Ishlab chiqarish korxonalarida xavfsizlikni ta’minlash qurilmalari va vositalari
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, ish sharoitini yaxshilash va baxtsiz hodisalarni kamaytirishning asosiy yo‘llari ishlab chiqarish korxonalari sexlarini iloji boricha mexanizatsiyalashtirish, og‘ir ishlarni robot va avtomatlashtirilgan vositalar zimmasiga yuklashdir.
Mexanizatsiyalashtirish hozirgi vaqtda amalga oshirish mumkin bo‘lgan jarayon bo‘lib, birinchidan, ishchilarni og‘ir jismoniy mehnatdan qutqaradi, bu esa o‘z navbatida ish joylaridagi ishchilar sonini qisqartirish va baxtsiz hodisalarni kamaytirish imkoniyatini beradi.
Hozirgi vaqtda boshlang‘ich xom ashyoni ishlatish uchun uzluksiz berib turish ishlarini mexanizatsiyalashtirish mehnatni muhofaza qilish nuqtayi nazaridan juda muhim hisoblanadi. Bundan tashqari ishchi uchun eng xavfli ish jarayonlarini, masalan, temirchilikda bolg‘alash, presslash ishlari va boshqalarni mexanizatsiyalashtirish yaxshi natija beradi. Radioaktiv moddalar bilan bog‘liq ish jarayonlarini robotlashtirish va avtomatlashtirishni shart qilib qo‘yish kerak.
Zamonaviy texnologiyalarda ishchi uchun noqulay va zararli moddalar
ajralish jarayoni kuchli bo‘lgan ishlar, masalan, eritilgan metallarni har xil qoliplarga quyish, yengil va yuk avtomashinalari kuzov va kabinalarini elektr payvandlash ishlari, ularni moysizlantirib, bo‘yashga tayyorlash ishlari, bo‘yash va muhofaza qoplamalari bilan qoplash, detallarga issiqlik bilan ishlov berish, shtampovka, presslash va boshqa ishlarni robotlar bajaradi. Bundan tashqari ishlab chiqarishda og‘ir yuklarni ortish va tushirish ishlari ham mexanizatsiyalashtirilgan [29, 31, 33].
Mexanizatsiyalashning eng yuqori bosqichi avtomatlashtirishdir. Avtomatlashtirilgan tizimlarning ancha katta tezlikda harakat qilishi, ularning ishlash maydoni kengligi va ish turlarining xilma-xilligi, ular ishining xavfli tomonlarini belgilaydi.
Avtomatlashtirilgan tizimlarni yaratishda va ularni ishlatishda vujudga keladigan hamma xavfli vaziyatlarni hisobga olish va xavfsizlikni ta’minlash vositalari bilan jihozlashni unutmaslik kerak. Bunda har qanday ishchi bajarishi zarur bo‘lgan ish robotlar zimmasiga yuklanadi. Sexda butunlay odam qatnashmaydigan bo‘ladi. Sexni boshqarishni ta’minlovchi dasturlar tuzilib, bu dasturlar kompyuterlarga joylashtiriladi. Bunday boshqarish tizimlari ko‘pgina rivojlangan kapitalistik davlatlarning sanoat korxonalari va mashinasozligining asosini tashkil qiladi. Ba’zi bir ilg‘or sanoat korxonalaridagi bir xil sexlar bizda ham shunday avtomatlashtirish tizimiga o‘tkazilgan. Ammo hozirgi sharoitda butun ishlab chiqarish tarmog‘ini avtomatlashtirish imkoniyati yo‘q. Shuning uchun ham, avtomatlashtirilmagan ishlab chiqarish jarayonlarining xavfsizligini ta’minlash muhim vazifa bo‘lganligi uchun, biz uning umumiy usullarini ko‘rib chiqamiz.
Suv va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida juda ko‘p texnologik jarayonlar va ishlar inson sog‘lig‘iga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning yuzaga kelishi bilan kechadi. Bu zararli omillar organik va anorganik moddalar changi, ortiqcha namlik va issiqlik, gaz, bug‘, aerozol va h.k. ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Masalan, suv va qishloq xo‘jaligi qurilishida, yer-tuproq ishlarida va boshqa juda ko‘p ishlarni bajarish chog‘ida ko‘p miqdorda mineral va organik chang hosil
bo‘ladi. Gaz va bug‘ esa akkumulatorni ta’mirlash va zaryadlash, temirchilik, elektr va gaz payvandlashda, galvanik tiklash, yuvish va bo‘yoqchilik xonalarida yuzaga kelishi mumkin. Zararli moddalarning inson hayotiga va sog‘lig‘iga zararli ta’sirini bartaraf qilish uchun ularning havodagi konsentratsiyasi, ya’ni 1 m3 havo tarkibidagi massasi (milligramda) GOSТ 12.1.005-88 va SM 4088-86 tomonidan me’yorlanadi [40, 45].
Suv xo‘jaligi ishlab chiqarishidagi ish o‘rinlarida va xonalarida zararli omillar yuzaga kelishini butunlay bartaraf qilish hozirgi vaqtda texnik va iqtisodiy jihatdan amalga oshirib bo‘lmaydigan vazifa hisoblanadi. Shu sababli zararli omillarning konsentratsiyasini va mikroiqlim ko‘rsatkichlarini ish o‘rinlarida hamda xonalarida me’yoriy hujjatlar talablari darajasida ushlab turish uchun, ya’ni ishlovchilarni ulardan himoya qilish maqsadida, turli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur bo‘ladi. Ammo keng miqyosda qo‘llaniladigan, texnik va iqtisodiy jihatdan amalga oshirish osonroq bo‘lgan tadbir mavjud. Bu – ishlab chiqarish xonasining ifloslangan havosini tashqi toza havo bilan almashtirib turishdir. Bu ish tabiiy (aeratsiya) va sun’iy (mexanik) havo almashtirish tizimlari yordamida amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish xonalarida havo almashtirish tizimlarining quyidagi turlari mavjud:
xizmat turiga qarab – asosiy va yordamchi;
havoni harakatlantirish usuliga qarab – tabiiy (aeratsiya), suniy (mexanik) va aralash;
ta’sir qilish doirasi bo‘yicha – umumiy va mahalliy;
havoning harakat yo‘nalishi bo‘yicha – ichkariga yo‘nalgan, tashqariga yo‘nalgan, ichkariga-tashqariga yo‘nalgan.
Asosiy havo almashtirish tizimi xonada texnologik jarayonlar tekis kechayotgan vaqtda havo tozaligini sanitar me’yorlar talabi darajasida ushlab turishga xizmat qiladi. Yordamchi havo almashtirish tizimi texnologik jarayon buzilishi natijasida katta miqdorda zararli omillar yuzaga kelish xavfi mavjud ishlab chiqarish xonalarida qo‘llaniladi. Masalan A, B va E kategoriyali ishlab
chiqarish xonalarida mexanik, V, G va D kategoriyali ishlab chiqarish xonalarida tabiiy havo almashtirish tizimlari ishlatilishi mumkin.
Zararli omil ishlab chiqarish xonasi hajmiga bir tekisda tarqaladigan bo‘lsa xonada umumiy havo almashtirish usuli qo‘llaniladi. Mahalliy havo almashtirishda zararlangan havo zararlanish hosil qiluvchi manba oldidan so‘rilib tashqariga haydaladi, toza havo esa ichkariga zararli omil kam darajada hosil boladigan joydan uzatiladi.
Ichkariga yo‘naltirilgan havo almashtirish usulida toza havo zararlanish hosil bo‘lmaydigan ish zonasiga tarqatilishi kerak, tashqariga yo‘naltirilgan havo almashtirish usulida esa havo zararlanish eng ko‘p hosil bo‘ladigan joydan so‘rilib tashqariga haydalishi kerak.
Ishlab chiqarish xonalaridagi mexanik havo almashtirish qurilmalari GOSТ 12.4.021-75 “Havo almashtirish tizimlari. Umumiy talablar” va QMQ 2.04.05-97 “Isitish. Ventilatsiya va konditsiyalash” talablariga asosan loyihalanishi va hisoblanishi kerak.
Ishlab chiqarish xonalarida havo almashtirish havo almashtirishlar soni – “ K ” bilan tavsiflanadi va aniqlanadi [35]:
K L /Vx , (5.1)
bu yerda L – havo almashtirish jadalligi, m3 /soat:
Vx – xonaning hajmi, m3.
Havo almashtirishlar soni “ K ” xonadagi havoni bir soatda necha marta almashtirish kerakligini ko‘rsatadi. Ba’zibir ishlab chiqarish xonalari uchun havo almashtirishlar soni me’yorlangan [36].
Yuqorida keltirilgan (1) ifodani “ L ”ga nisbatan yechsak xona uchun zaruriy havo almashtirish jadalligini topamiz, m3/soat:
L K Vx , (5.2)
Havo almashtirish jadalligini koeffitsient “ K ” orqali aniqlashga faqat me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatilgan hollardagina ruxsat etiladi, boshqa holatlarda esa maxsus ko‘rsatmalarga amal qilgan holda hamda zararli omilning turiga bog‘liq ravishda maxsus formulalar yordamida hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |