QOZOQ ADABIYoTI
A d a b i yo t l a r :
1. Kratkaya literaturnaya ensiklopediya T. 1. M., 1962.
2. Kratkaya literaturnaya ensiklopediya T. 2 M., 1964.
3. Literaturno‘y ensiklopedicheskiy slovar. M., 1987.
4. Karataev M. Kazaxskaya literatura. Alma-Ata. 1960.
5. Karataev M. Kaxaxskaya literatura na sovremennom etape Alma-
Ata, 1979.
6. Abay. O‘lanlar. Toshkent 1954.
7. Muxtor Avezov. «Abay», «Qarashq-qarash», «Ko‘pyol».
8. Abdujalil Nurlesov. «Qon va ter».
9. O‘ljas Sulaymonov. «Aziya».
10. Anvar Olimjonov. «Muhambet nayzasi».
Hozirgi Qozog‘iston hududida qadimgi zamonlardanoq paydo bo‘lgan savdo-hunarmandchilik markazlari va hosildor ekin maydonlari bir bir qatorda, qozoq xalqining milliy madaniyati namunalarini ham XIII asrda mo‘g‘ul bosqinchilari yer bilan yakson qildilar. Asrlar bo‘yi davom etgan feodal-patriarxal tuzum natijasida qozoqlar yurtida faqat tarqoq ko‘chmanchi-chorvachilik xo‘jaliklari tashkil etildi, xolos. XVI asrlarga kelib tashkil topgan kattajuz, o‘rtajuz va kichikjuz deb ataladigan urug‘ uyushmalari 1723 yilda mamlakatga yopirilib kelgan jungorlar (qolmiqlar) hujumiga bardosh berolmadi. Natijada qozoq xalqining chet el bosqinchilariga qul bo‘lish xavfi tug‘ildi. Shundan keyin qozoq juzlarini Rossiya imperiyasiga qo‘shish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Chor Rossiyasi qozoq cho‘liga zulm va zo‘ravonlik bilan birga ilg‘or madaniyat va progressiv g‘oyalarni ham olib keldi. Bu qo‘shilish ob’ektiv suratda birmuncha iqtisodiy siyosiy va madaniy yuksalishga sabab bo‘ldi. Ko‘chmanchi chorvadorlarning o‘rtoqlashuvi tezlashdi. Sanoat o‘choqlarida mahalliy ishchilar sinfi shakllana bordi.
Qozoq yozma adabiyoti ancha kech shakllandi. XIX asrgacha qozoqlarda adabiyot, asosan, xalq og‘zaki ijodiyoti shaklida rivojlandi. Qadim zamonlardan beri og‘izdan-og‘izga ko‘chib kelgan xalq maqollari, ashula va qo‘shiqlari, ertak va dostonlarida qozoq mehnatkashlarining og‘ir ahvoli, ozodlik uchun olib borgan kurashlari aks ettirilgan.
Qozoq xalq qo‘shiqlari, ertak va dostonlari turli-tuman mavzularni qamrab olgan. Ularda qozoq mazluma ayollarining mardlik-shijoati ham, tadbirkor, dono Aldarko‘saning maroqli sarguzashtlari ham, Qo‘blandi botir, Ertarg‘in va Qambar botir singari xalq bahodirlarining qahramonliklari ham o‘z aksini topgan. Qozoq xalq og‘zaki ijodi asarlarida turli ijtimoiy tabaqalar hayotini aks ettiruvchi shaxslar obrazi bilan bir qatorda, afsonaviy va majoziy obrazlar ham uchraydi. Topishmoq va ertaklardagi bo‘ri, ajdaho, dev, semurg‘ qush, dostonlardagi uchqur otlar yaxshilik va yomonlik timsoli sifatida gavdalanadilar.
Folklor asarlarining yaratuvchisi mehnatkash xalqdir. Shuning uchun ularda feodalizm jamiyatidagi sinfiy tengsizlik, boylik va kambag‘allik o‘rtasidagi qarama-qarshilik, bosqinchi yovlar bilan vatan himoyachilari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hamma vaqt mehnatkash xalq manfaati foydasiga hal bo‘ladi.
Qozoq xalq og‘zaki ijodida qahramonlik dostonlari salmoqli o‘rin tutadi. «Qo‘blandi botir», «Qambar botir», «Ertarg‘in» dostonlarida qahramonlik, do‘stlik hamda vatanparvarlik g‘oyalari romantik buyoqlarda aks ettirilgan. Shu jihatdan qozoq xalq qahramonlik dostonlari mashhur o‘zbek xalq qahramonlik dostoni «Alpomish» ga juda yaqin turadi.
Qozoq folklorida «Qiz Jibek», «Qo‘zi Ko‘rpesh va Bag‘n suluv» hamda «Suluv shash» singari ishqiy-lirik dostonlari ham juda ko‘p. Bu dostonlarda pok insoniy muhabbat tarannum qilinib, feodalizm jamiyatining yaramas tomonlari ochib tashlanadi, eski urf-odatlar ayovsiz fosh qilinadi. Masalan, «Qo‘zi Ko‘rpesh va bayan suluv» dostonida tasvirlanishicha, oshiq va ma’shuqaning chin insoniy muhabbatiga Bag‘n suluvning boy xonadondan, Qo‘zi Ko‘rpeshning esa kambag‘al oiladan bo‘lganligi to‘sqinlik qiladi. Feoladizm jamiyatidagi ana shu sinfiy tengsizlik-boylik va kambag‘allik o‘rtasidagi qarama-qarshilik oshiq va ma’shuqalarning fojeali halok bo‘lishiga olib keladi.
Ishq-muhabbat voqealarining shu tariqa fojeali yakunlashini «Suluv shash», «Qizjibek», «Birjon va Sora» dostonlarida ham ko‘rish mumkin. Shunga qaramay, bu ishqiy-lirik dostonlarida adolatparvarlik, insonparvarlik g‘oyalari yetakchi rol o‘ynaydi. Chunki Qo‘zi Ko‘rlesh ham Bayan Suluv ham, Suluv shash ham, Oltoy ham, Qizjibek ham o‘z maqsadlariga erishishi yo‘lida ekspluatator tabaqalarning zulmiga qarshi kurash olib boradilar, ularni ayovsiz fosh qiladilar va ko‘pincha, o‘z dushmanlaridan o‘ch oladilar.
XVIII-XIX asrlarda Qozog‘iston hududida Rossiya imperiyasining ta’siri kuchaygan davrlarda qozoq xalq og‘zaki ijodida dostonchilik ayniqsa rivojlandi. Asrlar bo‘yi og‘izdan-og‘izga ko‘chib kelgan xalq qahramonlik dostonlarini aytish bilan birga, o‘zlari ham orginal dostonlar yaratadigan ko‘plab xalq oqinlari, jirovlari yetishib chiqdilar. Bulardan Buxor Jirov, Nisanboy, Do‘sxo‘ja, Mahambet Utemisov va Xoliboy Mambetovlarni ko‘rsatish mumkin. Bu oqin va jirovlar o‘zlari yashagan zamondagi turli-tuman ijtimoiy voqea-hodisalar haqida doston to‘qib kuylaganlar. Bu oqinlarning ayrimlari mehnatkash xalq manfaatini kuylovchi xalqaprvar oqin bo‘lsalar, ayrimlari, masalan, Buxor Jirov hukmron doiralar manfaatini ko‘zlab ijod etganlar.
Mahambet Utemisov xalq qo‘zg‘olonining aktiv ishtirokchilaridan edi. U o‘z asarlarida ham ozodlik va mustaqillik uchun kurashga qo‘zg‘algan mehnatkash ommaning ajoyib fazilatlarini kuylaydi. Ayniqsa, uning Isatoy Taymanov obrazi diqqatga sazavor. Utemisovning tasviricha, Isatoy xalq ozodligi uchun marlarcha kurshgan va shu yo‘lda halok bo‘lgan xalq qahramonidir.
Qozoqlarda xalq qahramonlik dostonlarini ijro etuvchi oqinlar o‘rtasida tez-tez aytishuv (ijodiy musobaqa)lar bo‘lib turgan. Shunday jiddiy aytishuvlar vaqtida namoyish qilingan mashhur oqin Birjon sol bilan oqinalardan Soro va Suyumboy bilan Kunekoy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan aytishuvlarda xotin-qiz shoiralarning zo‘r mahorati tinglovchilarni maftun qilgan.
O‘zining zo‘r ijrochilik mahorati va progressiv dunyoqarashi bilan shuhrat qozongan qozoq oqinlaridan biri Jambul Jabaev edi. U Jambul tog‘i etagida kambag‘al oilada dunyoga keldi. Yoshligidan poeziyaga qiziqqan, qo‘shiqlar to‘qigan Jambul ancha murakkab ijodiy yo‘lni bosib o‘tdi. O‘z ustozi Suyumboy tarbiyasini olgach, uning o‘lanlarida xalq hayotini kuylash, haqiqat uchun kurashishi ishtiyoqi kuchaydi. Xalqning ayanchli ahvolini to‘g‘ri aks ettiruvchi «Kambag‘alning sho‘ri» she’ri, ekspulatator tabaqa vakillarini hajv qiluvchi «Shaltabiyga», «Mirzobek volostining boshlig‘iga» ayniqsa, «Qodirboyning iti» nomli asarlari tez orada Jambulning shoirlik shuhratini butun qozoq cho‘liga yoydi.
Qozoq xalq og‘zaki ijodidagi progressiv oqim XIX asrning boshlariga kelib shakllangan qozoq yozma adabiyoti uchun zamin bo‘ldi. Yozma adabiyotning shakllanish jarayoni Qozog‘istonning Rossiya tasarrufiga olinishi davriga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun qozoq mumtoz adabiyoti, bir tomondan, qozoq folkloridagi progressiv an’analar, ikkinchi tomondan ilg‘or rus adabiyoti va madaniyatining ajoyib an’analari ta’siri ostida rivojlandi, realistik adabiyot sifatida xalq hayoti bilan uzviy bog‘landi.
Qozoq mumtoz adabiyotining asoschilari Cho‘qon Valixonov, Ibroy Oltinsarin va Abay Qo‘nonboev qozoq xalqi bilan rus xalqi, shuningdek, qozoq adabiyoti bilan rus adabiyoti o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning jarchilari edilar. Cho‘qon Valixonov rus fani va madaniyati bilan yaqindan tanishgan o‘qimishli kishi edi. Olim va ma’rifatparar Ch.Valixonov ko‘p sayohat qildi, ilmiy ekspeditsiyalarda yurdi. U Qozog‘istonni, qo‘shni Qashqar o‘lkasini o‘rganishga oid bir qancha ilmiy asarlar yaratdi. Cho‘qon Valixonovning folklorshunos va publitsist yozuvchilik faoliyati ham katta ahamiyatga ega. U o‘tgan asr ma’rifatparvarlari orasida qozoq va qirg‘iz xalq og‘zaki ijodi asarlarini, jumladan, «Manas» dostonidan ayrim parchalarni yozib olgan bir tashabbuskor olim edi. Ch.Valixonovning bir talay publitsistik maqolalari va ocherklari qozoq mumtoz adabiyotida badiiy proza janrining dastlabki namunalari sifatida ham diqqatga sazavor.
Cho‘qon Valixonovning zamondoshi Ibroy Oltinsarin o‘zining shoirlik va ma’rifatparvarlik faoliyatini bolalarni o‘qitish ishi bilan bog‘lab olib bordi. Umr bo‘yi o‘qituvchilik kasbi bilan shug‘ullangan Ibroy Oltinsarin bolalarni yangi usulda tarbiyalashga alohida e’tibor berdi. U maktab bolalarini rus adabiyotining namunalari bilan tanishtirish maqsadida rus tilidan tarjimalar qildi, adabiyot majmuasini yaratdi. O‘zi ham she’rlar yozib, bolalarni o‘qishga, ilm olishga da’vat etdi. O‘zining ta’lim tarbiyaviy ruhdagi she’rlari bilan qozoq xalqi orasida ma’rifat tarqatish maqsadini ko‘zlagan edi. Masalan: «Keling, bolalar, o‘qiylik» she’rini olaylik. Bu she’rda Ibroy Oltinsarin ilm-hunarni kishining ko‘z nuriga, uning parvoz qilishi uchun zarur bo‘lgan qanotga o‘xshatadi. Ibroy Oltinsarin ko‘pgina realistik hikoyalar avtori hamdir. Uning hikoyalarida oddiy xalq vakillari bosh qahramon qilib olinadi. Bu hikoyalar mehnatni sevish, insonning aql-idroki kuchiga ishonch va gumanistik ruh bilan sug‘orilgandir. Masalan: «Qipchoq Seyitqul» asarini olib ko‘raylik. Bu asarda ekspluatator tabaqa vakillarining salbiy obrazlariga mehnatkash xalq farzandlarining ijobiy obrazlari qarama-qarshi qo‘yilib mehnat bilan suyagi qotgan kambag‘al bolasining ishda ham, aql farosatda ham boy bolasidan ustun ekanligi qayd qilinadi.
Qozoq klassik adabiyotining otasi Abay Qo‘nonboev o‘z she’riy va nasriy ijodi hamda ma’rifatparvarlik faoliyati bilan demokratik tendensiyadagi qozoq adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdi. U boy xonadonda tug‘ilib voyaga yetgan bo‘lishiga qaramay, rus revolyusiyasi demokratlari g‘oyalari va qozoq xalq og‘zaki ijodidagi ilg‘or an’analar ta’siri ostida xalq manfaatini kuylovchi asarlar yaratgan atoqli shoir va ma’rifatparvar darajasiga ko‘tarila oldi.
Abay she’riyatni xalq hayotiga yaqinlashtirdi, o‘z lirikasida ilg‘or g‘oyalarni tarannum etdi. Xalq hayotining turli-tuman muhim ijtimoiy masalalarini o‘z zamonasining ilg‘or ziyolisi sifatida hal qildi.
Abay Qo‘nonboev lirikasi xalq hayotini aks ettiruvchi, ta’sirchan, sho‘x lirikadir. Uning, ko‘pincha, do‘mbira yordamida ijro etilgan va qisman yozib qoldirgan realistik o‘lanlari turli-tuman mavzularda ijod qilingan edi. Agar «Sho‘rlik qozog‘im» she’rida u qozoq sahrosidagi tarqoq urug‘ va qabilalarni birlashishga, inoq yashashga da’vat etsa, «Boy bolasi bilan kambag‘al bolasi» she’rida boylik bilan kambag‘allik o‘rtasidagi katta farqni realistik satrlarda chizadi. Abay 1885 yilda yozgan bir she’rida ilm va hunar o‘rganishning ahamiyatini shunday talqin kiladi:
Yoshlikda bilim izlab yugurmadim,
Hayron bo‘ldim, biroq yuz o‘girmadim,
Ulg‘ayganda qarasam, qo‘lim quruq,
Kechikib qo‘l cho‘zdi-mu, ulgurmadim.
Izlasam, bo‘larmidim shunchalik xor ?
Muhabbat, Abay lirikasida ta’riflanishicha, ikki tomonlama, pok va samimiy bo‘lmog‘i kerak. Shundagina sevgi oshiq-ma’shuqlarga lazzat bag‘ishlay oladi. Abayning ishqiy lirikasi xalq qo‘shiqlariga xos o‘ynoqi vaznda, sodda tilda to‘qilgan. Shuning uchun u o‘quvchi yuragini hayajonlantirmay qo‘ymaydi. Masalan:
Berdim salom, qalamdosh,
Senga qurbon mol ham bosh,
Seni o‘ylab tunu kun,
Oqar ko‘zdan qaynoq yosh.
Asil odam aynimas,
Ishq o‘tidan qayrilmas,
Ko‘rsam ham, ko‘rmasam ham,
Ko‘ngil sendan ayrilmas.
Abayning bir qancha lirik she’rlarida qozoq cho‘lining realistik manzarasi, ona-yurtga muhabbat zo‘r ehtiros bilan chizilgan.
Shoir Abay qozoq she’riyatiga doston janrini olib kirdi. Uning «Iskandar» va «Mas’ud» nomli dostonlari hajm jihatdan uncha katta bo‘lmasa-da, ularda shoirning kichik bir voqea orqali Iskandar va Mas’udga o‘xshash realistik obrazlar yordamida ilg‘or g‘oyalarni olg‘a surish mahorati yaqqol ko‘rinadi.
Abay badiiy proza sohasida ham qalam tebratgan yozuvchidir. Umrining oxirlaarida yaratgan «Nasihat» nomli asari kichik-kichik didaktik va falsafiy mazmundagi nasriy hikoyalardan iborat bo‘lib, ularda adibning ilg‘or-falsafiy va ijtimoiy qarashlari o‘z aksini topgan.
Ma’rifatparvar Abay Qo‘nonboev ilg‘or rus adabiyotining ayniqsa, buyuk Pushkin ijodining otashin targ‘ibotchisi edi. Uning rus tilidan qozoq tiliga qilgan tarjimalari (u «Yevgeniy Onegin» romanidan ayrim parchalarni qozoq tiliga tarjima qilgan), bir tomondan qozoq kitobxonlarini rus adabiyoti yutuqlari bilan tanishtirsa, ikkinchi tomondan, Abayning o‘zi uchun katta ijodiy maktab bo‘ldi.
Shunday qilib, qozoq ma’rifatparvarlari Cho‘qon Valixonov, Ibroy Oltinsarin va Abay Qo‘nonboevlarning ijodi, shubhasiz, XIX asr qozoq adabiyotida yangi, katta voqea edi. Ular o‘zlarining ajoyib realistik ijodlari bilan qozoq klassik adabiyotini yuqori pog‘onaga ko‘tardilar. Biroq ularning dunyoqarashida, o‘sha zamon tarixiy sharoiti bilan izohlanadigan, cheklangan tomonlar ham ko‘p edi. Ular mehnatkash xalq ommasining og‘ir hayotini va feodalizm jamiyatidagi keskin sinfiy tengsizlikni o‘z asarlarida aks ettirgan bo‘lsalar ham, mehnatkash xalqni ozodlikka chiqarishning yagona yo‘li revolyusion yo‘lni ko‘rsata olmagan edilar.
XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Qozog‘istonda savdo va sanoatning birmuncha jonlanishi zaminida mahalliy burjuaziya sinfi shakllandi. Mahalliy burjuaziyaning mafkurachilari bo‘lgan burjua yozuvchilari mehnatkash xalqning kun sayin ko‘tarilib borayotgan revolyusion hayotidan yuz o‘girib, ezuvchi sinf manfaatiga xizmat qildilar. Shuning uchun «Alash o‘rda» aksilinqilobiy tashkilotidan oziqlanuvchi burjua adabiyoti bilan demokratik tendensiyadagi chinakam xalqparvar adabiyot vakillari o‘rtasida keskin kurash davom etardi.
Qozoq sho‘ro adabiyoti taraqqiyotining ilk bosqichida yozuvchilardan I.Kubeev, S.To‘raygirov, S. Donantaev, I.Jonsugurov, S.Sayfullinlarning xizmati katta. Bu yozuvchilar birinchi qozoq sho‘ro yozuvchilari sifatida qozoq xalqi hayotini realistik aks ettirishga kirishdilar.
Sotsialistik realizm qozoq sho‘ro yozuvchilarining ijodiy uslubiga aylandi. Adabiyotda proza, poeziya va dramaturgiya janrlarini tarqqiy ettirishga o‘z ijodlari bilan katta hissa qo‘shgan qozoq yozuvchilaridan Muxtor Avezov, Sobit Muqanov, Abdulda Tojiboev, G‘ali O‘rmonov kabilarning nomi endilikda faqat Qozog‘istonda emas, chet ellarda ham ma’lum bo‘lib qoldi.
Qozoq sho‘ro adabiyoti taraqqiyotining birinchi davrida nazm yetakchilik qildi. Sho‘ro davri shoirlari o‘z asarlarida oktabr inqilobi g‘alabalarini sho‘ro kishilarining sanoat, qishloq xo‘jaligi va madaniy qurilish sohalarida erishgan katta yutuqlarini aks ettirdilar. Ular yangi mazmunga muqobil bo‘ladigan yangi-yangi she’riy formalar ijod etdilar. Qozog‘istonning mashhur shoirlari Jambul Jabaev, Toir Jaronov, Sobit Muqanov, Abdulda Tojiboev G‘ali O‘rmonov va Qosim Omonjolovlarning ijodi qozoq xalqining og‘ir o‘tmishini va hozirgi kundagi qaynoq hayotini aks ettiruvchi oynaga aylandi. 30-40 yillarga kelib qozoq sho‘ro adabiyotida poemachilikni rivojlantirishga bo‘lgan urinishlar yaxshi natija berdi. Sobit Muqanovning «Oq ayiq» «Sovet Armiyasi haqida qo‘shiq», «Kolxoz ovulining bir kuni», Toir Jarokovning «Po‘lat quyuvchi», «Oqim», «Cho‘lda o‘rmon shovullaydi», Abudulda Tojiboevning «Ko‘rmoneozi», «Bolalik», «Jambul» dostonlari sanoat, qishloq xo‘jaligi va maorif-madaniyatni rivojlantirish sohasida jonbozlik ko‘rsatib mehnat qilgan oddiy sho‘ro kishilarining ongida alohida yuz berayotgan jiddiy o‘zgarishlarni tasvirlashga bag‘ishlangan. «Po‘lat quyuvchi» dostonidagi Oltinboy Dariboev, «Cho‘lda o‘rmon shovullaydi» dostonidagi Sarmon chol, Mayra obrazlari kommunistik ideal uchun hormay-tolmay mehnat qilayotgan oddiy sho‘ro kishilarining tipik obrazlaridir.
Jambul o‘zining jo‘shqin fuqarolik poeziyasi bilan qozoq sho‘ro she’riyatining shuhratini olamga yoygan ulkan oqindir. Uning mazmundor va ommabop qo‘shiqlari sho‘ro xalqi ma’naviyatiga, Kommunistik partiya sharafiga to‘qilgan «bamisoli» bir gimnday jaranglaydi.
II- jahon urushi yillari qozoq poeziyasi o‘zining ko‘tarinki ruhi bilan ajralib turadi. Bu davrda adabiyotga kirib kelgan Qosim Omonjonov, Xolimjon Bekxojin, Sirbay Mavlenov va Jumag‘ali Sain singari yoshlarning ovozi keksa avlodga mansub shoirlarning ovoziga hamohang bo‘ldi.
Urushdan so‘nggi davrda proza yetakchi janrga aylangan bo‘lsa-da, poeziya ham adabiyotning taraqqiyotidan keyinda qolmadi. X.Erg‘aliev, X.Bekxojin, D. Abilovlarning zamonaviy mavzularda yaratgan poemalari Toir Jarokov singari zabardast shoirlar yaratgan g‘oyaviy-badiiy yetuk asarlar qatoridan munosib o‘rin egalladi. J.Maldag‘alievning Musa Jalil haqidagi, M. Alimboevning qahramoni nogiron traktorchining mehnat mo‘jizalaridan hikoya qiluvchi, G.Qairbekovning Ibray Oltinsarin to‘g‘risidagi dostonlari fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi.
Qozoq sho‘ro adabiyotini tor milliy doiradan umumittifoq miqyosiga olib chiqqan janr proza janridir. Qozoq mumtoz adabiyotida faqat XIX asr o‘rtalarida shakllangan proza janri sho‘ro hokimyati yillarida o‘ziga munosib mavqeni egalladi. Rus mumtoz va sho‘ro nasrining ta’siri qozoq sho‘ro nasri taraqqiyotida sezilarli iz qoldirdi. I.Kubieev, M.Avezov, S.Muqanov, G‘.Musrepov va G‘.Mustafinlarning romanlarida qozoq xalqi bosib o‘tgan shonli tarixiy yo‘l o‘z aksini topdi.
O‘z ijodini she’r yozishdan boshlagan Sobit Muqanov 30-yillarga kelib nasriy asarlar yozishga kirishdi. Uning katta hajmdagi o‘nlab nasriy asarlari orasida «Temirtas», «Bo‘tako‘z», «Hayot maktabi» va «Polvon cho‘loq» kabi qissa va romanlari alohida ajralib turadi. Muqonovning bu nasriy asarlari tarixiy va zamonaviy mavzularda yozilgan. Yozuvchining «Temirtas» (1935) romani o‘sha davr uchun dolzarb mavzu bo‘lgan yer islohoti davrida yuz bergan sinfiy kurash voqealari tasviriga bag‘ishlangan. Romanda qozoq ovulidagi quloqlar bilan kambag‘al dehqonlar o‘rtasidagi sinfiy kurash tasvirlanadi. Bu kurashda jonbozlik ko‘rsatgan Sog‘indiq, Qo‘zibek, Murodbek va Temirtas singari kommunistlar «yangi dunyo» ning ilg‘or kishilaridir. Biroq romanning bosh qahramoni Temirtasning ovulda yuz berayotgan sinfiy kurash voqealariga faol ishtirok etmay, kuzatuvchi bo‘lib qolishi asarning jiddiy nuqsoni edi. Yana bir kamchilik asarning tili, syujeti va kompozitsion tuzilishida ko‘zga tashlanib turadi. Yozuvning shoshma-shosharlik bilan ishlaganligi uning ijobiy muvoffaqiyatsizligiga sabab bo‘lgan edi.
S.Muqanov ikkita katta nasriy asari «Bo‘tako‘z» romani ustida 15 yil ishladi. Romanda qozoq xalqi hayotidagi yaxlit bir tarixiy davr: 1914-1920 yillar orasida yuz bergan muhim ijtimoiy hodisa-voqealar tasviriga bag‘ishlangan. Asar voqeasi I-jahon urushi yillarida boshlanib, oktabr sotsialistik inqilobi va fuqarolar urushi tasvri bilan yakunlanadi. Oddiy qozoq qizi Bo‘tako‘z va maktab o‘qituvchisi Asqar Do‘sanov romanning bosh qahramonlari qilib olingan. Muallif inqilobiy kurashga bel bog‘lagan mehnatkash xalq vakillari (Asqar, Bo‘tako‘z, Temirbek, Boltabek, Kenjatoy, Omontoy, Kuznesov, Bo‘latov va boshqalar)ning revolyusion faoliyatini ezuvchi sinf vakillari (Itboy, Kulakov, Koshkin, volostnoy)ning aksilinqilobiy faoliyatiga qarama-qarshi qo‘yadi. Bu asarning konfliktidir.
Sobit Muqanov o‘zining proza sohasidagi muvaffaqiyatlariga osonlik bilan erishmadi. Avtor ko‘p qiyinchiliklarni yengib o‘tdi. Masalan, «Polvon cho‘loq» qissasida, garchi asosiy mavzu 1916 yil qo‘zg‘oloni voqealari, asosiy qahramon esa qo‘zg‘olon boshlig‘i xalq oqini Polvon cho‘loq (Nurmag‘ambet) bo‘lsa-da, avtor ijodiy muvaffaqiyat qozona olmadi. Buning sababi shuki, yozuvchi bu asarida voqealar bayoniga qiziqarli tus berish maqsadida xalq qahramonlik dostonlariga xos uslubni qo‘llagan. Boshqacha aytganda, avtor Polvaon cho‘loqning shaxsiy «qahramonliklari»ni romantik bo‘yoqlarda chizishga ortiqcha berilib ketgan. Natijada Polvon cho‘loq xalq qahramoni va qo‘zg‘olonchilar boshlig‘idan ko‘ra ko‘proq maishatparst va ahloqiy buzuq kishi bo‘lib qolgan.
S.Muqonovning tarixiy-avtobiografik romani bo‘lgan «Hayot maktabi» uning eng yaxshi asarlaridan biridir. Bu asar yozuvchining ijodiy evolyusiyasini kuzatishda katta ahamiyatga ega. Unda S.Muqanov, A.M.Gorkiy romanchiligidagi eng yaxshi an’anani davom ettirgan. Romandagi kichik-kichik mustaqil, lekin mazmunan bir-biriga uzviy bog‘lanadigan realistik hikoyalarda qozoq xalqining revolyusiyasi arafasi va revolyusiyaning dastlabki yillaridagi hayotni zo‘r mahorat bilan tasvirlaydi. Shuning uchun S.Muqanov yaratgan podachi bola Sobit, batrak Muqan, Sobitning akasi Mustafo, o‘qituvchi Mo‘ldag‘ozi xalq ommasining sevimli qahramonlaridan o‘rin oldi.
Atoqli qozoq adibi Muxtor Avezov murakkab ijodiy yo‘lni bosib o‘tgan yozuvchilardan biridir. U o‘z ijodining ilk bosqichida (1915-1932) g‘oyaviy shakllanishlar va izlanishlarni boshidan kechirdi. Dastlabki (dramatik) sahna asari «Enlik Kebek» orqali «alash o‘rda»ni burjua mustamlakachilariga qaqshatqich zarba bergan M.Avezov 20-yillarda yaratgan «Qora ko‘z» va «Xon Kene» pesalarida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi. Lekin 30-yillarga kelib, xalq hayotini sinchiklab kuzatish, rus va boshqa qardosh xalqlar adabiyotlaridan barakali foydalanish natijasida o‘z ijodidagi g‘oyaviy nuqsonlarni yo‘qotdi. «Oktabr uchun», «tungi sarin» va rus yozuvchisi L.Sobolev bilan hamkorlikda yaratilgan «Abay» dramalarida hayotni tarixan to‘g‘ri va xaqqoniy aks ettirish namunalarini ko‘rsatdi. M.Avezovning bu sahna asarlari qozoq milliy teatr san’atining shakllanishida muhim rol o‘ynadi. M.Avezov sahna asari yozishni II-jahon urushi davrida va undan so‘nggi yillarda ham davom ettirdi. Uning «Chegarada» «Sinov soatlarida», «Yalang‘och qilich», «Nomus gvardiyasi» va «Olma bog‘ida» dramalarida xalqlar do‘stligi, Vatan va Vatan mudofaasi mavzui zo‘r mahorat bilan yoritildi.
M.Avezov nasrga dramaturgiya orqali kirib keldi. Uning «Karash-karash», «Burgutli ovchi», «Izlar», «Yelkama-yelka» nomli dastlabki nasriy asarlaridayoq hayotni realistik planda haqqoniy chizish, jamiyatdagi keskin sinfiy kurash voqealarini sho‘ro yozuvchisi nazari bilan aks ettirish mahorati ko‘zga tashlanib turadi.
«Abay» pesasi, Abay to‘g‘risida yozilgan ilmiy tanqidiy maqolalar, Abayning tarqoq o‘lanlarini yozib olib to‘plash- bu ishlarning hammasi M.Avezovga 4 tomlik «Abay» epopeyasini yaratish uchun bir tayyorgarlik edi. «Abay» romanini haqli ravishda «qozoq xalqi hayotining qomusi» (Z.Kurina) deb atash mumkin. Chunki unda yozuvchi qozoq xalqining XIX asrning II-yarmidagi murakkab hayotni, feodalizm jamiyatidagi xilma-xil sotsial tabaqalarning o‘zaro munosabatlarini sotsialistik realizm metodi asosida haqqoniy aks ettirdi. Shuning uchun «Abay» epopeyasi, qozoq prozasining 40-50 yillaridagi muvaffaqiyatlari hisoblangan «Bo‘tako‘z», «Hayot maktabi», «Millioner», «Qozog‘istonlik soldat», «Qarag‘anda» romanlari qatoridan faxrli o‘rin oldi. «Abay» romanidagi voqea 14 yashar Abayning otasi buyrug‘i bilan shahardan ovulga qaytishidan boshlanadi. Dono buvisi Zere kampir, mehribon onasi Uljon quchog‘iga otilishini o‘ylab shoshilib qaytgan Abayni sovuq xabar kutib oladi. Abay tez orada gunohsiz Kamaqa va Kadarlarning qatl etilishi, irhizbiylar bilan jigiteklar o‘rtasidagi adovat hamda jajji Kamshatning dushman urug‘ qo‘lida och qoldirib o‘ldirilishi kabi bir-biridan mudhish voqealarning guvohi bo‘ladi. Bu voqealar Abay dunyoqarashining shakllanishiga ta’sir qilmay qolmaydi. M.Avezov romanda turli ijtimoiy guruhlarning tipik vakillari: Zere, Uljon Takejon, Qurbonoy, Dilda, Aygerim, advokat Andreev, revolyusioner Mixayl va xususan, bosh qahramon Abayning dunyoqarashi va xulq-xarakteridagi evolyusiyani, o‘sish-o‘zgarishni dinamik tarzda aks ettiradi.
Romanning birinchi kitobida Abay hali o‘z otasi ta’siridagi kishi. U mehnatkash xalqining nochor ahvoliga achinadi, unga xayrixohlik bildiradi. Ikkinchi kitobda esa Abay otasi bilan yuzma-yuz to‘qnashib, rus revolyusion demokratlarini yaqinlashgach, zulm ko‘rgan xaloyiqqa yordam qo‘lini cho‘zadi. Uchinchi va to‘rtinchi kitoblarda Abay dunyoqarashi to‘liq shakllangan demokrat shoir, ma’rifatparvar va xalq manfaatlarining otashin himoyachisi bo‘lib ko‘rinadi.
«Abay» tarixiy-biografik romandir. Chunki unda, bir tomondan, XIX asrning ikkinchi yarmi qozoq taraqqiyparvar ziyolilariga xos fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan. Abayning shaxsiy hayoti, tarjimai holi mukammal tasvirlangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, qozoq xalqi hayotidagi yarim asrlik tarixiy davrning muhim ijtimoiy-siyosiy masalalari tarixan to‘g‘ri va haqqoniy chiziladi. Muxtor Avezov salbiy va ijobiy obrazlarning bir-biriga sira o‘xshamaydigan tipik xislatlarini ularning har biriga xos portret, yurish-turish va dunyoqarash orqali belgilaydi. Natijada Abay, uning otasi Qurbonoy, onasi Uljon, buvisi Zere kampir akasi Taketon, sevimli xotini Aygerim, do‘sti Erbo‘l, advokat Andreev, revolyusioner Mixaylov obrazlarining har biri asar voqeasida o‘ziga yarasha o‘rinni egallab, roman g‘oyasini ochishga xizmat qiladi. Masalan, zolim Qo‘nonboy portretini yozuvchi mana bunday chizadi: «Qo‘nonboyning ot yuzli kelgan cho‘zinchoq boshi g‘ozning tuxumiga o‘xshaydi. Usiz ham katta, cho‘zinchoq yuzini qurshab turgan uzun soqoli qo‘shilganda, boshi bilan yuzining o‘zi butun boshliq bir o‘lkaga o‘xshaydi. Shu paytlarda Qo‘nonboyning yagona sog‘ ko‘zi o‘sha o‘lkaning chap tomonidagi o‘rmon bilan qoplangan tepalikda turib olib, shu o‘lkani ko‘zdan kechirib turgan soqchiga o‘xshaydi. Soqchi bo‘lganda ham, hormay-tolmay kuzatadigan sergak, beomon soqchi. Bu yagona ko‘z kosasidan xiyol irg‘ib chiqqan, o‘qdek qadalib, g‘azab bilan qaraydi, kam-kam kiprik qoqadi».
Qozoq sho‘ro nasri taraqqiyotidan G‘abiden Mustafin bilan G‘abid Musrepovning ijodi ham salmoqli o‘rin tutadi. Chunki bu ikki yozuvchi ijodida qozoq xalki xayotining proza asarlarida hali yetarli yoritilmagan ko‘pgina muhim tomonlari realistik rejada aks ettirildi.
Ijodiy faoliyati gazeta va jurnallar bilan hamkorlik qilishdan boshlagan G‘abidin Mustafin adabiyot maydoniga o‘zining bir qancha hikoyalari bilan kirib keldi. Uning birinchi yirik nasriy asarining «Hayot yoki mamot» (qayta ishlangan varianti 1947 yilda «Qarag‘anda» nomi bilan nashr ettirildi) romani bir qadar avtobiografik xususitga ega. Unda yozuvchi qozoq ishchilari sinfining shakllanishi va rivojlanishi kabi muhim mavzuda qalam tebratadi. Qarag‘anda ko‘mir konlariga ishlash uchun kelgan ko‘chmanchi qozoqlar asarning yetakchi qahramonlaridir. Shaxtadagi hayot savodsiz va qoloq kishilarning taqdirini tag-tomiri bilan o‘zgartirib yuboradi, ularning ong va tushunchasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Shaxtyorlar shaharlarining o‘zgarishi bilan uni obod qilayotgan ishchilarning o‘zlari ham voyaga yetadilar. Shu jihatdan romanda haqqoniy chizilgan kekcha Jumaboy, ishchi Yermak, yosh yigit Jonabil, partiya xodimi Mayram, ko‘chmanchi Bokay, trest boshlig‘i Shcherbakov obrazlari diqqatni o‘ziga tortadi.
G‘.Mustafin «Shig‘anak Bersiev» nomli romanda butunlay yangi mavzuni ko‘tarib chiqadi, unda mashhur qozoq olim seleksioneri obrazini yaratadi. Romanda hikoya qilinishicha, eng so‘nggi xususiy mulkchi O‘ljabek afsonaviy «Oltin qishloq» yoki g‘oyat kambag‘al dehqonlarini faqat kolxoz tuzumi va halol mehnatigina baxtiyor qila olishini tushunadi.
Yozuvchi G‘.Mustafin o‘zining «Millioner» nomli romanida armiya xizmatidan qaytgan ofitser Jomardda jonbozlik ko‘rsatgan, lekin keyingi vaqtlarda turmushdan orqada qolgan kolxoz raisi Jaqib o‘rtasida yuz bergan hayotiy to‘qnashuvni aks ettiradi.
Yozuvchi o‘zining bu asarida oddiy sho‘ro kishilarining obrazlarini jonli va ishonarli chizib, hayotimizda yuz berayotgan eskilik bilan yangilik o‘rtasidagi kurash mohiyatini to‘g‘ri ochib bergan. Keyingi yillarda yaratgan «Dovuldan so‘ng» romanida esa yozuvchi yer islohoti voqealarini realistik tasvirlagan.
Yozuvchi G‘abid Musrepov ham yirik nasriy asarlar avtoridir. Uning qalamiga mansub «Qozoq soldati» va «Uyg‘ongan o‘lka» romanlari g‘oyaviy-badiiy yetuk asarlar sifatida urushdan so‘nggi yillardagi qozoq romanchiligiga qo‘shilgan salmoqli hissadir.
«Qozoq soldati» qozoq xalqi hayotida yuz bergan chuqur ijtimoiy o‘zgarishlardan maroqli hikoya qiluvchi romandir. Bu asarda Xayrushning bolalar uyidagi sarguzashtlaridan tortib ikkinchi jahon urushi maydonidagi qahramonliklarigacha batafsil tasvirlangan.
«Uyg‘ongan o‘lka» romanida G‘.Musrepov «Qarag‘anda» (G‘.Mustafin) romanida tasvirlangan mavzuga murojaat qiladi. Yozuvchi o‘zining bu asarida qozoq ishchilar sinfining shakllanish jarayonini katta badiiy mahorat bilan aks ettirdi. Romanda hikoya qilinishicha, kambag‘al ko‘chmanchi Boyjon topgan mo‘jizaviy qop-qora tosh (toshko‘mir) qozoq cho‘liga ekspluatator tabaqa vakillari (feodal Jumon va kapitalist Ishlik)ning yopirilib kelishiga sabab bo‘ldi. Shaxta va konlarda yollanib ishlayotgan ishchilarning ahvoli tobora og‘irlasha boradi. Qozoq ishchilari bilan rus shaxtyorlari o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik revolyusion hayotning keng quloch yoyishiga zamin hozirlaydi. Asarda revolyusion ishchilar sinfining tipik vakillari ishchi Bayjon, usta Sandibay, yosh yigitlardan Sayit va Jabay, xushchaqchaq ovchi Alshagir, pahlavon Bo‘lanboy va rus injeneri Ushakov obrazlari chizilgan.
Xullas, sho‘ro hokimyati yillarida shakllanib rivojlangan qozoq badiiy prozasi sal vaqt ichida umumittifoq miqyosida katta obro‘ qozondi. Qozoq adabiyotida, xususan, sho‘ro tarixiy romanchiligi taraqqiyoti alohida sezilib turadi.
Qozoq sho‘ro adabiyotida dramaturgiya ham yangi janrdir. A.Avezov va S.Sayfullinlarning «Enlik-Kebek», «Qizil burgutlar» pesalari bilan boshlangan qozoq sho‘ro dramaturgiyasi qirq yildan ko‘proq vaqt ichida g‘oyaviy-badiiy yetuk sahna asarlari bilan boyidi. Bu asarlarning bir guruhi xalq ishqiy qahramonlik dostonlari syujeti asosida yozilgan «Qiz Jibek», «Qo‘zi Ko‘rpesh va Bayan suluv» (G‘.Musrepov), «Jomor gilami» (A.Tojiboev), «Birjon va Sora» (Jumalievlar) pesalaridan iborat bo‘lsa, ikkinchi guruhini tarixiy-biografik mazmundagi «Arbay», «Tungi sarin» (M.Avezov), «Omongeldi» (G‘.Muerepov) dramalari va uchinchi guruhini zamonaviy mavzulardan bahs etuvchi «Chegarada», «Nomus gvardiyasi», «Yalang‘och qilich» (M.Avezov), «Yakka daraxt o‘rmon emas,» «Mayra» (A.Tojiboev) pesalari tashkil etadi.
So‘nggi yillarda qozoq kinodramaturgiyasi ham jiddiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Butunittifoq ekranlarida muvaffaqiyatli namoyish qilinayotgan «Ona», «Aldar ko‘sa», «Sevgi dostoni», «Bo‘tako‘z» va shunga o‘xshash badiiy filmlar fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi.
Qozoq va o‘zbek adabiyotlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa va hamkorlik tarixi qadimgi zamonlarga borib taqaladi. Bu ikki xalq og‘zaki ijodida ko‘plab uchraydigan juda o‘xshash motivlar, ruhan yaqin obrazlar (Alpomish va Go‘ro‘g‘li bilan Qo‘blandi botir va Ertarg‘in: mullo Nasriddin bilan Aldar ko‘sa obrazlari va hokazo) dan tashqari, buyuk A.Navoiy ijodining ma’rifatparvar Abay poeziyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi qozoq va o‘zbek adabiyotlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir va aloqaning yorqin namunasidir.
Sho‘ro hokimiyati yillarida qardosh xalqlar bilan yonma-yon yashab kelgan qozoq xalqining o‘ziga xos boy milliy adabiyoti va madaniyati o‘zbek kitobxonlari uchun ma’naviy oziq beruvchi manbalardan biri bo‘lib qoldi. Shu vaqtgacha qozoq tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan o‘nlab asarlar orasida M.Avezovning to‘rt jildli «Abay», Mustafinning «Qarag‘anda», «Chig‘anoq», G‘.Musrepovning «Qozoq soldati» romanlari, shuningdek M.Jabaevning eng yaxshi she’rlari, T.Jarokov Q.Omonjolovlarning dostonlari, S.Begaminning «Ona mehri» hikoyalar to‘plami o‘zbek kitobxonlariga zo‘r badiiy zavq bermoqda, ularni qozoq xalqining o‘tmishi va hozirgi kungi hayoti bilan tanishtirmoqda.
Qozog‘istonda esa Hamza va K.Yashinning pesalari, Oybekning «Qutlug‘ qon», Sh.Rashidovning «Bo‘rondan kuchli», A.Muxtorning «Opa-singlillar» romanlari, A.Qahhorning «Sinchalak», I.Rahimning «Olovkorlar», O.Yoqubovning «Muqaddas», N.Fozilov «Yurak amri bilan» povestlari, Uyg‘un, R.Bobojon, Mirtemir, H.G‘ulom, Shuhrat, Mirmuhsin va Zulfiyalarning she’riy to‘plamlari shuningdek, o‘zbek she’rlari, «o‘zbek pesalari» nomli kitoblar qozoq tilida nashr ettirildi. Xususan, Qozog‘istonda o‘tkazilgan o‘zbek adabiyoti haftaligi, O‘zbekistonda o‘tkazilgan qozoq adabiyoti haftaliklari bu ikki qardosh xalq adabiyotidagi hamkorlikni yanada kuchaytirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |