Abu Hafs Kabiyr al-Buxoriy
Abu Hafs Kabiyr Ahmad ibn Hafs al-Buxoriy Bag`dodga borib, u yerda imom Muhammad bilan uchrashadi va undan dars ola boshlaydi. Hanafiy mazhabi fiqhini o`zlashtirib, boshqa diniy ilmlarda kamol darajasiga yetgandan keyin ona shahri Buxoroga qaytib keladi. Bu yerda u bir necha masjid va madrasalar qurib, tolibi ilmlarga dars o`tib, odamlarda paydo bo`lgan turli savollar va masalalarning javoblarini aytib beradi.
Abu Hafs, hanafiy mazhabi ta`limotlarini birinchi bo`lib Movarounnahrga olib keldi. Uning qo`lida ko`pgina faqihlar va olimlar yetishib chiqdi. Hatto tarixchilarning ta`kidlashlaricha, Buxoroda ilmning tarqalishiga, imom va ulamolarning hurmat topishiga sababchi bo`lgan kishi Abu Hafs Kabiyr bo`lgan.
Abu Hafs Kabiyr hanafiy mazhabining fiqhini Movarounnahrda tarqalishida jonbozlik ko`rsatgan bo`lsa, uning oilasi, xususan, o`g`li Abdullohning bu borada xizmati buyuk bo`lgan. Shuning uchun ham uni Abu Hafs Sag`iyr, ya`ni kichik Abu Hafs deb atashgan.
Abu Hafs Kabiyrning shuhrati butun Buxoroga, qolaversa, butun islon olamiga tarqaladi. Hatto, arab diyori olimlari biror masalaning javobini topishda qiynalib qolsa, Buxoroga Abu Hafs Kabiyrning oldiga bir kishini yuborib, o`sha masalaning yechimini bilib olishar ekan.
Narshaxiyning aytishicha, hojilar karvoni kelayotganida, karvondan bir kishi Abu Hafsning yoniga kelib, undan masala so`ragan ekan. Abu Hafs hayratlanib: “O`zing-ku Iroqdan kelyapsan, nima uchun Iroq olimlaridan so`ramading?” – deb so`rasa, u kishi esa: “Bu masalada Iroq olimlari bilan munozara qildim, lekin ular javob bear olmadilar va menga Buxoroga borib, bu masalani Abu Hafsdan yoki uning farzandidan so`ragin, ular senga bu masalaning javobini aytishadi, deyishdi”, - deb javob beradi.
Olimlar uning ilmu fazlini baholab, uni “muallimi islom”, ya`ni islom dinining muallimi, uning sharofati bilan Buxoroni “Qubbatul islom”, islom dini gumbazi va u kishi yashaydigan mahalla darvozasini “Haqroh” ya`ni haq yo`l deb atashgan ekan.
Abu Hafs Kabiyr 150 (milodiy 768)yili tug`ilib, 216 (milodiy 832)yili vafot etgan.
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad Moturudiy Samarqandiy
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad al-Hanafiy al-Moturudiy as-Samarqandiy – Islom dinining nazariy (usul ad-din), fiqh asoslari va manbalarini o`rganadigan (ilm usul al-fiqh) sohasi bo`yicha hanafiy mazhabining yirik faqihi, kalom ilmida yangi bi yo`nalish – maktab yaratgan yirik alloma. Samarqand yaqinidagi Moturud (arabcha “Xohlagan narsang” ma`nosiga ega) mahallasida 870-yilda tug`ilgan. Samarqandda hanafiya mazhabi qonunshunoslaridan fiqh ilmini o`rgandi. Moturudiy Samarqandda yashagan olim Muhammad ibn Fazlning shogirdi bo`lgan. Keyinchalik o`zi shu yerda fiqh va kalomdan dars bergan. Hijriy 333 yoki 335 (milodiy 946 yoki 947) yili Samarqandda vafot etgan.
Moturudiy Qur`on tafsiri, kalom, fiqh ilmi usullari sohasida bir qancha kitoblar yozib qoldirgan. Ulardan “Kitob al-usul” (“Fiqh asoslari kitobi”), “Kitob ta`vilot al-Qur`on” (“Qur`on tafsiri kitobi”), “Sharh fiqh ul-akbar” (“Fiqhul akbar sharhi”), “at-Tavhid” (“Xudoning yagonaligi haqida”), “Ma`xuz ash-Sharoi`” (“Qonunshunoslikdagi yetishmovchiliklar”), “Kitob al-maqolat” (“Maqolalar kitobi”) asarlarini ko`rsatish mumkin.
Moturidiyning kalom sohasida ixtiro etgan ta`limotini keyinchalik “moturudiya” nomi bilan mashhur bo`lib, musulmonlar orasida Movarounnahrda keng tarqaldi. Uning asarlarida qarmatiylar, ravofiziylar va mo`taziliylar ta`limotlari rad etiladi.
Moturidiy tan olgan oqim ash`ariya ta`limotidir. Moturudiy o`z asarlarida kalomning bir qancha masalalarini Allohga xos alomatlar haqqoniyligi, mavjudligi haqidagi ash`ariya ta`limoti tushunchalari asosida hal etdi. Ash`ariylardan farqli o`laroq, Moturudiy va uning izdoshlari nafaqat Allohga xos alomatlarning azaliyligini tan oldilar, balki inson qilmishi, xatti-harakatlarini ham e`tirof etdilar.
Shunday qilib, bizning buyuk vatandoshimiz Muhammad Moturudiy o`z salaflari Imom Buxoriy, Imom Termiziylar yo`lini tutib, sof Islom va uning hanafiya mazhabini yoqladi va himoya qildi. Islomga va uning qonun-qoidalariga zid ta`limotlarga qarshi kurashdi. Uning ta`limoti moturudiya nafaqat Movarounnahr, balki Hindiston va Turkiyada keng tarqalgan. Al-Ash`ariy ta`limoti bilan Moturudiy ta`limoti o`rtasida xuddi shofe`iy va hanafiy mazhabidagi kabi keskin farqlar bo`lmagan, bularning har ikkisi ham hanafiya mazhabi uchun kurashgan allomalardir.
Moturudiy hayoti va ijodi Sharq va G`arb islomshunos olimlari tomonidan o`rganib kelindi,uning haqida bir qancha kitob va maqolalar chop etildi.Ulardan Abu Uzbu ar-Ravzaning “al-Bahiya fi mo bayn-l-ashoira va-l-moturidiya”, Shayx zodaning “Kitob nazm al-faroid va jam` al-favoid fi bayon al-masoil, allati vaqaa fiho al-ixtilof bayn al-moturidiya va-l-ash`ariya” kabi arab tilida yozilgan va Ovro`po olimlari tomonidan ingliz, nemis tillarida nashr etilgan bir qancha tadqiqotlarni ko`rsatish mumkin. Uning haqida ingliz tilida chiqayotgan “Islom ensiklopediyasi”da ma`lumot berilgan.
Mustabid Sho`ro tuzumi davrida boshqa buyuk muhaddis, mufassir olimlarimiz qatorida Moturidiy hayoti va ijodi ham o`rganilmadi, uning haqida birorta maqola yozilmadi ham. Hatto “O`zbek Sovet ensiklopediyasi”da ham olimning nomi yo`q.
Allohga shukronalar bo`lsinkim, mustaqillik tufayli buyuk allomalarimiz nomi tiklanmoqda, tavallud topgan yillari nishonlanmoqda, maqbara, masjid va madrasalari ta`mir etilib, muqaddas ziyoratgohga aylantirilmoqda. Xalqimiz ikki buyuk siymo Muhammad Moturudiy tavalludining 1130 yilligi va Burhonuddin Marg`inoniy tavalludining hijriy hisobda 910 yilligini 2000-yilda nishonladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |