Adabiyotlar:
1. N.M.Mallaev. O`zbek adabiyoti tarixi. T., 1969.
2. O`zbek adabiyoti tarixi. Ak.nashr. 5 jildlik. 1-jild, 1977.
3. Rabg`uziy. Qissasi Rabg`uziy. “Yozuvchi”, 1-2-kitob, T., 1990-91.
4. Fozilov E. Rabg`uziy va uning “Qissasi Rabg`uziy” asari.
1-kitob. T., 1990.
5. X.Rasul. Go`zallik va olijanoblik qissasi,
“Mangu buloqlar”, T., 1986.
Takrorlash uchun savollar:
1. Rabg`uziy hayoti va faoliyati haqida nimalar bilasiz?
2.“Qissasi Rabg`uziy” qanday xarakterdagi asar hisoblanadi?
3. “Qissasi Rabg`uziy” asaridagi qissa va hikoyatlarning mazmun- mohiyati nimalarda ifoda etiladi?
4. Asarda urf-odat va rasm-rusumlarga aloqador qanday tushunchalar
bor?
Lug`at:
Roboti O`g`uz-Xorazm vohasidagi tarixiy joy nomi.
HAYDAR XORAZMIY
(2 soat ma'ruza)
REJA
1. H.Xorazmiyning hayoti va faoliyatiga doir ma'lumotlar.
2. Ijodiy merosi.
3. "Mahzan ul-asror" dostoni. Dostonning yaratilishi, mohiyati.
4. Dostondagi "Sulaymonshoh", "Savdogar va bo`z to`quvchi kampir"
hikoyatlari tahlili.
5."Gul va Navro`z" dostonining yaratilishi va o`rganilish tarixi.
6. Dostonning syujeti, kompozitsiyasi, obrazlar tizimi,
ularning g`oyaviy-badiiy xususiyatlari.
7. Dostonda ishq-muhabbatning o`ziga xos badiiy talqini.
8. H.Xorazmiy merosining ahamiyati.
XIV asr oxiri XV asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan ijod sohiblaridan biri Haydar Xorazmiydir. Shoirning hayoti va faoliyatiga doir juda oz ma'lumotlar saqlanib qolgan. Aniqrog`i Navoiyning "Majolis un nafois", Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat ush - shuaro", shuningdek, yaqinda aniqlangan Shayx Ahmad Toroziyning "Funun ul balog`a" tazkiralarida ba'zi bir ma'lumotlar beriladi. Navoiy Xorazmiyni Amiriy, Yaqiniy, Atoiy, Sakkokiylar qatorida "xush tab'" shoir sifatida tilga oladi. Aytadiki, Sulton Iskandar Temurning nabiralaridan biri bo`lib, H.Xorazmiy uning saroyida turkigo`y shoirlardan biri edi, deydi. Sulton Iskandarning ham bir tuyug`ini keltiradi:
To`lin oyga nisbat ettim yorumi,
Ul xijolatdin kam o`ldi yorumi,
Tor mo`yungni zakotini men beray,
Yo Misrni, Yo Halabni, yo Rumi.
"Fuzalo va shuarodin Mavlono Haydar erdikim, turkiy va forsiyda go`zal va diqqatga sazovor she'rlari bor va Shayx Nizomiyning "Mahzan ul-asror"iga javob bitib, uni amirzoda Iskandar nomiga aytgan", deb ma'lumot beradi. "Tazkirat ush shuaro"sida Davlatshoh Samarqandiy.
Shoirning "Mahzan ul asror"ida ham ayrim qaydlar mavjud. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Mavlono Haydar asli Xorazmlik bo`lib, qachonlardir fors viloyatiga kelgan, bir qancha muddat Sherozda Sulton Iskandar saroyida xizmatda bo`lgan. Taxminan 1409-1414 yillar oralig`ida Sultonga bag`ishlab "Maxzan ul asror" asarini hamda "Gul va Navro`z" dostonlarini yaratgan.
Shoir bu dostonini Nizomiy "Xamsa" sining birinchi dostoniga asoslanib, unga javob tariqasida yaratadi. Shoir Nizomiydan ilhom, madad oladi, uning tafakkuri va san'atidan bahramand bo`ladi:
Menki pishurdim bu laziz oshni,
Shayx Nizomiydan olib choshni,
Shayx Nizomiy damidin jon topib.
Ma'nisidin yarloqu burhon topib.
Garchi shoir Nizomiydan andoza olgan bo`lsa-da Nizomiy dostonining takroriga yo`l qo`ymaydi. Nizomiy dostoni falsafiy-ta'limiy doston bo`lib, 39 bob, shundan 18 bob muqaddima, 20 maqolat, 20 hikoyat va xotimadan iboratdir.
Xorazmiy dostoni ham shu mazmundagi doston bo`lib, 639 baytdan iborat. Nizomiy asari kompozitsiyasida avval maqolot (nazariy fikrlar) so`ngra shu maqolotlardagi fikrlarni mustahkamlovchi hikoyatlar keltiriladi. Bu borada Xorazmiy boshqacharoq yo`l tutadi, yani u avval hikoya, undan so`ng esa kelib chiqadigan fikrlarni umumlashtiruvchi xulosa (maqolat) keltiradi.
"Sulaymonshoh" hikoyatida o`tmish va bugun, bugun va erta, insoniy hushyorlik, "Savdogar va bo`z to`quvchi ayol" hikoyatida pastkashlik va dunyoparastlikni qoralashdan iborat fikrlar aytiladi. Shuningdek, g`aflat va sabrsizlik ("Yoqub va Yusuf" hikoyasidan) rostlik, halollik, sahovat (Xotamtoy hikoyati), inson hayotini e'zozlash (Sulaymon bilan Osaf hikoyati) kabi umuminsoniy fikrlar talqin etiladi.
Shoir asarida badiyatga ham alohida e'tibor bilan qarab-tanosub, tashbeh, majoz, e'tiroz, istiora, ig`roq, g`uluvv kabilardan o`z falsafiy-ta'limiy qarashlari bayonida mohirona foydalanadi:
Ulkim, anga mo`'jizalik so`z kerak,
Yo ko`rub anglagudek ko`z kerak,
So`z bila ham bo`lsa ne bo`lg`oy edi,
Mendin ochun so`z bila to`lg`oy edi.
Bu doston adabiyotimiz tarixi, xususan, XIV asr adabiyotining eng yetuk va nodir asarlaridan biridir. Yaqin kunlarga qadar bu asarni adabiyotshunosligimizda Mavlono Lutfiyga nisbat berib kelinardi. Professor Ergash Umarov tomonidan aniqlangan XIV asr Ulug`bek zamonida yashab ijod etgan Shayx Ahmad Toroziyning "Funun-ul balog`a" asaridan ma'lum bo`lishicha, "Gul va Navro`z" Haydar Xorazmiy qalamiga mansubligi oydinlashadi. Bobur ham "Muxtasar" asarida bu dostonni Haydar Xorazmiyga tegishliligini qayd etadi.
Bugungi kunda bu dostonning o`ndan ortiq qo`lyozma nusxalari mavjud. Doston Sharq dostonchiligi uchun xos muqaddima bilan boshlandi. Dostonda shoirni ushbu asarni yozishga da'vat etgan Sulton Iskandarga bag`ishlangan alohida bob ham bor.
"Gul va Navro`z"da dostonning markaziy qahramonlari Navro`z bilan Gulning sevgi sarguzashtlari orqali O`rta Osiyo va Xurosonning o`sha davr uchun muhim bo`lgan markazlashgan davlat qurish g`oyasini ilgari suradi, urushlar qoralanadi. Dostonda Navro`z bilan Gul yuksak qahramonlar sifatida gavdalantiriladi.
"Gul va Navro`z" dostoni badiiy jihatdan nihoyatda pishiq va puxta yaratilgan dostondir. Dostonda tabiiy borliq majoz usulida insonlar dunyosiga ko`chadi. Natijada dostonda olam va odam birligidan iborat ulug`vorlik paydo etiladi.
Dostonda voqealar ishq deb atalmish tushuncha asosiga quriladi. Shu tushuncha qahramonlarni bir-biriga bog`laydi, voqealar so`ngida yagona fikrga duchor etadi.
Shuning uchun ham "Gul va Navro`z" dostoni adabiyotimizdagi eng nodir dostonlardan biri sifatida qadrlanadi.
Ko`rinadiki, Haydar Xorazmiy ikki yetuk dostoni, ularda ifoda topgan ahloqiy-ta'limiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlari bilan ma'naviy merosimizga ulkan hissa qo`shgan ijodkordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |