www.ziyouz.com kutubxonasi
120
eng shirin narsani bersa ham yemagin, xo‘pmi, jonim?
Akbarning onasinikiga o‘xshash yirik-yirik ko‘zlari katta ammaning yuziga hayrat bilan
tikiladi. Kattalar orasidagi murakkab munosabatlarga hali uning aqli yetmaydi. Lekin
arkka kelib-ketib turadigan ko‘zlari sovuq bek-u a’yonlardan bolaning o‘zi ham
begonasiraydi. ba’zilari yasama takalluflar qilib, uni gapga solmoqchi bo‘lsa, bola
qovog‘ini uyib indamay turaveradi. Goho ammasi Gulbadan begim ikki yoshli o‘g‘ilchasi
Saodatyorni yetaklab keladi. Akbar ular bilan biyron tilda gaplashadi, Saodatyor bilan
o‘ynab kuladi. Ayniqsa, Xonzoda begim kelganda:
— Momo keldi, momojon! — deb, chopqillab peshvoz chiqadi.
Mohim enaga unga gap o‘rgatdi:
— Hazrat begimni momo demang, hazrat amma deng!
— Yo‘q, amma — mana! — deb Akbar Gulbadanni ko‘rsatdi.
Yoshi oltmish yettiga kirgan Xonzoda begim so‘nggi yillarda yanada kichrayib, yengilgina
bo‘lib qolgan. Xuddi vazni yo‘q farishtaday. O‘zi ham ko‘pincha yengil oq ipak kiyim
kiyadi. Lekin boshidagi oq kasaba ro‘molidan ham sochi oqroq ko‘rinadi. U Akbarni
bag‘riga bosib:
— Momo degan tilingdan o‘zim o‘rgilay! — deb erkalatdi. — Mayli, men senga momo
bo‘laqolay. Rahmatli bobong Bobur mirzoning ikki-uch yasharligi esimga tushmoqda.
Men, besh yosh katta egachisi, uning beshigini tebratganman. Esimda bor, kichikligida
qo‘lchalari, oyoqchalari ham Akbarnikidek to‘la-to‘la, miqti edi.
Xonzoda begim Akbarda Humoyundan ham, Hamida bonudan ham o‘tgan joziba borligini
ko‘rdi-yu, ularni eslab yuragi ezildi. Yosh go‘dak onasini uch-to‘rt oy ko‘rmasa keyin uni
taniy olmay qoladi. Shuni biladigan Xonzoda begim:
— Akbarjon, ota-onang esingda bormi? — deb so‘radi. — Hozir kirib kelsalar taniy
olasenmi?
Beshikda qolgan o‘n bir oylik bola bir yarim yildan beri ko‘rmagan ota-onasini ko‘z oldiga
keltirmoqchi bo‘lib urindi, lekin keltira olmadi. Ma’yus bosh chayqab:
— Yo‘q, — dedi.
Shunday sho‘x bola ota-onasi to‘g‘risida gap chiqsa, tirik yetimdek ma’yus bo‘lib
qolishini ko‘rgan Mohim enaga ko‘ziga yosh olib, shivirlab hasrat qildi:
— Hazrat begim, bahor o‘tdi, bolalarimizni bog‘rog‘larga sayrga olib chiqolmadik. Bizni
qo‘riqlash bahonasida hibsda saqlamoqdalar. Arkka suv meshda tashib kelinadi,
ko‘kalamzori yo‘q. Devordan shunday pastga qarasangiz, maysazorda buloq suvlari oqib
turibdir. Biz hammasidan mahrummiz.
Xonzoda begim boya kelayotganda Komron mirzoning to‘rt yashar o‘g‘li Ibrohim
tarbiyachilari-yu qo‘riqchilari bilan arkning etagidagi ko‘kalamzorda naqora chalib,
koptok tepib o‘ynab yurganini ko‘rgan edi. Komronning o‘g‘li shunday yayrab erkin
yurganda Akbarni hibsdagiday tutishlari Xonzoda begimga chidab bo‘lmas bir adolatsizlik
bo‘lib tuyuldi.
— Yuringlar, biz ham maysazorlarga chiqaylik! — deb, Akbarni qo‘lidan oldi. Mohim
enaga va Jajji enaga o‘z o‘g‘ilchalarini yetakladilar. Ark darvozaxonasida turgan qurolli
qo‘riqchilar.
— Ruxsati oliy bo‘lmasa Akbar mirzoni chiqarishga haqqimiz yo‘q, — dedilar.
Xonzoda begim Komronning hozir arkda yo‘qligini bilar edi.
— Hazratim menga ruxsat berganlar, — dedi qo‘riqchiga. — Butun mas’uliyatini men o‘z
zimmamga olurmen. Oching darvozani!
Jussai kichkina bu nuroniy kampir mamlakatning eng mo‘tabar kayvonisi ekanini
qo‘riqchilar ham bilar edilar. Ular begimning malikalarga xos qat’iyat bilan bergan
buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘ldilar.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |