ENG QADIMGI ADABIY YODGORLIKLAR. (2 soat ma'ruza)
REJA
1. Qadimgi turkiy xalqlar - o`zbek xalqining ajdodlari
sifatida.
2. O`rta Osiyo qadimiy madaniyat o`choqlaridan biri sifatida.
3. Qadimgi og`zaki adabiyot: mif va afsonalar
4. Qahramonlik eposlari.
5. Qadimgi adabiy yodgorliklarning tarixiy, ilmiy va adabiy ahamiyati.
O`rta Osiyo, xususan, o`zbek xalqining o`tmish tarixi haqida turli tuman ziddiyatli fikrlar aytib kelingan bo`lsa-da, Prezident I.Karimovning tarixchi olimlar bilan uchrashuvi va olimlar zimmasiga qo`yilgan vazifalar ana shu chalkashliklarga chek qo`yish, xalqimiz tarixini, davlatchilik tarixini birlamchi manbalar asosida o`rganishdan iborat bo`lib qolmoqda.
Zero, xalqimiz, qadimgi O`rta Osiyoning tarixi, madaniyati, urf-odatlari, o`ziga xos betakror jihatlari haqida bir qator manbalarda yetarlicha ma'lumotlar uchraydi. Turli xildagi yozuvlar, osori-atiqalar, “Avesto”, “Bexistun”, O`rxun-Enasoy kabi yozma yodgorliklarda, Beruniy, Narshaxiy kabi tarixchilarning bir qator asarlarida, shuningdek, Grek, Xitoy, Hind, Arman tarixchilarining asarlarida ham ko`plab ma'lumotlar mavjuddir.
Xalqimizning tarixiy taqdiri, hayot tarzi, qarashlari, ilm va madaniyati haqida zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” ko`plab ma'lumotlar beradi.
Qadimgi Grek tarixchisi Gerodotning “Tarix” nomli kitobida O`rta Osiyoning eng qadimgi xalqlari —ibtidoiy jamiyat sharoitida yashaganligi va asosan, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug`ullanganligi aytilsa, Strabonning “Geografiya”, “Harbiy hiylalar” kabi asarlarida juda qadim zamonlardan O`rta Osiyo territoriyasida xilma-xil qaysar, yovvoyi, va urushqoq qabilalar yashaganligi va ular o`zaro munosabatlarida halollik, mardlik, vatanparvarlik, va odillikni har narsadan afzal bilganliklarini qayd etadilar, “To`maris”, “Shiroq”, “Amorg va Sparetra” kabi bir qator tarixiy afsonalarning mazmun-mohiyati ma'lum ma'noda bu fikrlarni tasdiqlaydi.
Hozirda fanga ma'lum bo`lishicha, ana shunday O`rta Osiyo xalqlarining geografik joylashish o`rni Baqtriya, Xorazm, So`g`diyona, Marg`iyona, Parfiya, Amudaryoning quyi qismi, Zarafshon vohalari va boshqa joylarni o`z ichiga olgan. Bu yerlarda Xorazmiy, Sug`diy, Sak, Massaget kabi qabilalar, Chigil, Yag`mo, Tuxsi, O`g`uz, Tangut kabi elatlar istiqomat qilganlarki, bular hozirgi o`zbek xalqining ajdodlari ekanligi shubhasizdir. Olib borilgan arxeologik qazilmalar va qidiruv ishlari so`ngida topilgan Ko`hitang yozuvlari, Ilonsoy (Samarqand), Xojikent (Tosh), Teshikbosh (Farg) deb ataluvchi joylardan topilgan yozuvli suratlar, turli xil asbob-anjomlar, uy-ro`zg`or buyumlari, kumush va tilla tangalar ana shu xalqlarning madaniyati yuksak bo`lganligidan darak berib turadi.
O`rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi davrlarga oid ayrim og`zaki ijod namunalari ham yuqorida zikr etilgan manbalar orqali bizgacha yetib kelgan. Ular badiiyatimiz ibtidosi bo`lgan miflar, afsonalar, qahramonlik eposlari hamda lirik she'r va qo`shiqlardir. Miflar - insonlarda ongli munosabatlar shakllanishining avvalidir. Ularda inson va tabiat o`rtasidagi kurashdan iborat mazmun o`z ifodasini topgan. Tabiat hodisalarini yaxshi va yomon kuchlarga ajratish, o`zlariga xomiy kuch sifatida xudo va ma'budlarni kashf etish, anemizm va totemizm, turli xildagi kultlar mifologik tafakkurni xarakterlaydi. Ularning ayrim elementlari ertak va afsonalar bag`rida hozirga qadar saqlangan. Afsonalar - mazmun-mohiyatida esa biz inson tafakkuri bilan bog`liq jiddiy bir ulg`ayishni kuzatamiz. Afsonalar syujetida xudo va ma'budlarga qaramlikdan bir qadar qutilgan, o`z kuch-qudratiga ishongan yengilmas qahramonlar faoliyatini kuzatamiz. Ular o`zlaridan yuzlab marta katta va bahaybat bo`lgan dev, ajdar va boshqa kuchlar ustidan g`alaba qozona oladi. “Elikbek”, “Siyovush”, “Rustam” haqidagi afsonalar shular jumlasidandir.
Qahramonlik eposi - mazmun mohiyatiga ko`ra mif va afsonalardan jiddiy farq qiladi. Bu farq qahramonlik eposiga mansub asarlar mazmunining konkret tarixiy voqea-hodisalar bilan bog`liqligida ko`rish mumkin. Ularda mard, dovyurak, vatanparvar, or-nomusli qahramonlar siymosi yaratilgan. Bular endi allaqanday dev ajdarlarga qarshi emas, el-yurt daxlsizligiga, vatan mustaqilligiga, qadr-qimmatiga tajovuz qiluvchi o`zi kabi inson qiyofasidagi yovuzlarga qarshi turadilar. “To`maris”, “Shiroq”, “Zarina va Strangey”, “Zariadr va Odatida”, “Amorg va Sparetra” ana shunday mazmundagi qahramonlik eposi namunalaridir.
XI asr tilshunos olimi M.Qoshg`ariyning “Devoni lug`atit turk” asari orqali XI asr va bu asrga nisbatan ham besh-olti asr qadimiyroq bo`lgan turli xil mavzu va mazmundagi she'r va qo`shiqlar yetib kelganki, bular ajdodlarimiz hayot tarzi, tuyg`u-kechinmalari, orzu-intilishlarini ifodalovchi she'rlardir.
Xulosa qilib aytganda, mif, afsona, qahramonlik eposi, lirik she'r va qo`shiqlardan iborat eng qadimgi adabiy yodgorliklar xalqimiz ma'naviy tarixini o`rganishda qimmatlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |