Кirish
Quldor Rim davlatning tanazzulga uchrashi va g`arbiy Yevropada
feodallikga o`tish jarayonlari qabila va xalqlarning o`zaro harbiy to`qnashuvlar va
harakatlar sodir etilayotgan murakkab bir sharoitda bo`lib o`tdi. "Yovvoyi"
qabilalar ta`ziyqi ostida qulagan Rim imperiyasi yangi tarixiy sharoitlarga tezda
moslasha olgan va feodallikning g`oyaviy tayanchiga aylangan nasroniy
cherkovning kuchli va pishiq tuzumi bilan bu qabilalarga g`oyaviy ta`sir etardi.
Sharqda Xitoy va Hindiston g`arbiy Yevropaga nisbatan feodal tuzumga o`tishi
jadalroq kechdi, va bu mamlakatlar o`zining iqtisodiy va madaniy rivojlanishida
ham ancha ilgarilab ketdi, bu narsa esa fanning rivojiga ham, shubhasizki, o`z
ta`sirini ko`rsatdi.
VII asr boshlarida Araviya yarim orolida qiziq va bir tomondan sirli hodisa
yuz berdi. U yerda ko`chmanchi va yarimko`chmanchi qabilalar savdogar
Muhammad targ`ib qilgan yangi din, ya`ni, islom dini bayrog`i ostida birlashdilar
hamda qisqa vaqt ichida Eronni, O`rta Sharq davlatlarini, Misrni bosib olgan va
Yevropaning Pireney yarimoroligacha kirib borgan kuchli urushqoq arab davlatini
barpo etdilar. Fan va madaniyat tarixida arablar muhim rol o`ynadilar. Ular antik
va g`arbiy madaniyatni, antik va o`rta asrdagi fanni bog`lovchi xalqa vazifasini
o`tadilar. Natijada, ertangi o`rta asrlarda (VII - XI asrlar) fandagi yetakchi rolini
Sharq o`ynagan edi. Faqatgina keyinchalik, yevropaliklarning Sharqqa qilgan
yurishlaridan so`ng g`arbiy fan bir muncha jonlanadi, u yerlarda universitetlar
paydo bo`ladi, yirik olimlar yetishib chiqadi. Shu bilan birga rivojlangan feodalizm
deb nomlanmish bu davr (XI - XV asrlar) ishlab chiqaruvchi kuchlarning intensiv
rivojlanishi, xunarmandchilik va savdogarchilik rivojlanishi bilan ta`riflanadi
hamda ishlab chiqarishning yangi, kapitalistik usuliga va yangi iqtisodiy tuzum,
ya`ni, kapitalizmga o`tishga zamin tayyorlaydi.
Feodalizmning parchalanishi va yangi iqtisodiy shakllarga o`tish XV asrning
oxiridan XVII asrning birinchi yarmisiga qadar davom etadi. Fan uchun bu davr
katta ahamiyatga ega, chunki aynan shu davrda yangi, tajribali tabiatshunoslik
paydo bo`ldi. Shunday qilib, o`rta asrdagi fanning tarixi jamiyatning rivojlanish
tarixiga monand uchta xronologik bo`laklarga taqsimlanadi:
1. Sharqda fanning rivojlanish davri (VII - XI asrlar);
2. Yevropalik feodal fanning rivojlanish davri (XI - XV asrlar);
3. Tajribali tabiatshunoslikning paydo bo`lish davri (XV asrning oxiri - XVII
asrning birinchi yarmi).