www.ziyouz.com kutubxonasi
116
Askariy ichkaridan chiqib, unga taslim bo‘libdi. Humoyun endi Kobulga ko‘z tikayotgan
emish. Agar Komron ham shunday tez taslim bo‘lsa, Sherxonga shimoldan keladigan
xavf ancha kuchayishi aniq. Sherxon Komronning yonida yuradigan ishonchli kishisi Said
Xalilni esladi. Anchadan beri uni yo‘qlamagan edi. Ertasi kuni bitta ishonchli odamini
nodir sovg‘alar bilan Kobulga, Said Xalilning oldiga yubordi. Yashirin maktubda Komron-
ning Humoyun bilan yarashishiga zinhor yo‘l qo‘ymaslikni topshirdi, buning uchun
qanday ko‘mak zarur bo‘lsa yuborib turishni va’da qildi.
Sherxonning hozirgi zo‘r istagi — Qalanjar qamalini tezroq tugatish edi. Shunday
qudratli qo‘shin bilan besh oydan beri bitta qal’ani ololmayotgani uning sarkardalik nomi
uchun ham yaxshi emas. U o‘z qo‘shinidagi hindlar orasida obro‘li roja hisoblangan
Brahmajit Gaurni ertalab xos chodiriga chaqirtirdi. Uni tikka turg‘izib qo‘yib koyishga
tushdi:
— Siz nuqul rajputlaringizni maqtar edingiz, «yaxshilikni biladigan tanti elmiz», der
edingiz, qani o‘sha tantilik?
Yuzlari oftobda ko‘mirday qorayib ketgan, kalta soqoliga, qoshi va mo‘yloviga chang
o‘tirib, kulrang tusga kirgan qirq besh yashar Brahmajit Gaur ta’zimga bosh egdi:
— Mening rajputlarimdan ne gunoh o‘tgan bo‘lsa ayting, olampanoh, darhol jazosini
berurmen!
Ammo Sherxon dilida to‘planib qolgan gina-quduratni to‘kishda davom etdi:
— Men rajputlarni o‘zimga teng ko‘rib qo‘shinimga oldim, mahkamalarda hind tilini joriy
etdim! Shu mamlakat obod bo‘lsin deb mingdan ortiq rabotlar, karvonsaroylar qurdim.
Rajputlarga hurmat bildirib, hatto Dehlida qurdirgan masjidimning peshtoqiga hindlar
muqaddas gul hisoblaydigan nilufarning marmar naqshini ishlattirdim!
— Bu hammasi rost, olampanoh! Siz hindlarga nisbatan hali hech bir musulmon
hukmdori qilmagan nek ishlarni qilmoqdasiz!
— Nega bo‘lmasa sizning ko‘rnamak yurtdoshlaringiz mana bu qal’ada turib meni
shuncha vaqtdan beri behurmat qilmoqda? O‘sha biz taxtdan ag‘dargan Humoyun ham
Qalanjarni bundan o‘n to‘rt yil avval qamal qilgani yodimda bor. Sizning yurtdoshlaringiz
Humoyunga bir oy ham qarshilik ko‘rsatmay taslim bo‘lgan edi. Nega biz kelganda
rajputlaringiz besh oydan beri darvoza ochmay jinnilik qilmoqda?!
— Johillik oqibati, bu haqiqatni tushunmaslik, ko‘rlik!..
— Unday bo‘lsa, nega siz bizdan vakil bo‘lib borib, yurtdoshlaringizning ko‘zini
ochmaysiz? Ularga men yomonlik qilmoqchi emasman, nahotki o‘z tilingizda
rajputlaringizga shuni tushuntirib aytolmaysiz?
— Bajonidil ayturmen, olampanoh! Siz ularga afvi umumiy bergaymisiz?
— E afvi umumiydan tashqari, Ajmirmi, Banorasmi, istagan viloyatlarini beray! Mana,
tepamizda Xudo turibdir! Hind ma’budlarini ham o‘rtaga qo‘yib ont iching, ishontiring,
men bilan sulh tuzib, qal’ani topshirsalar, hammasining mol-u joni omon qolur,
ko‘ngillari tilagan murodlariga yeturlar!
Bu gal Sherxon astoydil so‘zining ustidan chiqmoqchi edi. Bunga ishongan Brahmajit
Gaur elchilarning oq bayrog‘ini ko‘tarib qal’aga qarab ketdi. Qal’adagilar uni ertalabdan
peshingacha ichkariga kiritmay ovora qildilar. Buni eshitgan Sherxon o‘z askarlarini
darvozadan mumkin qadar uzoqqa olib ketishni buyurdi.
Jazirama issiqda tog‘ning toshlari olov purkaydi. Sherxon o‘zi uchun qilingan maxsus
soyabon tagida peshin namozini o‘qiguncha nafasi qaytib, terga botib ketdi. Shunday
bo‘lsa ham, joynamoz ustida cho‘kka tushib: «E parvardigor! — deb iltijo qildi. — O‘zing
kushoyishi korimni bergaysen! Qal’adagilar murosaga kelsa birontasining burnini
qonatmaslikka sening oldingda so‘z berdim, endi o‘zing mushkulimni oson qil!».
Qal’a darvozasi yaqinida Brahmajitdan boshqa bironta odam, bironta xavf qolmagach,
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |