Ulug`bek Muahmmad Tarag`ay (1394 – 1449)
Mashhur davlat arbobi va buyuk olim, 22-mart 1394-yili tug`ilgan. Otasi Amir Temurning o`g`li Shohrux Mirzo edi. Yoshligidan saroyda yaxshi ilm oldi. Keyinchalik butunlay ilm-fanga berilib, davlat va harbiy ishlar bilan shug`ulanmay qo`ydi. 820 – 823 (milodiy 1417 – 1420) yillari Samarqandda o`z nomida madrasa qurdiradi. Bu madrasa fan va madaniyat o`chog`iga aylandi. Keyin Ulug`bekning rahbarligi va ishtirokida Samarqanddagi Ko`hak degan joyda rasadxona qurildi, unga asboblar ishlanib, yulduzlarni kuzatish ishlari olib borildi. Ulug`bek astronomiya maktabi vujudga keldi. Ulug`bek rasadxonasida Qozizoda Rumiy, G`iyosuddin Jamshid, Mu`munuddin Koshifiy, Ali Qushchi kabi astronom va matematika olimlari ilmiy kuzatish ishlari olib bordilar. Bu rasadxonada o`z davrida mo`jiza hisoblangan “Ziji Ko`ragoniy” yoki “Ziji Ulug`bek” deb atalgan yulduzlar jadvali yaratildi. Jadvalda 1018 ta yulduz ko`rsatilgan. Uning bitta qo`lyozmasi O`zRFA Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. U Oksford (Angliya), London, Parij va Amerikada nashr etilgan. Ulug`bek astronomiya maktabi ta`sirida Sharq mamlakatlari, jumladan, Hindistonda rasadxonalar qurildi va ularda astronomik kuzatishlar olib borildi.
Ulug`bek geometriya, trigonometriya va matematika bilan ham shug`ullangan. U Markaziy Osiyo xalqlari tarixiga oid “Ulus arbaayn chingiziy” nomli asarning ham muallifidir. Bu asarning Britaniya muzeyida saqlanayotgan qisqartma qo`lyozmasi polkovnik Meyls tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinib, 1838-yili Londonda nashr etilgan.
Ulug`bek obodonchilik ishlariga ham katta e`tibor berdi. Samarqandda va boshqa shaharlarda bir qancha binolart qurdirdi, bog`lar barpo qildirdi, ko`priklar, karvonsaroylar, bozorlar, hammomlar qurdirdi. Ulug`bek 853 (milodiy 1449) yili o`z o`g`li Abdullatif boshchiligidagi bir guruh qora kuchlar tomonidan fojiali o`ldirildi.
1994-yili Ulug`bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan “Ziji jadidi Ko`ragoniy”ning birinchi bor rus tiliga to`la tarjimasi bosilib chiqdi. Shu yili “Tarixi arbaa ulusi” kitobi ham o`zbek tilida Toshkentda nashr etildi.
Jarulloh Abulqosim Mahmud ibn Umar Zamaxshariy (1074 – 1144)
Mashhur o`zbek olimi, mufassir, tilshunos, shoir va yozuvchi. 467/1074 yili Xorazmning Zamaxshar qishlog`ida tug`ildi. Otasi qo`lida boshlang`ich ta`lim olib, keyin Urganch madrasalaridan birida tahsil qiladi. Ilmini oshirish uchun Buxoroga kelib, ta`lim oladi, u yerdan Xuroson va Isfahonga boradi. Saljuqiylar saroyida xizmat qiladi. Xorazmga qaytib, qattiq kasal bo`lib, bir oyog`idan ajraladi. Sog`aygach, ilm olish uchun Bag`dodga jo`naydi, u yerdan Makkaga o`tadi. Ikki yildan keyin vataniga qaytib, bir qancha vaqt ilmi tadqiqot bilan shug`ullanadi. So`ngra Shomga va yana Makkaga boradi. Makkada tafsirga oid “al-Kashshof” (Oshkor qiluvchi) asarini tugatadi, so`ng yurtiga qaytib, 538/1144 yili Xorazmda vafot etadi.
Zamaxshariy bir qancha asarlar muallifi. Ulardan:
1.“al-Kashshof” eng mashhur tafsirlardan hisoblanadi.
2. “Asos al-balog`a” (Balog`at asoslari) asari bilan arab lug`atshunosligi yuqori pog`onaga ko`tarildi.
3. “Al-Foiq fi g`arib-il-hadis” (Hadisdagi notanish so`zlarni o`zlashtiruvchi). Kitob hadis va adabiy asarlarda uchraydigan, ma`nosini anglash qiyin bo`lgan so`zlarga bag`ishlangan.
4. “Al-Jibol va-l-amkina va-l-miyoh” (Tog`, manzillar va suvlar).
5. “Muqaddimat al-adab” (Adabiyot muqaddimasi). Bu arab tili uchungina emas, balki boshqa tillar uchun ham muhim asardir. Besh qismdan iborat bo`lib, ismlar, fe`llar, hurufi jor (ko`makchilar), ismlarning turlanishi va fe`llar turlanishidan iborat.
Zamaxshariy mohir yozuvchi va shoir sifatida ham shuhrat qozondi. Uning bu sohadagi asarlaridan “Navobig` al-kalim” (Hikmatli so`zlar), “Maqomat Zamaxshariy” (Zamaxshariy maqomalari),“Atvoq az-zahab fi-l-mavoiz va xutab” (O`git va nasihatlarning oltin shodalari) kabilardir. Zamaxshariyning arabcha devoni ham bo`lib, unga lirik va falsafiy she`rlari, qasida, marsiya va nazmiy maktublari to`plangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |