www.ziyouz.com kutubxonasi
115
maktub olgan-u, endi shunga javob berayotgan kishi bo‘lib yozadi:
«Mal Deva nechog‘liq zolim va qobiliyatsiz hukmdor ekanligi maxfiy maktublaringizda
keltirilgan tafsilotlardan bizga ayon bo‘ldi. Inshoollo, uning illatlari o‘zining boshiga
yetkusidir. Bizga xayrixoh bo‘lgan boshqa rajput sarkardalarga ham qarorimizni ma’lum
qiling. Biz zinhor din-u millat ayirmagaymiz. Sizlar bilan birgalikda ulug‘ Ashoka*
davridagidek yagona va qudratli hind dalvatini barpo etmoqchimiz. Biz Mal Devani
yuzma-yuz jangda ham yengishga qodirmiz. Ammo ortiqcha qon to‘kilmasligi uchun
sizlar ko‘plashib Mal Devani tutib beringlar. Shundan so‘ng har biringiz bizning eng ulkan
inoyatlarimizga sazovor bo‘lursiz va tilagan viloyatingizga hokim etalajaksiz».
Sherxonning o‘z qo‘li bilan yozilgan va uning haqiqiy muhri bosilgan bu maktubni Mal
Devaning maxsus odamlari josusning cho‘ntagidan topib olishadi. Biram Devning yaqin
odami bo‘lgan bu «josus» aslida maktubning o‘z cho‘ntagiga qanday kirib qolganini
mutlaqo bilmaydi. Sherxonning xufiyalari bu ishni xuddi Agradagi kabi ustalik bilan
yashiriqcha qiladilar. Ammo xiyonatni ko‘p ko‘rib, hadikchi bo‘lib qolgan roja Mal Deva
bechora «josus»ning «maktubni cho‘ntagimga kim solib ketganini bilmayman», degan
gaplariga mutlaqo ishonmaydi. U Sherxon bilan bir necha marta xat yozishgan edi.
O‘sha xatlarni hozirgisiga solishtirib ko‘rib, maktubni Sherxonning o‘zi yozganiga va
haqiqiy muhrini bosganiga amin bo‘lgach, «josus»ning boshini kesdirdi. Sherxonning
maktubida nomi ko‘rsatilgan «xoin» sarkardalarga qo‘shinning yarmidan ko‘pi itoat
etadi. Agar Mal Deva ularni tuttiraman desa ichki urush boshlanib ketishi mumkin. Biroq
Mal Deva Sherxon bilan til biriktirgan sarkardalar orasida qolsa xiyonatning qurboni
bo‘lishi hech gap emas. Uning hadikchiligi g‘olib keladi-yu, o‘ziga sodiq ellik ming
odamni bir kechada qarorgohdan ko‘chiradi, Rajputana yurtining poytaxti Jaudhpurni
tashlab, Sivana degan joyga chekinadi. Shu tarzda bir-biriga ishonchini yo‘qotib
parokanda bo‘lgan rajput sarkardalarini Sherxon bitta-bitta yengib, bartaraf qiladi.
Ularning tirik qolganlari Qalanjarga kelib jon saqlaydilar.
— Endi u hodisalar takror bo‘lmagay, Shershohi odil hozir o‘z nomlariga munosib adolatli
yo‘l tutmoqchilar, sulh tuzaylik! — deb, Todal Mal Qalanjar hokimi Kirat Sinxdan qayta-
qayta iltimos qildi. Ammo Kirat Sinx uni urishib tashladi:
— Sen bizni Sherxonga tutib bermoqchisan! Jo‘na bu yerdan! Haqiqiy rajput hiylai
nayranglarning qurboni bo‘lgandan ko‘ra, qo‘lda qilich bilan jang maydonida halok
bo‘lishni afzal ko‘rgay!
Todar Malning vositachiligidan natija chiqmagach, Sherxon qal’aning tagini kavlashni va
devori ostiga borut qo‘yib portlatishni buyurdi.
O‘n minglab odamlar, ot-ulovlar, fillar Qalanjar qo‘rg‘oni atrofida oylar davomida tinimsiz
ishlatildi, ularning oyoqlari ostida butalar, o‘t-o‘lanlar ezilib yo‘q bo‘ldi, yerlar titkilanib,
shudgorga aylanib ketdi. Biroq qo‘rg‘on ulkan qoyatoshlar ustiga qurilgani uchun qilt
etmay turaverdi. Uning devori tagidan lahim kavlashga ham iloj bo‘lmadi. Qo‘rg‘on
ichida buloqlar bor, himoyachilar uchun suv yetarli. Tik qoyatosh ustidan o‘tgan baland
devorlarga narvon ham qo‘yib bo‘lmaydi. Pastdan otilgan to‘p o‘qi yuqoriga chiqib
borguncha kuchini yo‘qotadi-yu, metin devorlarni teshib o‘tolmaydi.
Shu tarzda qamal juda uzoqqa cho‘zildi. Hut oyidayoq boshlangan hind issiqlari hamalda
muttasil ko‘tarilib borib, savrning o‘rtalarida chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Yomg‘ir fasli
oldidan qo‘zg‘aladigan to‘polon shamollar qo‘shinning oyog‘i ostida titkilanib yotgan
suvsiz yonbag‘irlardan chang-to‘zon ko‘tara boshladi. Issiq va dim havoda qo‘rg‘on
atrofidagi qoyatoshlar cho‘g‘day qizib ketdi. Yoshi oltmishdan oshgan Sherxon bu
issiqdan va chang-to‘zondan bo‘g‘ilib, nafas olishi og‘irlasha boshladi.
Shu orada karvon bilan Qandahorga savdogar qiyofasida yuborilgan xufiya Sherxon
uchun noxush xabarlar keltirdi. Humoyun qal’ani qirq kun qamal qilgandan so‘ng inisi
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |