www.ziyouz.com kutubxonasi
132
Komron bilan bir uchrashishi, yuzma-yuz turib ochiq gaplashishi kerak edi. Faqat
shundagina orani buzayotgan odamlarning ta’sirini qirqish va Komronni ularning
asoratidan qutqarish mumkin edi. Qancha mushkul muammolarni yechgan Humon
nahotki endi shu ishning uddasidan chiqolmasa? Nahotki o‘z inisining bergan ozorlarini
unutishi, qilgan yomonliklarini ichiga yutib, u bilan bir marta yarashishi shu qadar qiyin
bo‘lsa?
Hamida begim Komronning nomini tilga olgisi kelmas, qamal oylarida dili yaralangan
Akbar ham jajji singlisining qotili bilan otasining yarashishini istamas edi. «Komrondan
endi umid yo‘q, yashirin odamlar yuborib, yasoqqa ketkazish kerak!» derdi Turdibek.
Lekin Humoyun birodarkush bo‘lishni istamas, «rahmatli otam, «zinhor inilaringning
qonini to‘kma!» deb vasiyat qilganlar» derdi.
Hozir Askariy bilan Hindol Humoyunning yonida, endi faqat Komron tentirab yuribdi.
Humoyun uning oldiga Hindolni yubordi. «Bas endi, kelsin, gunohlaridan kechay», dedi.
Ammo Komronning yonidagi Bopusxon, «bormang, yashirincha qatl ettirgay», deb uni
qo‘rqitdi. Komron yana yarashishdan bosh tortdi. Shundan keyin Humoyun Haram
begimga maktub yozib, Komronni qurshovga olishda yordam berishni so‘radi. Haram
begim o‘n ikki ming otliq qo‘shin yig‘di, o‘zi bu lashkarga bosh bo‘lib, Pomir tog‘ining
janubiy etaklaridan Hindikush tog‘ining shimolidagi Ko‘talgacha olib keldi. Bu qo‘shinni
Humoyunning ko‘magiga topshirdi-da, o‘zi yana badaxshonning zafar qal’asiga qaytib
ketdi.
Kelinlarining mardona ishi Komronni vahimaga solib qo‘ydi. Agar u Humoyun bilan endi
ham yarashmasa tirik qutulib ketolmasligi aniq edi. Shundan keyin Komron Humoyun
qarorgohiga odam yubordi:
— Hindol kelsin, birga borgaymiz, — dedi.
* * *
Ilk bahor kunlarida Humoyun Hindikush tog‘ining janubiy etaklariga yuzdan ortiq chodir
tiktirdi. Ularning o‘rtasiga ko‘krakdor bir joyga ulkan saroparda o‘rnatildi. Borgoh va
xirgohdan tashqari yana uch xil rangdagi uchta kimxob chodirni shu saroparda ichiga
o‘rnatishdi.
Otliqlar ko‘p o‘tib yo‘l qilgan joydan to saroparda eshigiga qadar lolarang ipak poyandoz
to‘shalgan edi. Hindol va Askariy ikki yonda, Komron mirzo o‘rtada, uchalasi shu
poyandoz oldiga kelib otdan tushdilar. Naqoralar chalinib, qo‘sh surnay mayin navoni
kuylab turibdi. Yaxshi kiyingan salobatli Komron mirzo lolarang poyandozga sekin
qadam qo‘yib, inilarini ergashtirib kela boshlagan paytda saropardadan Humoyun unga
peshvoz chiqdi. Surnay va naqoralar tovushida jo‘shqin, quvnoq, hayajonli ohanglar
paydo bo‘ldi.
Bu xayolot emas, tush ham emas. Humoyun ko‘pdan orzu qilgan va yetti yili kurashib
yurib, nihoyat bugun muyassar bo‘layotgan haqiqat edi.
Bunchalik e’zoz bilan peshvoz olinishini kutmagan Komron akasining muruvvati oldida tiz
cho‘kib uch marta yukundi. Hozir uning belida na qilichi, na xanjari bor, faqat kamarning
o‘zi bog‘langan. Komron titroq qo‘llari bilan oltin kamarini yechdi-da, uni o‘zining
bo‘yniga osdi. Bu uning taslim bo‘lganini bildirar edi. Shu bilan komron o‘zining
gunohkor ekanini hammaning ko‘zi oldida tan oldi. Bundan ta’sirlangan Humoyun unga
quchoq ochdi, odat bo‘yicha uch marta ko‘krakni-ko‘krakka bosib ko‘rishdilar. Shundan
so‘ng Humoyun Komronning oltin kamarini bo‘ynidan olib beliga bog‘lab qo‘ydi.
Saroparda ichidagi eng katta chodir og‘a-inilar uchun gulday yasatib qo‘yilgan edi.
Humoyun to‘rga o‘tdi-da, o‘ng yoniga Komronni o‘tqazdi. Askariy bilan Hindol ikki
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |