www.ziyouz.com kutubxonasi
121
Tiniq buloq suvi yiltirab oqayotgan ariq bo‘yida, anvoyi dala gullari ochilib yotgan keng
maysazorda Akbar va uning ikki ko‘kaldoshi yayrab quvlashib, rosa o‘ynadilar. Xonzoda
begim bilan enagalar suv bo‘yida katta bir yong‘oq daraxtining soyasida gaplashib
o‘ltirishdi. Shu payt bolalar chaladigan kichkina naqoraning tovushi eshitildi.
Komron mirzo navro‘z bayramida o‘g‘liga sovg‘a qilgan ikkita noksimon naqoraning
yuziga tortilgan charmi qizil rangda. Yonlariga nuqradan chiroyli bezaklar qilingan.
Naqora cho‘plariga oltin suvi yugurtirilgan. Naqorani bir xizmatkor yigitcha ikki qo‘li bilan
tutib, orqasi bilan yurib kelmoqda. To‘rt yashar Ibrohim mirzo naqoracho‘plarni
chalakam-chatti urib, biron kuyga o‘xshamaydigan xunuk tovushlar chiqarmoqda.
Akbar amakibachchasi Ibrohimni arkda ham ko‘p ko‘rgan. Begonasiramay uning oldiga
chopib bordi. Chiroyli naqorachalarga havasi kelib:
— Menga cho‘pini bering, men ham bir chalay! — dedi.
Lekin podshoning o‘g‘li hisoblanadigan va atrofidagilardan ko‘p xushomadlar ko‘rib
dimoq paydo qilgan erkatoy Ibrohim:
— Nari tur, sen chalolmaysen! — dedi.
Uch yashar Adham ko‘ka gapga aralashdi:
— Akbar sizdan yaxshi chalgay. Bering, ko‘rsatsin!
— Yo‘q, buni menga hazrat otam sovg‘a qilgan!
— Qaytarib olursiz! — dedi Akbar. — Bir chalib ko‘ray!
Ibrohim mirzo unamagach, Akbar naqoracho‘pga chang solib, uni tortib olmoqchi bo‘ldi.
Ibrohim bermadi. Shu tortishuvning ustiga Komron mirzo besh-oltita otliq odamlari bilan
kelib qoldi.
— Bu ne mojaro? — deb o‘shqirdi. — Bularni kim arqdan chiqardi?
Xonzoda begim daraxt soyasidan turib otliqlar tomonga yurdi:
— Hazratim, men bularni olib chiqdim. Bahor o‘tib, ko‘kalamzorga chiqmagan ekanlar.
Komron sal shaxtidan tushdi-da, ammasiga salom berdi. Har qalay, u ham bu keksa
kayvonidan hayiqib o‘rgangan edi. Lekin otdan tushib ko‘rishishga bo‘yni yor bermadi.
Sherxon o‘lgani, Humoyunning ishlari yurishib, Qandahorni egallagani Komronni juda
bezovta qilib qo‘ygan. Uning oltin yuganli oq oti ham o‘zi kabi sabrsizlanib, gijinglab
turibdi. Komron yuganni tortib, orqada ot o‘ynatib turgan vaziri a’zam Bopusxon va
Kobul shahrining hokimi Qorachaxonga yuzlandi. Naqora ham bayroq kabi eng martabali
hokimlarga berilishini nazarda tutib:
— Bu Akbar bola halitdan naqora talashmoqdaku! — dedi.
Bopusxon xaxolab kuldi-yu:
— Hazratim lutf qildilar! — dedi.
Yuvosh otda sokin turgan Kobulning hozirgi shayxulislomi Said Xalil ham Komronning
so‘zini yoqtirib:
— Ha, hazrati oliylari tuyaga minib uzoqni ko‘rdilar! — dedi.
Kichkina Akbar bu gaplarni uncha tushunmasa ham, otliqlardan begonasirab,
qo‘lchalarini naqoracho‘pdan tortdi. Komron unga qarab:
— Senga naqora kerakmi? — dedi. — Shuni chalmoqchimisen? Ayt, bola!
Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Komron bu bolani arkdan beruxsat olib chiqqan
keksa ammasiga qattiq gap aytolmagan bo‘lsa ham, ammo Akbarning adabini berib
qo‘ygisi keldi. O‘g‘li Ibrohim mirzo unga Akbardan xiyla baquvvat ko‘rindi. Ibrohim
Akbardan bir yarim yosh kata, yiqitishi aniq.
— Qani, bo‘lmasa, ikkoving kurash tushinglar! — dedi Komron Akbar bilan Ibrohimga. —
Kim yiqitsa, naqora o‘shaniki!
Ibrohim naqoracho‘pni xizmatkoriga berib, Akbarga tomon xezlanib keldi. Akbar kichik
bo‘lsa ham, ko‘kaldoshlari bilan olishib o‘rgangan edi. Ikki bolaning ham bellarida
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |