Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
114
bilan Qalanjar orasida minglab chaqirim masofa bor. Ammo Sherxonning atrof
mamlakatlardan ma’lumot yuborib turgan xufiyalari Humoyunning tarafdorlari ko‘payib
borayotganini, shoh Tahmasp bergan o‘ng ikki ming askardan tashqari yana bir necha
ming o‘zbek, turkman jangchilari uning qo‘shini safida kelayotganini xabar q ildilar.
Sherxonning bir yuz-u qirq ming oltig‘-u piyoda qo‘shini, besh ming jangovar fili bor.
Lekin Qandahorga yaqin bo‘lgan Sind va Umarqutda Sherxonga bo‘ysunmasdan,
Humoyunning qaytishiga ko‘z tikib turganlar ko‘p. Shimoli sharqdagi Kashmir viloyatida
esa Humoyunning tog‘a avlodidan bo‘lmish Mirzo Haydar hukmronlik qilmoqda. Iloj
topilsa u ham Humoyunga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkin. Sherxon Qalanjar qal’asini
egallasa,
keyin Panjobga kelib, Kashmirdan Humoyun tomonga cho‘zilishi mumkin
bo‘lgan yordam qo‘lini butunlay kesadi. Ana undan keyin Sherxon bor kuchini to‘plab,
Sind va Umarqutdagi dushmanlarining dodini beradi. U o‘zidan oldin hech bir podsho
o‘tkazmagan katta harbiy va moliyaviy islohotlarni bekorga o‘tkazayotgani yo‘q.
Sherxon bu mamlakatni qiynab yurgan hind-musulmon diniy nizolariga chek
qo‘ymoqchi, o‘zining «Shershohi Odil» degan nomini oqlaydigan ulug‘ ishlar qilib,
yangi
sulolaga asos solmoqchi. Shuning uchun «g‘ayridin» degan tushunchalarga qarshi borib,
davlat mahkamalariga ham, o‘z askarlari safiga ham ming-minglab hindlarni qabul qildi.
Barcha shahar-u qishloqlarda hisob-kitob ishlarini tartibga soluvchi va amaldorlar
ustidan qattiq nazorat o‘rnatib, poraxo‘rlarning jazosini beruvchi markaziy mahkamaga
hind rajputlari orasidan chiqqan tadbirkor Todar Malni boshliq qilib qo‘ydi.
Qalanjardagi rajputlar Kirat Sinx boshchiligida qal’ani
mahkam bekitib, Sherxonga
darvoza ochmaganlaridan so‘ng, u mana shu Todar Malni oraga qo‘yib, qo‘rg‘ondagilarni
murosaga chaqirib ko‘rdi. Qarshilik qilish foydasiz ekanini, Sherxon Qalanjardan zo‘rroq
rajput qo‘rg‘onlarini zabt etganini Todar Mal qo‘rg‘on himoyachilariga kuyib-pishib
tushuntirdi. Agar Qalanjar himoyachilari omon qolishni istasalar jangni to‘xtatib,
Sherxon bilan sulh tuzsinlar. Shundan keyin Sherxon ularni avf-u etadi,
mol-u jonlariga
tegmaydi. Qalanjar rojalari va obro‘li rajputlariga Dehli atroflaridan yaxshi jogirlar
beradi.
Ammo Qalanjar qal’asi juda mustahkam, unda ichadigan suv ham, zaxira ham yetarli
edi. Sherxonning avvalgi xiyla-yu nayranglaridan jabr ko‘rgan chitorlik, rayzinlik va
bikanurlik rojalar Qalanjar hokimi Kirat Sinx atrofida jipslashgan edi.
Todar Mal Sherxonning xayrli ishlari ham ko‘pligini
ayta boshlagan edi, Kirat Sinx uning
so‘zini kesdi:
— Sherxon Rayzin qal’asida sulh tuzib, Puran Malni o‘ldirganiga ne deysan? Biz,
rajputlar, mard, sodda odamlarmiz. Sherxon roja Mal Devaga o‘zini do‘st ko‘rsatib,
xatlar yozgan edi, oxirida uni ne ko‘yga soldi?
Todar Mal bu savollarga javob topolmay tutilib qoldi. Sherxon Rajputana hokimi roja Mal
Devaga qarshi qanday makr-u hiylalar ishlatgani uning ham esiga tusha boshladi.
Mal Deva mashhur sarkarda Rana Sangram Sinxning o‘g‘li edi.
U Rajput viloyatlarini
birlashtirib, Sherxonnikidan ham ulkanroq va kuchliroq qo‘shin to‘plagan edi.
Joudhpurdan sharqdagi ilk to‘qnashuvlarda Sherxon bu zo‘r qo‘shinga bas kelolmay ikki
oy yo‘lida to‘xtab qoldi. Ana shu oylar ichida u yov qo‘shini orasiga kirib olgan o‘z maxfiy
odamlarini ishga soldi. Mal Devaning qattiqqo‘lligidan, hadikchiligidan norozi bo‘lib
yurgan Bikanir, Nagor rojalari bor edi. Xufiyalar Sherxonga ularning nomlarini bilib
berdilar. Sherxon xuddi Dehlidagi Amir Bahlulga yozgan maktubiga o‘xshatib, Mal
Devaning qo‘l ostidagi sarkardalardan Biram Dev, Roa Kalyanlarning
nomiga maxfiy xat
yozib yuboradi. Bu xatda Sherxon Mal Devadan norozi bo‘lib yurgan boshqa uch-to‘rtta
rajput sarkardalarining nomini ham iliq so‘zlar bilan tilga oladi. Bu rojalar Sherxonga
hech qanday maktub yubormagan bo‘lsalar ham, Sherxon go‘yo ulardan yashirin