107
Markaziy hokimiyat organlari devonlar shaklida tuzilgan. Markaziy
hokimiyatning oliy organi – devoni a’la bo‘lib, vazir tomonidan
boshqarilgan. U bo‘lim va devonlardan iborat edi. Unga davlat
mirzaxonasi devoni (insho, tug‘ro), moliya devoni (divani istifayi), oliy
nazorat va hisob organi (devoni ashraf), harbiy devon (divani arz al-
jayni), davlat yerlari devoni (devoni amloki xos), vaqf devoni (devoni
avqofi mamolik) va boshqa devonlar kirgan.
Davlat devonxonasi Saljuqiylar imperiyasidan oldin devoni rasoil,
devoni insho deb yuritilgan. Saljuqiylar uni to‘liq isloh qilib, devoni
tug‘ro deb ataydi. Tug‘ro – Saljuqiy hukmdorining emblemasi bo‘lib, u
bilan hujjatlar tasdiqlangan. Uning asosiy vazifasi davlat hujjatlarini
yuritishdan iborat bo‘lgan.
Sulton devonxonasida bosh munshi lavozimi muhim o‘rin tutgan. U
«tug‘roi» yoki «munshiyi mamalik» deb atalgan. Uning nomzodini vazir
kiritgan, lekin hukmdor tomonidan tasdiqlangan.
Bosh munshi bir vaqtda
vazirning noibi hisoblangan. U bevosita hukmdorga bo‘ysungan. Munshii
mamalik ko‘p hollarda diplomatik topshiriqlarni ham bajargan. Mamlakat
ichki va tashqi holati, hamda qo‘shni davlatlarning holatlari bilan tanish
bo‘lgan. Favqulodda hollarda devon boshlig‘i maxsus vakolatlarga ega
bo‘lib, sulton nomidan ish yuritgan. Munshi (xirfat, sinoat) lavozimi
ko‘pchilik hollarda meros tariqasida qoldirilgan.
Devoni istifa (devoni istifayi mamluk) devoni a’la qoshidagi
davlatning bosh moliya devoni edi. Mustaufi al-mamluk
ushbu devonga
rahbarlik qilgan. Ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, mustuafi vazirdan
keyin ikkinchi o‘rinda turadigan mansabdor shaxs hisoblangan. Unga
davlatning moliya ishlari bo‘yicha amaldorlari, shu jumladan ushbu
idoraning moliyaviy faoliyati uchun javob beradigan devoni xos
xizmatchilari ham bo‘ysunganlar. Mustaufi boshqa yirik
amaldorlar kabi
o‘ziga noib tayinlagan. Devonda kotiblar (muharriran), hisobchilar
(muhtasiban) va boshqa xizmatchilar bo‘lgan. Devoni mustaufining
boshlig‘i barcha shahar va viloyatlarga o‘zining vakillari (nuvvablari) va
xizmatchilarni yuborgan. Ular mahalliy xazinalarga rahbarlik qilganlar.
Saljuqiylar davlatida devoni ishraf bosh nazorat – kuzatuv organi
vazifasini bajargan. Uning asosiy vazifasi davlat xazinasiga kelib tushgan
mablag‘lar ustidan nazorat olib borish hisoblangan. Ushbu devonning
joylardagi vakillari soliq to‘lovlarning aniq va o‘z
vaqtida mahalliy
muassasalarga kelib tushishi ustidan nazorat olib borganlar.
Devoni arz qo‘shinga umumiy rahbarlik qilgan, qo‘shin hisobini
yuritgan va uning to‘ldirilishi ustidan nazorat olib borgan. Uning moddiy
108
ta’minoti uchun javob bergan. Devon boshlig‘i sohibi divani arz deb
yuritilgan. O‘lkalarda uning vakillari ariz deb atalgan.
Mahalliy boshqaruv tizimida viloyatlarga voliylar tayinlangan. Vali
lavozimi meros tariqasida ham qoldirilishi mumkin edi. Viloyatga valilari
sifatida shahzodalar, turk amirlari va yirik harbiy qo‘mondonlar
tayinlangan. Taxt vorisi hisoblangan shahzoda esa eng yirik va muhim
viloyatlarga vali qilib tayinlangan. Voliylar huzurida uning noiblari, soliq
yig‘uvchilari, jamoat tartibini qo‘riqlovchi
shihne va boshqa
mansabdorlar mavjud bo‘lgan.
Valilar viloyatlardagi barcha fuqaro va harbiylarni, qal’alarni bosh-
qargan. Viloyat aholisining tinchligini ta’minlash bilan shug‘ullangan,
sud ishlarini olib borgan. Taxt vorisi bo‘lgan vakilning qarorlari bosh
hukmdorlarning qaroriga teng bo‘lgan.
Markaziy hokimiyatning shahardagi vakili rais bo‘lgan. U markaziy
devon tomonidan tayinlangan va muayyan majburiyatlarni bajargan.
Shahar raislari validan keyin muhim lavozim bo‘lib, sultonga bo‘ysungan.
Rais o‘z devonxonasi (divani riyasat)ga ega bo‘lgan. Shahar boshqaruvi
va tartibotini amalga oshirgan.
Saljuqiylar davrida shixne tartib va xavfsizlik qo‘riqchilari
hisoblangan. Ular sulton farmoni
bilan shahar, o‘lka va viloyatlarga
tayinlangan. Shahne lavozimi meros tariqasida o‘tishi mumkin bo‘lgan.
Ular qonunbuzarlarni jazolash vakolatiga ega bo‘lgan. Shixne o‘zining
boshqarmasi va amaldorlariga ega bo‘lgan. Uning ixtiyoriga harbiy
qismlar ham berilgan. U ham o‘troq aholi orasida ham ko‘chmanchi aholi
orasida tayinlangan.
Davlatda bosh dunyoviy qozi – oliy hukmdor hisoblangan. U vaqti
bilan divani mazalimda kengash olib borgan yoki sud ishini olib borishni
vazirga topshirgan. Qozilar faoliyati ustidan bosh qozi –
qozi ul-quzzot
rahbarlik qilgan. Viloyatlarda bosh qozi – voliylar hisoblangan. Joylarda
jinoyat va fuqarolik ishlarini qozi ko‘rib chiqqan. U shariat qoidalariga
asoslanib ish yuritgan, qo‘shimcha tarzda notarial vazifalarni ham
bajargan. Harbiy qozi harbiylar orasida vujudga keladigan nizolarni hal
etgan. Qozilar va ularning noiblari vaqf devoniga tegishli mulklarni
nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: