Adabiyotlar:
1. A.Yassaviy, “Devoni xikmat” T., AS,1991 y.
2. I.Xaqqulov. Tasavvuf va she'riyat. T.: 1991 y.
3. I.Xaqqulov. Abadiyat farzandlari. T.: 1990 y.
4. A.Yassaviy. Xikmatlar. T.: 1991 y. 5.N.Komilov. “Tasavvuf”. T.: 1991 y.
Takrorlash uchun savollar.
1. A.Yassaviy hayoti va ijodi haqida nima bilasiz?
2. A.Yassaviy o`z ijodida asosan nimalarga tayanadi?
3. A.Yassaviy she'riyatida qanday fazilatlar ulug`lanadi?
Lug`at:
1. Subhon - Olloh, tangri. 2. Cho`bin ot - tobut.
3. Ro`zi mahshar - qiyomat .
4. Oshiq - ollohni sevgan odam.
5. Ma'shuq - Olloh
6. G`arqob - suvga cho`kkan, soyada qolgan.
XIV-XVI ASRLARDA IJTIMOIY-SIYOSIY HAYOT
(2 soat ma'ruza)
REJA
1. O`rta Osiyoda Mo`g`il hukmronligining yemirilishi, Temur
imperiyasining maydonga kelishi.
2. Amur Temur faoliyati haqida.
3. Temur imperiyasining yemirilishi, Shayboniylar dinastiyasi
hukmronligining boshlanishi.
Ikki daryo o`rtasiga joylashgan yurtimiz qadimda «Mavorounnaxr» deb atalgan. Bu so`z arabcha so`z bo`lib «daryo orti» degan ma'noni ifoda etsa-da, «ikki daryo orasi» degan ma'no bilan shuhrat topgan. Bu daryolar Amu va Sir daryolari bo`lib, ular Sayxun va Jayxun, O`g`uz, Inja kabi nomlar bilan mashxur bo`lgan.
Yurtimizning sun'iy sug`orishga asoslangan yerlari serunim bo`lib, yer usti boyliklari bilan chet el bosqinchilarining diqqatini tortib kelgan. Ular Doro, Kir, Iskandar, Qutayba, Chingizxon, Kaufman, Skobelov, Frunze kabilar timsollarida yurtimizni talaganlar. Shoir yozganidek:
O`tdilar sho`rlik boshingdan o`ynatib shamshirlarni,
Necha hoon, necha sulton, necha ming xon, o`zbegim.
Erksevar xalqimiz hech qachon bosqinchilarga bosh egmagan. Shiroq, To`maris, Spitamen, Muqanna, Jaloliddin Madaminbek bo`lib, ularga qarshi beomon kurashganlar. Shoir aytganidek:
Davr zulmiga va lekin bir umr bosh egmading,
Sen Muqani, sarbador sen, erksevar xon o`zbegim.
Ana shunday bosqinchilardan biri XII asrda Chingizxon tomonidan amalga oshirilgan bo`lib, uning avlodlari xukmronligi XIV asrga qadar davom etdi. XIV asrining 60-yillariga kelib, mo`g`ul ichida sarbadorlar qo`zg`oloni alohida ajrab turadi.
Bu harakat mo`g`ul hukmronligi ildiziga bolta urdi. Muhammad Alining «Sarbadorlar» dostonlarida bu xarakat yaxshi tasvirlagan.
Ana shunday sharoitda tarix maydoniga Amir Temur kirib keldi. Istiqlol yillarigacha Amir Temur faoliyati yetarli o`rganilmadi, unga salbiy baho berildi. Ivan Grozniy, Pyotr I singari rus podshohlari ulug`langan holda butun jahon tan olgan Amir Temurga bir yoqlama munosabatda bo`lindi.
Istiqlol sharofati tufayli Amir Temurga odilona baho berildi. Uning 660 yilligi munosabati bilan juda ko`p ishlar amalga oshirildi.
U barlos urug`idan bo`lib, 1336 yili Kesh shahrida tug`ilgan. Otasi Amir Tarag`ay bo`lib, onasi Takina xotun deb yuritilar edi.
Temur tug`ma qobiliyati tufayli sarbozlikda Husaynning lashkarboshisi darajasiga yetdi. Husaynni ham o`rtadan olib tashlab, mo`g`ullarga qarshi kurasha oladigan hukmdorga aylandi.
Temurning To`xtamish ustidan g`alabasi O`rta Osiyonigina emas, Rossiyani ham mo`g`ul zulmidan ozod etdi. Temur Xorazm, Kavkaz orti yurtlarini, Eron, Hindni zabt etib imperiya tashkil etdi.
Bu imperiya davrida ilm-fan o`sdi, yurt obod bo`ldi. Temur barpo etgan Oqsaroy, Registon, Shohi Zinda kabi imoratlar hanuz o`zbek xalqining iftihori bo`lib turibdi.
Temurning Turkiya sultoni Yeldirim Boyazid ustidan qozongan g`alabasi Yevropani Turkiya zulmidan ozod etdi.
Frantsiyada Temur haykali poyiga «Evropa haloskoriga» deb yozilgan. Potsdam shahridagi Temur aks ettirilgan sur'atlar Yevropaning Temurga ehtiromi nishonasidir. Istiqlolgacha badiiy adabiyotda Temur siymosi noto`g`ri aks ettirilgan. S.Borodinning «Samarqand osmonidagi yulduzlar» tragediyasida Temur timsoli bir tomonlama aks ettirildi.
Fitrat 1918 yili «Temur sag`anasi» nomli drama yozib Temur siymosini to`g`ri aks ettirdi. Oybek ham Amir Temur haqida doston yozgan bo`lsa-da, uni nashr ettirishga jur'at etmagan.
Istiqloldan so`ng jahongir haqida behisob asarlar yuzaga keldi. Bular ichida A.Oripov, O.Yoqubov, T.Mirzo, M.Jalil dramalari, B.Ahmedov romanlari singari asarlarni ko`rsatish mumkin.
Istiqlol g`oyalari asosida A.Temur faoliyati haqida quyidagilarni alohida ta'kidlash zarur. 1941 yil 21 iyun kuni jahongir xilxonasi ochildi, Temur bosh suyagi Leningradga olib ketildi. Gerasimov bizga taqdim etgan jahongir rasmi mutlaqo noto`g`ri talqinda edi. Ilgari da'vo qilingan Temurning savodsizligi mutlaqo noto`g`ri bo`lib, Navoiyning uqtirishicha, nazm va nasrda «andoq ho`p mahol va mavqeda» o`qigan. Undan «Temur tuzuklari», «Tarjimai hol» singari asarlari meros bo`lib qolgan.
Temur ulkan binolar, bog`lar barpo etib, yurt tinchligini ta'minlagan. Ilm-fan, hunarmandchilik taraqqiyotiga keng yo`l ochgan.
Temur 1405 yili O`tror shahrida vafot etgan. Garchand Temur Pirmuhammad Jahongirni taxt vorisi qilib tayinlagan bo`lsa-da, taxt uchun beomon janglar boshlanib ketdi. 1409 yili Shohruh g`alaba qildi. U Xuroson taxtiga o`tirib, Samarqand taxtiga 15 yashar o`g`li Ulug`bekni o`tkazdi.
Bulardan tashqari, Temur shuhratini davom ettirishga Abulqosim Bobur, Abu Sayid, Husayn Boyqaro singari shohlar katta ishlar qildilar. Husayn Boyqaro davrida Hirot Sharqning yirik madaniyat markaziga aylandi.
Husayn Boyqaro hukmronligining so`ngi yillari ichki nizolar kuchayib mamlakat inqirozga yuz tutgan edi. Xurosonga Shayboniy qo`shinlari ko`z tika boshladi. Temuriylar ichida Bobur Shayboniyga qarshi mardonavor kurash olib bordi. Boshqa Temuriylar uni qo`llamagani sababli Bobur yengiladi. Shayboniyga qarshi qo`shinlar yig`ayotgan vaqtda Husayn Boyqaro vafot etadi. Oqibat, Shayboniyxon Temuriylar dinastiyasini yiqitib, O`rta Osiyoda o`z hukmronligini o`rnatadi.
Demak, XIV-XVI asr ijtimoiy hayoti Chingiz hukmronligining yemirilishi, Temur imperiyasining yuzaga kelishi, parchalanishi, Shayboniylar dinastiyasi hukmronligi bilan izohlanadi. Temur imperiyasi davrida yurt tinchligi, ijtimoiy hayot taraqqiyoti boshqa sohalarda bo`lgan ko`tarilishlarni yuzaga keltirgani sababli badiiy adabiyot taraqqiyotiga ham keng yo`l ochdiki, Otoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur singari zabardast ijodkorlar mana shu davr mahsulidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |