2-BOB. “METALL IONLARINING TIRIK ORGANIZMLARDAGI AHAMIYATI” MAVZUSI BOʻYICHA DIDAKTIK MATERIALLAR
2.1. Pedagogik texnologiyalari haqida tushuncha
Xalqning boy intellektual merosi, umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish Oʻzbekiston taraqqiyotining muhim shartidir”.
XXI asrda Oʻzbekiston ta’lim tizimini isloh qilish va takomillashtirish ustivor vazifalardan biridir. Bu esa, oʻz navbatida kimyogar olimlarimiz zimmasiga tegishli oʻquv fanlari boʻyicha oʻquv adabiyotlarini hozirgi davr talabi va ilm-fanning soʻnggi yutuqlarini hisobga olgan holda yangilab borish, ta’lim jarayoniga innovatsiya va ta’lim texnologiyalarini joriy etishni taqozo etmoqda.
Har qanday pedagogik texnologiyaning oʻquv-tarbiya jarayonida qoʻllanilishi shaxsiy xarakterdan kelib chiqqan holda, talabani kim oʻqitayotganligi va oʻqituvchi kimni oʻqitayotganiga bogʻliq. SHuning uchun ham ta’lim muassasa- larining oʻquv-tarbiyaviy jarayonida zamonaviy oʻqitish uslublari - interfaol uslublar, innovatsion texnologiyalarning oʻrni va ahamiyati beqiyosdir. Pedagogik texnologiya va ularning ta’limda qoʻllanishiga oid bilimlar, tajriba talabalarni bilimli va yetuk malakaga ega boʻlishlarini ta’minlaydi.
Innovatsion texnologiyalar pedagogik jarayon hamda oʻqituvchi va talaba faoliyatiga yangilik, oʻzgarishlar kiritish boʻlib, uni amalga oshirishda asosan interfaol metodlardan foydalaniladi.
Boshqacha soʻz bilan aytganda, oʻqitishning interfaol uslubiyotlari – bilish va kommunikativ faoliyatni tashkil etishning maxsus shakli boʻlib, unda ta’lim oluvchilar bilish jarayoniga jalb qilingan boʻladilar, ular biladigan va oʻylayotgan narsalarni tushunish va fikrlash imkoniyatiga ega boʻladilar.
Hozirgi kunda oʻquv rejasida fan uchun ajratilgan oʻquv yuklamalarining katta qismi mustaqil ta’limga ajratilgan boʻlib, bunda talabalarda erkin ijodiy fikrlash, topshiriqlarni mustaqil hal qila olish qobiliyatini hamda berilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashish hissini shakllantirish asosiy maqsad qilib qoʻyilgan. Lekin hozirda talabalar mustaqil ta’limi ilmiy-uslubiy jihatdan qoniqarli darajada tashkil etilgan, deb aytish qiyin. Mustaqil ishlarni tashkil etishda zamonaviy usullardan foydalanish qaysidir ma’noda yoʻlga qoʻyilgan.
Masalan, hozirda keng qoʻllanilayotgan usullardan biri bu – loyihalar usuli boʻlib, har bir talabaga oʻquv semestri boshida ma’lum bir mavzu loyihasi beriladi. Semestr davomida talaba ushbu loyihani batafsil oʻrganib, asosan referat yozish va uni himoya qilish orqali baholanadi. Biroq, talaba mustaqil oʻzlashtirishi lozim boʻlgan boshqa mavzular qolib ketadi. Demak, fan uchun rejalashtirilgan oʻquv materialning katta qismi bitta referat yozish orqali“bajarilmoqda”.
Nemis pedagogi Adolf Disterveg «Yomon oʻqituvchi haqiqatni shunchaki aytadi-qoʻyadi, yaxshisi esa uni topishga oʻrgatadi», deb aytgan. Haqiqatan ham, bugungi kunda yetishtirilayotgan kadrlarga qoʻyilgan talab muammoli, qiyin vaziyatlarda nostandart boʻlsa-da toʻgʻri va oqilona qarorlar qabul qila olish koʻnikmalariga ega boʻlishni taqozo etadi. Bundan,oʻqitishning mavjud an’anaviy koʻrinishidan zamonaviy usullarga oʻtish davri yetib kelganligini anglash mumkin.
Ma’lumki, oʻtgan asrning 20- yillaridan Garvard universiteti (AQSh) biznes maktablarida keys texnologiyadan foydalanish ommalasha boshladi. Keys inglizcha “case” soʻzidan olingan boʻlib, “holat”, “vaziyat” ma’nosini anglatadiva real hodisalar yoki unga yaqinlashtirilgan muammoli vaziyatlarni hal etishga asoslangan oʻqitish tizimidir. Dastlab, huquqshunoslikni oʻqitishda qoʻllanilgan, keyinchalik esa iqtisodiyot sohasida menejerlarni tayyorlashda qoʻl kelgani uchun bu usul biznes maktablarda ommalashdi. 50- yillardan Gʻarbiy Yevropaga, 90- yillarga kelib esa Rossiyaga kirib keldi. 2000- yillardan boshlab oliy ta’limda fanlarni oʻqitishda keyslardan foydalanish butun dunyoda keng yoyildi. Hozirgi kunda case-study boʻyicha Garvard universiteti yetakchilik qilmoqda va har yili 1000 ga yaqin huquqshunoslik, tibbiyot sohasi hamda biznes keyslar ishlab chiqilmoqda. 2000 yildan boshlab keys texnologiya texnik va tabiiy fanlarni oʻqitish amaliyotida qoʻllanila boshlandi.
Masalan, AQSh kimyogarlari kongressining jurnali Journal Of Chemical Education kimyo fani boʻyicha keyslarni yaratish yuzasidan uslubiy ishlarni nashr etib kelmoqda. Rossiya Federatsiyasida ham kimyoni oʻqitishda keys texnologiyadan foydalanish borasidagi ishlar natijasida ilk marta 2012 yilda nomzodlik dissertasiyasi himoya qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |