www.ziyouz.com kutubxonasi
122
belboqchalari bor. Olishuv boshlandi. Mitti polvonlarning kurashiga otliqlar kulib qarab
turishibdi. Komron mirzo jiddiy, Xonzoda begim bilan Mohim enaga xavotirda.
Ibrohimning yoshi kattaligi qo‘l keldi. Akbar qattiq gandirakladi, oyog‘i o‘tloqda toyilib
cho‘k tushdi. Ibrohim arkda ham alohida e’zozda yurar, ko‘p tantiqliklar qilib, Akbarni
yetim boladay turtkilar edi. Nahotki Akbar undan yiqilib, shunday chiroyli naqoradan
mahrum bo‘lsa?! Yo‘q! Bola Xonzoda begim bilan Mohim enaganing mo‘ltirab turgan
ko‘zlaridan madad olganday tez qaddini tikladi, butun kuchini yig‘di-yu, Ibrohimni dast
ko‘tarib, o‘tloq yerga ag‘darib urdi va ustidan bosib tushdi. Akbarning tagida yotgan
Ibrohim:
— Bas, qo‘yvor! — deb yig‘lab yubordi.
Komronga bu yomon bir istiqbolning alomatidek tuyuldi. Uning g‘azabidan qo‘rqqan
Mohim enaga chopib borib, bolalarni ajratdi-da, Ibrohimni turg‘izib, ustini qoqa boshladi.
Komron o‘z o‘g‘lini jerkib:
— E, atala polvon, nechun yig‘laysen? — dedi. — Bas! Naqorani endi Akbarga ber!
Ammo Bopusxon oraga tushdi:
— Hazratim, siz ko‘rmadingizmi, Akbar to‘g‘anoq soldi-ku? Bo‘lmasa Ibrohim mirzo uni
yiqitar edi!
Atrofidagilarnnig bunday xushomadlariga o‘rganib qolgan Komron mirzo darrov yolg‘on
gapga ishongisi kelib:
— Men ko‘rmabmen, — dedi-da, Said Xalilga savol nazari bilan qaradi.
Doim Komronning zaifliklarini zo‘rlik alomati deb ko‘rsatadigan va uning maqtovga
o‘chligidan foydalanib martabasi oshadigan Said Xalil ham xuddi to‘g‘anoqni o‘zi
ko‘rgandek gapirdi:
— Astag‘firullo! Shunday kichik bola g‘irromlikka o‘rganganini qarang!
Uning gapini Qorachaxon ma’qulladi:
— Qandahorni g‘irromlik bilan olgan otasiga tortibdir-da!
Atrofdan ketma-ket yog‘ilgan bu gaplar Komronning Humoyundan yaxshiroq ekanini,
shu sababli Ibrohim ham Akbardan balandroq turishini yana bir marta isbot etganday
bo‘ldi. Shu bilan xijolati bosilgan Komron mirzo ammasining ko‘zi oldida bir tantilik qilgisi
keldi.
— Mayli, naqorani anu bolachaga ber! — deb Akbarni ko‘rsatdi. So‘ng o‘g‘liga tasalli
berdi: — Sadaqa ham kerak. Senga bundan yaxshirog‘ini olib bergaymen. Yur, otga
mingash!
Xizmatkor yigit naqorani Akbarga zug‘um bilan tutqizdi-da, Ibrohim mirzoni erkalatib
qo‘liga oldi va otasining orqasiga mingashtirdi.
Ikki yarim yashar Akbar to‘g‘anoq nima, g‘irromlik qanaqa bo‘lishini bilmasa ham,
otliqlarning ko‘zlaridagi nafratni, gaplaridagi dashnom va kinoyalarni sezib, hayrat bilan
qotib turibdi. Qo‘lidagi naqora ham endi uning ko‘ziga ko‘rinmaydi. Nega uni jerkishdi?
Axir u yiqitdi-ku!
Bolaning shu og‘ir iztirobini sezgan Xonzoda begim tez borib Akbarni bag‘riga bosdi:
— Bo‘yginangdan momong aylansin, mitti polvonim! Kichik bo‘lsang ham yutding! Bu
naqora sadaqa emas, sovrin! Haloling bo‘lsin! Chal!
Bu gaplardan Komron mirzonnig rangi bo‘zarib ketdi. Qorachaxon homiysiga yon bosib,
Akbarga nafrat bilan tikildi-da:
— Hozircha chalib turing, g‘irromlikning jazosini hazratim keyin berurlar! — dedi.
Xonzoda begim Komronga ikki qo‘lini cho‘zib dedi:
— Adolat qiling! Axir siz haqgo‘y shoirning o‘g‘lisiz! O‘zingiz ham haqiqatni ulug‘lab latif
she’rlar bitgansiz. Yoningizdagi janoblar sal insof qilishsin! Bu ma’sum bola g‘irromlikni
qayoqdan bilgay. Oqni qora qilib ko‘rsatish shu darajada bo‘lurmi?!
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |