Ishlab chiqarish korxonasini suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimlari
Ishlab chiqarish korxonalarini faqat ichimlik suvi bilangina emas, balki ishlab chiqarish maqsadlari uchun, shuningdek yong‘inga qarshi kurash vositasi sifatida ham, suv bilan ta’minlash lozim. Shuning uchun ishlab chiqarish korxonalarida ishlatiladigan suvning sifatini aniqlash, ichimlik va xo‘jalik ehtiyojlari uchun ayrim yaxshi tozalangan sifatli suvlarni ishlatish, ishlab chiqarish maqsadlari uchun va yong‘inga qarshi kurash vositasi sifatida birlamchi ishlatilgandan keyin, ya’ni ichimlik va xo‘jalik maqsadida qo‘llanilgan suvni qayta tozalagandan keyingi suvlar, texnik suv sifatida ishlatilishi mumkin. Bunda biz, birinchidan, hozirgi zamonda tanqisligi sezila boshlagan chuchuk suvni tejasak, ikkinchidan, oqova suvlarini suv havzalariga tashlab, ularni ifloslantirmaslik, shu bilan tabiat tozaligini saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lamiz [34, 40].
Demak, har bir ishlab chiqarish korxonasi uchun suv manbalarini tanlashda ularning suvini ifloslantirishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi hujjatlarga asoslaniladi.
Bunda asosan sanitariya qoida va me’yorlari bo‘yicha berilgan sifat ko‘rsatkichlari va suv tarkibidagi zararli moddalarning chegara miqdorlari belgilangan bo‘ladi. Suv havzalaridan olingan suvlar albatta toza bo‘ladi va shuning uchun ulardan ichimlik suvlari va xo‘jalik ehtiyojlari uchun foydalanish mumkin. Har bir ishlab chiqarish korxonasi uchun zarur bo‘lgan suv miqdori uning texnologiyasi za ishlab chiqarish quvvatiga bog‘liq bo‘ladi.
QMQ II-31-97 da xo‘jalik maqsadlari va ichimlik suvlari sifatida ishlatiladigan suv me’yorlari keltirilgan. Bu me’yorlar issiq sexlarda har bir ishchi uchun bir smenada 45 l, issiq bo‘lmagan sexlarda 25 l qilib belgilangan. Ammo bu miqdorlar doimiy emas, balki o‘zgaruvchan bo‘ladi va tuzatishlar kiritish uchun koeffitsientlar bilan beriladi.
Ishlab chiqarish korxonalarining yordamchi xonalarida suv sarfi dush xonalarida har bir nuqta uchun 500 l/soat, yuvinish jo‘mraklarida 180—200 l/soat qilib belgilangan. Umuman, ishlab chiqarish korxonalari uchun bir sekundda ichimlik suvlari va xo‘jalik maqsadlarida ishlatiladigan suv miqdori, quyidagi formula asosida aniqlanadi:
K knP
bu yerda k – har bir suv ishlatish vositasining o‘rtacha quvvati, l/soat;
n – umumiy suv ishlatish vositalari soni;
P – suv ishlatish vositalarining ishlash koeffitsienti, uni kran va dush nuqtalari uchun P =1 qabul qilinadi.
Ishlab chiqarish va xo‘jalik maqsadlarida ishlatib bo‘lingan suvlar kanalizatsiya tizimi orqali yig‘iladi. Kanalizatsiya umumiy ishlatilib bo‘lingan suvlarni yig‘uvchi tarmoqlarga, yer osti trubalari, kanallari, kuzatish quduqlari, nasos stansiyalari, bosimli yoki oqova kollektorlar, tozalash qurilmalari, zararsizlantirish va yig‘ish qurilmalariga ega bo‘ladi. Yig‘ish qurilmalarida yig‘ilgan, tozalangan suv, texnik maqsadlar va yong‘inga qarshi kurash suvi sifatida ikkinchi marta ishlab chiqarish korxonasiga qaytariladi. Ishlab chiqarish korxonalarida foydalaniladigan kanalizatsiya tizimlari atrof-muhitdan butunlay ajratilgan bo‘lishi kerak. Kanalizatsiya quvurlaridan suvning yerga va tuproqqa
shimilishiga olib keladigan holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik kerak.
O‘zbekiston Respublikasi atrof-muhitni muhofaza qilish qonuniga asosan ishlab chiqarish korxonasidan oqib chiqadigan har qanday suv tozalanmasdan suv havzalariga qo‘shib yuborilishi mutlaqo taqiqlanadi. Ularni albatta zararli moddalardan va iflosliklardan tozalash talab qilinadi. Bu shartlarni bajarishda tozalashning kimyoviy, mexanik va biologik usullaridan foydalaniladi. Korxonalarning oqova suvlarni tozalash qurilmalari zamonaviy talablarga javob beradigan, tozalash samaradorligi sanitar me’yorlar talabi darajasida bo‘lishi, texnika, elektr va yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishligi kerak. Тozalangan suv tarkibi va sifati, uni tozalash usullari va tozalash qurilmalari turlari QMQ II - 32-97 talablariga javob berishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |