www.ziyouz.com kutubxonasi
125
— Mirzo Humoyun shialar xizmatiga o‘tib, juda katta gunoh qildilar, — dedi Said Xalil. —
Shu gunohlarini yuvmaguncha hazratimning yarashmoqlari choryori bosafolar ruhiga
munosib ish bo‘lmagay.
Komronga bu gap qo‘l keldi. U salmoqlab, vazmin gapirdi:
— Og‘amizning yana bir katta gunohi — hazrat otamizdan meros qolgan Hinddagi ulkan
davlatni boy berganligidir. Sherxon olamdan o‘tibdir. Endi mirzo Humoyun Hindistonga
qaytib, o‘sha davlatni tiklasin, shialar bilan orani uzib, poklansin. Ana undan so‘ng, biz u
bilan yarashsak arzigay!
Gap shu bilan tugadi-yu, otliqlar arkka qarab ketishdi. Badqovoq amakilar
uzoqlashgandan so‘ng Akbar bilan ikki ko‘kaldosh ularning g‘alvasini unutishdi-yu,
chiroyli naqorani navbatma-navbat chalib o‘ynay boshlashdi. Ammo Xonzoda begim
Komronni o‘rab olgan dog‘uli odamlarni xayolidan uzoqlashtirolmay qiynalardi. Nimasidir
Boburga o‘xshaydigan ko‘hlik yigit, haroratli she’rlar bitadigan sohib iste’dod odamning
shunday qallob muhitga tushib qolgani begim uchun katta baxtsizlikday tuyulardi. Ko‘pni
ko‘rgan Xonzoda begim nazarida Komron oqni qora qilib ko‘rsata oladigan riyokorlar
muhitiga go‘yo hukmfarmo, atrofidagilarga so‘zini o‘tkazadigan tojdor. Ammo atrofidagi
riyokorlar zohiran unga bo‘ysunsalar ham, botinan uni o‘zlarining maqtovlariga asir,
xushomadlariga mute qilib olganlarini Komron sezmaydi. Shuni o‘ylaganda Xonzoda
begimning unga hatto rahmi keldi. Faqat Askariyni emas, hali Komronning o‘zini hm bu
asoratdan kimdir qutqarmasa, butun umri va otameros iste’dodi hayf ketadi. Komronni
haqiqat yo‘liga qaytarish Xonzoda begimning qo‘lidan kelmasligi bugun yana bir bor
bilindi. Bu ish, ehtimol, Humoyunning qo‘lidan kelar. Xonzoda begim shuning uchun ham
Qandahorga borishi va og‘a-inini bir amallab yarashtirishi kerak...
______________
* Tarjimasi: Garchi oynada o‘zingni ko‘rursen
Vale ul ko‘rganing o‘zing emassen.
(ya’ni, surat bilan siyrat orasida farq, judolik bor)
O‘zingni o‘zganing o‘rnida ko‘rish ajibdir
Ammo bu ajiblik ham Xudoning ishidir.
* * *
Baland tog‘lar orasidagi salqin Kobuldan Qandahorning jazirama issiqlariga kirib borgan
Xonzoda begim birinchi kun ko‘p behalovat bo‘ldi. Xayriyatki, Humoyunning qarorgohi
shahardan tashqaridagi sersuv bog‘ot joyda ekan. Humoyun ammasini boshiga
ko‘targuday e’zozlab, ayvoni salqin sharsharaga qaragan eng xushhavo uyni unga
bo‘shattirib berdi. Hamida bonu ham o‘g‘li Akbarning xabarini olib kelgan kayvonining
atrofida girdikapalak bo‘lib, mehmondorchiliklar qildi.
Ularning ko‘rishmaganlariga besh yil bo‘lgan edi. Bu orada Xonzoda begimning oxirgi
tishlari ham tushib ketgan, hozir milki bilan ovqat chaynaydigan bo‘lib qolgan. Hamida
bonu ham ilgarigiday emas — yuzida qandaydir bemorlik va mahzunlik alomati bor, shu
besh yilda o‘n-o‘n besh yosh ulg‘ayganday ko‘rinadi.
— Har qalay, sizlarni birga ko‘rganim uchun tangrimga shukronalar ayturmen, — dedi
Xonzoda begim.— Hamida bonu, ho‘, Jamna bo‘yida siz chavgon o‘ynab yurgan kezlarda
qilgan orzularimiz yodingizdami? Shu orzuyimga ham Xudo yetkazdi, o‘g‘ilchalaring
Akbarjonni bag‘rimga bosib erkalatish menga nasib bo‘ldi.
Hamida kurash tushadigan, naqora chaladigan bo‘lib qolgan o‘g‘ilchasi haqidagi
hikoyadan ham quvonib, ham yuragi ezilib ko‘ziga yosh oldi. Humoyun esa o‘g‘lining
qanday g‘olib chiqqanini eshitib xandon urib kuldi:
— Yaxshilik alomati bu. Demak, Komron ham yengilgay!
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |