www.ziyouz.com kutubxonasi
126
— Humoyunjon, — dedi Xonzoda begim iltimoskorona tovush bilan. — Ma’sum
bolalarning kurashi bezarar. Ammo toj-u taxtli og‘a-inilarnnig adovati qanchalik
baxtsizliklar keltirishini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Endi Komron bilan olishishni emas,
yarashishni o‘ylang, jonim bolam!
Komron qilgan yomonliklar Humoyunning esiga tushdi-yu, butun dard-u alamlari birdan
yangilandi.
— Ammajon, og‘a-ini adovati haqida mashhur «Yusuf-Zulayho» afsonasi bor. Lekin o‘sha
afsonadagi Yusufga o‘gay og‘alari qilgan yomonliklar ham mening o‘z inilarimdan
ko‘rayotgan jabr-u jafolarim olida bir halvo, xolos! Inimiz Kobulga qanoat qilmay,
Panjobni mendan tortib olgani, Sherxon bilan olishganimda nuqul poyimga bolta urgani,
Qandahorda beshikdagi bolamizni chirqiratib, bizni begona yurtga quvgani, Qazvinga
josuslarni yuborib fitna qo‘zg‘atgani!.. Qaysi birini aytayki, yuz o‘limlardan qolib,
Qandahorga qaytib kelsak, Akbar yana yo‘q! Eng razil qaroqchilarday bolani o‘g‘rincha
olib ketibdir! Endi uni garovda tutib, bizga tahdidlar qilishi qaysi darvozaga sig‘gay?!
Agar o‘gay inilar boshimizga shunday og‘ir kunlarni solmasa edi, hozir ikkinchi
o‘g‘ilchamiz ham olti oylik bo‘lar edi! Qizilboshlar bilan hamkorlik qilish, Qandahorni
qaytib olish qurbonsiz bo‘lgan emas, ammajon!
Hamida bonu harbiy yurish paytida sovuq izg‘irinlarda Seyiston yo‘lida bevaqt tug‘ilgan
va ikki kungina yashab qazo qilgan keyingi o‘g‘ilchasini eslab piq-piq yig‘lay boshladi.
Unga hatto ot qo‘yishga ham ulgurmadilar... Shundan beri Hamidaning o‘zi ham
kasalmand bo‘lib qoldi, bir vaqtlar chavgon o‘ynab yurgandagi sog‘ligi endi yo‘q.
Humoyun ham qirq yoshga kirmasdan soqol-mo‘yloviga oq tushgan, yuzlari
uyqusizlikdan qotgan, ko‘zlari ichiga o‘pirilib tushgan.
— o‘ng ikki ming qizilbosh qo‘shini bir yildan beri yonimda xuddi uchqun tushsa
portlaydigan borut omboriga o‘xshab yuribdir, — deb u so‘zida davom etdi. — Men ham
Sherxonga o‘xshab portlab ketmayin deb kecha-yu kunduz ming ehtiyot bilan ish olib
bormoqdamen.
— Ne bo‘lsa ham, qizilboshlarni Kobulga boshlab bora ko‘rmang, Humoyunjon. Otangiz
bularni Samarqandga boshlab borganidan umr bo‘yi armon qilib yurganini unutmang.
— Jannatmakon otam menga o‘z umrlarini baxsh etgan edilar. Endi bilsam, umrlariga
qo‘shib, o‘z qismatlarini ham bergan ekanlar! O‘sha mag‘lubiyatlar, o‘sha quvg‘inlar,
o‘sha sargardonliklar mening boshimga ham tushdi! Koshki o‘g‘limiz Akbarga bu jabr-u
jafolar daxl qilmasa! Yo‘q, mening og‘ir qismatimga bugun murg‘ak o‘g‘limiz ham sherik!
Mening boshimga tushgan balolar Akbarning joniga ham tahdid solmoqda.
— Bunchalik kuyunmang, Humoyunjon! Hazrat otangizning ulug‘ qismatlari bor! Inim
Bobur ulkan zafarlarga ham muyassar bo‘lgan edilar! Hali siz ham, o‘g‘lingiz Akbarjon
ham hazrat otangiz kabi katta yuksakliklarga ko‘tarilursiz!
— Shoyad shunday bo‘lsa! Ammo meni hozir qizilboshlar tashvishga solmoqda. Men
ularni Qandahordan to‘g‘ri Qazvinga qaytarib yuborish harakatidamen. Bu esa juda
mushkul. Aksiga olib, falokat yuz berdi. Shoh o‘zining to‘qqiz yashar o‘g‘li Murodni
Qandahorga hokim tayinlagan edi. Bolani ehtiyot qilib asrash uning atkasi Budagxonga
topshirilgan edi. Budagxon jahli tez, dag‘al muomalali odam ekan, yana shia-sunniy
janjallari boshlandi. Shuning ustiga qal’ada vabo tarqaldi. Shahzoda vaboga uchrab
to‘satdan vafot etdi. Xayriyat, biz shahardan tashqarida alohida qarorgohda turibmiz.
Bo‘lmasa bizga ham vabo yuqishi mumkin edi, shahzodaning o‘limida ham bizni
ayblamoqlari mumkin edi.
Humoyun vaziyat murakkabligini, shohga voqeani chappa qilib yetkazuvchilar borligini
hisobga oldi-yu, unga ta’ziya bildirib xat yozdi, voqeaning butun tafsilotlari bayon
qilingan iliq, do‘stona maktubdan tashqari Askariyning xazinasidan musodara qilingan
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |