1. Mahalliy byudjetlarning iqtisodiy mohiyati va ularning byudjet tizimida tutgan o’rni.
Respublikamizda bozor iqtisodiyotiga o‘tish davridan boshlab to hozirgi kungacha har bir sohada iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, byudjet sohasida olib borilayotgan islohotlarni alohida ta’kidlab o‘tish mumkin. Har bir davlatning iqtisodiy qudrati shu davlatning mukammal byudjetga ega ekanligi bilan ham ifodalanadi. Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng mana shu o‘tgan davr ichida chuqur iqtisodiy siyosat negizida barqaror moliyaviy tizimni, shuningdek, uning asosini tashkil etuvchi mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ijro etish sohasida muayyan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat byudjetining tuzilishi, birinchi navbatda, davlat tuzilishiga bog’liq bo‘ladi. Unitar tuzilishga ega bo‘lgan mamlakatlarda byudjet tizimi ikki bo‘g’indan, ya’ni markaziy va mahalliy byudjetlardan, federal tuzilishga ega bo‘lgan mamlakatlarda byudjet tizimi uch bo‘g’indan, federal byudjet, hududlar byudjeti va mahalliy byudjetlardan iboratdir. Mahalliy byudjetlar byudjet tizimining quyi bo‘g’ini sifatida davlat moliya tizimining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Mahalliy byudjetlar daromadlari bo‘lib mahalliy soliqlar va yig’imlar hisoblansa, mahalliy byudjet xarajatlarida asosiy o‘rinni ijtimoiy-madaniy tadbirlar xarajatlari egallaydi. O‘zbekiston Respublikasida byudjet ijrosining amaldagi holatidan kelib chiqqan holda, mahalliy byudjetlarning hukumatning iqtisodiy-ijtimoiy siyosatini amalga oshirishda mavqeyini yanada ko‘tarishga sabab bo‘layotgan qator omillarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Masalan, mahalliy moliya organlarining byudjet ijrosidan manfaatdorligini oshirish va shuning asosida byudjet xarajatlarini to‘g’ri va oqilona tarzda sarflanishi va byudjet tushumlarining yangi manbalarini qidirib topishga rag’batlantirishni ta’minlashdir. Shu o‘rinda Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ga muvofiq hamda mahalliy byudjetlarning daromadlari bazasini tubdan mustahkamlash, yuqori turuvchi byudjetlar ajratmalariga qaramligini qisqartirish, uy-joy-kommunal, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiyalash va texnik yangilash bo‘yicha strategik muhim investitsiya loyihalarni amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining mustaqil ish olib borishi va mas’uliyatini oshirish masalalari bugungi kunning dolzarb masalasidir3.
Mahalliy byudjetlar byudjet tizimining asosiy bo‘g’inini tashkil etar ekan,avvalo, byudjet tizimiga ta’rif berib o’tish lozim, byudjet tizimi barcha darajadagi byudjetlar, davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari va byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg’armalari, byudjet tizimi byudjetlarini tuzish va tashkil etish prinsiplari, ular o’rtasida byudjet jarayoni mobaynida yuzaga keladigan o’zaro munosabatlar yig’indisini o’zida ifodalaydi4.
O‘zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksiga muvofiq mahalliy byudjetlar
tarkibiga quyidagi byudjetlar kiradi (1-rasm)5:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti tuzilmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasining respublika byudjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlarining byudjetlari kiradi;
Viloyatlar mahalliy byudjetlari tuzilmasiga viloyat byudjeti, tegishli viloyatlar tumanlari va shaharlarining byudjetlari kiradi;
Toshkent shahar mahalliy byudjeti tuzilmasiga shahar byudjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning byudjetlari kiradi.
Byudjetning yaxlitliligi tufayli respublika o’z tasarrufiga pul resurslarining yagona markazlashtirilgan jamg’armasini oladi, uni byudjet tizimining faqat biror-bir bo’g’iniga taqdim etish mumkin emas. Respublika byudjet tizimining yaxlitligi va bir butunligi qonun tomonidan mustahkamlab qo’yilgan, unda quyi byudjetlarning yuqori bo’g’inga kirishi ko’zda tutilgan.
Viloyat byudjeti
Viloyatga bo’ysunuvchi tumanlar byudjeti
Viloyatga bo’ysunuvchi shaharlar byudjeti
Do'stlaringiz bilan baham: |