10. Mavzu:Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining katta guruh yoshidagi bolalarni rasm chizishga o’rgatish.
Reja.
1.Katta guruhda rasm chizishning turlari.
2. Rasm chizishga o’rgatishning dastur mazmuni..
3. Rasm chizish faoliyat ishlanmasi tuzish.
Mashg’ulotning mavzusi: Ta’sviriy san’at olamiga sayohat.
Mashg’ulotning maqsadi:
a) Bolalarga rassomlik san’ati haqida tushuncha berish.Rassom uchun kerak bo’ladigan qurollar haqida gapirib berish, kamalak ranglarni farqlay olishga, qog’ozni kerakli bo’yoq bilan bo’yashga o’rgatish.
b) Bolalarning mashg’ulotga bo’lgan, rassom kasbiga bo’lgan qiziqishni oshirish, nafosat tarbiyasini berish. Bolalarni bo’yoqlarni to’g’ri tanlashga o’rgatish, moyqalam bilan batartib ishlashga, qog’ozni iflos qilmaslikka o’rgatish.
Kerakli jihozlar:
Kubiklar, tartib raqamlar, quyoshning oddiy qora qalamda va rangda chizilgan tasviri. “Rangli misollar” o’yini uchun har bir bolaga qizil, sariq, ko’k rangli kartochkalar har bir bolaga meva sabzavotlar tasvirlangan al’bom varaqlari .
Mashg’ulotning borishi:
Bolalar bog’chasiga xat keladi. Uning ichida bo’laklarga bo’lingan tasvir hamda quyidagi so’zlar yozilgan “Aziz bolalar! Sizlarni ajoyib mamlakat bo’ylab qiziqarli sayohatga taklif etaman.” .
Tarbiyachi: Bu xat kimdan kelgan bo’lishi mumkin? Bizni sayohat qilishga kim taklif qilayapti? Bu yerda qandaydir bo’laklangan surat bor. Bolajonlar bo’laklarni yig’sak, balki xat egasini tanishimiz mumkin bo’ladi. Tarbiyachi bolalar bilan birga bo’laklarni joylashtiradi. Natijada rassom uchun kerakli narsalar- bo’yoq, moyqalam, qalam, o’chirg’ich tasviri hosil bo’ladi.
Tarbiyachi: Bolalar bu narsalar qaysi kasb egasi uchun kerak? To’g’ri bu narsalar rassom amaki uchun kerak.Biz endi kim xat yuborganligini bilib oldik. U rassom amakimiz, bizni “Tasviriy san’at olami” mamlakatiga sayohatga taklif etibdilar. Qani bolalar sayohatga tayyormisiz?
Bolalar: Ha!
Tarbiyachi: Unday bo’lsa ketdik. Bolalar rassom amakimiz uchun zarur bo’ladigan narsalar haqidagi topishmoqqa javob bersalaringiz:
Yog’ochdan kiyimi bor
Rasm chizishga u tayyor. (Qalam)
Torgina bir uychada
Ishlar rangli bolalar
Ular uydan chiqsalar
Bo’yaladi dalalar. (Rangli qalamlar)
3. Agar unga ish bersang
Qalam ishin bekor qilar. (O’chirg’ich)
Qora yerga oq don sochdim. (Bo’r)
Sochini ho’llab bo’yoqqa
Rasm solar har yoqqa. (Mo’yqalam)
Rangli opa-singillar
Suvsiz ishlay olmaslar. (Bo’yoqlar)
Tarbiyachi: O’zimiz uchun kerakli narsalar oldik. Yo’lga tushsak ham bo’ladi. Tasviriy san’at olamiga kirish uchun mana bu jumboqni yechishimiz kerak.
Bolalar sochilib yotgan raqamlarni tartib bilan joylashtiradilar. Ularni Rassom amaki hafa holda kutib oladi.
Tarbiyachi: Rassom amaki nega kayfiyatingiz yo’q? Rassom amaki quyoshning nursiz qora qalamda chizilgan tasvirini ko’rsatib:
Bizning mamalakatimizda quyosh rangli nur sochardi. Lekin nimagadir bugun quyoshimiz rangli nur sochmayapti. Bolalar quyoshning rangli nur sochishiga yordam bera olasizlarmi?
Tarbiyachi: Agar quyoshingiz kamalakday nur sochishini istasangiz, biz sizga yordam beramiz.
Bolalar quyosh nurlarini kamalak rangiday qilib bo’yashgach, kulib turgan quyoshning rangli tasviri paydo bo’ladi, zalda chiroq yonadi.
Bog’changizda hamma bolalar sizlarga o’xshab rasm chizishni yaxshi ko’radilarmi? Men sizlarni haqiqiy rassom bo’lishingizni istayman.
Tarbiyachi: Buning uchun nima qilishimiz kerak?
Rassom amaki: Rasm uchun bo’yoqlar, mo’yqalam, tasavvur va mehnatsevarlik kerak Menda bularning hammasi bor. Agar hohlasangiz o’z ijodim namunalaridan ko’rsataman.
Tarbiyachi: Albatta, hohlaymiz. Qani, bizga teshik kulchaning rasmini chizib beringchi. (Musiqa yangraydi, rassom chizishni boshlaydi.) Chizib bo’ldingizmi?
Rassom amaki (Toza qog’ozni uzatadi.) Mana!
Tarbiyachi: Teshik kulcha qani?
Rassom amaki: Men uni yeb qo’ydim.
Tarbiyachi: Ha, mayli, endi bir stakan sut rasmini chizing.
Rassom amaki: Gap yo’q, men uchun bu juda oson. (Musiqa ostida go’yo rasm chizayotgandek harakat qiladi. ) Mana, oling, rasm tayyor. (Yana oppoq qog’oz beradi.)
Tarbiyachi: Sutni albatta ichib qo’ygansiz.
Rassom amaki: Stakan rangsiz, u ko’rinmaydi.
Tarbiyachi: Bo’lmasa kuchukning rasmini chizing.
Rassom amaki: (Qichqiradi). Bo’ldi.! Tugatdim.
Tarbiyachi: Darrov bo’ldimi? Qani? (Oq qog’ozdagi nuqtachani zo’rg’a ko’radi.) Shu kuchukmi?
Rassom amaki: Ha, men avval katta malla kuchukni tasavvur qildim. U juda katta va qo’rqinchli bo’lgani uchun baland daraxtga chiqib oldim, u yerdan kuchuk mening ko’zimga nuqtaday ko’rindi. Shuning uchun nuqta chizdim.
Tarbiyachi: Ha, sizda tasavvur bor ekan, ammo mehnatsevarlik sezilmayapti.
Rassom amaki: Ha, ha tushundim, sizlarda bormi, o’sha mehnatsevarlik?
Tarbiyachi: Bolalarni sinab ko’rishingiz mumkin.
Rassom amaki: Asosiy ranglar qaysilar?
Bolalar javobi: Asosiy ranglar: qizil, sariq, ko’k.
Rassom amaki: Gullar qanday rangda?
Bolalar javobi: Qizil rangda.
Rassom amaki: Kim qizil rangga yaqin rangni aytadi?
Bolalar javobi: Pushti, och qizil, alvon rang.
Rassom amaki: Quyoshning rangi qanday?
Bolalar javobi: sariq rangda
Rassom amaki: sariq rangga yaqin ranglar qaysilar?
Bolalar javobi: Malla, to’q sariq.
Tarbiyachi: Bilasizmi, Rassom amaki ular ranglar haqida sh’erlar ham bilishadi. Ularni eshitib ko’ring:
Boshiga ranglar tasvirlangan karona (toj) kiygan bolalar chiqadilar:
Qizil rang:
Mening rangim aks etadi.
Atirgulda, lolada
Zavqu- shavq to’lib toshar
Terib olgan bolada.
Sariq rang:
Meni sariq rangsan deb
Aslo bera ko’rmang pand.
Sariq rangga kirganda
Qovunlar bo’ladi qand.
Yashil rang:
Men yashil rang bo’laman
Ko’rk chiroyga to’laman
Menga talpingan qalbda
Bahor bo’lib kulaman.
Rassom amaki: Balli bolalar, rahmat. Sizlarga shunday topshiriq bor. Bolalar stolning ustidan oq qog’ozlarni olib, qaysi rang chizilgan bo’lsa, xuddi shunday rangli bola o’tirgan stolga borib o’tiradilar. Ular oq qog’ozni xuddi shu rangga bo’yaydilar.
Bolalar o’z joylariga o’tirib oq qog’ozni bo’yaydilar. Bu qog’ozlarda har-xil meva- sabzavotlar kelib chiqadi.
Rassom amaki: Qaranglar, bolalar ranglarning sehrini.Ular sehrli kuchga ega.
Tarbiyachi: Katta rahmat, sizga, Rassom amaki. Sizga sovg’amiz bor.
(Bolalar birgalikda qo’shiq aytishadi.) Mana hayrlashish vaqti ham yetib keldi. Juda yaxshi sayohat qildik. Lekin siz bilan hayrlashgimiz kelmayapti.
Rassom amaki: Men ham sizlardan ajralgim kelmayapti. Sizlar menga juda yoqib qoldingizlar. Menga albatta xat yozing, kutaman.
Tarbiyachi: Lekin biz xat yozishni bilmaymiz-da.
Rassom amaki: Sizlar menga xatni ranglar orqali yozing. Ranglar orqali men sizning qanday yashayotganligingizni bilib olaman.
Rassom amaki bolalar bilan hayrlashib, chiqib ketadi. Tarbiyachi va bolalar birgalikda guruhga qaytishadi.
Savol va topshiriqlar:
1.Amaliyot jarayonida katta guruhda rasm chizish faoliyatini markazda kuzatish.
2.Katta guruh uchun dastur asosida rasm faoliyati loyihasi yozish.
Do'stlaringiz bilan baham: |