9. Mavzu:Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining katta guruh yoshidagi bolalarni rasm chizishga o’rgatish.
Reja.
1.Obodlik ko’ngildan boshlanadi.
2.Katta guruhda rasm chizishga o’rgatish vazifalari.
3. Rasm chizishga o’rgatishning dastur mazmuni.
4.Rasm chizish faoliyatining turlari.
5. Rasm chizish faoliyati loyihasi tuzish.
Bolalar narsalarning asosiy shaklini o’zlashtirib, katta guruhga o’tadilar. Katta guruhda kuzatish va sensor tarbiya ta’sirida bolalarda narsalarning rang, shakl kabi xususiyatlari to’g’risida tasavvurning ma’lum yo’nalishlari paydo bo’ladi. Bu tasavvurlar bolalarga tevarak-atrofni yaxshiroq tushunishga, idrok etilayotgan narsalar va voqealar xususiyatlarini bir muncha aniq ajrata bilish va baholashga yordam beradi. Bolalar narsalarning o’zaro katta-kichikligi, balandligi, qalinligi nisbatini narsalar qismlarining balandligiga, ham shakli va bir – biriga nisbatan joylashuviga qarab nisbatini ifodalashga o’rgatish mumkin bo’ladi.
O’rta guruhda bolalar tasvirlashning eng oddiy usullarini
o’zlashtirganlar. Katta guruhda bu narsalarni tasvirlash usullari
oydinlashtiriladi. Agar bolalar ilgari odam rasmini yumaloq boshli, ko’ylagi yoki po’stinini bir qilib chizgan bo’lsalar, endi boshi oval shaklda, tanasi esa yuqori va pastki qismlardan ajratilib chiziladi. Masalan, o’g’il bolani fizkultura kiyimida – mayka yoki futbolkada, qiz bolani yubkada tasvirlaganda bunga juda yaxshi erishish mumkin. Boshning kattaligi mayka, ko’ylak uzunligiga nisbatan, qo’llari va oyoqlari esa tanaga nisbatan olinadi.
Bolalar o’z rasmlariga darrov ko’z va og’iz rasmini chizishga intiladilar, shuning uchun ularga qo’g’irchoqlarni ko’rsatib, bet qismlarini qanday joylashtirish kerakligini tushuntirish lozim.
Tirik jonivorlarni tasvirlashda bolalar ko’pincha yumaloq shakllarni ifodalaydilar. To’g’ri to’rtburchak shakllar – binolar, mebellar, mashinalar turli xil transpotrlarning asosidir. Mashinalarni, transport turlarini bolalar kuzatadilar, o’yinchoqlarda, rasmlarda ko’zdan kechiradilar. Tarbiyachi bolalarga avtomobilning asosiy qismlarini oldingi (motorni o’z ichiga oluvchi) haydovchining kabinasi va kuzovi (yuk tashish mashinasida) yoki saloni (passajir tashuvchi yengil va jamoa transportida) ajrata olishlarida yordam beradi. Keyin bolalar yuk tashuvchi turli xil mashinalarni, yengil mashinalarni, avtobuslarning xususiyatlarini, poezd vagonlarini avtomobildan farqini ajratadilar.
Katta rasmlar bilan bir qatorda bolalar kichik rasmlar chizishni ham yaxshi ko’radilar. Bir varaq qog’oz betida bir necha bir xil narsalar (baliqlar, kapalaklar, qushlar, gullar)ni tasvirlash topshirilgan hollarda bu maqsadga muvofiqdir.
Katta guruhda ranglarni guruhlarga ajratish va bu guruhlarni o’zaro taqqoslashga o’rgatish vazifasi ham qo’yiladi.
Buyumlarni tasvirlashda tarbiyachi bolalarga stolning ustiga vaza va olmani qo’yib, oddiy natyurmort chizishni tavsiya etadi. Bolalar binoning rasmini chizayotganda qavatlarning sonini, magazinlarning katta-katta oynalarini, boloxona ayvonlarini tasvirlaydilar. Bora-bora bolalar biron o’simlik, qush, hayvon xususiyatini bildiradigan hamma asosiy belgilarini ko’rsatib tasvirlashga o’rganadilar. Masalan, g’ozning rasmini solishda uning bo’yni uzunligini, boshining kichkinaligi, gavdasining katta va cho’zinchoqligini, dumining kaltaligini, panjalarining qizilligi, tumshug’ining yassiligini ancha aniq tasvirlaydilar. Bolalar qushlarni uchib borayotgan yoki qo’nib turgan holatida tasvirlashga o’rganadilar, lekin boshini burib qarashini, gavdasining qiya qilgan holatini tasvirlashga ojizlik qiladilar.
Katta guruhda faoliyat o’tkazish uchun bo’yoqlarni juda diqqat bilan tayyorlash kerak. Bunda ba’zi buyumlar rangi jihatidan bir-biridan farq qilishini hisobga olish zarur. Masalan, och va to’q yashil, kul rang va qora, sariq, to’qsariq va boshqa bo’yoqlarni ayrim-ayrim tayyorlab qo’yish lozim. Masalan, bolalar “Tulki bilan Bo’ri” ertagi mavzusiga rasm solishda daraxtlar uchun jigarrang, tulki uchun zarg’aldoq, bo’riga esa kulrang bo’yoq tayyorlab berish kerak. shu usul orqali bolalar zarg’aldoq rangi bilan tanishadilar. Tarbiyachi bolalarning diqqatini buyumlarning bo’yog’iga qaratishi tufayli ular asta-sekin bino, mashina, kiyim-kechak va mebellar turli rangda bo’lishini payqay boshlaydilar. Bolalar anchagina bo’yoqlarning nomini bilib oladilar, bo’yoqning har xil turlarini (och va to’qligi)ning farqiga boradigan bo’lib qoladilar: ular o’n xil rangni va ularning tuslarini (och, to’q, yorqin) bir-biridan ajratadigan bo’ladilar.
Katta guruhda bolalar oddiy chiziqlar va shakllardan foydalanib, soddagina naqshlar chizishni o’rganib olgan bo’ladilar. Katta guruhda naqsh uchun gul tanlash, uni turli – tuman shakllarda chizish jihatidan bolalar soladigan naqshning tuzilishiga talab kuchaytiriladi. Ularda naqshning biror shaklning o’rtasiga, burchaklariga, hoshiyalariga simmetriyali holda joylashtirish, har-xil bo’yoqlar ishlatib, rang-barang qilib berish bo’yicha oldin hosil qilingan ko’nikma va malaka yana ham puhtalanadi. Katta guruhda bolalar solgan naqshlarning mazmuni ancha ma’noli bo’ladi, chunki bolalar barg, gul, meva shakllarini chizishni o’rganib olgan bo’ladilar. Katta guruh bolalari naqshni cho’ziq to’g’ri to’rtburchak, uchburchak, likopchasimon, tuhumsimon shakllardagi qog’ozlarda ham naqshlar chiza oladilar.
Naqsh solib bo’yab chiqish maqsadida qirqilgan qog’oz shakllari ba’zan kattaroq, ba’zan kichikroq qilib kesib beriladi. Rasm chizish uchun har xil rangdagi qog’ozlar tanlanadi. Bolalar naqsh chizish uchun bo’yoqni rangli qog’ozning sidirg’a rangiga (fonga) qarab tanlashga o’rganadilar. Bu ularning ranglarni sezish tuyg’ularining yana ham ravnaq topishiga yordam beradi.
Katta guruhda bo’yab chiqish uchun bolalarga berilgan turli shakldagi qog’ozlarni ba’zi vaqtlarda turmushda qo’llanadigan narsalarning nomi bilan atash maqsadga muvofiqdir, chunonchi, doirani – taqsimcha, kvadratni – dastro’molcha, uchburchakni – qiyiq ro’mol kabi.
Katta guruh bolalari taqsimchaning chetlari va o’rtasi, qiyiq ro’molning burchaklari va hoshiyasi bezalishi lozimligini tushunadilar, chunki bu narsalar turmushda shunday naqshli qilib ishlatilganda ularning guli va o’zi chiroyliroq, yaxshiroq ko’rinadi.
Rasm chizishda biron hodisa - voqeani tasvirlash, fazodagi ayrim - ayrim buyumlarni birlashtirishni ularni biron mazmunga qarab joylashtirishni talab qiladi. Masalan, ish – harakat uyda, o’rmonda va boshqa biron joyda bo’layotganini ko’rsatish lozim bo’ladi.
Katta guruhda she’r, hikoya va ertaklar mavzusida rasm chizishga o’rta guruhdagiga qaraganda kengroq o’rin beriladi.
Tarbiyachi ertak va hikoyalardagi voqealarni bir – biriga bog’lab, izchillik bilan bayon etib bersa, bolalarning bu voqealarni rasmda bir – biriga bog’liq ravishda tasvirlay olishlariga yordam beradi. Tarbiyachi hikoya yoki ertakdan biror joyini tanlab olishni va uni tasvirlashni buyuradi. Ba’zi bolalar bir varaq qog’ozda ertak mazmunining hammasini ketma – ket tasvirlay borib, bir qancha xil rasmlarni solib qo’yishga intiladilar. Tarbiyachi bolalarga voqeaning bir joyini ikkinchi joyidan ajratib rasm solishni va har bir joyni alohida – alohida tamomlab tasvirlashni tavsiya qiladi.
U bir faoliyatda ertakdagi voqealarning hamma joylariga doir rasmlarni butun guruhdagi bolalar birgalashib ishlaganidagina tasvirlab tugata olishlari mumkinligini tushuntirib qo’yadi. Kim nimaning rasmini solishini kelishib olishi kerak. Faoliyattning oxirida esa ertakning mazmuni qanchalik to’liq va yaxshi aks ettirilganligini ko’rib chiqish lozim.
Katta guruhda bolalarning ijodlari bo’yicha faoliyatlar ham o’tkaziladi. O’ylab ijod etish ko’nikmasini bolalar birdaniga egallay olmaydilar. Ba’zi bolalar faol, kuzatuvchan, boy tasavvurga ega, mavzu tanlashda dadil bo’ladilar, ba’zi bolalar esa rasm chizish uchun mazmun o’ylab topa olmaydilar. Bunday bolalarga, ularning imkoniyatlari va malakalarini, qiziqishlarini hisobga olib, maslahatlar hamda esga tushirish bilan yordamlashish kerak. Bolalarning o’zi ijod qilib chizadigan rasmlar taassurotlarning to’planib borishi, rasm chizish ko’nikmasini egallanib borishi bilan asta – sekin boyib va xilma – xillashib boradi. Yozda bolalar boy taassurotlarga ega bo’ladilar. Ilgari egallagan malaka va ko’nikmalardan foydalanib, ular o’zlarini qiziqtirgan, hayajonga solgan narsalarning rasmlarini chizishlari mumkin. Bolalar diqqatini yoz manzarasining o’ziga xos xususiyatiga, tabiatning rang-barangligiga yo’naltira borib bolalar tajribasini yangi bilimlar va taassurotlar bilan boyitish lozim.
Bolalar shaklan murakkab bo’lmagan ayrim gullarni, kichik guldastalar, o’tloqdagi gullarni, ola-bula kapalakchalar va qo’ng’izchalar rasmini chizishlari mumkin. Yozgi dam olish oxirida “Yoz haqida” yoki “Mening taassurotlarim” mavzusida rasm chizishni taklif qilish mumkin.
Katta guruhda bolalar tarbiyachining rahbarligi ostida tabiat hodisalarini, tevarak – atrofdagi kishilar hayoti va mehnatini hamda ijtimoiy bayramlarni kuzatadilar. Bolalarni rasm solishga o’rgatishda buyumni bevosita mashg’ulot o’tkazish oldidan va rasm chizishpaytida kuzatish: buyum tasvirini o’sha buyumning asli bilan solishtirish imkoniyatiga ega bo’lish ayniqsa, muhim ahamiyatga egadir. Yilning hamma vaqtlarida bolalar buyumning aslini qarab chiqib, so’ng rasmini solish mumkin bo’lgan tabiiy narsalar topiladi: masalan, mevalar, sabzavot, yashikda o’sgan ko’k piyoz, xona o’simliklari, barg yozib kelayotgan novdalar, bahorgi va yozgi gullar, rezavorlar, qo’ziqorinlar.
Katta guruhda bolalar tasavvurida ko’zga ko’rinadigan obraz yaratishda badiiy so’zning ham roli oshadi. Ular badiiy adabiyotdagi nafis iboralarni, o’xshatishlarni, taqqoslashlarni yaxshiroq tushunadigan va tez uqib oladigan bo’lib qoladilar. “Daraxtlar yashil libos kiygan”, “Oppoq paxtadek” va boshqa shu kabi iboralar bolalarning ko’z o’ngida ravshan obrazlarni gavdalantiradi.
Katta guruhda bolalarga ko’rsatish uchun shunday naqshlarni tanlash kerakki, ularning tuzilishi soddaroq, shakli tushunarliroq bo’lishi va ranglar xilma-xilligi uncha murakkab bo’lmasligi kerak. Bolalarga rangdor hoshiya qilib, doiraviy shaklga naqsh chizishni topshirishdan oldin qog’ozda doira atrofiga rangdor naqshli hoshiya chizib maxsus tayyorlangan namunani ko’rsatish mumkin. Tarbiyachi bolalarga ba’zi bir shaklni qanday chizishni, nimadan boshlash, uni qanday qilib muntazam davom ettirish lozimligini ham yo’l - yo’lakay ko’rsatib boradi. Bular namuna asosida tushuntirib beriladi: naqshning bir qismi ko’rsatiladi. Bunda nimaning rasmi, qanday qilib va qay tartibda chizish lozimligi aytib o’tiladi. Agar zarurat tug’ilib qolsa, tarbiyachi bolalarni rasm solishga oid usullari bilan tanishtirish maqsadida naqshning ayrim elementlarini bolalarning ko’z o’ngida chizib ko’rsatadi.
Bolalar olti yoshga yetganida ularning umumiy kamolot darajasi mashg’ulot paytida ularning o’z xulqiga, bajarayotgan ishiga nisbatan ko’proq ongli munosabatda bo’lishlariga, bu ishni sodda qilib rejalashtirib olishlariga va maqsad qilib qo’yilgan ishni bajarishlariga nisbatan kattaroq talab qo’yishga imkon beradi. Bolalar yangi – yangi malakalar hosil qiladilar, bu esa ularning ijodiy kamolotiga yarasha o’zlari o’ylagan ishni osonroq va erkinroq ifodalashlariga, mustaqil ishlashlariga, tashabbus ko’rsatishlariga imkon beradi.
Shunday qilib, katta guruhda quyidagi vazifalar amalga oshiriladi:
Rasm chizish faoliyatlarida tasvirlanadigan buyum xillari ko’paytiriladi. Shunday qilish kerakki, bolalar turmushning har – xil tomonlarini, ya’ni ular: tabiat, hayvonot va o’simliklar dunyosini, yil fasllarini, MTT va uydagi hayotini aks ettira olsinlar hamda ularni yana ham chuqurroq bilib oladigan bo’lsinlar.
Bolalarni buyumlarning shakli va tuzilishi qismlarining nisbiy katta – kichikligi, xarakterli bo’laklari hamda o’zlari biladigan hamma ranglarga qarab buyumlarning tasvirini oldingiga qaraganda yana ham aniqroq va to’laroq bilishga o’rgatiladi.
Ularni hayotdagi voqealar mazmuni yoki adabiy asarlarning mazmunlarini mumkin qadar aniq va to’liq ifodalashga: fazodagi buyumlarning bir-biriga nisbatan tutgan o’rni, ularning nisbiy katta kichikligini ko’rsatishga, harakat va kayfiyatni o’z qo’llaridan keladigan vositalar bilan ifodalashga o’rgatiladi.
Qog’ozda geometrik shakllar va o’simlik qismlaridan uzunchoq, kvadrat, doira, uchburchak va boshqa shakllarda simmetriyali naqshlar tuzishga o’rgatiladi, asta - sekin naqsh mazmuniga muvofiq rang tanlanishi va badiiy tuzilishi boyitib boriladi.
Qalam va mo’yqalamni qog’ozga qattiq bosmasdan va ular bilan to’g’ri hamda egri mayda chiziqchalarni silliq va bir tekis chizishga: rasmni qalam bilan mayda-mayda chiziqchalar chizib bo’yashga va bir tekisda rang bilan bo’yashga o’rgatiladi.
Ranglarni to’g’ri idrok qilishga: o’n xil rangni va har bir rangning kamida ikkita – uchta tusi (och, to’q, yorqin) nomini to’g’ri ayta olishga o’rgatiladi.
Savol va topshiriqlar:
1.MTT ning katta guruh bolalari asosan nimalarning rasmlarini chizadilar.
2. Ranglarni guruhlarga ajratish va taqqoslash uchun qanday didaktik o’yinlardan foydalaniladi?
3. Katta guruhda rasm chizishning dastur mazmunini aytib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |