10.2.Miometriyga ta’sir ko‘rsatuvchi dori vositalari
Bu guruh dorilariga kichik dozalarda ham bachadon tonusiga ta’sir etuvchi vositalar kiradi. Ularning bunday tanlab ta’sir etish xossasi miometriyning ritmik yoki tonik qisqarishini ta’minlashda qo‘llaniladi. Miometriyning qisqarishi va tonusi neyrogumoral mexanizmlar bilan boshqariladi. Jumladan, unda oksitotsin, prostaglandinlar hamda adrenergik va xolinergik nervlar qatnashadi. M-xolinoretseptorlar va α-adrenoretseptorlarni qo‘zg‘atilsa, bachadon mushaklari qisqaradi, β2-adrenoretseptorlarni qo‘zg‘atilsa, bo‘shashtiradi.
Bachadonga ta’sir etuvchi vositalar
Bachadonga ta’sir etuvchi vositalar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
Asosan miometriyning qisqarishiga ta’sir etuvchi vositalar:
kuchaytiruvchilar: oksitotsin, pituitrin, dinoprost (PGF2α), dinoproston (PGE2).
susaytiruvchilar:
β2-adrenomimetiklar: fenoterol, salbutamol.
-narkoz vositalari: natriy oksibutirat
-turli vositalar: magniy sulfat
Asosan miometriy tonusini kuchaytiruvchi vositalar:
Koramig‘ dori vositalari: ergometrin moleat, ergotamin gidrotartrat, ergotal, koramigning quyuq ekstrakti.
sintetik dori vositalar: kotarnin xlorid.
Bachadon bo‘yni tonusini susaytiruvchi vositalar: Atropin sulfat, dinoprost, dinoproston.
Asosan bachadon qisqarishini kuchaytiruvchi vositalari:
Oksitotsin – gipofizning orqa bo‘lagi gormoni–oktapetid. Miometriyni ritmik qisqarish kuchini oshiradi (to‘lg‘oq chaqiradi). Homiladorlikda bachadon unga ta’sirchan bo‘ladi. Oksitotsinning ta’siri homiladorlik davomligi oshgan sari ortadi va tug‘ish davrida eng yuqori bo‘ladi. Oksitotsin ta’sirida bachadoni qisqarish kuchi va qisqarish soni ortadi. Oksitotsinning katta dozalari bachadon tonusini ham oshiradi. Bir vaqtning o‘zida sut bezlarining sekretsiyasi va sut ajralishi ham ortadi. Oksitotsin tomirga tomchilab, tug‘ish jarayonini qo‘zg‘atish va uni kuchaytirish (tezlashtirish) uchun, hamda homila tug‘ilgandan keyingi davrda esa qon ketishini to‘xtatish va bachadon atoniyasini bartaraf etish uchun qo‘llaniladi.
Dezaminooksitotsin – oksitotsinni sintetik dori vositai. Oksitotsinga nisbatan ta’siri kuchliroq, lekin oksitotsinni parchalovchi fermentlar ta’siriga chidamli og‘iz bo‘shlg‘idagi shilliq qavatlardan yaxshi so‘riladi, parchalanmaydi, shuning uchun lunjga quyiladi (transbukalno). Dori vosita qon bosimiga ta’sir etmaydi. Tuqqan ayollar bachadon invalyusiyasi (ya’ni o‘z xoliga qaytish) va sut ajralishni kuchaytirish uchun qo‘llaniladi.
Pitiutrin – oksitotsin va vazopressin aralashmasi (antiidiuretik gormon) Oksitotsinga nisbatan kamroq tanlab ta’sir etadi, qon bosimi ko‘taradi.
Gifototsin – gipofizning orqa qismidan ajratilib, tozalangan dori vosita, asosan oksitotsindan iborat, vazopressin kamroq. Oksitotsin kabi qo‘llaniladi.
Dinoprost – PGF2α Akusherlik amaliyotida qo‘llaniladigan prostaglandinlarning asosiy namoyondasi. Miometriy hujayralarida joylashgan, faqat o‘ziga xos bo‘lgan retseptorlarning kuchli qo‘zg‘atish xossasiga ega. Dinoprost homilador bo‘lgan yoki bo‘lmaganligidan qatiy nazar bachadonning ritmik qisqartirishini va tonusni oshiradi, hamda bachadonni bo‘ynini bo‘shashtiradi. Dinoprost bronxlarning silliq mushaklarining qisqarishini ham oshiradi, ayniqsa bronxial astma xastaligi borlarda. Dori vosita yurakning sistolik hajmini oshiradi, taxikardiya chaqiradi, lekin qon bosimini o‘zgartirmaydi, katta dozalarda qon bosimini oshiradi. O‘pka tomirlarini terapevtik dozalarida toraytiradi, MIT motorikasini oshiradi. Tomirlarining o‘tkazuvchanligini oshiradi, sariq tanani degeneratsiyasiga olib keladi (lyuteoliz).
Ko‘rsatmalar: homiladorlikni to‘xtatish uchun, tug‘ish jarayonini qo‘zg‘atish yoki kuchaytirish uchun uchun (tulgok).
Noxush ta’siri: flebit, dispepsiya, gipertermiya, taxikardiya, bronxospazm.
Glaukoma, bachadonda chandiq bo‘lsa, anatomik va klinik tor chag‘onoqda, buyrak va jigar xastaligida, yurak tomir yetishmovchiligida qo‘llash mumkin emas.
Metildinoprost-sintetik dori vosita dinoprostga nisbatan kuchli va davomli ta’sir ko‘rsatadi.
Dinoproston (PGE2) – Prostoglandin E2 bo‘lib, homilador ayol bachadonini kuchli ritmik qisqarishini va tonusini oshiradi, hamda bachadon bo‘ynini bo‘shashtiradi. Tomirlarning umumiy qarshiligini pasaytiradi, qon bosimini tushiradi. Lekin dinoprostondan farq qilib, o‘pka tomirlarini toraytirmaydi, bronxospazm chaqirmaydi. Kapillyarlar o‘tkazuvchanligini va yurak urishi sonini oshiradi (taxikardiya), chunki sAMF miqdorini kamaytiradi. Dinoproston ichak motorikasini (harakatini) oshiradi, me’da sekretsiyasini susaytiradi. Lyuteolitik ta’sirga ega. Dinoprost kabi qo‘llaniladi.
Fenoterol – tokolitik vosita bo‘lib, bachadonning β2-adrenoretseptorlarini qo‘zg‘atadi. Vaqtidan avval boshlangan tug‘ish jarayonini to‘xtatadi. CHunki bachadon mushaklarining kuchli bo‘shashtiradi. Samaradorligi yuqori dori vosita. Lekin bachadonga tanlab ta’sir etish xossasi yo‘qligidan, ko‘pgina noxush ta’sirlar rivojlanadi (taxikardiya, titrash, qon bosimini pasayishi, mushaklarning bo‘shashishi, terlash, dispepsiya). Ichilganda (tabl) salbutamolga nisbatan tezroq ta’sir ko‘rsatadi. Lekin qisqa ta’sir etadi. Homila va chaqaloqga unchalik ta’sir ko‘rsatmasa ham, ona bolada taxikardiya chaqiradi.
Magniy sulfat – miometriy hujayralariga kalsiy ionlarini kirishini buzadi. Kalsiy miometriyning qisqarishi uchun zarur. Bundan tashqari magniy sulfat to‘g‘ridan-to‘g‘ri miometriyga salbiy ta’sir etib, uni qisqarishini susaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |