Buloqlari borib tongni uyg’otgan
Bag’rida jannatlar bitgan sahrosan-
Qashqadaryosan…
Z.Mironing yuqoridagi misralarida metafora so’z birikmasi, gap holida kelgan. Shoir o’z tug’ilib o’sgan yurti haqida yozarkan, uning cho’llarini shunchaki aytib o’tmaydi, balki “harsillab yotgan” metaforasi orqali ifodalaydi. Bu tasvir orqali ona yurt sahrolarining tabiati, ob-havosi, issiqlik darajasi yanada aniq, yorqinroq ochiladi. Ayniqsa , kitobxon uni jonli tasavvur etadi. Shu birgina ifoda orqali shoira ayni yoz paytlari, yoz chillasini nazarda tutayotganligi oydinlashadi. Kitobxon bu holatni ko’z oldiga keltirar ekan, endi vaqti saratonda Qashqadaryo cho’llarining haqiqiy harorati, manzarasini qayta, jonli tasavvur etadi.
Shoira uchunchi misrada “ tog’lar ko’kni ko’tarib” turganligini yozadi. bu holat o’xshashligi orqali tog’larning balandligi, purviqorligi ifodalanib, go’yoki o’zingizni tabiat bag’rida turib borliqni kuzatayotgandek his ettiradi. Yuksak qoyalar sari xayolingizni olib qochadi.
Keyingi misrada betakror metafora keltiriladi: “buloqlari borib tongni uyg’otgan”. Bu jonlantirish, she’rni o’qib kelarkansiz, xuddi qaynab turgan buloqlar tovushi qulog’ingizga eshitila boshlaydi. Uning endi ariqlarda shildirab oqishlaridan hatto mudroq yotgan tonglar uyg’onadi. Kitobxon shu birgina misra orqali nafaqat shildirab oqib turgan buloq, oqarib kelayotgan tong, balki umuman, subhidam manzarasini tasavvur eta boshlaydi.
So’nggi misrada o’lka bag’rining Jannatga o’xshatilishi bilan uning benihoya go’zalligi-yu pokligi, betakrorligi, afsonaviyligiga ishora qiladi.Mana shu yerda metaforaning badiiyati ochiladi.
Metafora shunday birgina so’z orqali ifodalansa-da, ijodkor aytmoqchi bo’lgan fikrini mazmunan keng-u, obrazli qilib ifodalaydi. Kitobxon ong ostini harakatga keltiradi,tuyg’ularini, hislarini uyg’otadi. “Shoir ramzlar orqali nima demoqchi? She’rda qanday badiiy maqsad yiritilgan?”- degan savollar she’rxonni mushohadaga chorlaydi. Uning fikrlarini taftish etadi, o’yga toldirib qo’yadi. Va o’quvchi o’z idroki, tafakkuri, ruhiyati, dunyoqarashidan kelib chiqqan holda she’rdagi metaforalarda yoritilgan asl qatlamlarni topishga muvaffaq bo’ladi. Nega biz asl qatlam emas, qatlamlarni, deyapmiz? Chunki metaforalarga yashiringan lirik subyekt fikri, g’oyasi bir yoqlama emas, balki turli ma’no-mazmunga boydir. Buning uchun ijodkor hayotni tabiatni kuzatgan bo’lmog’i lozim. Metaforalarni qo’llash shoirdan kuzatuvchanlikni, diqqatni, hayotiy tajribalarni,izlanuvchanlikni talab etadi. She’rdagi badiiy kayfiyat, ijodkor ruhi kitobxon qalbiga to‘siqsiz ko‘chib o‘ta boshlaydi.
Bog‘larning yuragi gullagan,
Bulutlar baxtiyor qush misol-
Uchadi,
Qanoti ichidan
Zaminga rizq-u ruz qoqadi shamol.2
Shoira H.Ahmedovaning yuqoridagi misralarida bahor fasli tasvirlanadi. Lek shoira ushbu she’rda bahor jumlasini qo‘llamaydi. She’rni o‘qigan kitobxon o‘z-o‘zidan ko‘klam tarovatini his qiladi. Bilasizki bahorda birinchi bo‘lib bodom gulaga kiradi. Shoira bodomning gullashini “bog‘larning yuragi gullagan”, metaforasi bilan beradiki, bu tasavvuringizda qiyg‘os gulga kirgan bog‘lar manzarasini chizadi. Bulutlarning qushga o‘xshatilishi-tashbihi bahor osmonida bulutlarning qanot yanglig‘ harakatlanishini va bu qanotlar zaminga risq-u ro‘z, ya’ni yomg‘ir yog‘dirishini obrazli tasvirlaydi.
She’riyatda badiiy tasvir vositalaridan foydalanish she’rni jonlantiradi, oniy voqelikni yuragingizga muhrlaydi, she’rning lazzatini oshiradi.
Badiiy tasvir va ifoda vositalari tildan foydalanishda muayyan badiiy estetik maqsadni ko‘zlab, umumodatiy normadan og‘ish(ya’ni til unsurlarini odatdagidan o‘zga shakl, ma’no, tartib, munosabat va shu kabilarda qo‘llash) natijasida yuzaga keladi”.
“ Ko‘zlaringiz juda chiroyli…”-
Mayusgina shivirlab aytding.
Boshim uzra aylandi osmon,
Oy nurida turnalar qaytdi…3
Zebo Mirzoning yuqoridagi misralarida lirik qahramo- ma’shuqaning baxtiyorligi tabiat tasviri bilan uyg‘un holda ifodalangan. Oshiqdan iliq so‘z-“ko‘zlaringiz juda chiroyli” maqtov-e’tiborini eshitgandan keying holati “boshim uzra aylandi osmon”, metaforasi bilan ifodalangan. Bilasizki, xalqimiz nutqida “boshim aylandi” iborasi keng qo‘llaniladi. Bu iboraning semantik tarkibida ikkita frazeologik ma’no bor: 1.”behud bo‘lmoq” ma’nosi, ya’ni bemorlik; 2.”Esankiramoq” ma’nosi. Shoira oshiqning maqtovidan baxtiyorman, shodman, demaydi “boshim aylandi”(“esankiramoq”) iborasini “boshim uzra aylandi osmon” deya qo‘llaydiki, endi baxtiyorligini ifodalash bilan birga, shu jumla orqali shodligining darajasini ham ifodalab beradi. Guyoki oshiqning hushomadidan ma’shuqaning boshi aylangan-u bu quvonchni ko‘rib hatto ko‘kning boshi aylanib ketgandek.
“Erkin tafakkur” mevasi bo‘lmish bugungi o‘zbek adabiyoti yorqin namoyondalaridan biri Z.Mirzo o‘zining “ramziy she’riyat”i bilan she’rxonlar qalbiga kirib bormoqda. Shoira ishq kuychisi, hijron bulbuli. Uning she’rlaridagi temirdek ishq alangasida toblangan, poklangan qalb, ma’sum nigoh, olovli dard, isyon(ayriliqqa, hijronga, vafosizlikka,bevafoga) visol sog‘inchi uning she’rlarini o‘qiyotgan kitobxon xayollarini to‘s-to‘s qilib yuboradi, she’rdagi lirik qahramon muhabbatdan topgan va yo‘qotganlari endi shoiraniki emas, she’rxonniki bo‘la boshlaydi. Shoira ijodini o‘qir ekansiz,“ Vujud daraxtini yiqitgan qayg‘u” goh “sevgining piligin yoqadi”, goh “Sukuti ichida ming isyon va dod” yashaydi. Goh esa “Olislardan boylab o‘tgan nur-ishq”qa ergashib,” Bir dilni Xudoni sevgandek” sevib qolasiz.
O‘zbekiston xalq shoiri X.Davron shunday yozadi:” shoira umr bo‘yi bitta she’rni-“Ishq” sarlavhali she’rni yozayotganday. Har bir she’r oldingi she’rning davomidek tuyuladi, uni to‘ldiradi, uning yanada kuchliroq porlashiga quvvat beradi”.
Shoira poetik tasvir vositalaridan zargarona foydalanadi. Ayniqsa, metaforalar she’rdagi lirik qahramon kechinmalari, tabiat tasviri, ona, birodarlar, Vatanga muhabbatini ifodalashda yuksak mahorat kasb etgan:
Yomg‘ir yog‘ar,
Nurlar yomg‘iri,
Kulib yig‘lab ochiladi kun.
Yuragingni qiynar ishq siri,
Derazaga qaraysan mahzun.4
Yuqorida “Yomg‘ir yog‘ar”, deb boshlanuvchi she’rda shoira yomg‘ir obrazi orqali lahzalik lirik qahramon shuurida kechayotgan voqelikni tasvirlaydi. She’r boshdan oxirigacha metafora asosida yozilgan. Unda “nurlar yomg‘iri”, “kulib, yig‘lab ochiladi kun”, “yuragingni qiynar ishq siri” kabi metaforalari orqali she’rdagi ijodkor kechinmalari oydinlashadi. Yog‘ayotgan yomg‘ir-nurlar yomg‘iri. Nur- yorug‘lik, taskin, hotirjamlik, halovat. Nur bu- umid, nur bu- poklik. Demak, ilk misralardan umid nafasi ufura boshlaydi. Keyingi qatorda yashirin metafora mavjud: “kulib, yig‘lab ochiladi kun”. Bunda yomg‘irli bulutlarning quyosh qarshisidagi harakati nazarda tutilmoqda, ya’ni bahor osmoniga qaraganingizda, “abri naysonlar” dam oftob yuzini qoplab, dam qochib, go‘yo ko‘kda raqs etayotgandek bo‘ladi.
Kunning kayfiyatiga monand ravishda ijodkor kayfiyati ochiladi: “ yurakning ishq siridan qiynalishi”. Sir bu- mavhumlik.
Inson shu mavhumlikni ochishga intiladi, bu intilish esa mashaqqat, azob yo‘lidan yurishni talab qiladi. Ana shu azob, mashaqqat ko‘ngilni qiynoqlarga giriftor etadi.
Cho‘miladi daraxtlar bargi,
Mayning mayin yomg‘irlarida.
Oqib ketar dillarning zangi,
Shaffof ko‘zyoshlarning bag‘rida.
Shoira yomg‘ir yog‘ayotgandagi daraxtlar holatini “ cho‘milmoq” fe’li-metaforasi bilan ifodalaydi. Cho‘milmoq- soch uchidan tirnoqqacha poklanmoq. Bunda nafaqat daraxt yaproqlari, balki sinekdoxa vositasida butun bir tabiat poklanishi ham nazarda tutilmoqda. Yoki “mayin yomg‘irlar” birikma-metaforasi yomg‘irning ijodkor badiiy tafakkuriga ta’siri o‘laroq yoritilyapti. “Mayin!” U yoqimli, erkalovchi, chunki uning shoira ruhiga ta’siri mayin.
Uchinchi, to‘rtinchi qatorlar ham metaforik tafakkur mahsuli bo‘lib , ayniqsa, “dillarning zangi” metaforasi obrazli tarzda ifodalangan. Zang temirni yemiradi. U birdan paydo bo‘lmaydi, yillar mobaynida vujudga keladi. She’rdagi “zang” esa Dard. Zang temirni yemirsa, dard inson vujudini, avvalo, qalbni yemiradi.
Ijodkor keying misralarda yomg‘ir degan takrordan yiroqlashib, endi “shaffof ko‘zyoshlarning bag‘rida” metaforasini qo‘llaydiki, she’rning ta’siri yana-da ortadi. Dillarning zangi shaffof ko‘zyoshlar bag‘rida oqib ketadi.
Bu misralarda tabiat va ijodkor ruhiyati tasviri uyg‘unlashib ketgan. Yomg‘ir butun borliqni poklasa, ibodat shuurni, zamirni poklaydi. Ko‘zyosh o‘z-o‘zidan kelmaydi. U-yo Haqqa shukronalik, yo tavba tomchisi. Har ikkisi “vahdat ul- vujud” hosil qilur. Bu jarayonda gunohlar to‘kilib, azoblar kishidan forig‘ bo‘lgandek tuyuladi. Kishi ruhida o‘zgacha bir huzur paydo bo‘ladi. Shoira yana bir she’rida shunday yozadi:
Qo‘llarimda bir lahza turmay,
Suvga tushib ketgan gavharim.
Och to‘lqinlar - g‘animimgami,
G‘amimgami,
Sizni asradim.
She’rda ifodalanayotgan “suvga tushib ketgan gavhar”- o‘xshatish metaforasi. Gavhar-javohir- qimmatbaho tosh. Unga ega bo‘lgan inson uni ko‘z qorachig‘idek asraydi, avaylaydi. U bebaho. Demak, lirik qahramon uchun yor ana shunday qadrli, qorachiqdek mo‘tabar. Gavharning suvga tushib ketganligi esa, uning yo‘qolganligiga ishora. Yo‘qolgan gavhar birikmasidan ko‘ra “suvga tushib ketgan gavharim” metaforasi she’r ma’no diapazonini kengaytiradi, tasvirini bo‘yoqdor qilib, obrazliligini ta’minlaydi. Kitobxonni mulohazaga chorlaydi. Bundan tashqari o‘qiguvchi xayoliga hijron tuyg‘usini olib kiradi. metaforaning she’r badiiy qimmatini oshirib, tasvir maydonini kengaytirganligi shunda ko‘rinadi.
Och to‘lqinlar- g‘animim g‘ami, g‘amimgami o‘xshatishidagi “och” metaforasi g‘anim, g‘am sifatini ochib beryapti. “Och to‘lqinlar” bag‘rigan tushgan har nenida yutmoqqa shay. G‘anim- qayg‘u, g‘am- baxtsizlik. Demak, yor uning baxti ichramas, baxtsizligi ichra yo‘qolgan
Aristotel shunday yozadi: “Poeziya iste’dodli yoki majnunsifat insonning qismatidir”. 5
Iste’dodli odamlar ruhan juda ta’sirchan, majnunsifatlari esa jazavaga moyil bo‘ladilar. Shoira she’rlaridagi ruhiy munosabatlar, ishq, uning jozibasi, jazavasi; hijron, uning olovida tobora yonib, poklanib borayotgan ijodkor ko‘ngli, uning badiiy dardga do‘nib, kitobxon qalbida evrilishlar hosil qiladi. Ibrohim Haqqul:” She’riyat, avvalo, Ruhdir ,-deb yozadi. Ruh doimo hurlikka, go‘zallika intiladi”.
Z.Mirzoning ham hijronni xonish qilgan she’rlari, aslida, hajrdan yiroqlashish, uning hazing bog‘laridan o‘zini, o‘zligini olib chiqib ketishga, olislardan unga qarab qo‘llarini cho‘zib turgan baxtga, quvonchga intilishidir.
H.Ahmedova ijodida ham tuyg’ular ro’yi- rost tasvirlanadi, ayniqsa, kechinmalarning tabiat tasviri bilan yug’rilganligi she’r badiiy manzarasini yanada jonlantiradi va kitobxon ong-u shuurida badiiy bir voqeliklar gavdalantiradi. Shoira she’rlarida bir inson umri yashaydi, ya’ni bolalikdan tortib o’smirlik, yoshlik keksalik nafasini his etasiz. Hatto to’liq bir she’rda shu umr manzaralari badiiy bo’yoqlarda chiziladi. Shoira metaforalari- lirik subyekt kayfiyatini berish, emotsianallikni, tonallikni belgilashning tengsiz vositasi. Bundan tashqari, shoiraning shu to’plamida, haqiqatda, bir yashil nafas ufurib turadi, yashil umid yashaydi. Lirik qahramon umrining qishga yaqinlashib qolgani, lek tuygular orzular, olamga, odamga munosabatning aynan yashil ranglarda qayta ko’z ochayotgani, ya’ni badiiy qarama- qarshilik ijodkor badiiy maqsadini yoritishda go’yoki kalit vazifasini o’tayotgandek.
Shoira she'rlarini o’qir ekansiz, go'yoki u endi hayotga qaytgandek, umrning ibtido pallasida yashamagan-u, intiho onlari yaqinlasha boshlaganda go'dak onasini tanib mehr qo'ygan chog' ijodkor ham endigina borliqqa mehr quyayotgandek, Haqqa talpinayotgandek tuyuladi. Ijodkorni “O’tib o’tmagan kunlar bag’rini tig’laydi. U o’zidan qochadi, qochmoqqa yo’l- imkon qidiradi, lek bu yo’lning yo’qligi, uni izlab sarosar kezgan damlar ijodkor qalbini bot- bot yaralayveradi,takror- takror dog’laydi.
U Tangriga iddaolar qiladi, so’roqlar beradi,lek hech qachon undan qaytmaydi. O’zidan qocholmagach, yana Haqning ostonasiga yiqiladi. O’zining borligini, muhabbatini unga bildirgisi, ko’z –ko’z qilgisi keladi. Va,nihoyat , Undan javob topgandek ustidagi dardning libosini yirtib tashlaydi. Qora tunlar yodidan tongga- quyoshga talpinadi. Qarog’lari Haqning marhamatidan nur ema boshlaydi. Bir paytlar daryo bo’lishni istagan ko’ngil endi daryoga aylanadi. Faqat bir narsa, umrning qishida yig’ib olingan umid siniqlari endi abadga yana sochilib ketishidan cho’chiydi. Shoira go'yo yangi chiqan maysadek . U hayotga, go'zallikka intiladi. U nimalardir qilishi kerak. Endi unga soxta do'stlar, makkor dushman soya sololmaydi. Endi kapalak ko’ngillarning soxta olqishlariga ishonmaydi. Endi ularning nayranglaridan cho’chimaydi ham . Ularga yuragida uyg'ongan Haq ishqi, yashash muhabbati endi so'nmaydigan so'lmaydigan umidlari, tirilgan armonlari bilan qarshi kurasha oladi. Ular lirik qahramon qalbiga otgan toshlar yarasi, yoshlik bahorini kul qilgan lahzalar dog'i va bu yaraning hali so’nmagan cho’gi ularning o'zlarini endi "Qora jahannam "bo'lib kuydirishi mumkinligini yozadi.
Shoira ijodida badiiy tasvir va ifoda vositasi bo’lmish metaforalardan mahorat bilan foydalanadi. Go’yoki she’rga ko’chgan qalb surati-yu siyratini rassomdek chizadi, kinorejissordek kadrlarga muhrlaydi. Bu tasvirlarda esa metaforaning o’rni va ahamiyati sezilarli darajada bilinadi. Ayniqsa, metaforaning bir qismi bo’lmish jonlantirish shoira she’riyatida badiiy obraz yaratishda muhim ahamiyat kasb etgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |