6-mavzu. SABZAVOT – POLIZ O’SIMLIKLARI
Mavzuning maqsadi: Sabzavot-poliz o’simliklarining O’zbekiston florasida keng tarqalgan turlari bilan tanishtirish, sabzavot-poliz o’simliklarning sistematik o’rni va o’simliklar qoplamidagi ahamiyati haqida ma’lumot berish.
Sabzavot-poliz ekinlari va ularning guruhlanishi. Sersuv mevasi va etli qismi oziq-ovqatga ishlatiladigan bir yillik, ikki yillik va ko’p yillik o’tchil o’simliklar sabzavotlar deb ataladi.
Ilgarilari sabzavot ekinlari asosan tomorqalarda-sabzazorlarda o’stirilgan. Qovun, tarvuz, qovoqlar esa maxsus uchastkalarda-polizlarda yetishtirilgan. Sabzavot yoki poliz ekinlari degan nom ana shundan kelib chiqqan bo’lib, sabzavotchilik yoki polizchilik deyiladi.
Sabzavotchilik dunyo dehqonchiligida eng qadimiy asosiy va yetakchi tarmoqlardan hisoblanadi. Sabzi, sholg’om, sarimsoq, lavlagi 2 ming, karam, bodring, piyoz kabilar 4 ming yildan beri ekiladi. Markaziy Osiyoda, ya’ni bizda qovun eramizdan ilgari ham yetishtirilgan.
Sabzavotchilik - o’simlikshunoslikning ajralmas tarkibiy qismidir. SHuning uchun sabzavot ekinlarini hamma vaqt ham boshqa ekinlardan ajratib bo’lmaydi. CHunki, karam, kartoshka, sabzi, qovoq, lavlagi, tarvuz, makkajo’xori kabilarni sabzavot ekini sifatida oziq-ovqatga, chorva mollari uchun yem-xashak va texnik maqsadlarda ishlatish uchun xom ashyo sifatida yetishtirish mumkin.
Lekin, sabzavotchilik o’simlikshunoslikning boshqa tarmoqlaridan quyidagi xususiyatlari bilan farqlanadi:
Birinchidan: Sabzavotchilik ikkita: 1.Ochiq maydonda (dalada); 2.Yopiq maydonda ishlab chiqarish usuliga ega.
Ikkinchidan: Sabzavotchilik xilma-xil ekin tur, xil va navlar to’plamini o’z ichiga oladi.
Sabzavot ekinlari 14 ta botanik oilaga mansub 80 ga yaqin turni o’ziga olib, shundan 40 ga yaqini O’zbekistonda ekiladi.
Uchinchidan: Sabzavotchilikda o’ziga xos ishlab chiqarish usullari (ko’chat ekin usuli, konservalash, qayta o’stirish kabilar) qo’llaniladi.
To’rtinchidan: Sabzavotchilik o’z navbatida bir necha tarmoqlarga bo’linadi. Jumladan, poliz ekinlari biologiyasi va agrotexnikasini ishlab chiqish bilan polizchilik, sog’lom, sifatli urug’ini yetishtirish bilan sabzavot ekinlar urug’chiligi tarmog’i shug’ullanadi.
Sabzavotchilikka xarakterli xususiyatlar sifatida yana nisbatan kichik maydonlarda yetishtirish, o’suv davri qisqaligi (ko’pchilik ekinlarda), iqtisodiy samaradorligining yuqoriligini ham qayd etish o’rinlidir.
Sabzavotchilik xo’jaliklarida yana asosiy sohalar sifatida g’allachilik va chorvachilikni rivojlantirish mumkin. Bu esa respublika hukumatining bugungi agrar siyosatining muhim yo’nalishi hisoblanadi. CHunki, kuzgi g’alla ekinlari sug’oriladigan yerlarda yig’ib olingan dalalarga takroriy ekin sifatida sabzavot-poliz ekinlari va kartoshka o’stirib mo’l hamda sifatli hosil olish imkoniyatlari cheksizdir.
Sabzavotchilik bilan sut-tovar yo’nalishidagi qoramolchilik va cho’chqachilikni bog’lab rivojlantirish maqsadga muvofiq. CHunki, yirik zavod, fabrika, shahar va aholi zich joylashgan madaniy markazlarda tez buziladigan va kam tashiluvchan sabzavot mahsulotlarini sotish mumkin bo’lsa, sotilmay qolganlarini, yig’ishtirilgach qolgan qoldiqlarini, nostandart va shahar oziq-ovqat chiqitlarini chorva mollari uchun zarur oziqa sifatida foydalanish mumkin. Go’ng esa sabzavotchilik uchun zarur mahalliy o’g’it, yopiq (himoyalangan) maydon uchun issiqlik manbai hisoblanadi.
Sabzavot ekinlari 14 ta botanik oilaga mansub 80 ga yaqin turni o’z ichiga oladi. SHundan 40 ga yaqin turi O’zbekistonda ekiladi. Ular morfologik, biologik va xo’jalik belgilari bo’yicha keskin farqlanadi. O’rganishni osonlashtirish uchun sabzavot-poliz ekinlari muayyan belgilarning o’xshashligiga qarab ma’lum guruhlarga birlashtirilgan.
Botanik belgilariga ko’ra asosiy sabzavot-poliz ekinlari quyidagi oilalarga mansubdir.
Karamdoshlar yoki krestguldoshlar (Brassicaceae) - oddiy karam, savoy, bryussel, kolrabi karami, gulkaram, xitoy, pekin (salatbop) karami, kress-salat, xantal (salat gorchitsa), bryukva, turp, sholg’om, rediska, xren, qatron.
Soyabonguldoshlar yoki seldereysimonlar (Apiaceae) - sabzi, pet-rushka, selderey, shivit, kashnich, pasternak.
Qovoqdoshlar (Cucurbitaceae) - tarvuz, qovun, qovoq, kabachka, patisson, bodring.
Tomatdoshlar (Solanaceae) - pomidor, boyimjon, qalampir, fizalis, kartoshka.
SHo’radoshlar (Chenopodiaceae) - xo’raki lavlagi va barg lavlagi (mongold), ismaloq.
Dukkakdoshlar, ya’ni kapalakdoshlar (Fabaceae) - dukkaklar, no’xat, loviya, sparja loviyasi.
Murakkabguldoshlar yoki astrasimonlar (Acteraceae) - barg salat, bosh salat, romen salati, artishok, estragon, salatbop sikoriy.
Toronguldoshlar (Polugonaceae) - shovul, rovoch (chukri).
Labgullilar yoki yasnotkasimonlar (Labiatae) - rayhxon, yalpiz, mayoran, chaber.
Gulxayridoshlar (Malvaceae) - bamiY.
Pechakguldoshlar (Convonvulaceae) - batat.
Piyozguldoshlar (Liliaceae) - bosh piyoz, batun, anzur piyoz, porey piyoz, ko’p yarusli, shnitt, oltoy, shalot piyozlari, sarimsoq.
Sparjadoshlar (Asparaguaceae) - sarsabil.
Boshoqdoshlar yoki qo’ng’irboshlar (Poaceae) - shirin makkajo’xori.
Piyozguldoshlar, sparjadoshlar va boshoqdoshlar bir pallalilar, qolgan oilalar ikki pallalilar sinfiga kiradi.
Botanik guruhlanish har bir o’simlikning o’simliklar dunyosidagi o’rnini belgilaydi. Muayyan bir botanik oiladagi o’simliklar ko’p hollarda o’sish sharoitiga bir xil talabchan bo’ladi, bir xil zararkunanda va kasalliklar bilan zararlanadi hamda morfologik, anatomik tuzilishida umumiy o’xshashliklari ko’p bo’ladi. Hayotining davomiyligiga ko’ra, asosiy sabzavot-poliz ekinlari bir yillik, ikki yillik va ko’p yillik o’simliklarga bo’linadi.
- Bir yillik o’simliklarga: rayhon, bamiya, batat, kashnich, gulkaram, pekin, xitoy karami, kress-salat, salatbop xantal, shivit, ismaloq, salat, dukkaklilar, gorox, loviya, tarvuz, qovun, bodring, qovoq, pomidor, fizalis, shirin makkajo’xori, rediska, kartoshka, sarimsoq kiradi.
- Ikki yillik o’simliklarga: oddiy karam, savoy, bryussel, kolrabi karami, bryukva, sholg’om, sabzi, pasternak, petrushka, selderey, lavlagi, bosh piyoz, shalot, porey piyozlar kiradi.
- Ko’p yillik o’simliklarga artishok, qatron, xren, batun piyoz, shnitt-piyoz, ko’p yarusli piyoz, sarsabil, rovoch (chukri), shovul kiradi.
Sabzavot-poliz ekinlarining bir, ikki yillik va ko’p yilliklarga bo’linishi ma’lum darajada shartli hisoblanadi. Kartoshka, pomidor va qalampir bizning sharoitda tipik bir yillik o’simliklardir, o’z vatanida ko’p yillik hisoblanadi. SHolg’omning ko’p navlari ikki yillik, lekin uning ayrim navlarida hayotining birinchi yilida meva va urug’lar hosil bo’ladi, rediskaning Yevropa formalari bir yillik, xitoy va yapon formalari esa ikki yillikdir.
Sabzavot-poliz ekinlari oziq-ovqatga ishlatiladigan organlari bo’yicha 2 katta guruhga bo’linadi:
1) generativ organlari oziq-ovqatga ishlatiladigan sabzavotlar.
2) vegetativ organlari oziq-ovqatga ishlatiladigan sabzavotlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |