Adabiyotlar:
1. N.M.Mallaev. O`zbek adabiyoti tarixi. 1-kitob.-T. 1969 y.
2. O`zbek adabiyoti tarixi. Ak.nashr. 5 tomlik. 1-tom.-T. 1977y.
3. Y.Jumaboev. "O`rta Osiyo etikasi tarixiy ocherklari".-T.,
"O`zbekiston" nashriyoti. 1980 y.
Takrorlash uchun savollar:
1. O`zbek adabiyoti tarixining taraqqiyot bosqichlarini gapirib bering.
2. Eng qadimgi madaniyat va san'at nimalarda ifodalangan?
3. Eng qadimgi adabiy yodgorliklar nimalardan iborat.
4. Eng qadimgi miflar va mifologik tafakkur nimalarda ko`rinadi. Mifologik tafakkur
nima?
5. Qadimgi afsonalar, ularning mohiyati, qahramonlik dostonlari haqida
gapiring.Qahramonlik eposining o`ziga xos xususiyatlari.
Izohli lug`at:
1. Axura Mazda — donishmand buyuk tangri.
2. Gavamarta —Kayumars
3. Yima - Jamshid.
4. Angromanyu — Axriman, yovuzlik timsoli.
"AVESTO" ZARDUSHTIYLIK DININING MUQADDAS MANBASI SIFATIDA
(2 soat ma'ruza)
REJA
1. "Avesto" - zardushtiylik dinining muqaddas kitobi.
2. Zardusht va zardushtiylikning paydo bo`lishi, o`rganilishi.
Z. Zardushtiylik g`oyalarining o`z davri uchun muhim bo`lgan
jihatlari.
4. "Avesto"ning tarixiy, ilmiy va adabiy qimmati.
"Avesto" kitobi O`rta Osiyo va Eron xalqlarining eng qadimgi mushtarak yozma yodgorligi bo`lib, zardushtiylikning muqaddas kitobidir. Bu ta'limotning ilk kurtaklari eramizdan oldingi IX asrda paydo bo`lib, VIII asrda uzil- kesil shakllandi.
"Avesto" xususida ko`plab ilmiy risolalar, qissa va romanlar yaratilgan. Bu asarlar yaqin XIII asr davomida Movarounnahr, Xuroson, Eron, qisman Kavkaz xalqlarining yakkaxudolik e'tiqodi bo`lgan zardushtiylik tarixi, mohiyatini aniqlash, tadqiq etishda katta ahamiyatga egadir.
G`arbiy Yevropa va rus sharqshunoslari qatori zardushtiylikning muqaddas kitobini sharhlash, keng xalq ommasiga yetkazishda Y.Jumaev, M.Qodirov, N.Mallaev, M.Ishoqov, H.Homidovlar ancha ishlar qilgan va qilmoqdalar.
Qilingan tadqiqot ishlaridan ma'lum bo`lishicha, zardushtiylikni yuzaga keltirgan shaxs ko`hna Xorazmdagi Spitama qavmidan bo`lgan Zardusht ismli zot bo`lgan. U 623 yilda tavallud topib o`z davrining donishmandi Barzin Kuras degan kishi qo`lida 7 yoshdan 15 yoshgacha ijtimoiy bilimlar, tabiatshunoslik, kalomi bade' va notiqlik ilmlaridan saboq oladi. 16 yoshida beliga "Mardlik kamari" ni bog`laydi. Atrofda yuz berayotgan voqealar, xunrezliklar Zardusht qalbini iztirobga soladi. Norozilik namoyishini uyushtirishga undaydi. Namoyish kuch bilan bostirilgach, Zardusht odamlar orasini tashlab Sablon tog`iga chiqib ketadi. 20 yil uzlatda – yolg`izlikda yashaydi. Taxminan 39 yoshlarida yana qavmiga qaytib yagona tangri - Yazdoni pok haqidagi qarashlarini yoya boshlaydi. Tez orada katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Biroq Turon shohi Arjasp tomonidan quvg`in ostiga olinadi. Eronga borib Gushstap hurmatini qozonadi. U yerlarda ham o`z g`oyalarini keng tarqatishga erishadi. 534 yilda Brotarvaxsh tomonidan o`ldiriladi. O`limidan keyin ham uning g`oyalari uzoq asrlar saqlanib qoladi, kitob holida jamlanadi.
"Avesto" dastlab ko`chirilganda 12 ming qoramol terisida 21 nask - kitobdan iborat bo`lgan. Biroq O`rta Osiyo va Eronni zabt etgan A.Makedonskiy tomonidan aksariyat qismi yo`q qilingan. "Avesto"ning bizga qadar Vendidot, Vispared, Yasna, Yasht deb ^nomlanuvchi to`rt kitobigina saqlanib qolgan. Shuningdek, "Avesto" ning mundarijasini ko`rsatuvchi "Xurdo Avesto" hamda qisman sharhiga bag`ishlangan "Zend Avesto" kitoblari ham saqlanib qolgan.
"Avesto"ning g`oyaviy muhimligi turli nizolar, behuda qurbonliklar, sanoqsiz yo`qotishlarga sababchi bo`layotgan ko`pxodolilikka chek qo`yish, odamlar orasida eng ezgu g`oyalarini yakka tangri Yazdoni pok nomi bilan yoyilishida, barcha odamlarni-bir maqsad tomon yo`llashda yaqqol ko`rinadi.
"Avesto" da Zardushtning uqtirishicha, dunyo umuman 12 ming yil davom etib keladi. Har narsaga qodir Yazdon (Mazda) shunday belgilab qo`ygan.
-Birinchi 3000 yil davomida ruhiy dunyo paydo bo`lgan. So`ngra Angra Manyu yuzaga keladi. U ruhni dunyo bilan tinch-totuv yashashni xohlamaydi. Axura Mazdaning barcha ezgu ishlariga xalal beradi. Ular o`rtasida kurash boshlanib, 900 yil davom etadi. Axura Mazda g`olib chiqadi, Angra Manyu qorong`ulikka haydaladi.
-Ikkinchi 3000 yilda Axura Mazda moddiy borliqni barpo etadi. Osmon, yer, suv, o`simliklar, hayvonot dunyosi yuzaga keladi. Nihoyat odam yaratiladi. Shu paytlarda Angra Manyu yovuz devlarni- o`z yordamchilarini tayyorlaydi.
-Uchinchi 3000 yillikda Ahriman Axura Mazda yaratgan dunyo ustiga hujum qilib keladi. Birinchi inson Kayumarsni o`ldiradi. Uning urug`idan borliq qayta unib chiqadi. Kurash davom etadi, ezgulik g`olib chiqadi va yovuz kuchlarni yer ostiga haydaydi.
-To`rtinchi 3000 yillik Zardusht tug`ilishidan boshlanadi. O`z e'tiqodini targ`ib etadi.
"Avesto" da bayon etilgan zardusht g`oyalari ham dunyoda yaxshilik va yovuzlik kuchlari borligi va ular o`rtasida muttasil kurash borishini, ezgulik kuchlariga Axura Mazda, yovuzlik kuchlariga Axriman boshchilik qilib turishini aytib, odamlarni Axura Mazda- ezgulik tarafida turib, unga ko`makdosh bo`lishga undash bilan boshlaydi. Axura Mazdaning oltita eng yaqin yordamchilari bor. Ular:
Voxu-Manax, - ezgu fikr - (poda va chorvani)
Asha Vahishta - yuksak haqiqat (olovni)
Xisatra Varog - munosib qudrat, hokimiyat (ma'danni)
Sienta Armati – muqaddas itoat (erni)
Harvatat - salomatlik - (suvni)
Ameretat - mangulik - (o`simliklar dunyosini)
Ularning har biri konkret vazifalarni bajarishi aytiladi. Barcha yovuz kuchlarning sardori Angra Manyu. U osmonni toraytiradi, kishilarning ko`ngligi g`ashlik va xafalik soladi, barcha makr-xiyla, ayyorlik uning hunaridir. Uning eng yaqin yordamchilari devlar bo`lib, bular ichida 6 tasi alohida ajralib turadi:
Axa Mana - yovuz fikr
Taurva-so`lish,
Zarik - o`lim,
Ayshma-g`azab,qahr,urush
Araska -hasad, '
Uda - ezmalik, shallaqilik.
-Bu devlarning yordamchilari esa durjlardir. Ular g`azabnok ayol qiyofasidadirlar.
-Yana devsimon parilardir. Ular go`zal ayol qiyofasida bo`lib, kishilarni avraydilar, Axura Mazdadan qaytaradilar.
Demak ko`rinadiki, Axura Mazda Angra Manyu va atrofidagilarga doimo qarshi kurashib kelgan ekan. Bu bundan keyin ham davom etadi. Shuning uchun Axura insonning, inson Axura Mazdaning ko`makchisi bo`lishi kerak.
Inson qanday qilib Axura Mazdaga yordam qila olishi mumkin?
Bunda, ya'ni Axura Mazdaga ko`maklashish, barcha yovuz kuchlarga qarshi turishda asosiy vosita mehnatdir. Inson Axura Mazda tomonida ekanligini, unga e'tiqodi va sadoqatini, eng avvalo, o`z mehnati (dehqonchilik qilish, chorvani urchitish) bilan ko`rsatish mumkin va lozim.
Masalan: " Don ekkan kishi taqvodorlik urug`ini ekadi, u Mazdaga ixlosmandlik e'tiqodini namoyish etadi va olg`a suradi, u imonni oziqlantirib turadi. . . (Yasna 32)
Buni bajarish 10 ming marta ibodat qilish bilan barobar, yuzlab qurbonlik qilishga teng. Ekin ekish - demak yerdagi yovuzlikni yo`qotishdir, chunki, "don" yetilganda devlarni ter bosadi, un chiqqanda devlar sarosimaga tusha boshlaydi, non yopilganda ular zo`r berib dod soladilar. (Yasna 32 )
Ko`rinadiki, mehnat asosiy mezon qilib olinmoqda. Chunki, Oliy mavjudot sifatida faqat insongina mehnat qilish, ya'ni moddiy noz-ne'matlarni yaratish va yetishtirish imkoniyatiga ega.
Bordiyu, u ana shu qobiliyatini yuzaga chiqarmasa, unda u insonlik mohiyatidan mahrum bo`ldi. Yolg`onchilik va yovuzlik kuchlariga ma'qul tushib yovvoyiga aylanadi.
Zardusht g`oyalarining eng ulug` (progressiv) jihati dunyoviy ishlarga faol munosabatda bo`lishga undashida yaqqol ko`rinadi.
Uy-joy qurish, o`t-olov, chorva, xotin-bola-chaqalarga ega bo`lishga, ekin-tikin va daraxt ekishga, yerlarni sug`orishga, mayda va yirik mol boqishga va hakazolarga da'vat etadi.
Dunyoda qanday joy eng sevimli joy, degan savolga Axura Mazda bunday javob beradi:
"Taqvodor kishi o`t olovi, sut-qatig`i, oilasi, yaxshi chorvasi bo`lgan joy-chindan ham eng yaxshi joydir" (Yasna 2)
O`shanda bunday uyda (joyda) "chorva mo`l, noz-ne'mat mo`l, yem-xashak mo`l, kuchuklar mo`l, bolalar mo`l, xilma-xil ro`zgor buyumlari mo`l bo`ladi" . (Yasna 3)
Ko`rinadiki, shu kabi o`nlab misollarda "Avesto" ezgulik g`oyasi bilan sug`orilgan nodir manbadir.
"Avesto" ayni bir paytda o`z davri ilmlarini ifoda etuvchi qomus hamdir. Unda tarix, jug`rofiya, tibbiyot, adabiyot, ekologik va boshqa sohalarga doir ko`plab ma'lumotlar keltiriladi.
Masalan, dunyodagi barcha tog`larning nomlari, O`rta Osiyo va Erondagi daryolar va ularning o`zanlari nomlari aytiladi. Mingdan ortiq dorivor o`simliklar va dorilar, jarrohlik yo`li bilan davolangan o`n bir xil kasallik usullari va hokazo.
Bularning barchasini hisobga olganda, "Avesto" o`tmishi ilm-fan va madaniyatimizni o`rganishdagi eng qimmatli manba hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |