www.ziyouz.com kutubxonasi
111
Humoyun qo‘yin cho‘ntagidan ichi qat-qat qilib tikilgan charm xaltacha oldi. Xaltachaning
bir qatida ikkita yoqut turgan edi. Shularning yirikrog‘ini kaftiga qo‘ydi-da, Matvey
Semyonovichga uzatdi.
— Oling, mendan esdalik. Balki tamg‘a solig‘ining hissasi shu yoqutdan chiqar.
Matvey Semyonovich yal-yal yonayotgan qip-qizil, yirik yoqutni ta’zim bilan olar ekan,
uning qiymati juda baland ekanini sezdi. Nafaqat tamg‘a solig‘ining hissasi, balki o‘zi
kemaga ortib kelgan barcha mollarining beradigan foydasidan ham bu yoqutning narxi
balandroq ekanini uning tajribali ko‘zlari darhol payqadi.
— Bu sovg‘angiz men uchun bebahodir, — dedi u Humoyunga. — Men buni avloddan-
avlodga meros qilib qoldirgayman. Mana, o‘g‘lim, Akim ham, uning farzandlari ham buni
bizga kim in’om qilganini eslab yursinlar.
Humoyun bu gaplarni ma’qul ko‘rib, bosh irg‘adi:
— Janob Matvey, farangistonlik Pakavir Sherxon tomoniga o‘tib,bizga to‘g‘anoq
berganda, siz xolis turib bizga ko‘mak bergan edingiz. Mening ezgu tilagim shulki, siz
mansub bo‘lgan xalq bilan bizning elimiz orasi hamisha shu yoqutday beg‘ubor tursin.
Munosabatlarimiz doim la’lning qirmizi cho‘g‘idek yonib tursin!
Ular qadrdonlardek iliq xayrlashdilar. Ota-bola dengiz bo‘yidagi kemalariga tomon qaytar
ekanlar, Hazar dengizining qishki sovuq to‘lqinlari ularning boshlari osha ko‘kka
sapchiguday ko‘rinar va jo‘shib, ko‘pirib yotardi. Humoyun kemada birpas sayr qilib, bu
to‘lqinlar orasida qanday behalovat bo‘lganini esladi. Shimoldan kelgan azamat ota-bola
haftalar, oylar davomida goh xatarli to‘fonlar, goh dengiz qaroqchilari bilan olishib,
serg‘azab Hazar dengizining bu boshidan narigi boshiga suzib o‘tishlari uchun qanchalik
kuch va jur’at kerakligini o‘yladi-yu, ularga ich-ichidan qoyil bo‘lib qo‘ydi.
_____________
* «Osmon shohligi unga nasib qilsin», ya‘ni joyi jannatdan bo‘lsin!
* I v a n IV — Keyinchalik Ivan Grozniy nomi bilan mashhur bo‘lgan.
* * *
Ikki orada shia-sunniy janjallari chiqmasin uchun Budag‘xon boshliq qizilbosh askarlari
alohida qarorgohga to‘planmoqda edi. Humoyunning qarorgohidagi qo‘shin ham kun
sayin ko‘payib borardi. Bayramxon Hazar bo‘yidagi sunniy mazhablik turkman
qabilalaridan besh-olti yuz bek-u navkarni Humoyun xizmatiga tortdi. Shu orada
Turdibek Turkistoniy Xurosonga borib Humoyunga yana bir talay tarafdorlar topib keldi.
— Hazratim, hatto o‘zbekning mashhur Shaybon urug‘idan bo‘lgan Aliqulixon nomli bek
ham inisi bilan sizga ancha moyil, — dedi Turdibek. — O‘zi bilan so‘zlashmoqchi
bo‘lsangiz, odam yuboray, qabulingizga kelsin.
— Shaybon urug‘idan bo‘lsa, Xurosonda ne qilur?— taajjublanib so‘radi Humoyun.
— Ularni Buxorodagi urug‘doshlari sig‘dirmagandan keyin, Xurosonning Jom shahriga
kelib qolgan ekan. Turondagi shayboniyzodalarga adovatlari cheksiz. Sizning
Samarqand-u Buxoroni ulardan tortib olishingizni istaydir. «Agar Movarounnahrga
qaytmoqchi bo‘lsalar, biz xizmatlariga kirgaymiz», deydir.
Humoyun o‘ylanib qoldi. Hindistonda Sherxonning hokimiyati tobora mustahkam bo‘lib
bormoqda. Panjob va Agradan ma’lumot yuborib turgan xufiyalar Sherxonning qo‘shini
yuz yigirma mingga yetib, hech kim bas kelolmaydigan qudratga ega bo‘lganini xabar
qildilar.
Movarounnahrda esa shayboniyzodalarning hokimiyati parcha-parcha bo‘lib zaiflashib
bormoqda. Samarqand Buxoro xoniga itoat etmaydi. Farg‘ona vodiysida mustaqil xonlik
paydo bo‘lmoqda. Toshkent ham Buxoro xonligidan ajralib chiqqan. Hammasi bir-biri
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |