www.ziyouz.com kutubxonasi
117
mustahkam po‘lat darvozani qiya ochib, uni ichkariga kirgizdilar-u yana darhol yopib,
tanbalab oldilar. Brahmajit qal’a ichidagi ahvolni va uning ba’zi sirlarini ko‘rib-bilib
olmasin uchun, elchining ko‘zini bog‘lab, qo‘lidan yetaklagancha Qalanjar
himoyachilarining rahbari Kirat Sinxning oldiga boshlab bordilar. Ko‘ziga bog‘langan oq
latta olingach, Brahmajit besh oy qamal azobidan ozib-to‘zib ketgan, lekin ko‘zlari g‘azab
va qat’iyat bilan chaqnayotgan roja Kirat Sinxni va uning atrofidagi ellik-oltmishta
qasoskorlarni ko‘rdi.
— Aziz yurtdoshlar, men bir rajput sifatida sizlarning botirliklaringizga, metin
irodangizga qoyilman! — deb hayajon bilan so‘z boshladi Brahmajit Gaur. — Ulug‘ Shiva
oldida qasam ichib aytamanki, hali hech qaysi rajput qal’asi o‘zidan yuz barobar ulkan
yov bilan bunchalik uzoq, bunchalik dadil olishgan emas. Faqat men emas, Shershoh
hazratlari ham sizlarning jasoratlaringizga tan bermoqda. Meni yuborishdan maqsadlari
ham — sizlarga qoyil bo‘lib, afvi umumiy bermoqchi ekanliklarini aytishdir!
Brahmajit Gaur Sherxonning yaxshi niyat bilan qilayotgan qurilishlari, islohotlari va
boshqa nek ishlarini aytayotganda Kirat Sinx sabrsizlanib uning so‘zini bo‘ldi:
— Sen uni oppoq ko‘rsatib maqtayvermasdan, va’dasini buzib qilgan makkorliklarini ham
aytgin-da! Sherxonning Roxtas qal’asini Krishan Roydan qanday surbetlarcha tortib
olgani esingda bormi? «Bechora ayollarimiz bilan bolalarimizga boshpana bering!» deb
zaifona kiyimlarni kiyib borishgan. Ayolcha kiyingan bu erkaklarning olchoqligini Rayzin
qal’asida behuda halok bo‘lgan rajputlarning tirik qolgan qarindoshlari unutolgaymi?
Mana, oramizda Krishan Royning o‘g‘li turibdi, aytsin! Sherxonning va’dasiga ishonib
bo‘lurmi?
Kirat Sinx qo‘li bilan ko‘rsatgan barvasta yigit:
— Yo‘q, maharoja, — dedi. — Sherxonning bironta va’dasiga ishonib bo‘lmagay. U faqat
biz kabi rajputlarga emas, o‘z dinidagi musulmonlarga ham noinsoflik qilgani esimizdan
chiqqani yo‘q. Ganga bo‘yida, Chausada humoyun bilan yarashib, hujum qilmaslik
haqida tuzgan bitimini qanday buzgan edi, a, bir eslang!
— E, u harbiy hiyla edi-ku! Hindlarga hozir Humoyundan ko‘ra Shershoh ko‘proq
yaxshilik qilmoqda!.. — deb e’tiroz qilda Brahmajit Gaur.
— Agar Shershohing bizga chindan yaxshilik qilmoqchi bo‘lsa, — dedi Kirat Sinx, — sen
borib ayt, qamalni to‘xtatsin, qo‘shinini Qalanjardan olib ketsin. Bizni tinch qo‘ysa, keyin
balki uning yaxshiligiga chindan ishonib, ittifoq tuzarmiz. Ammo hozir biz unga
ishonmaymiz, darvoza ochib, yana biron makkorlik balosiga uchrashni istamaymiz! Agar
qamalni davom etkazsa, biz ham oxirgi kishimiz qolguncha olishgaymiz. Yengilsak,
ayollarimiz, qizlarimiz dushman qo‘liga tirik tushmasligi uchun o‘zlarini o‘zlari javhar qilib
o‘ldirishga so‘z berganlar. Bizning Sherxonga uzil-kesil javobimiz ana shu!
Brahmajit Gaur tarvuzi qo‘ltig‘idan tushganday bo‘shashib Sherxonning huzuriga qaytib
keldi-yu, bo‘lgan gaplarni batafsil aytib berdi. Shuncha katta janglarni g‘alaba bilan
tugatgan Sherxon endi Qalanjarda qayoqdagi Kirat Sinxdan yengilib orqaga chekinishi —
uning uchun xayolga keltirib bo‘lmaydigan bir alahsirashdek eshitildi. Qal’adagilarning
javoblari uning g‘azabini keltirdi. Endi bu la’nati qo‘rg‘onni yer bilan yakson qilgisi keldi-
yu, o‘ttiz ming odamni issiq jazirama ostida ayamay ishlatib, qal’aga yaqin bora oladigan
baland va mustahkam murchallar* yasattirdi. Bu orada Agra va Dehliga yuborilgan
maxsus odamlar mamlakatda bor eng zo‘r zambaraklarni ho‘kiz va fillar yordamida
Qalanjar yoniga olib keldilar va o‘sha ko‘tarmalar ustiga chiqarib o‘rnatdilar. Zambarak-
larning o‘qlarini yasaydigan ustalar yetarli edi. Sakkiz juft ho‘kiz qo‘shiladigan eng zo‘r
zambaraklarning har bitta tosh o‘qi yigirma besh-o‘ttiz man* og‘irlikda. Bularni otish
uchun juda ko‘p borut kerak. Tuyalarda ortib kelingan borut to‘la charm meshlar maxsus
omborlarda taxlanib turardi. Atrofi taxta bilan o‘ralgan bu omborlarning ustiga o‘tovning
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |