olib
kelib dasturxonga qo‘yayotgan bakovullar to‘rt og‘a-inini endi bir dasturxon atrofida
ko‘rayotganlaridan xursand. Eng to‘ng‘ichi Humoyun — qirq yoshda, eng kichigi Hindol
— yigirma sakkizda. Bugun dasturxon atrofida to‘rtovlaridan boshqa hech kim yo‘q.
To‘rtovlari ham bir-biridan durkun bo‘lgani uchun katta chodirni to‘ldirib o‘ltirishibdi.
Xizmatkorlar nazarida chodirda yetti-sakkizta odam o‘ltirganday.
Palovdan keyin Humoyun bitta chinni tarvuz so‘ydirdi. Tarvuzni teng ikki pallaga bo‘lib,
bir pallasini Komron bilan Humoyunning oldiga, ikkinchi pallasini kichik inilar o‘rtasiga
qo‘yishdi. Bahorgacha asralgan bu tarvuz juda shirin edi, to‘rtovlari ham uni maqtab-
maqtab yedilar, baribir tarvuz ulardan ortib qoldi.
— Ana, — dedi Humoyun. — To‘rttalamizga bitta tarvuz yetib ortar ekan. Talashib-
tortishishning ne hojati bor? Mamlakat ulkan — Qandahordan Badaxshongacha. Nahotki
shu bizga yetmasa?
Komron xijolatdan qizarib, mahzun bir qiyofa bilan:
— Nachora, xom sut emgan banda ekanmiz, — dedi.
— Mayli, o‘tgan ishga salovot, — dedi Humoyun.— Qani, mirzo Komron, yangi
she’rlardan bormi?
Gap yoqimli mavzuga ko‘chganidan yengil tortgan Komron:
— Hazrat otamizning mashhur bir ruboyilari bor. «Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi,
yo barcha murodlarni tark etsa kishi» deb boshlanur. Faqir shu yo‘lda bir ruboiy
bitmishmen:
Yo bo‘lsa muyassar kishiga ilm ila hol*.
Yo topsa kishi saltanat avjida kamol.
Yo oshiftaye bo‘lsa ko‘rub husn-u jamol
Yo bo‘lsa tamom o‘zligidin forig‘bol*.
Humoyun hozir og‘a-ini adovatidan qutulib, forig‘bol bo‘lib o‘ltirgani uchun, so‘nggi satr
unga juda yoqdi:
— Ko‘nglimdagi so‘zlarni bitibsiz, amirzodam! Dunyodagi eng yomon tutqunlik —
odamning o‘zligidan forig‘bol bo‘la olmasligidir. Bundan oldin bir masnaviy ham bitgan
ekansiz. Mening xotiramda bir necha satri qolmishdir. Unda ham haq so‘zlar bor.
— Qaysi masnaviy ekan, hazratim? Biror satrini eslating.
«Yaktalab-u, yaqdil-u, yakxo‘y bo‘l,
Borcha xaloyiq bila yakro‘y bo‘l»
— Bul ham hazrat otamning masnaviylariga o‘xshab ketadir, — dedi Hindol.
— Ha,— davom etdi Humoyun. — Quyidagi to‘rt satrini Komron men kabilarga bag‘ishlab
yozgan deb o‘yladim:
Ey, o‘zini joh ila mast aylagan,
Himmatin ul poyada past aylagan.
Himmat emas ulki, jahon olg‘asen
Himmat erur buki, borin solg‘asen*.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |