2.2. G‘oya, mavzu va irfoniy ma’no ifodasi
Fardlarda ifodalangan mavzu va mazmun salmog`iga qarab, hamma fardlar ham aforistik xarakter kasb etavermaydi. Fardlarning aforizmga aylanishi uchun ulardagi fikr ibratli, g`oya umumbashariy ahamiyatga molik bo‘lishi kerak. Chunki har qanday fikr ibratli bo‘la olmaydi har qanday fikr maqol bo‘la olamaydi. Maqolga aylanuvchi fikr xalqning ko‘p yillik ijtimoiy hayotiy tajribasida sinalgan bo‘lishi lozim. Maqolda ifodalangan fikr umuminsoniy xarakter kasb etishi, ixcham, mukammal, badiiy jihatdan kristall shaklga ega bo‘lishi kerak. Bu mulohaza maqolga nisbatan aytilgan bo‘lsa-da, biz maqol va fard orasidagi o‘xshashliklarni hisobga olgan holda uni fardga nisbatan ham qo‘llash mumkin degan xulosaga keldik. Zero, fardda ham ixchamlik, lo‘ndalik, siqiqlik xususiyatlari mavjud.
G‘oya farddagi bu ikki misrani bir-biriga bog‘lovchi mantiqiy rishtadir, misralar esa kompozitsiya unsurlariga aylanadi. Ammo ruboiy sig‘imi bundan kattaroq, biroq bu imkoniyat fardni kamsitish uchun dastak bo‘la olmaydi, sig‘imining kichikligi fardning aybi emas, balki o‘ziga xosligidir. Demak, gap faqat hayot materiali yo ma’noning katta yo kichikligidagina emas.
Navoiy lirikasida sof maʼnodagi ilmiy-maʼrifiy yoki taʼlimiy-irfoniy asarlar ham mavjud. Bunga uning gʻazallaridan va kichik lirik janrlardagi asarlaridan koʻplab misollar keltirish mumkin. Hazratning ushbu tarzdagi asarlarida maʼrifat tushunchasi izchil mazmun-mohiyatga ega boʻlgan holda, baʼzan tadrijli tarzda bayon etiladi.
Fardlar mazmun mundarijasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratiladi69:
Didaktik fardlar
Falsafiy fardlar
Ishqiy fardlar
Didaktik fardlarning mazmunida pand-nasihat o‘rin olsa, falsafiy fardlarda muallif xulosasi va diniy qarashlari mujassam bo‘ladi. Ishqiy fardlar zohirida majoziy ishq, botinida ilohiy – tasavvufiy ishq yashirin yolg‘iz baytlardir.
Alisher Navoiyning “Xazoyin ul- Maoniy” kulliyotiga kiruvchi “Favoyid ul- kibar” devonida fardlarga alohida o‘rin ajratilgan. Bir qarashda, fardlarning hajmi kichik, biroq ular o‘zida mujassam qilgan va ishora qilgan ma’nolar to‘g‘ridan to‘g‘ri insonga qaratiladi. Asosida esa, davr muhitidan ufurib turadigan qonun-qoidalar, ahkomlar ijrosi va amali uchun harakat bo‘y ko‘rsatadi.
Ulki, haq borinda maqsud istagay har zotdin,
Mehr borinda yorug‘lik ko‘z tutar zarrotdin.70
Kimki Allohni borligiga iymon keltirib, borligini bilib o‘z istagi, xohishini duch kelgan kimsa(har zot)dan talab qilsa, bu hol xuddi quyosh borligida yorug‘likni uchqun(zarrot)lardan izlagan(ko‘z tutar)dek bo‘ladi.
Bu fard tartibi jihatidan birinchi joylashgan. Uning mazmunida Allohga hamd o‘rin olgan. Devonlarda tartib har bir janr uchun qat’iy ekanligi shundan dalolat beradi. Ushbu fard namunasi mazmun mundarijasiga ko‘ra falsafiydir. Ya’ni bu turga an’anaga muvofiq hamd, na’t va boshqa mavzularga oid asar namunalari joylashtiriladi.
“Quroni karim”ning “Oli Imron” surasi 186- oyatida keltiriladi:
Albatta mol-u jonlaringizda imtihon qilinursizlar (ya’ni Tangri taolo mol va jonlaringizga xilma-xil ofat-u balolar yuborib, sizlarning iymoningizni tekshirib ko‘rar), va albatta sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalar tomonidan va mushriklar tomonidan ko‘p aziyat-malomatlar eshitajaksizlar. Agar (ozorlariga) sabr-toqat qilsangizlar va Allohdan qo‘rqsangizlar (najot topursiz). Chunki bu ish (ya’ni sabr-toqatli bo‘lib, Allohdan qo‘rqish) ishlarning maqsadga muvofig‘idir.71
Moida surasi 83- oyati, Luqmon surasi 17- oyati, Sho‘ro surasi 43- oyatida sabrli bo‘lish haqida uqtiriladi.
Demak, bu dunyodagi sinovlarga bardoshli, sabr –toqatli bo‘lish haqida aytiladi. Inson to‘plagan mol-dunyosi, yaqinlari, salomatligi bilan imihon qilinadi. Ularga sabrli bo‘lish e’tiqodi mustahkam, iymonli kishilarnig ishidir.
Maqsadga erishishning yo‘li shu maqsad yo‘lidagi sinovlarga sabr-bardoshli bo‘lish va oldinga qo‘yilgan maqsaddan og‘ishmay harakat qilishdir. Ammo buning uchun boshqalarga tama’ nazari bilan qarash yaramaydi.
Elni xor aylagan tama’ bilgil,
Doimo azza manqana’ bilgil.72
37-bob.73
Olloh taoloning qavli: «Va eslangiz Ayyubni ham, vaqtiki ul nido qildi parvardigorigaki, «Darhaqiqat menga zarar (musibat) yetibdur, sen o‘zing rahm qilguvchilarning eng rahmlisisan!» («Al-Anbiyo» surasi, 83-oyat)
Abu Hurayra raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bunday deb marhamat qildilar: «Bir mahal Ayyub alayhissalom yalang‘och holda cho‘milib turgan erdilar, bir to‘da tilla chigirtka (malax) uchib kelib, ustlariga qo‘ndi. Shunda ul kishi chigirtkalarni kiyimlariga sola boshladilar. Olloh taolo ul kishiga (tanbeh berib): «Ey Ayyub! Men seni (ana shu) ko‘rib turganing narsaga boy qilmabmi erdim?» — dedi. Ayyub alayhissalom: «Ha, albatta, boy qilgan erding, ey parvardigorim! Ammo, barakotingga muhtojman» — dedilar (ya’ni, Ayyub alayhissalom serfarzand, badavlat kishi erdilar. Keyin, farzandu mol-dunyolaridan ajralib, og‘ir dardga chalinib qoldilar, talay vaqtgacha Olloh taolodan vahiy kelmay qo‘ydi. Ul kishi bularning barchasiga sabr-u qanoat qildilar. Bir kuni Olloh taolo sinamoq uchun tilla chigirtkalarni yubordi. Shunda yuqorida zikr qilingan voqea ro‘y bergan erdi).
Navoiy tushunchasida kishilarni qanoatli boʻlishga chaqirish ziqnalik emas, balki moddiy boyliklarni meʼyorida sarflash demakdir. Isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish, keragidan ortiqcha sarflash xunuk oqibatlarga olib keladi. Bu fard mazmuni jihatidan ham falsafiy, ham didaktik farddir. Birinchi misrada zohiran pand berilsa, keyingi misrada botinan “Alloh sabrlilar bilan” degan ma’no mujassam.
“Hazrat Navoiy oʻz asarlarida Qurʼoni karimdan ham keng foydalangan. Uning “Xamsa”, “Sittai zaruriya”, “Nasoyim al-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj al-muslimin” kabi asarlarida, umuman nazm va nasrdagi yozma merosida islom masalalari boʻyicha koʻp hollarda Qurʼon oyatlariga asoslangan mulohazalar bayon qilinganini koʻrish mumkin.
Husayn Voiz Koshifiyning ilmiy faoliyatiga nazar soladigan boʻlsak, u zotning qalamiga mansub “Javohir at-tafsir” va “Mavohibi Aliyya” asarlari bevosita Alisher Navoiyning taklifi va homiyligi ostida yozilgan.
Navoiy Qurʼoni karim taʼsiri borasida “Tarixi anbiyo va hukamo” asarini yozgan. Odam atodan tortib, Nuh, Iso, Yaʼqub, Sulaymon, Yusuf, Dovud va boshqa paygʻambarlar haqida maʼlumotlar beriladi. Navoiy Qurʼoni karim taʼsirida “Siroj-ul muslimin” nomli kitob yozadi. Bu kitobda shariat ahkomlarini, Allohning sakkiz sifatini anglatganidan soʻng, Islom asoslarini nazmda bayon etadi. Hazrat Navoiy butun hayoti va ijodini Qurʼon oyatlari, hadislar asosiga qurgan komil musulmonning ibratli namunasidir.”74
Yetar chu rizqing, agar xoradur va gar yoqut
O‘zungga yuklama anduh tog’in, istab qut.75
Imom Buxoriy o‘zining “Sahihi Buxoriy” asarida keltiradi :
18-bob. Oy-kuni yetib tug‘ilgan bola va chala tug‘ilgan bola
Anas ibn Molikka Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Alloh taolo bachadonga bir farishtani vakil etadi. Farishta aytadi: «Yo rabbiy, bu nutfaga aylandi, yo rabbiy, bu quyuq qonga aylandi, yo rabbiy, bu bir parcha etga aylandi». Alloh taolo: «Bola oy-kuni yetib dunyoga kelsin!» deydi, farishta: «O’g‘ilmi-qizmi, baxtlimi-baxtsizmi, rizqi qancha, yashash muddati qancha?» deb so‘raydi. Bularning barchasi bola onaning qornida ekanligida manglayiga yoziladi».
Muqaddas kitobimiz “Qur’oni Karim”ning “Haj” surasi 5-oyatida keltiriladi: “Ey insonlar, agar sizlar qayta tirilishdan shubhada bo‘lsangizlar, u holda (qaranglar), Biz sizlarga (Allohning qudratini) bayon qilish uchun sizlar (ya’ni otangiz Odamni) tuproqdan, so‘ngra (barcha jonzotni avvalo) nutfa-maniydan, so‘ngra laxta qondan, so‘ngra yaralib bitgan-bitmagan (ya’ni inson suratida shakllanib bitgan yoki bitmagan) parcha go‘shtdan yaratdik. Biz (sizlarni) O’zimiz xohlaganimizcha - muayyan muddatgacha (onalaringiz) qornida qoldirib, so‘ngra chaqaloq holingizda (yorug‘ olamga) chiqarurmiz, so‘ngra voyaga yetgunlaringizgacha (ham O’zimiz tarbiya qilurmiz). Sizlardan (go‘daklik, yoshlik yillaridayoq) vafot topadigan kishilar xam bo‘lur, yana sizlardan (ko‘p narsa-bilimlarni o‘rganib) bilganidan so‘ng hech narsani bilmay qolishi uchun eng tuban umrga (ya’ni qarib munkillab qolishga) qaytariladigan kishilar ham bo‘lur. (Qayta tirilish haq ekanligining yana bir dalili ushbudir) — siz(lar) bu yerni quruq-o‘lik holida ko‘rursiz. Endi qachonki Biz uning ustidan suv-yomg‘ir yog‘dirsak, u harakatga kelib ko‘pchir va turli-tuman go‘zal (nabotot) juftlarini undirur.”
“Baqara” surasi.22-oyatida: “U zot sizlar uchun Yerni qarorgoh, osmonni tom qilib qo‘ydi va osmondan suv tushirib, uning yordamida sizlarga rizq bo‘lsin, deb mevalar chiqardi. Bas, bilib turib o‘zgalarni Allohga tenglashtirmang”
61-bob. Yomg’ir qachon yog‘mog’ini Ollohdan o‘zgasi bilmag’aydir!
AbuHurayra: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Beshta narsani Olloh taolodan o‘zgasi bilmag’aydir, deganlar»,- deydilar. Ibn Umar rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Royib (inson bilolmaydigan) narsalar beshta bo‘lib, ularni Ollohning o‘zigina bilur, xolos. Ular quyidagilar: 1. Ertaga ne bo‘lmog‘ini bilmas; 2. Homilaning o‘g‘il yokim qiz erkanini bilmas; 3. Ertaga qay yerdan rizqini topib yemog‘ini bilmas; 4. Qay yerda o‘lmog‘ini bilmas; 5. Yomg‘ir qachon yog‘mog‘ini bilmas»,- dedilar».
“Dunyo neʼmatlariga mayl etmaydigan pokiza xilqatlar – farishtalarning ruhiy ozigʻi tangri taolo zikridir. Haq yoʻliga qadam qoʻygan el poklar safiga qoʻshilmoq uchun xuddi shunday oziqqa ragʻbat etmogʻi darkor.”76
Bu haqida mutafakkirning quyidagi fardini ko‘rishimiz mumkin:
Pok husn ahliki, xushtur zulmi ham, ehsoni ham,
Sa’b emish pok elga aning vasli ham, hijroni ham.77
Quyidagi fard mazmun mundarijasidan ishqiy ekanligi ma’lum.
Do'stlaringiz bilan baham: |