Ishlab chiqarish korxonasi xonalariga qo‘yiladigan talablar
Ishlab chiqarish korxonalari xonalari texnologik jarayon talablariga va tayyorlanadigan mahsulot katta-kichikligiga qarab quriladi. Korxonaning umumiy sexlarida har bir ishchiga kamida 15 m3 hajmdagi maydon to‘g‘ri kelishi, bunda minimal maydon 4,5 m2 dan kam bo‘lmasligi va binoning balandligi kamida 3,2 m bo‘lishi sanitariya qoidalarida chegaralab qo‘yilgan.
Har xil sanoat chiqindilari va issiqlik ajraladigan texnologik jarayonlar (bunda issiqlik ajralishi bir soatda 20 kkal/m2), shuningdek titrash manbalari mavjud bo‘lsa, bunday ishlab chiqarish korxonalari uchun bir qavatli bino qurish mehnat sanitariya-gigiyenasi nuqtayi nazaridan qulay hisoblanadi [40, 43].
Ko‘p qavatli binolardagi ishlab chiqarish korxonalarida yuqorida ko‘rsatilgan sexlarni eng oxirgi qavatga joylashtirish maqsadga muvofiqdir. Agar bunday sexlar qavatlar o‘rtasiga joylashtirilsa, zararli chiqindilar va issiqlik boshqa qavatlarga ham o‘tib ketib, ular bilan zararlanish maydoni kattaligini oshirib yuboradi. Zararli moddalar ajratadigan yoki ko‘plab issiqlik chiqaradigan jihozlarni ayrim xonalarda iloji boricha xonaning chekka tomonlariga, devorlar yaqiniga o‘rnatiladi. Ishlab chiqarish korxonalarida bunday xonalarga temirchilik sexlari, lak-bo‘yoq ishlari bajariladigan bo‘limlar va detallarga galvanik ishlov berish sexlari joylashgan bo‘ladi.
Har xil sanitariya-gigiyena sharoitiga ega bo‘lgan ishlarni bir xonada bajarish rejalashtirilganda, ularning zararlovchi omili boshqalarga ham ta’sir qilmasligini ta’minlovchi chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak. Bunda, masalan, zararli mashinalar ajratib qo‘yiladi, havo dushlari, havo to‘siqlari va boshqalardan foydalaniladi. Ishlab chiqarish xonalarini yerto‘lalarga joylashtirishga, texnologik jarayon uchun zarur bo‘lgan ayrim holatlardagina, yo‘l qo‘yiladi.
Хonalarga tabiiy yorug‘lik tushishi muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham yorug‘lik tushiruvchi deraza va tuynuklarning joylashishiga alohida e’tibor beriladi va bular albatta hisoblab chiqiladi. Тepa tomondan yorug‘lik tushishini ta’minlovchi fonarlar holatiga alohida e’tibor berish zarur. Chunki,, ishlab chiqarish korxonalarida zaharli moddalar chiqishini hisobga olib, ishlab chiqarish korxonasi shamollatish vositalari bilan jihozlanishidan qat’i nazar, uni tepadan shamollatish vositalari bilan jihozlash zarur hisoblanadi. Shamollatish vazifasini yorug‘lik tushirishni ta’minlovchi fonarlar amalga oshiradi. Shuning uchun ham yorug‘lik tuynuklarining 20 foizi ochiladigan vositalar bilan ta’minlanadi va shamollatish vazifasini bajaradi. Yon tomonga o‘rnatilgan derazalar orqali ham xona havosini almashtirish jarayonini tashkil qilish mumkin.
Binolarning devor va shiftlariga ham alohida e’tibor beriladi. Ular ishchilarni sovuq va zax havodan saqlashi bilan birga, zaharli modda va gazlarni shimib olmasligi va bunday moddalarni ulardan yuvib yuborish oson bo‘lishi kerak. Binolarning tashqi devorlari albatta qiyin yonadigan yoki yonmaydigan qurilish materiallaridan tayyorlanadi (masalan g‘isht, beton, temir-beton va metall konstruksiyalar). Ular bundan tashqari ma’lum darajada issiqlikni saqlash qobiliyatiga ham ega bo‘lishlari kerak.
Namlik ko‘p bo‘ladigan ishlab chiqarish korxonalari binolari (masalan, detallarni yuvish, bo‘yash, galvanika uchastkalari) devorlari va shiftlari suv va namlikni o‘tkazmaydigan qilib tayyorlanadi.
Ba’zi bir juda zaharli va yemiruvchi xususiyatga ega bo‘lgan moddalar bilan ish bajaradigan (masalan, simob, qo‘rg‘oshin, mishyak, benzol, kislotalar, oltingugurtli gazlar va boshqalar) xonalarda, bino devorlari, pollari va shiftlari bu moddalarni o‘ziga to‘plab yoki shimib olmaydigan, oson yuvib tashlash mumkin bo‘lgan materiallar bilan qoplanadi.
Ma’lumki, ba’zi bir moddalarning bug‘lari (simob, tetraetil qo‘rg‘oshin va boshqalar) hattoki uncha katta bo‘lmagan miqdorlarda ham devor va shift yuzalariga o‘tirib qolishi va uzoq muddat davomida undan ajralib chiqib, ishlab chiqarishda band bo‘lgan kishilarni surunkali ravishda zaharlashi mumkin. Shuning uchun ham bunday binolarning devorlari nitroemal yoki boshqa turdagi turg‘un bo‘yoqlar bilan bo‘yaladi.
Masalan, ishlab chiqarish korxonalari binolarida galvanik ishlarni bajaradigan, simob bilan ishlatiladigan asboblarni ta’mirlashda foydalaniladigan, shuningdek moy bilan ishlatiladigan qurilmalar yig‘iladigan, akkumulatorlar zaryadlanadigan xonalarning devorlari 2 m gacha balandlikda sopol plitkalar bilan qoplanadi.
Ba’zi bir ko‘p chang ajraladigan ishlar bajariladigan xonalarda (masalan, quymalarni qum oqimi bilan tozalash, charxlash, jilvirlash va boshqalar) chang so‘rish vositalarini o‘rnatish, pol va bino devorlarini suv bilan yuvib tozalash imkonini beradigan qilib bajarilishi kerak.
Demak, har bir xona ish bajarish toifasi, xili va holatiga qarab jihozlanadi va bunda sanitariya qoida va me’yorlariga to‘la amal qilinadi. Ishlab chiqarish korxonalari xonalari pollariga ham alohida ahamiyat beriladi. Pollar issiq, quriq, mustahkam, tarang bo‘lib, ba’zi bir zarbalarga chidash berishi va yetarli miqdorda yukni ko‘tara olishi kerak. Undan tashqari sirpanchiq bo‘lmasligi va tozalashga qulay bo‘lishi lozim. Mexanika va asbobsozlik sexlarida bino pollari issiqlikni saqlovchi materiallardan tayyorlanadi. Polga ishqor yoki kislota to‘kilishi xavfi bo‘lgan sexlarning pollari sopol plitkalar bilan qoplanadi. Yong‘inga xavfli sexlarda pollar yonmaydigan yoki olovga chidamli materiallardan tayyorlanadi. Shuningdek kislota va ishqorlar bo‘lgan sexlarda ularni yuvib yuborish imkoniyatini beradigan oqova uchastkalari bo‘ladi. Ko‘plab yog‘ mahsulotlari to‘kilishi mumkin bo‘lgan xonalarning poli ham sopol plitkalar bilan qoplanadi yoki betondan juda silliq qilib tayyorlanadi.
Har qanday ishlab chiqarish korxonasi xonalarida yong‘in bo‘lgan taqdirda odamlarni u yerdan chiqarib yuborishning eng qisqa va xavfsiz yo‘llari bo‘lishi kerak. Shuning uchun ishlab chiqarish korxonalarining har qanday binosida kamida ikkita chiqish yo‘li bo‘lib, bular iloji boricha qarama-qarshi tomonga yo‘nalishi darkor. Korxona hamma eshik va darvozalari albatta tashqariga ochilishi kerak. Har bir ishlab chiqarish korxonasi uchun eng uzoq ish joyidan tashqariga chiqishgacha bo‘lgan vaqt belgilab qo‘yilgan. Ishchilarni ish joylaridan tashqariga chiqarib yuborishga ketadigan vaqt uch minutdan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |