KAVKAZ, SLAVYAN VA BOLTIQBO‘YI XALQLARI ADABIYOTI.
Kavkaz adabiyoti. Kavkaz tog‘lari yon bag‘irlarida yashagan aholi qadimiy va boy madaniy merosga ega. Bu xalqlar ham jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. Shimoliy Kavkazda yigirmadan ortiq millat va elatlar istiqomat qiladi. Ozarbayjon, arman, gruzin, abxaz, lezgin, kabardin, osetin, kumik, lak, darg‘in kabi xalqlar shular jumlasidandir. Bu millat va elatlar adabiyoti ko‘p asrlik tarixga ega bo‘lib, yozma adabiyot nisbatan keyingi davrlarda rivojlangan.
Shimoliy Kavkazda yashovchi balqar, qo‘miq, qorachay, no‘g‘oy kabi xalqlar adabiyoti boshqa turkiy xalqlar adabiyoti bilan yaqin aloqada bo‘lib rivojlangan. XX asr boshlarida Shimoliy Kavkazdagi turkiy xalqlar hayotida madaniy rivojlanish ko‘zga tashlanadi. Ko‘plab ijodkorlar jadidchilik g‘oyalarini targ‘ib etuvchi asarlar yaratdilar. XX asrda bu xalqlar adabiyotida realistik metod yetakchilik qildi. Ko‘plab yetuk asarlar paydo bo‘ldi, ularning ko‘pchiligi turli tillarga tillariga tarjima qilindi. Bu yerdagi turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarning tillari o‘zaro juda yaqin bo‘lib, ular bir-birlarini tarjimasiz ham tushunishadi. Lekin sho‘ro tuzumi davrida bu xalqlar ayrim-ayrim hududlarga bo‘lib tashlandi. Natijada ularining bir-biridan sal farq qiluvchi milliy adabiy tillari shakllandi.
Qo‘miq xalqi Dog‘istonda yashovchi aholisi oz sonli millatlardan biridir. Keyingi yillardagi ma'lumotlarga qaraganda qo‘miqlar 200 mingga yaqin kishini tashkil etar ekan. Qo‘miq xalqining qadimgi adabiyoti asosan folklor asarlaridan iborat bo‘lib, unda ertaklar, qo‘shiqlar, latifalar, turli afsona va rivoyatlar va boshqa janrdagi asarlar mavjud. «Dada Qo‘rqut» haqidagi afsonalar, «Oyg‘ozi» kabi dostonlar qo‘miq xalqi orasida ham qadimdan mashhur bo‘lgan, keng tarqalgan.
XII-XV asrlardan boshlab arab yozuvidagi adabiyot xalq orasida keng tarqala boshladi. «Ahdnoma», «Tarixi Dog‘iston» singari asarlar arab yozuvida bitilgan. XV asrda yashagan Ummu Kamol nomli shoirning ayrim she'rlari bizgacha yetib kelgan. Bu shoir taqdir taqozosi bilan o‘z yurtidan uzoqlarda yashagan. Uning asarlarida ona-yurt sog‘inchi, o‘z qismatidan nolish motivlari sezilib turadi.
Qadimgi qo‘miq ijodkorlarining ko‘pchiligi o‘z asarlarini arab tilida yozgan. Lekin bu xalqning yozma adabiy merosi saqlanib qolmagan. Qo‘miqlar Rossiya tarkibiga kirgandan keyin esa xalq og‘zaki ijodi namunalarini yig‘ib olish ishlari boshlandi. Efendi Osmonovning «No‘g‘ay va qo‘miq xalqi qo‘shiqlari to‘plami» 1883 yilda Peterburgda e'lon qilingan edi.
Shimoliy Kavkazda yashovchi no‘g‘aylar ham turkiy tilda gaplashuvchi xalqlarga taaluqlidir. Bu xalqning adabiyoti o‘z atrofidagi qo‘shni xalqlar adabiyoti bilan chambarchas aloqada rivojlangan. Ko‘pgina folklor asarlari boshqa turkiy xalqlar og‘zaki ijodi bilan umumiy mushtaraklikni tashkil etadi. «Qo‘blandi botir», «Erjardin» singari epik dostonlar, ko‘plab ertak va afsonalar, xalq qo‘shiqlari – bu xalqning og‘zaki ijodi juda boy ekanligidan dalolat beradi. Qadimgi adabiyot asosan folklor asarlaridan iborat bo‘lib, uning ijrochilari xalq baxshilari sanalgan. Tarixda Sabri, Asan Qayg‘u, Do‘stmambet Azauli, Qaztug‘an kabi baxshilar xalq orasida juda mashhur bo‘lgan.
Turkiy xalqlar adabiyoti
Turkiy xalqlar uchun umumiy boʻlgan adabiyotimizni sak (soq)lar davridan boshlashimiz taxminlarga asoslangan faraziy gaplar emas, aksincha, aniq dalillar bilan isbotlangan haqiqat boʻlsa, bu davrdan qolgan merosni oʻrganish, tadqiq qilish – zamon talabi, bizning muqaddas burchimiz hamdir. Adabiyotimiz tarixini qaysi davrdan boshlash, qanday tarixiy taraqqiyot davrlariga boʻlib oʻrganish adabiyot tarixidagi asosiy omillardan boʻlibgina qolmay, biz uchun millat sifatida tariximizni oʻrganishimizda ham oʻta muhim ahamiyatga ega. Sababi, bunday tadqiqotlar bizning milliy mentalitetimizning shakllanishi va xalq sifatidagi teran ildizlarimiz qaylarga borib tutashajagini ham yoritib beradi. Binobarin, biz adabiyotimiz tarixini toʻgʻri yorita olmasak, zaiflashib ketgan milliy xotiramizni ham asl holiga keltira olmaymiz, milliy-madaniy taraqqiyot dasturimizni ham zamonga mos ravishda rivojlantira olmaymiz.
Adabiyotimiz tarixining toʻgʻri yoritilishi – turkiy xalqlar birligiga asos boʻladigan, bizni ruhiy-maʼnaviy mushtaraklik sari boshlaydigan yoʻldagi dastlabki asosiy qadamdir. Turkiy xalqlar uchun umumiy boʻlgan adabiyotimizning dastlabki davr tarixini biz Turk xoqonligi davridan boshlaymiz. Shoʻrolar hokimiyati boshimizda zugʻum oʻtkazib turgan bir paytda, turkiy xalqlar uchun umumiy boʻlgan adabiyotning mavjud boʻlganligini aytish, ularning tarixan-maʼnan mushtarak xalqlar ekanligidan soʻz ochish, umuman mumkin emas edi, bunday fikr darhol ulkan qarshilikka uchrardi. Shunga qaramay, bunday nuqtai nazar sobiq ittifoq miqyosidagi adabiyotshunoslik ilmida 50-yillarda nish ura boshlab, 60-yillarda shakllanib boʻlgan edi. Bu fikrni yoqlab, turkiy xalqlarning barchasi uchun umumiy boʻlgan adabiyot tarixini Turk xoqonligi davridan boshlash toʻgʻri boʻlishini ilmiy jihatdan asoslagan B. Kenjeboyev, M. Avezov, N. Mallayevlarning nuqtai nazarlari, ularning asarlari, shuningdek, eski turk devor bitiklarini ilk bor qozoq tiliga oʻgirib, bu yozuvlarning adabiyot tarixidagi oʻrnini, ahamiyatini yoritib bergan olim M. Joʻldosbekovning asarlari hali-hanuz qimmatini saqlab kelmoqda. Shu oʻrinda X. Suyunchaliyev, A. Oʻspanoʻgʻli, A. Qirovboyeva singari olimlarning qadimgi adabiyot borasidagi izlanishlari qozoq adabiyotshunosligi ilmining taraqqiy topishida sezilarli taʼsir koʻrsatganligini aytib oʻtish kerak.
Qadimgi turk devor (tash, yoʻl) bitiklari bilan tanishganimizda, Turk xoqonligi davridan qolgan adabiy meros namunalari – oʻsha davrlardayoq gurkirab rivojlangan adabiyot namunalari ekanligini sezamiz. Tosh bitiklarga bitilgan, sulolalar haqidagi roman deyishga arzigulik yozma meroslar qoldirgan davrning ulkan madaniyatini ana shunday noyob soʻzlar bilan ardoqlasak, arziydi.
Bir xalqning adabiyoti oʻsha xalqqa mansub boʻlgan dastlabki ota-bobolarning dunyoga kelgan davrlaridan, shu xalqni shakllantirgan urugʻ-qabilalar umrguzaronlik qilgan davrlardan boshlanishi chin haqiqat. Ilm-fan hamisha taraqqiyotda, rivojlanishda davom etadi. Har bir davr kishilari oʻz zamonasidagi moddiy imkoniyatlarga asoslanib, tadqiqotlar olib boradi, nuqtai nazarlarni, tahlillarni oʻrtaga tashlaydi. Shu sabablarga koʻra ham, har bir davrda ilm oʻzigagina xos boʻlgan xususiyatlarni namoyon qiladi, oʻziga xos saviyaga koʻtariladi. Ijtimoiy ilmlarning bugungi yutuqlari, bugungi darajasi bizning turkiy xalqlarimiz uchun umumiy boʻlgan qadimgi adabiyotimiz tarixini saklar zamonidan boshlashimizga imkon beradi. Bu boradagi tashabbus avvallari ham fanimiz doirasida oʻrtaga tashlangan edi. Oʻzbek olimi Natan Mallayev, qozoq olimlari A. Oʻspanoʻgʻli, A. Qirovboyeva, uygʻur olimi Turgʻun Olmos singari tadqiqotchilar adabiyotimiz qadimgi tarixi haqida yangi-yangi fikrlarni bildirib oʻtganlar.
Albatta, qadimgi turkiy adabiyot deganimizda, sak xalqiga yoki xunnularga daxldor boʻlgan bir necha rivoyat, mif, hikoyatlarni tilga olib oʻtishimiz, yoki boʻlmasa, ularning mazmunini yoritib berish bilangina bu masala hal boʻlib qolmasligi aniq. Buning uchun, hech boʻlmaganda, har bir davrdagi adabiyot namunalarini topish, bu namunalar nima sababdan adabiyot tarixidan oʻrin olganligiyu, ular oʻrtasida qanday aloqalar borligini yoritib berish zarur. Bu esa oʻta jiddiy tadqiqotlar oʻtkazishni talab qiladigan zahmatli, mashaqqatli yumush. Ammo aynan mana shu yoʻldan yuribgina biz chin haqiqatga tomon yetib bora olamiz.
Gʻarbdagi tarixiy maʼlumotlar boʻyicha, eramizdan avvalgi VII-VI asrlardan boshlab, Xitoy maʼlumotlari boʻyicha, eramizdan avvalgi XII-X asrlardan boshlab, eramizning V asrlari oraligʻida Xitoy devoridan Qora dengizgacha boʻlgan cheksiz dalalarda saklar, xunnlar, uysunlar, qanglilar, sarmatlar, saframatlar va hokazo koʻchmanchi qabilalar yashab oʻtganlar. Ular goh bir butun qabilalar ittifoqi sifatida, goh esa yakka-yakka, kichik-kichik xalqlar sifatida tarixda iz qoldirib ketganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |