4-Mavzu: ANESTEZIOLOGIYa. NARKOZ VA UNI XIRURGIYA AMALIYOTIDA QO’LLASH.
MA’RUZA REJASI:
1. Hayvonlarni operasiya qilishda og’riqsizlantirishning ahamiyati, og’riqning organizmga ta’siri.
2. Og’riqsizlantirish tarixidan qisqacha ma’lumot.
3. Narkoz tushunchasini aniqlash va uni qo’llash yoki qo’llamaslikka ko’rsatma.
4. Narkozning klassifikasiyasi va narkotik moddalarni yuborish usullari.
5. Hayvonlarni narkozga tayyorlash va uning kechishi.
6. Har xil hayvon turlarida narkozning qo’llanilishi.
Tayanch iboralar: Anesteziologiya, anesteziya, analgeziya, og’riq, narkoz, neyroleptanalgeziya, narkoz asoratlari.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Operativ xirurgiya – X.K. Rustamov, Ya.A.Axbutayev, B.D.Narziyev –
1997.
2. Operativnaya xirurgiya – Magda I.I. va boshkalar – 1990.
3. Borba s bolyu ili chelovek va operasionnom stole. V.Yu. Ostrovskiy. 1983.
4. Xirurgiya bez chudes – V.V.Kovanov – 1981.
5. Eksperiment v xirurgii. V.V. Kovakov. 1989.
6. Elektronarkoz v xirurgii. M.I. Kuzin i drugiye. 1966.
7. A. David Weaver, Guy St Jean, Adrian Steiner “Bovine surgery and Lameness” USA,
2005
Anesteziologiya – an–inkor etish, aestesis-sezgi, logos-fan og’riqsizlantirish to’g’risidagi fandir.
I. Og’riq – bu hujayra va to’qimalarni yemiruvchi o’ta kuchli ta’sirlarga qarshi organizmda javoban ro’y beradigan o’ziga xos fiziologik jarayon, organizmni himoya qilish reaksiyasidir. Og’riqni sezish xavf-xatardan saqlanish choralarini ko’rish va uni bartaraf qilish uchun yordam beradi. Og’riq butun organizm yoki organlar funksiyasining buzilganligi haqida, kasallik to’g’risida ogohlantiradi. «Og’riq – sog’liqning qo’riqchi iti» der edilar qadimgi yunonda.
Og’rituvchi ta’sirotga javoban organizmda bir qancha o’zgarishlar (vegetativ reaksiyalar) ro’y beradi: qon tomirlar torayadi, qon bosimi ko’tariladi, qonning ivish xossasi oshadi, qondagi qand miqdori kuchayadi, nafas olish tezlashadi va maromi buziladi. Oshqozon-ichak trakti bezlarining shira ishlab chiqarishi tormozlanadi. Og’rituvchi ta’sirotni sezadigan reseptorlar aniqlangan, ular orqali og’riq, talamus, gipotalamus va retikulyar formasiyasiga beriladi. Bu yerda og’riqqa javob berish xodisasi yuzaga keladi va organizmni zararli ta’sirotlardan saqlovchi vositalar birinchi marta safarbar qilinadi.
Miya yarim sharining qobig’i va qobiq osti aloqa yo’llari orqali impulslar miya qobig’iga beriladi, bu yerda og’riq sezgisining sifati va unga javob berish xodisasining ancha mukammal mexanizmlari shakllanadi. Og’riqqa javob berishda turli fiziologik xodisalarni keltirib chiqaradigan nerv sistemasining vegetativ bo’limi ishtirok etadi. Simpato-adrenal sistema kuchayib gistomin va asetilxolin moddalari ko’p miqdorda yig’iladi. Bular hammasi og’riq ta’sirini kuchaytiradi va saqlab turadi. Og’riq haddan tashqari kuchli bo’lsa, shok ro’y berishi mumkin.
Og’riq uzoqt vaqt ta’sir qilganda, hayvonlarning mahsuldorligini keskin pasaytiradi; sigirlarda sutning kamayishi, boqiladigan mollarni tirik vaznining sezilarli pasayishiga olib keladi. Kuchli og’riq qo’zg’atuvchi kasalliklar hayvonlarga katta zarar va vet.vrachlarga tashvish keltiradi. Shuning uchun og’riqni yo’qotish yoki kamaytirish usullarini axtarib topmoq zarur.
Xirurgik operasiyalarda og’riqsizlantirishni qo’llash katta ahamiyat kasb etadi.
Og’riqni bartaraf qilish operasiya bajarish shart-sharoitlarini keskin o’zgartiradi: hayvonlarni tinchlantirib, harakatsizlantirib qo’yadi, bu bilan operasiyani olib borilishi uchun yaxshi sharoit yaratadi, xirurg esa to’qimalarda tinch va yaxshi ish olib borishi mumkin.
Og’riqni yo’qotish yoki pasaytirish uchun hozirgi vaqtda og’riqsizlantirishning 2 ta asosiy usuli qo’llaniladi: narkoz va mahalliy anesteziya. Bundan tashqari og’riqsizlantirishning yana bir turi bor, u neyroleptanalgeziya deyiladi. Bu bedorlik ham, uyqu ham, narkoz ham bo’lmagan alohida bir holat bo’lib, es-xushi saqlangan, lekin quyi og’riq sezgisini yo’qolishi va atrofdagi bo’layotgan hodisalarga befarqlik paydo bo’lishi bilan xarakterlanadi. Neyroleptanalgeziya usuli, neyroleptik va analgetik moddalarni birgalikda ishlatish bilan ifodalanadi, bunda og’riq sezuvchanlik va harakat yo’qoladi. Shuning uchun uni hayvonlar organizmini narkozga tayyorlash uchun qo’llash mumkin. Bunda:
a) narkozni yuborilishi va kechish osonlashadi;
b) narkotik moddalarni salbiy ta’siri yo’qoladi;
v) xavfli vegetativ reflekslar kamayadi yoki yo’qoladi.
Neyroleptanalgeziya (premidikasiya) o’tkazish uchun quyidagi farmakologik moddalardan foydalanish mumkin:
1. Sedativ moddalar – aminazin, kombilen.
2. Vagolitik moddalar – atropin sulfat.
3. Analgetik moddalar – morfin.
4. Uxlatuvchi moddalar – barbituratlar.
5. Miorelaksantlar – rampun, rometar.
6. Antigistamin moddalar – dimedrol.
Premidikasiya - bu hayvonni narkozga farmakologik tayyorlash.
II. Og’riqsizlantirish tarixi. Og’riqsizlantiruvchi vositalar haqidagi dastlabki ma’lumotlar Misr qo’lyozmalarida keltirilgan. Ma’lumotlarga qaraganda 350 yilda Aspirt, Pelagoniy otlarni og’riqsizlantirish uchun sikuta, hind nashasi, afyun qo’llaganlar.
X asrda (980g’1097) yashagan Abu Ali Ibn Sino og’riqsizlantirish uchun operasiya vaqtida sovuq ta’siridan foydalangan.
Ruini 1550 yilda birinchi marta otlarda narkoz o’tkazish texnikasini va miqdorlri to’g’risida to’lig’icha ma’lumot bergan.
XVII asrning o’rtalarida Uren (1657) va (1667) hayvonlarning vena qon tomirlariga afyunni inyeksiya qilishgan.
X. Devi 1799 yilda azot (I)-oksidini tadbiq etdi. 1844 yilda tish vrachi G.Uels anesteziyalovchi modda sifatida taklif etdi. 1846 yilda Morton shu maqsadda efir ishlatib ko’rdi. Efir narkozi bilan birinchi marta jag’ osti o’smasini olib tashlash operasiyasini Uorren 1846 yil 16 oktyabrda bajardi. Shu vaqtda Dj. Simpson xloroformni og’riqsizlantirish xususiyatini aniqladi. Bule esa 1847 yilda uni itda va otlarda qo’lladi. 1832 yilda Libig xloralgidratni kashf etdi. Voronsov esa uni otlarda narkoz o’tkazish uchun qo’lladi. Niman 1860 yitlda Braziliyada o’sadigan kola butasi bargidan kokoin alkoloidini ajratib olishga erishdi. 1905 yilda Eyngorn - novokainni kashf etdi, bu esa maxalliy og’riqsizlantirishni keng qo’llashga yo’l ochib berdi.
Oxirgi yillarda mamlakatimizda og’riqsizlantirishning yangi usuli – elektronarkoz ishlab chiqildi va qo’llanilmoqda.
III. Narkoz - (yunoncha Narcosis) karaxt bo’lish, karaxtlik ma’nosini bildiradi. Narkotik moddalar ta’sirida markaziy nerv sistemasining tormozlanishi bilan bog’liq bo’lgan bexushlik, sezgining yo’qolishi, harakatsizlanishi, shartli va ayrim shartsiz reflekslarning yo’qolishiga umumiy og’riqsizlantirish yoki narkoz deyish mumkin. Narkozda organizmning sezuvchanligi yo’qoladi, skelet muskullari bo’shashadi, reflekslar yo’qoladi, lekin uzunchoq miyada joylashgan hayotiy muhim markazlar, ya’ni nafas olish, yurak-tomir sistemasi, silliq muskulatura faoliyati saqlanadi.
Narkotik moddalarning miqdorini me’yoridan oshirish shu markazlarning faoliyatini yo’qotib, hayvonlarni o’limga olib kelishi mumkin. Hayvonlar organizmining umumiy qoniqarli holati narkoz qilishga ko’rsatma bo’lishi mumkin, ayniqsa qorin va tos bo’shlig’ida joylashgan organlarni operasiya qilishda ishlatiladi. Quyidagi kasallik va holatlarda narkozni absolyut qo’llamaslik kerak: yurak-tomir sistemasida, nafas olish organlarida, jigarda, buyrakda biron bir kasallik bo’lganda, modda almashinuvining buzilishida, kaxeksiya va anemiyaning og’ir bosqichlarida. Qari va bug’oz hayvonlarda yuzaki narkoz bilan mahalliy og’riqsizlantirish qo’llaniladi. Ba’zi moddalarning (xloroform, efir) o’ziga xos xususiyatlarini ham inobatga olish kerak. Masalan, go’shtga hid berishini. Shuning uchun operasiya qilish muvaffaqiyatli natija berishiga ishonch bo’lmasa bunday narkotik moddalar qo’llanilmaydi.
IV. Narkoz chuqur yoki yuzaki bo’lishi mumkin. Narkotik moddalarni organizmga yuborish yo’llariga ko’ra narkoz quyidagilarga bo’linadi: ingalyasion narkoz – nafas yo’llari orqali, noingalyasion boshqa yo’llar orqali yuboriladi.
Ingalyasion narkozda efir, xloroform, azot (I) oksid, ftorotan, trilen, siklopropan va boshqalar nafas yo’llari orqali jo’natiladi.
Noingalyasion narkozda suyuq narkotik moddalar venaga, to’g’ri ichakka, mushak orasiga, teri ostiga yuboriladi yoki ichiriladi: alkogol, geksanal, tiopental-natriy, xloralgidrat, narkolan, propanadid, predion, ketamin, natriy oksibutirat.
Agar bir narkotik modda yuborilsa (masalan, efir) - toza narkoz, agar bir vaqtda ikki xil yoki bir necha xil narkotik moddalar yuborilsa – aralash narkoz deyiladi. Agar narkoz avval bir narkotik modda bilan boshlanib ikkinchi modda bilan davom ettirilsa uyg’unlashgan narkoz deyildi. U o’zi kiritiladigan va badis-narkoz turlariga bo’linadi.
Agarda yuzaki narkozdan so’ng mahalliy og’riqsizlantirish moddasi yuborilsa birikmalashgan narkoz deyiladi.
V. Hayvonlarni narkozga tayyorlash katta ahamiyatga ega. Buning uchun ularni 18-24 soatli och diyetada saqlash kerak. Ayniqsa oshqozon-ichak sistemasida o’tkazilayotgan operasiyalar vaqtida. Etxo’r hayvonlarda oshqozonni tozalash uchun apomorfin yordamida sun’iy qusish chaqirish mumkin.
Yirik hayvonlarning to’g’ri ichagini axlatdan va siydik qovug’ini siydikdan tozalash (bo’shatish) tavsiya qilinadi. Hayvonlarda narkoz o’tkazishdan oldin premidikasiya qilish kerak. Narkoz o’tkazish vaqtida quyidagi asboblar ishlatiladi: ingalyasion narkoz o’tkazish uchun niqoblar, tomizgichlar, shprislar, ignalar, til tutgichi. Ingalyasion narkozni yuborish 4 usul yordamida amalga oshiriladi: ochiq, yarim ochiq, yarim yopiq, yopiq. Efir narkozining o’tishi klinik jixatidan to’rt bosqichda kechadi:
1 bosqich (analgeziya bosqichi) juda qisqa vaqt 13-14 minut davom etadi. Hayvonlarning bezovtalanishi qayd etiladi, og’riq va boshqa sezgilar pasaygan, nafas olishi chuqur, ko’z qorachig’i kengaygan bo’ladi.
2 bosqich (qo’zg’alish yoki betoqatlik bosqichi) hayvonlar bezovtalanadi, nafas olish tezlashgan, ko’z qorachig’i kengaygan, muskullar tonusi kuchaygan bo’ladi.
3 bosqich (xirurgik, tolerant bosqichi) to’rt fazaga ajratiladi:
I faza – hayvonlar tekis va chuqur nafas oladi, qorachiqlari torayadi, muskullar tonusi pasaygan bo’ladi.
II faza – muskullar tamomila bo’shagan, qorachiq toraygan, ko’z refleksi yo’q, nafas olishi chuqur.
III faza - barcha reflekslar yo’qolgan, nafas olish yuzaki.
IV faza – tez-tez yuza nafas oladi, qorachiqlar kengaygan, ko’z va til orqaga ketadi, puls tezlashadi, bosim pasayadi. Narkozning bu fazasiga yo’l qo’yish mumkin emas.
3 bosqich (qo’zg’alish bosqichi) – asta-sekin o’z holatiga qaytish bosqichi.
VI. Otlarning narkozi – buning uchun xloralgidrat qo’llaniladi. Uni organizmga yuborish yo’llari har xil bo’ladi: vena qon tomiriga, og’iz orqali, to’g’ri ichak orqali.
20 minut oldin muskul orasiga 5 ml 1 % atropin yuborib premidikasiya o’tkazish kerak. Vena qon tomiriga xloralgidrat sekinlik bilan yuboriladi, miqdori 0,1 g 1 kg tana og’irligiga 10 %.
Og’iz orqali atalaga qo’shib beriladi, dozasi 0,1 g/kg 2-3 litr.
To’g’ri ichak axlatdan bo’shatiladi, miqdori 0,1 g/kg 5 % kraxmal eritmasiga qo’shib yuboriladi.
Yirik shoxli hayvonlarning narkozi – premidikasiya uchun 10 minut oldin 5-10 ml 10 % atropin vena qon tomiriga, muskul orasiga 0,5 ml/kg aminazin yuborish mumkin.
Vena qon tomiriga xloralgidrat eritmasini yuborish mumkin, miqdori 0,1 g/kg 10 % konsentrasiyada.
Vena qon tomiriga alkogol yuborish mumkin, quyidagi eritmada: spirt 445,0, natriy xloridi-6,0; glyukoza-68,0, distillangan suv-930,0 (450-500 kg sigirga yarimi).
Qon tomiriga tiopental-natriy yuborish mumkin, miqdori 15 mg/kg
5 % li.
Og’iz orqali alkogol 400 250-300 ml 100 kg vazniga, mayda hayvonlarga 300-400 ml bir boshga.
Cho’chqalar narkozi – barbituratlar ishlatiladi, eritma qon tomiriga, suyakka, qorin bo’shlig’iga yuboriladi, muskul orasiga 0,5 mg/kg aminazin yuboriladi.
Vena qon tomiriga pentotal-natriy narkozi ishlatiladi, miqdori 15 mg/kg 5 %, 15-20 minut davom etadi.
Bundan tashqari, vena qon tomiriga 15 % xloralgidrat eritmasi yuboriladi, miqdori 0,1 g/kg, 15 % glyukoza eritmasiga qo’shib yuboriladi.
Itlarda va mushuklarda narkoz –ingalyasion narkoz qo’llaniladi. Premidikasiya uchun 15-20 minut oldin 0,5-5 ml 0,1 % atropin, keyin aminazin 2,5 mg/kg qo’llaniladi.
Asosiy narkoz efir yordamida 1-2 tomchi bir sekundda, mushuklarga premidikasiya uchun aminazin 0,5 mg/kg, pentatal-natriy eritmasi 10 % qorin bo’shlig’iga 50-60 ml yuboriladi. Bundan tashqari mushuk shisha yoki qutiga joylashtirilib tagiga 20 ml efirda namlangan tampon qo’yiladi, 5 minutdan keyin narkoz boshlanadi.
Elektronarkoz – umumiy og’riqsizlantirish turi. Elektronarkozda elektr toki ma’lum miqdorda va jadalligida organizmga ta’sir qilganda chuqur uyqu chaqiriladi. Stefan Lelyuk 1902 yilda o’zida va hayvonlarda sinab ko’rgan. Narkoz chaqirish uchun 100 gs tok ta’sir qilinadi.
Narkoz asoratlariga – qusish, nafas olishning to’xtashi, kollaps, peri-tromboflebit kiradi.
Qusishda oziqani erkin chiqishini ta’minlash kerak. Nafas olish to’xtasa teri ostiga kofein, lobelin, sulfokamfokain yuborib, sun’iy nafas berish kerak. Kollapsda teri ostiga kofein, kamfora yoki venaga adrenalin yuboriladi, yurak massaji qilinadi. Bu yordam bermasa 5 minut ichida yurakka adrenalin yuboriladi, kichik hayvonlarga 0,25-1 ml, kattalarga 10 ml. Peri va tromboflebitlarda qon tomir atrofiga 0,25-0,5 % novokain yuboriladi yoki natriy bikarbonat eritmasi yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |