2-Mavzu : Ommaviy madaniyat va zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari. Ommaviy madaniyatning xususiyatlari.
Reja:
1.Zamonaviy mazmundagi ommaviy madaniyatga mansub bo‘lgan (andozaviy) g‘oyalar, qarashlar.
2. Ommaviy madaniyatning o‘z kamchilikiari va tug‘dirayotgan xavf-xatari. Vizual ommaviy madaniyat.
3.“Ommaviy madaniyat” tushunchasini “madaniyatning ommalashuvi” tushunchasidan farqlay bilish lozimligi.
XXI asr hayot sur’atlarining shiddatli va murakkab kechayotgani, axborotning aql bovar qilmas darajada tez almashinayotgani, keskin fikr almashuvlar yuz berayotgani bilan ham e’tiborlidir. Birinchi Prezidentimiz «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida insoniyatning bugungi kuni yuksak texnologiyalar asri yoki yalpi axborotlashuv zamonidan ko‘ra, globallashuv davri degan ta’rifga ko‘proq mos tushishini ta’kidlaydi: «Globallashuv – bu avvalo hayot sur’atlarining beqiyos darajada tezlashuvi demakdir». Bu murakkab jarayonning ijobiy jihatlari sifatida integratsiya va hamkorlik aloqalarining kuchayishi, xorijiy investitsiyalar, kapital va tovarlar, ishchi kuchining erkin harakati uchun qulayliklar vujudga kelishi, zamonaviy ilm-fan yutuqlarining tezlik bilan tarqalishi, turli qadriyatlarning umuminsoniy negizda uyg‘unlashuvi singari bir qator omillar qayd etilib, masalaning salbiy ko‘rinishi sifatida mafkuraviy tahdidning sabab va oqibatlari keng tahlil qilinadi: «Shuni unutmaslik kerakki, bugungi kunda inson ma’naviyatiga qarshi yo‘naltirilgan, bir qarashda arzimas bo‘lib tuyuladigan kichkina xabar ham axborot olamidagi globallashuv shiddatidan kuch olib, ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin zararini hech narsa bilan qoplab bo‘lmaydigan ulkan ziyon yetkazishi mumkin». Darhaqiqat, bugun globallashuv hosilasi bo‘lgan «ommaviy madaniyat» tushunchasi butun dunyoda ma’naviy xavf-xatarga aylandi. Bu hodisaning paydo bo‘lishi xususida turli qarashlar mavjud. Masalan, rossiyalik olima Yelena Smolskaya «ommaviy madaniyat»ni ommaviy aloqalar tufayli yuzaga kelgan desa, amerikalik sotsiolog D.Uayt fikricha, rimlik gladiatorlarning vahshiyona olishuvini odamlar tomosha qilgan paytdayoq bu salbiy holatning ilk unsurlari namoyon bo‘lgan. Ayrim sotsiolog-analitiklarning nuqtai nazaricha, XVII-XVIII asrlarda kapitalizmning yuzaga kelishi elita va omma madaniyatini ajratib tashlagan. Umuman olganda, XX asr boshlariga kelib radio, kino, televideniye, ko‘p nusxada nashr etiladigan bezakli jurnallar, arzon va «hamyonbop» kitoblar, grammofon plastinkalari, so‘ng VCD va DVD disklar hamda internet saytlari ommabop materiallarni betinim va betizgin ravishda uzatib, keng auditoriyani egallab olgani tufayli bu hodisa kelib chiqdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham bugun bashariyat ma’naviyatiga axloqsizlik, fikrsizlik, didning o‘tmaslashuvi xavf solmoqda. Oqibatda aksariyat odamlar tafakkurdan ko‘ra, axborot ortidan ergashishga moyil bo‘lib borayotir. «Ommaviy madaniyat» mahsulotlari asosan san’at namunasidan ko‘ra, tovar xususiyatiga egaligi, keng miqyosdagi auditoriyani egallaganligi, axloqiy va ma’naviy tanazzulga yetaklashi bilan xarakterlanadi. O‘quvchi (tomoshabin, tinglovchi) vaqtini o‘g‘irlaydigan bunday asarlar insoniy munosabatlarga jo‘n baho berishi, axloqiy me’yorlarni yemirishi, ko‘ngilochar komikslarda tarallabedod sarguzashtlar, shahvoniy hirsni qo‘zg‘aydigan kadrlarga keng o‘rin ajratilishi, ong ostidagi yashirin boshqa shahvoniy istaklarni qo‘zg‘ashi, milliy va irqiy ayirmachilikka undashi singari bir qator xususiyatlar bilan tavsiflanadi. Odatda axloqsizlikni axloq deb targ‘ib etadigan «ommaviy madaniyat» unsurlari bugun yurtdoshlarimiz tasavvuriga ham sezilarli ma’naviy xavf solmoqda. «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida kommunistik mafkura va uning axloq normalaridan voz kechilgach, odamlarimiz ongida paydo bo‘lgan g‘oyaviy bo‘shliq o‘rnini ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan «ommaviy madaniyat» egallashi mumkinligidan xavotirlanib, ta’kidlaydi: «Tabiiyki, «ommaviy madaniyat» degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, kerak bo‘lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo‘porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo‘ymaydi». Axloqiy buzuqlik – bu ma’naviyatdagi muvozanatning buzilishi, ongdagi axloqiy quvvat o‘rnini shahvoniy hirs, tafakkurni esa manqurtlik egallashi demakdir. Axloqiy buzuqlikning avj olishini muqaddas dinimiz qoidalari ham, milliy urf-odatlarimiz ham inkor etadi. Taassufki, bugun, «sariq matbuot» nashrlarida hikoya, qissa, hattoki roman janri ostida peshma-pesh chop qilinayotgan saviyasiz «asar»lar, internet saytlari, disklar hamda mobil telefonlarning hojatbaror programmalri orqali qo‘lma-qo‘l tarqalayotgan «tomoshabop» kadrlar xalqimiz, ayniqsa yoshlarimiz tarbiyasi uchun juda xatarlidir. Bunday ma’naviy xavf-xatar esa bugun paydo bo‘lgani yo‘q. O‘tgan asrning 90-yillarida xalqimiz hayotiga ommaviy tarzda kirib kelgan video bu jarayonning boshlanishi edi. O‘sha paytlar hatto chekka qishloqlarda ham kimlardir uyini «videoxona»ga aylantirib, tomoshabinlarga asosan axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik kadrlari aks etgan xorijiy filmlarni namoyish qilishni tirikchilik vositasiga aylantirgandi. Asosan zino, o‘g‘rilik, jinoyatchining huquq-tartibot xodimlariga qanday chap berishi singari odamlarni muqaddas qadriyatlarimiz va to‘g‘ri hayot kechirishga qarshi qo‘yadigan sujetlardan iborat bunday xorijiy filmlarni inkor qilishga o‘shanda aksariyat tomoshabinning ma’naviy quvvati yetmadi.
Tarixdan ma’lumki, yog‘ochning bo‘shini qurt yeganidek, ma’naviy tanazzul ham hamisha kichkina masaladek ko‘ringan mayda ishlardan boshlanadi. Bugun globallashuv, xususan «ommaviy madaniyat» hosilasi bo‘lgan bir jinsli kimsalarning (odam deyishga til bormaydi) nikohdan o‘tayotgani, birga yashayotgani hammasidan ham katta fojiadir. Ayanchilisi, Amerika va Yevropadagi ayrim mamlakatlarda bu fojiali holatga qonunan ruxsat berilayotganini bugun insoniyat ham dahshat, ham loqaydlik, ham kulgi bilan kuzatmoqda. Birgina o‘tgan yili o‘z jinsdoshi bilan nikohdan o‘tishni istayotganlar va bunga qonunan ruxsat berilgan hududlar soni ko‘paygani haqidagi ma’lumotlarni o‘qib, odam tavba deb yoqasini ushlaydi. Eng achinarlisi, shunday qabohatning avj olishini demokratiya belgisi, deb targ‘ib qilayotganlar xorijda kam emas. Bunday ma’naviy majruhlik esa milliy qadriyatlarimizga xavf solmaydi, deb beparvo bo‘lish, agar ta’bir joiz bo‘lsa, hademay bosib tushadigan uyda bemalol o‘tirish bilan teng. Xorij ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, yaqinda ana shunday «demokratiya» tarafdorlaridan bir guruhi qo‘shni mamlakatlardan birida yig‘ilish o‘tkazib, bir jinsli shaxslarning nikohdan o‘tishiga qonuniy ruxsat berish kerakligi to‘g‘risida ko‘p vaysagan. Ularning nuqtai nazaricha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida sog‘lom aql qabul qila olmaydigan bunday fojiaga qonunan ruxsat berilmagani mintaqamizda demokratiya yo‘qligi, odamlarning esa taraqqiyotdan orqada qolganini anglatar emish. G‘arbdagi ayrim «donolar»ning bunday xurmacha qiliqlari atoqli adib Ernest Xemengueyning gapini esga soladi: G‘arbning «boy berilgan avlodi» otasiga salom berishni o‘rgatayotgan bolaga o‘xshaydi. XX asr boshlarida Yevropa san’atida «dadaizm» nomi ostida paydo bo‘lgan oqim inson tasavvuri va tafakkuridagi loyqalanishni boshlab berdi. Ushbu oqim tarafdorlari «Hech qanday dasturga suyanmaslik – dasturimiz», degan shior ostida jazavaga tushib, insoniyat necha asrlardan buyon ulug‘lab, sayqal toptirib kelgan muqaddas tushunchalarni oyoqosti qilishga kirishdi. Oqibatda, bugun manqurt avlod paydo bo‘ldi. E’tiborlisi, bu tubanlikni bayroq qilib ko‘targanlardan biri – Tristan Tzara vaqt o‘tib, barcha qilmishlariga pushaymon bo‘ladi: «O‘ylashimcha, o‘z kalavasini yo‘qotgan odamlarning tushkunligi va gumrohligi hatto tajovuzkor tuzumdan ham ko‘ra xavfliroqdir». «Ommaviy madaniyat» zangga o‘xshaydi. Muhofaza qilinmasa, hatto metin irodani, mustahkam e’tiqodni ham yemiradi. Axloqiy buzuqlik bilan millatni ichdan buzish, muqaddas qadriyatlarimizni yo‘qotish, ularning o‘rniga manqurtlikni, didsizlikni, iymonsizlikni joriy qilish zamirida, aslida shunchaki ermak, o‘yin-kulgu va ko‘ngil ochish bilan bog‘liq «madaniyat» emas, kattaroq, yovuzroq maqsadlar, millatni milliy o‘zagidan ayirib, olomonga aylantirish orqali ekspansiya qilish yashiringanini hamma ham, ayniqsa, yoshlar anglab yetavermaydi. Bugun yoshlarimiz tasavvurida Alpomishu Go‘ro‘g‘lidan ko‘ra allaqanday Anpanman, Shrek, Popay singari g‘ayritabiiy maxluqlar, o‘q o‘tmas robotlar, oxiri yo‘q dushmanni qirishga kirishgan avtomatlar, na maqsadi, na tuturug‘i bo‘lgan Garri Potterlar ko‘proq ildiz otayotgani ayanchlidir.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko’ra, bugun butunjaxon Internet tarmog’ida o’z joniga qasd qilishning oson yo’llarini targ’ib qiluvchi 9 ming, erotik mazmunga ega 4 mingdan ziyod saytning mavjudligi har birimizni mushohada qilishga undashi tabiiy. Mutaxassislar e’tiroficha, dunyodagi bolalar va o’smirlarning 42 foizi «onlayn-pornografiya» ta’siriga tushayotgan ekan. Yoki kompyuterlarga kiritilgan o’yinlarniig 49 foizi zo’ravonlik va yovuzlikni, beshafqat urushlar, otishmalar, portlashlarni targ’ib qilishi nimadan dalolat beradi?
Bu kabi tahdidlar, avvalo, yoshlarniig ongini egallashga yo’naltirilgan bo’lib, xalkimizning ma’naviy xazinasi bo’lgan odob, axloq, sharm-hayo, iffat-andisha kabi yuksak fazilatlarimizga tajovuz qilib, ko’p ming yillik milliy qadriyatlarimizning ildiziga putur yetkazayotgani ham, taassufki, bor gap.
Yevropa mamlakatlarida internet ham umumyevropa qonunchiligi, ham har bir davlatning o’z huquqiy-me’yoriy hujjatlari bilan tartabga solinadi. Masalan: “Kiber jinoyatlar to’g’risida”gi Konvensiya, “Voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz Internet to’g’risida”ti yevropa Itgafoqi parlamenti Assambleyasining tavsiyalari, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Fransiya kabi ilg’or davlatlarda voyaga yetmagan va yoshlarning axborot xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonunlar shular jumlasidandir.
Kelgusida yoshlarning axborot muxitidagi ijtimoiy ongini monitoring qilish tizimini shakllantirish, “virtual” axborot hududida ularning ustuvor nuktai-nazarlarini o’rganiig, kelajak avlodning axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan aholini himoya qilish, o’sib kelayotgan avlodning media-savodxonligini muntazam oshirib borish, yoshlarning ma’naviyatiga ta’sir ko’rsatuvchi “ommaviy madaniyat” tahdidi va yot oqimlarning haqiqiy moxiyatini ochib beruvchi ma’lumotlarni yetkazish tizimini yo’lga qo’yish bo’yicha faoliyatni yanada rivojlantirish kabi masalalar jamiyatimiz oldida turgan vazifalardan bo’lib qoladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga Murojaatnomalarida O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining muhim o‘rni haqida alohida ta’kidlab o‘tdi. Va bu borada Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan so‘nggi ikki yil ichida bir qator yo‘nalishlarida keng ko‘lamli va kompleks ishlar olib borildi.
Qo‘lma-qo‘l o‘qilayotgan «ko‘ngilochar» gazetalardagi shahvoniy maylni qo‘zg‘ashga mo‘ljallab yozilayotgan «asar»lar siyqa, bir xil shablondan iborat: ya’ni, o‘qishga kirmoqchi bo‘lib shaharga kelgan qiz qiynaladi, ishga kirmoqchi bo‘ladi, bir kimsani uchratadi, u yordam beraman deb qizni aldaydi, zo‘rlaydi, notavon qiz yig‘laydi, o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladi, keyin esa yomon yo‘llarga kirib ketadi… Individuallikning bir qirrasi bo‘lgan shaxsiy fikr iqtidorning namoyon bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Odamning o‘z nuqtai nazariga ega bo‘lishini qadriyatlarimiz ham qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq shaxsiy fikrning borligi boshqalarning fikriga hurmatsizlik qilish kerak, degani emas. Qolaversa, millatimiz azal-azaldan yoshi ulug‘ kishini to‘rga o‘tqazib, gapiga quloq solib, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zidan bir-ikkita ko‘ylak ko‘proq yirtgan keksalarning nasihatiga amal qilib kelgan. G‘arb mamlakatlaridagi odamlar psixologiyasida esa alohida fikrlash, xudbinlik, o‘zgalar fikrini inkor qilish evaziga shaxsiy qarashlarni isbotlashga urinish kuchli. Demak, «ommaviy madaniyat»ga daxldor individualizm deyilganda, faqat va faqat o‘zgalar, ayniqsa yoshi ulug‘lar fikriga hurmatsizlik qilish ma’nosi nazarda tutilmoqda. Yaqinda bir o‘qituvchi nolib qoldi: «Ey, uka, butun bir qishloqning bolasiga ta’lim berdim-u, o‘zimning bittagina o‘g‘limga to‘g‘ri tarbiya berolmadim. Erkin o‘ssin deb, doim uning ko‘ngliga qaradim. Biz otamizdan hayiqar edik, o‘g‘lim bo‘lsa meni oldimda ham qarta o‘ynaydi, pivo ichadi. Indamadim. Nimagaki qiziqsam, ota-buvam «katta bo‘lsang, bilasan», derdi. Men esa demokratik tarbiya deb, unga hamma gapni aytaverdim-aytaverdim. Topganim – otasining fikrini bir tiyinga olmaydigan bola, yo‘q, bola emas, balo bo‘ldi…» Bunday ayanchli misollarni, afsuski, ko‘plab keltirish mumkin. Umumbashariy ma’naviyat hamisha milliy ma’naviyat negizida shakllanib kelgan. O‘zbek ma’naviyatining esa o‘z tarozisi bor. O‘zbek xalqi hamisha uyatni o‘limdan qattiq, or-nomusni tiriklik asosi deb bilgan va o‘z qadrini o‘zgalarga bo‘lgan hurmati bilan bir qatorga qo‘ygan. Darhaqiqat, har bir daraxtning o‘qildizi bo‘lganidek, har bir millatning ham umumbashariy ma’naviyatdan oziqlanadigan va o‘z navbatida umuminsoniy ma’naviyatni boyitadigan milliy qadriyatlari bor. Milliy qadriyatlarimiz negizida inkordan ko‘ra sayqallanish, shubhadan ko‘ra ishonch ko‘proq ulug‘lanadi. Milliylik – bu qiyofa, qiyofasizlik esa muqarrar halokatdir. O‘z shajarasini bilmagan, o‘zini hurmat qilmagan, o‘zining oldida javobgarlik tuymagan odam na ota-onasiga, na oilasiga va na xalqiga biror naf keltiradi. Globallashuv – olomonlashuv degani emas. Bu Birinchi Prezidentimizning «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ham alohida ta’kidlangan. Tobora kuchayib borayotgan g‘oyaviy xavf-xatarlarni muntazam va uzluksiz ravishda olib boriladigan ma’naviy tarbiya, bir so‘z bilan aytganda, ma’rifat bilan yengish mumkinligi ko‘rsatib berilgan: «Barchamizga ayon bo‘lishi kerakki, qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi». Doimo or-nomusli, iymonli, mag‘rur yashashni hayot tamoyiliga aylantirgan o‘zbekona qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi – milliy qiyofamizni asrab qolishning yagona najot yo‘li. Boshqacha aytganda, saodatga eltuvchi yo‘l – o‘zbek fenomenida asrlar osha yashab kelayotgan to‘g‘ri tarbiyadir.
Ommaviy madaniyatning salbiy ta’siri
Tabiiyki, «ommaviy madaniyat» degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zo’ravonlik, individualizm, egotsentrizm g’oyalarini tarqatish, kerak bo’lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negizlariga bepisandlik, ularni qo’porishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qo’ymaydi.
Islom KARIMOV
Individualizm va egotsentrizm
1. jamiyat manfaatlarini mensimaslik.
Do'stlaringiz bilan baham: |