www.ziyouz.com kutubxonasi
129
Akbar otasining o‘qiga nishon qilib qo‘yilganidan xabar topgan Mohim enaga ichkaridan
dod solib chiqib, bolani o‘zinig gavdasi bilan to‘sdi. O‘q kelayotgan tomonga qarab
qo‘llarini ko‘tardi, bor ovozi bilan baqirdi:
— Otmanglar-o-o!! Otmanglar! Akbar bu! Akbar-ar! Bolaga otmangla-ar!!
Nihoyat, tog‘dan o‘q otayotganlar bola bilan turgan ayolni ko‘rdilar. Mohim enaga jon
holatda qichqirib «Ak-k-ba-ar bu-u!» degani Humoyunning qulog‘iga yetganda
qo‘rquvdan sochlari tikka bo‘lib ketdi. Qal’a tomonga zambarakdan ham, to‘fangdan ham
o‘q otishni qat’iyan taqiqladi.
Akbar o‘lim tahlikasini enagasi orqali sezdi. Boya devorni changitib, toshni sindirgan to‘p
o‘qi enagaga tegishi mumkinligi bolada qo‘rquvdan ham kuchli bir kin va jahl uyg‘otdi.
Mohim uni ichkariga ko‘tarib kirganda bolannig rangi oqarib ketgan edi. Mohim uni yerga
qo‘yib, piyolada suv oldi. «Bola qo‘rqqan» deb, suv ichirmoqi bo‘ldi. Lekin Akbarning
hushi joyida emas, piyolani urib yerga tushirib yubordi. Birdan dod solib yig‘ladi, ammo
ko‘zlari namlanmadi. Dilidagi toshday qattiq bir jahl tuyg‘usi borlig‘ini iskanjaga olib
qiynar, boyagi o‘qlarning vizillashi qulog‘idan nari ketmas edi.
— Akbarjon, bas! Bas! O‘qlardan qutuldik! Yig‘i bas!!. Bo‘ldi bolajonim! Bo‘ldi!
To‘p o‘qining vahshati bilan birga bolaning qalbiga o‘rnashib qolgan o‘kinch va jahl hech
tarqamas, Akbar o‘zini u yoqdan bu yoqqa otib yig‘lar, qo‘liga tushgan narsani
uloqtirardi. Bolaning yig‘isini narigi uydan eshitgan Gulbadan begim chopib kirib keldi.
Mohim bilan ikkovlashib, Akbarni kech bo‘lganda zo‘rg‘a yupatdilar. Bola uyqusida ham
og‘ir xo‘rsinib yotardi. Buni ko‘rib Gulbadan begim ko‘ziga yosh oldi. Eshik-derazani
bekitib, sham yorug‘ida Humoyunga maktub yoza boshladi:
«Hazrat og‘ajon, shukurkim, Akbarjonni Xudo bir asradi. Lekin uch oydan beri qamal
azobi hammani jonidan to‘ydirdi. Bopusxon bilan Qorachaxonlarning zulmidan bezor
bo‘lganlar kechasi devordan o‘zini tashlab, obmo‘ridan chiqib, siz tomonga qochib
o‘tmoqda ekan. Bu o‘tganlardan biri mening maktubimni sizga yetkazar deb umid
qilamen. Men eshitdimkim, Bopusxon bilan Qorachaxon bog‘ talashib urushib qolibdilar.
Xudo rahmatli ammam Xonzoda begimning yaxshi bog‘i, hovli-joyi merosxo‘rsiz qolgan
edi, shuni Qorachaxon olmoqchi ekan, vazir Bopusxon undan oldin komron mirzodan
ijozat olib, o‘g‘liga xatlab beribdir. Shu tufayli bu ikki it suyak talashib urishib qoldilar.
Bopusxon vazirligidan foydalanib, Qorachaxonni dorug‘alik amalidan mahrum qildi. Hozir
Qorachaxon mingtacha askarga sarkarda. Charmgaron darvozasini qo‘riqlab turibdir.
Kuyovingizning inisi, mening qaynim Mahdixo‘ja ham uning askarlari safida. Bir kun
mastlikda Qorachaxon Mahdixo‘jaga sizni maqtagan emish, Komronga xizmatga
o‘tganidan endi afsus qilarmish, «hazrat Humoyun gunohimni kechirmagay-da, bo‘lmasa
huzurlariga bosh egib borar edim», degan emish. Podsholarning biridan boshqasiga
qochib o‘tishga o‘rgangan bunday sotqinlarni o‘zlarining qurollari bilan yengish mumkin
emasmikin? Ortiqcha qon to‘kilmaydigan biron yo‘lini o‘ylab toparmikinsiz, hazrat
og‘ajon! Ko‘zlarimiz yo‘lingizga to‘rt bo‘lib najot kutmoqdamiz. Sizni sog‘inib, yig‘lab
maktub yozgan singlingiz Gulbadan».
Humoyun bu maktubni olgach, o‘z askarlari safida xizmatda bo‘lgan kuyovi
Xizrxo‘jaxonni chodirga chaqirdi. Xizrxo‘jaxon botir yigit, odob-axloqi Gulbadanga ma’qul
kelgan, o‘zi eshonlar avlodidan edi-yu, lekin yoshligida yaxshi tahsil ko‘rmagan, savodi
yo‘q edi. Humoyun bergan xatni qo‘lida aylantirib ko‘rdi, ko‘ziga sog‘inch bilan surdi.
— Tinchlikmikin, hazratim? Yoshlikda qunt bilan savod o‘rganmaganimdan endi
dog‘damen!
Humoyun maktubni uning qo‘lidan olib, o‘qib berdi. Xizrxo‘jaxon chaqmoq mo‘ylovini
mamnun silab, bahodirona keng ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi:
— Singlingiz bizga najot yo‘lini topib beribdir, hazratim! Agar buyursangiz men
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |