15.Mavzu.Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o’rta guruhlarda plastilin (loy) bilan ishlash.
Reja:
1.O’rta guruhda loy va plastilindan buyum yasashga o’rgatish vazifalari.
2.Loy va plastilindan buyum yasashga o’rgatish usullari.
3.Loy va plastilindan buyum yasashga o’rgatishning bosqichlari.
4.O’rta guruhda loy va plastilindan buyum yasashga o’rgatishning dastur mazmuni.
Besh yoshga qadam qo’ygan bolalar ancha pishiq va epchil bo’ladi. Bolalar faoliyatini yanada murakkablashtirish va tajribasini boyitish ularda sodir bo’ladigan barcha psixik jarayonlarning rivojlanishiga ta’sir ko’rsatadi: ularning tafakkuri rivojlanadi–bolalar predmetning eng muhim belgilarini ko’rsatishlari, ularni vazifasiga, sifatiga va materialiga qarab guruhlarga ajratish mumkin. To’rt yoshga to’lgan bola loy yoki plastilindan o’zi yasamoqchi bo’lgan narsani aytadi. Bolaning bu fikri garchi hali uncha barqaror bo’lmasa-da, har holda unda o’z ishining natijalariga, malaka hosil qilish jarayoniga muayyan ishning natijasi mana shu malakaga bog’liqligini tushuna boshlaydilar.
Loy va plastilindan o’yinchoqlar yasashni o’rgatishdan ko’zlanadigan asosiy maqsad bolalarda plastik faoliyatga, bunday faoliyat jarayonida, predmetni tasvirlash sifati va uning natijasiga qiziqish uyg’otishdan iborat bo’ladi. Bolalardan o’z taassurotini plastik obrazlarda oson bilib olinadigan, ifodali qilib tasvirlash talab qilinadi, shuning uchun tarbiyachi har doim ifodalilik elementlarini ajratib ko’rsatadi va ta’kidlab o’tadi. Masalan, qushcha, jo’jani tasvirlashda ularni boshi, tumshug’i va dumining har xil joylashgani yangi qiziqarli obrazlar yaratilishini ko’rsatish mumkin.
Mustaqil fikrlarni shakllantirishga katta e’tibor beriladi – fikrlash bo’yicha o’yinchoqlar yasash ishlariga mashg’ulotlarning yarmi bag’ishlanadi. Bu vaqtga kelib bolalarning ijodiy fikrlashi ham ancha barqaror bo’lib qoladi. Bolalar faqat tarbiyachi bilan birgalikda ishlangan mavzudan foydalanmay, o’zlari ham atrofdagi obrazlarni aks ettiruvchi mavzularni o‘zlari o’ylab topib mustaqil ishlashi kerak.
O’rta guruhda bolalar kichik guruhlarga nisbatan shakli va tuzilishi jihatidan ancha murakkabroq buyumlar yasaydilar. Loydan buyumning ayrim-ayrim qismlari yasatiladi. Buyumning har bir qismida shar, silindr, konus yoki boshqa biror shaklga umuman yaqin o’xshashlik bor. Bolalar shar shaklining faqat nominigina bilib oladilar, boshqa shakllarni esa: tuxumday, bodringday, sabziday, ustunday deb biror buyum shakliga solishtirib aytadilar. Bolalar bir buyum shaklining ikkinchi buyum shaklidan farqini ajratishni va bu farqni tasvirda berishni o’rganadilar: chunonchi olma yumaloq, sabzining shakli uzunchoq, bir uchi yo’g’on, ikkinchi uchi ingichka bo’ladi.
Qorbobo katta-kichikligi har xil bo’lgan uchta shardan yasaladi, qo’g’irchoqning boshi ham dumaloq bo’ladi. Qush (chumchuq)ning gavdasi tuxumga o’xshaydi, quyonning boshi ham tuxumga o’xshaydi. Buyumning har bir qismini muayyan bir shaklga o’xshatilar ekan, ularning bir-biriga nisbatan katta-kichikligini e’tiborga olish zarur. Buyumlarni loydan yasash davomida qismlarining katta – kichikligini va birlashtirish joyini o’zgartirish, tuzatish mumkin. Agar yasalgan bosh juda katta bo’lib qolgan bo’lsa, bola uni kichraytiradi, yana gavdaga yopishtiradi va endi qanday bo’lganligiga razm soladi. Biror qism to’g’ri yopishtirilmagan bo’lsa bola uni ajratib oladi-yu, tarbiyachining ko’rsatmalariga amal qilib, o’z ishini qo’yilgan nusxaga solishtirib, yana boshqatdan to’g’riroq qilib yopishtiradi.
O’rta guruhda loy va plastilindan o’yinchoqlar yasashga doir dastlabki mashg’ulotlar bolalar xotirasida ilgari o’rganilgan usullarni tiklash va mustahkamlashga qaratilgan. Shuning uchun I chorakda bolalarga o’yinchoqlar yasashning yangi usullari o’rgatilmaydi, balki ular ilgari o’rgangan ish usullari mustahkamlanadi va aniqlashtiriladi.
Bolalar yumaloqlash, yoyish va birlashtirish usullaridan foydalanib loy va plastilindan bo’g’irsoqlar, tayoqchalar, zanjir va boshqa shunga o’xshash narsalar yasaydilar. Yil boshida yumaloqlash usuli ham mustahkamlanadi. Bunda ilgariga qaraganda murakkabroq mavzular tanlanib, kichkintoylar loy yoki plastilindan yong’oqlar, apel’sinlar, olmalar, gilos yasaydilar. Kattaligi jihatidan har-xil bo’lgan buyumlar, masalan, katta va kichik yong’oqlar katta va kichik olmalar ham yasaydilar. Murakkab shakllarni yasashda ilgari egallagan barcha ish usullarini mashq qiladilar. Masalan, sholg’om shaklini yasash uchun loy bo’lagini ikki kaft orasida yumaloqlash, keyin bir oz yassiroq holatga keltirish va chimdib sholg’omning uchini chiqarish, keyin esa oldindan tayyorlab qo’yilgan yashil qog’ozlardan barglarini o’rnatish lozim. Yakunlovchi mashg’ulot sifatida “Qo’g’irchoqni ho’l mevalar bilan mehmon qilamiz”, “Bir-biridan mazali, shirin olma va giloslar” mavzusida o’yinchoqlar yasash foydalidir.
Loydan buyum yasash uchun shunday mavzular belgilanishi mumkinki, bolalar bir shaklning o’zini bir necha marta tuzadigan bo’lsin. Masalan, bolalar sharning ustiga shar qo’yib, loydan qorbobo yasaydilar. Qorboboni yasash uchun kattaroq loy kerak bo’ladi. Qorboboning qo’liga oldindan tayyorlab qo’yilgan archa shoxini ushlatib qo’yish o’yinchoqni yana ham ko’rkam qiladi. Bundan keyin bolalar loydan uzun po’stinli qo’g’irchoq yasaydilar. Bunda shar (bosh) ustunga (po’stinli tanaga) joylashtiradi.
Keyingi oyoqlarida o’tirgan quyoning hamda o’tirgan ayiqchaning gavdasi vertikal (tik) holatda tasvirlanadi. Bolalar loydan vertikal holatdagi shakllarni yasashni o’zlashtirganlaridan so’ng, gavdasi gorizontal shaklda ko’rinadigan hayvonlarni: oyoqlarini ostiga olib yotgan quyonni, suzayotgan o’rdakni, turgan itni yasay boshlaydilar.
O’rta guruh bolalari loy va plastilindan idish yasashni o’rganishadi. Bunda ularga yasash usullari: shar yoki silindr formalariga barmoqlarni tiqib ichi bo’sh idishlar, yoyilgan formaning chetlarini bukib idishlar yasash, uzun silindrdan qilingan xalqalarni bir-birining ustiga qo’yib va mustahkamlab turli o’yinchoqlar (korzinka) tayyorlash ko’rsatiladi. Bola bandlar, krujka va laganchalarning chetlaridagi bezaklar kabi detallarni alohida qismlarni umumiy formaga biriktirish yo’li bilan bajaradi. Idish yasalgach, uni turli naqshlar chizib yaxshilab bezash kerak. Agar idish loydan yasalgan bo’lsa, uni quritish, bo’yash va o’yin burchagiga qo’yish mumkin. Tarbiyachi bolalarga o’ynash uchun loydan yasalgan buyumni berishdan oldin uni bo’yashi mumkin.
O’rta guruhda mavzuli loydan buyum yasash mazmuni juda kichik bo’ladi. Yilning 2 - yarmida bolalar o’rdak va o’rdakcha, kuchuk va kuchukcha, quyon va quyonchalarni yasashlari mumkin. O’rta guruh bolalari loydan buyum yasash davomida, yoki uni tugallagach, shu buyum bilan o’ynay boshlaydilar: o’zlari yasagan shakllarni taxta, biron narsani harakat qildirib ko’rsata olmasalar, u holda so’z qo’shib ifodalaydilar.
O’rta guruhda bolalar tarbiyachining so’zlarini qunt bilan eshitish, u ko’rsatayotgan narsalarni qunt bilan kuzatish, so’ngra javob berish kerakligini tushunadilar. Tarbiyachining izohlari aniq va qisqa bo’lishi, bolalar ishni qanday, qaysi usulda amalga oshirishlarini, ishning tartibini bilishlari kerak. Tushuntirish quyidagi III bosqichda amalga oshirilishi kerak.
I – bosqich – loy yoki plastilindan o’yinchoq yasashning maqsadini aniqlash. Bunda turli usullardan, o’yinlardan foydalanish mumkin. Musiqa asbobida biror kuyni chalish va bu kuy kim haqida ekanini o’ylab ko’rishni taklif qilish mumkin. Yoki bolalarga o’yinchoq yasashdan oldin topishmoq aytish mumkin, lekin u qiyin bo’lmasligi va ular xarakterli obrazni yaqqol tasavvur etishida yordam berishi kerak. Shuningdek, bolalarga tanish she’rlarni eslatish va o’qib berish, eslash, bolalarning ilgarigi tajribalarga murojaat etish usulidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Ba’zan tarbiyachi bolalarga hozir ular loy yoki plastilindan nimalar yasashini aytib qo’ya qoladi. Masalan, “Bolalar bugun biz sizlar bilan idish-tovoqlar yasaymiz” deyishi mumkin.
II–bosqich. Bolalar loy yoki plastilindan yasaydigan naturani ko’zdan kechirish, uni faol idrok etish, uning xossalari to’g’risidagi bilimlarni aniqlash. Ko’zdan kechirish uchun predmetning tarbiyachi yasagan namunasini berish mumkin. Ba’zan namuna asosida barcha tushuntirish ishlari olib boriladi. Shuning uchun namuna savodli tayyorlanishi, bolalar bajargan ishlardan yirikroq, ancha umumlashgan bo’lishi, unda bolalar e’tibori qaratiladigan asosiy belgilar ifodalanishi kerak.
III – bosqich. Bolalar buyumni yasash uchun qanday harakat qilishlari, qaysi usullardan foydalanishlari kerakligini tushuntirish va aniqlashtirish bilan bog’liqdir. Tasvirlash usullarini ko’rsatish to’liq yoki qisman bo’ladi. To’liq ko’rsatish yangi topshiriqni bajarishda, yangi usullardan foydalanishda qo’llanadi. Yangi usulni tushuntirishda uni bolalarga sekin ko’rsatiladi, qo’llar va barmoqlar qanday holatda bo’lishi kerakligini aytiladi. Harakatlarning sifatli bo’lishiga alohida e’tibor beriladi. Har safar u yoki bu usulni bajarilayotganda tarbiyachi qo’l va barmoqlar yasalayotgan o’yinchoqqa qanday kuch bilan bosilishi kerakligini izohlab boradi. Bunda u sal-pal, yengilgina, bir oz kuchliroq, qattiqroq, juda qattiq so’zlaridan foydalanadi.
Tarbiyachi yangi usulni tushuntirar ekan, bolalarga bu harakatni baravar bajarishni aytadi. Tushuntirishdan keyin topshiriqni bajarish bosqichi boshlanadi. Tarbiyachi bolalar ishni qanday boshlayotganini bir oz kuzatib turadi, ularga topshiriqni mustaqil holda bajarish imkonini beradi. Shundan keyin qiynalayotgan bolalarga yordam berishi mumkin. Har bir guruhda topshiriqni tez bajarib qo’yadigan bolalar topiladi. Bunday bolalarga qo’shimcha material beradi hamda yasagan o’yinchog’ini yanada qiziqarliroq qilish yo’llarini aytadi.
Mashg’ulot oxirida bolalarga o’zlari yasagan o’yinchoqlar bilan o’ynashni taklif qilish mumkin, masalan, bolalar idish-tovoqlar yasagan bo’lsalar ularda qo’g’irchoqlarga ovqatlar beradilar, jo’jalar tasvirini yasagan bo’lsalar, ularga uycha quradilar. Bolalar yasagan yaxshi ishlardan ota-onalar burchagida ko’rgazma tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Savol va topshiriqlar:
1.MTT ning o’rta guruhida loydan buyum yasashga o’rgatishning ahamiyati
2.Loydan buyum yasashga o’rgatish usullari
3.Loydan buyum yasashga o’rgatishning dastur mazmunini aytib bering.
Do'stlaringiz bilan baham: |