(873 – 950)
Buyuk mutafakkir – faylasuf. Sirdaryo qirg`og`idagi Forob shahrida turkiy qabilalardan bo`lgan oilada tug`ilgan. U nihoyatda iste`dodli, zehni va xotirasi juda o`tkir bo`lgan. Buni sezgan otasi Bag`dodga ko`chib keladi. Bu yerda Forobiy arab tili va adabiyotini chuqur o`rganadi, hikmat va mantiq ilmlarini egallaydi. Damashq, Halab, Harron shaharlarini kezib, u yerlik olimlar suhbatida bo`ladi.
Aristotel, Aflotun (Platon) kabi qadimgi Yunon faylasuflari asarlari bilan tanishadi. Natijada uning atrofiga shogirdlar to`planadi va u madrasalarda dars bera boshlaydi. Shunday buyuk mutafakkir bo`lishiga qaramay, Forobiy yo`qchilik bilan faqirona hayot kechirgan, u hatto yozishga qog`oz va chirog`iga yog` topa olmagan.
Forobiy yirik faylasuf bo`lish bilan birga, durustgina tabib va shoir bo`lgan. Tabobatga oid “Risola fi a`zoi inson” (Inson a`zolari haqida risola) asarini yozgan. U musiqa sohasida ham bilimdon bo`lib, juda ko`p kuylar yaratgan, hatto musiqa kuylarini harflar bilan ifodalashni dastlab Forobiy topgan va “qonun” degan cholg`u asbobini yaratgan.
Forobiy qadimgi yunon falsafasi bilan chuqur shug`ullanib, Aristotel asarlariga juda ko`p sharhlar yozadi. Bu sharhlar Aristotel falsafasidagi tushunib bo`lmaydigan, qiyin masalalarni oydinlashtirgan, odamlarni qadimgi yunon falsafasi bilan tanishtirgan. Shuning uchun Sharqda Birinchi muallim deb Aristotelni atashgan bo`lsa, Forobiyni Ikkinchi muallim (Muallimi soniy) deb atashadi.
Forobiy falsafa, mantiq va tabiiy fanlar sohasida yuzdan ortiq asar yozgan. U siyosat, psixologiya, musiqa sohalarida ham ko`plab kitoblar qoldirgan. Bizgacha uning 119 asari yetib kelgan.
Bu asarlarni quyidagi tartibda bo`lish mumkin:
1.Falsafa va umuman bilimning asosiy, umumiy va boshlang`ich masalalariga bag`ishlangan asarlar.
2. Tabiatshunoslik ilmi va amaliy faoliyat va turli kasb-hunar masalalariga oid asarlar.
3. Filologiya, she`riyat, xusnixat, notiqlik san`ati va musiqaga oid asarlar. Bunga “Kalom fi-sh-she`r va-l-qafaviy” (She`r va qofiya haqida so`z). “Ritmlar klassifikasiyasi” (Kitob fi ihsoil ibqo) asarlari kiradi.
4. Axloq-odob, ijtimoiy hayot va davlatni boshqarish kabi masalalarga bag`ishlangan risola va kitoblar. Bunga:
1) “Kitob siyosat al-madina” (Shaharni boshqarish kitobi).
2) “Kitob mabodiu orom ahli madinat al-fazila” (Fozil shahar aholisining qarashlari haqida kitob).
3) “Kitob maoyish va-l-hurub” (Hayot va urush haqida kitob).
4) “Risola fi tanbeh alo as`hobi-s-saoda” (Baxt-saodatga erishish yo`llari haqida risola).
5) “Kitob fi ijtimoat-il-madina” (Shahar jamoalari haqida kitob) kabilar kiradi.
Forobiyning “Uyun al-masal” (Masalalar chashmasi) va “Risola fi fusus al-hikam” (Hikmat gavharlari haqida risola) kabi asarlari Forobiy dunyoqrashining durdonalari hisoblanadi.
Biz ona yurt sharafi ori,
Istiqlolning go`zal bahori,
Bobomizga o`xshab yashaylik,
Bobomiz Naqshband Buxoriy.
Do'stlaringiz bilan baham: |