6.Mavzu: Maktabgacha ta`lim tashkilotlarining kichik guruh yoshidagi bolalarni rasm chizishga o’rgatish.
Reja.
1.Kichik guruhda rasm chizishga o’rgatishning o’ziga xos xususiyatlari.
2. Rasm chizishga o’rgatishning dastur mazmuni.
3.Rasm chizishga o’rgatishda tarbiyachi foydalanadigan usullar.
Kichik guruh uchun rasm mashg’uloti loyihasi namunasi.
„Osmonda quyosh charaqlayapti“ rasm mashg’uloti.
Maqsad: Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarda quyosh tasvirini yaratish hissini uyg’otish.Yopishtirish usulidan foydalangan holda quyosh tasvirini yaratish, katta aylana sifatidagi ko’rinishni tasvirlash, quyosh nurlari rasmini chizish,quyosh nurlarining turli xillarini: to’g’ri va to’lqinsimon, gajaksimon, uchburchak, aylana ko’rinishdaligini ko’rsatish.
Kerakli jihozlar: har hil bo’yoqlar,flomasterlar, qalamlar, oq qog’oz, suv
Mashg’ulotning borishi: Tarbiyachi bolalarga quyosh haqida she’r aytib beradi va bolalarga quvnoq quyoshning rasmini chizishlarini aytadi.Aylana va xalqani ko’rsatib, burchaklar nimasi bilan bir-biriga o’xshaydi va bir-biridan farq qilishini so’raydi.( xalqachaning o’rtasida teshik bor, aylananing teshigi yo’q, aylana likobchaga o’xshaydi, xalqacha esa teshikkulchaga o’xshaydi.tarbiyachi bolalarga quyosh har-hil rangda, qizil, to’q sariq, pushti, malina rangida namoyon bo’lishini aytadi. Nurlarini qanaqa chizish yo’llarini ko’rsatadi.shundan keyin bolalar ranglarni tanlab , har bir bola quyoshni o’zicha tasvirlay boshlaydi.Tarbiyachi mashg’ulot davomida bolalarga yakka tartibda yordam berishi mumkin.
Mashg’ulotdan so’ng bolalar sayr davomida quyoshni ko’rib chiqishlari va uhaqida she’r yoki qo’shiq aytishlari mumkin.
Savol va topshiriqlar:
Pedagogik amaliyot jarayonida markazlarda rasm faoliyatini kuzatib, tahlil qilish.
Dastur mavzulari asosida kichik guruh uchun rasm faoliyati loyihasi tuzish.
7.Mavzu: Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o`rta guruh yoshidagi bolalarini rasm chizishga o`rgatish.
Reja.
1.Manaviyatni anglash.
2.O’rta guruhda rasm chizishga o’rgatishning o’ziga xos xususiyatlari.
3. Rasm chizishga o’rgatishning dastur mazmuni.
4.Rasm chizishga o’rgatishda tarbiyachi foydalanadigan usullar.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining o’rta guruhida 4 yoshli bolalar tarbiyalanadi. O’rta guruhda bolaning tuyg’usi 3 yoshli bolaning tuyg’usiga nisbatan chuqurroq bo’ladi; ana shu asosda ularning biror buyumga berilishi, qiziqishi mustahkamroq bo’lib o’sadi. bolalarning nafosat tuyg’ulari ham rivojlanadi.
Bolalar o’rta guruhda quyi guruhdagiga nisbatan shakli va tuzilishi jihatidan ancha murakkab buyumlarning rasmini soladigan, shuningdek, ular oldindan rasmini solishga o’rgangan buyumlarni ham tasvirlashni davom ettiradilar. Bolalarga rasmini solish uchun beriladigan buyumlar asosan dumaloq va to’g’ri burchak shakliga yaqin narsalardir, bu esa ularni ancha soddagina tarzda tasvirlashga imkon beradi. Rasm chizishuchun namuna sifatida ko’pincha o’yinchoqlar yoki oddiygina shakldagi buyumlarning asli: sabzavot, mevalar, gullar olinadi.
Bolalar buyumni biror holatda tasvirlash usulini bilib olgach, uni bir necha martalab takrorlashlari, bu usulni puxta o’zlashtirishlari lozim. Masalan, bolalar biror qushni yon tomonlama turgan yoki qo’nib turgan holatida tasvirlaydilar. Bu o’rinda bolalar qush boshining tanasiga nisbatan turgan holatini, ularning nisbiy hajmini darrov uqib ololmaydilar. Qushning parvoz qilayotgan holatini tasvirlash uchun bolalar qushning boshi, qanotlari va dumining boshqa bir holatini bilishlari kerak.
Bolalarga buyumlarning ular osongina rasmini chizadigan xususiyatlarini, ya’ni qush patlarining rang-barangligi, quyon va ayiq quloqlarining shakli va hajmi jihatidan farqi, odamlarning ust-boshlaridagi farqlarni ko’rsatish kerak.
Rasm chizishuni bir varaq qog’ozga joylashtirish uchun qog’ozning katta-kichikligi muhim ahamiyatga ega. Bolalarni kichik guruhlardan boshlab, rasmni juda ham kichkina qilmasdan solishga o’rgatiladi.
O’rta guruhdan boshlab rasm chizish faoliyatlari 4 turga bo’lib o’rganiladi.
1. Buyumli. 2. Bezakli. 3. Mazmunli. 4. Ixtiyoriy.
1. Buyumli rasm chizish faoliyatlarida tarbiyachi buyumni faoliyat boshida bolalarga ko’rsatadi va uni buyumning asli sifatida bolalarga ko’rinarli joyga qo’yadi, rasm solayotganda ham ba’zi bolalarning diqqatini u buyumning ko’rinishiga jalb etadi. Tarbiyachi bolalar bilan birgalikda buyum aslini ko’zdan kechirayotganda, bolalarga shu buyumning asosiy shaklini, rangini, tuzilishini, ba’zi bir tomonlarini ko’rsatadi. Boshqa hollarda faoliyat boshida buyumning tasviri qarab chiqiladi va tahlil qilinadi. Agar buyumning surati ko’rsatilayotgan bo’lsa, bu surat, haqqoniy, aniq va sodda bo’lishi, bolalar tasvirlaydigan tomonidan ko’rsatib qo’yilgan bo’lishi ma’quldir.
Bolalarga rasm chizishning asosiy yo’llari ma’lum bo’lgan taqdirda, tarbiyachi buyum shakllarini, ularning har bir qismini yoki suratdagi buyumning chiziqlarini qo’li bilan ko’rsatib, og’zaki tushuntiradi. Tarbiyachi ko’pincha rasm namunasini o’zi yaratadi. Odatda bunday namunada rasmning asosiy chiziqlarigina ko’rsatilgan bo’ladi, bolalar tasavvurlariga asoslanib, bu rasmni qismlar bilan boyitadilar.
2. Bezakli rasm chizishda bolalar oldiga ular uchun yangi bo’lgan: turli rangdagi bo’yoq va chiziqlardan foydalanib, kvadrat, uzunchoq va doira shaklida qirqilgan qog’ozlarni oddiy naqshlar bilan bezatish vazifasi qo’yiladi. Bolalar yoshlik chog’laridayoq naqshlar bilan bezatilgan tevarak-atrofdagi narsalarni ko’rib yuradilar. Ko’pincha bu narsalar o’zlarining chiroyliligi bilan bolalar diqqatini jalb qiladi. Buning uchun tarbiyachi bolalarga buyumlarga gul solish, naqsh chizish yo’li bilan bolalar diqqatini jalb qiladi. Buning uchun tarbiyachi bolalarga buyumlarga gul solish naqsh chizish yo’li bilan bezatilishini tushuntirish kerak. Har qanday naqsh hatto eng sodda naqshning ayrim-ayrim bo’laklari ham ritm (bir hilda takrorlanish) va simmetriyani saqlagan holda ma’lum bir tartibda joylashtirilishi kerak. Bolalar bilan faoliyat o’tkazish uchun naqshning eng oddiy bo’laklari va bezak yasashning eng tushunarli usullari olinadi. Bezak rasmlar chizish faoliyatlarida bolalar: mo’yqalamni qog’oz betidan uzmasdan chapdan - o’ngga chizib yurgizish, mo’yqalamning uchini doiraviy yurgizishga oid bir xil usullarni takror-takror qo’llaydilar.
3. Mazmunli rasm chizishda bolalar qog’oz betining pastki qismida chizilgan chiziq yoki tasmada bir mazmun bilan bir-biriga bog’liq tasvirlarni joylashtirish usulini bilishlari kerak. Rasmda buyumlarning katta-kichikligini ko’rsatish bolalar uchun juda qiyindir. Bolalar bir betning o’zida daraxt, uy, odam va gulning rasmini qator qilib solayotganlarida, bu buyumlardan qaysilari baland, katta, qaysilari past, kichik ekanligi haqida o’ylab o’tirmaydilar. Bunda bolalarga o’rgatishni hajmi jihatidan nihoyatda aniq farq qiladigan buyumlarni, ya’ni katta daraxt ostida kichkinagina qo’ziqorin o’sishini uy avtomobildan katta ekanligini ko’rsatishdan boshlash kerak. Bolalar o’ylagan voqealarini rasmda ancha tor ifodalaydilar. Bolalar bu voqeani so’zlab berishda, uni ancha qiziq va to’liq ifodalab berishlari mumkin, chunki rasmda tasvirlashdan ko’ra, so’zlab berish orqali voqeani ifodalash ular uchun ancha osondir. Mazmunli rasm chizish uchun mavzu tanlaganda, hikoya qilish, so’zlash jihatidan ancha sodda mavzu
tanlash kerak.
4. Ixtiyoriy rasm chizish faoliyatlarida bolalar asosan oldin hosil qilgan tasvirlash usullaridan kichkinagina o’zgarishlar kiritib foydalaniladilar. Yozda bolalar juda ko’p yangi taassurotlar oladilar, ularni o’yinda, hikoya qilishda tasviriy faoliyatda ifoda etishga intiladilar. Shuning uchun bolalar olgan taassurotlarini rasmda ifoda etishlarini tarbiyachi nazorat qilishi kerak.
O’rta guruhda quyidagi ta’limiy vazifalar amalga oshiriladi.
Bolalar hayotining turli tomonlarini tasvirlash, ular tasvirlaydigan buyumlarning xillarini asta-sekin kengaytirish.
Fazoviy munosabatlarni rasmda ko’rsatishning oddiy usulini o’rgatish.
Asliga qarab, qog’ozda kvadrat, chiziq, doira shaklida naqshlar tuzishga, naqshning rangi va bo’laklarini tanlashga o’rgatish.
Chiziqlar chiza olishga va rasmlarni bo’yoq bilan bo’yashga o’rgatish.
Bolalarning rang sezish qobiliyatini o’stirish, 7 xil rang va turlarni to’g’ri ajratish va nomini aytishga o’rgatish.
Savol va topshiriqlar:
1.MTT ning o’rta guruhlarida rasm chizishga o’rgatishning ahamiyatini aytib bering.
2.O’rta guruhda rasm chizishning qanday turlari bor?
3.Rasm solishga o’rgatishning dastur mazmunini aytib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |