O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI
O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
5A120101- Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti)
G‘AFUROV NODIRJON SAYFUTDIN O‘G‘LI
“Alisher Navoiy fardlari poetikasi” mavzusidagi
MAGISTR AKADEMIK DARAJASINI OLISH UCHUN YOZILGAN
DISSERTATSIYA
Ilmiy rahbar:
f.f.d. professor Boltaboyev H.
Toshkent – 2022
MUNDARIJA:
KIRISH
ASOSIY QISM.
I BOB. FARDNING JANR XUSUSIYATLARI VA TARAQQIYOT BOSQICHLARI
Fard janri xususida
XII – XV asrning 1-yarmi o‘zbek she’riyatida fard tadriji
I bob bo‘yicha xulosalar
II BOB. ALISHER NAVOIY FARDLARINING MA`NO QAMROVI
2.1. Fardlarda shaxs, axloq va inson kamoloti talqini
2.2. G‘oya, mavzu va irfoniy ma’no ifodasi
II bob bo‘yicha xulosalar
III BOB. ALISHER NAVOIY FARDLARI BADIIYATI
3.1. Badiiy obraz va ifodadagi o‘ziga xoslik
3.2. Alisher Navoiy fardlarida she’riy san’atlarning qo’llanilishi
III bob bo‘yicha xulosalar
XULOSA.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI.
KIRISH
Tadqiqot mavzusining asoslanishi va dolzarbligi. Hozirgi zamon jahon adabiyotshunosligida adabiy janrlarning shakllanishi, manbalari, tadrijiy rivoji va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rnini belgilashga doir bir qator yangi tadqiqotlar yuzaga keldi. Bugunga kelib, Hazrat Navoiyning o‘rganilmagan asarlari qolmadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘rinda fardlar ham. O‘zbek adabiyotida lirik janrlar ko‘p. Ularni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Lirik janrlar ilmiy xossalarini o‘rganish adabiyot nazariyasining ajralmas qismi sanaladi. Lirika janrlarining poetikasini tarixiy va nazariy jihatidan tadqiq etish badiiy adabiyotning juda ko‘p muammolarini hal etishga yordam beradi.
O‘zbek mumtoz she`riyati janrlaridan g`azal, ruboiy, qasida, tuyuq, qit`a, fard soqiynoma, tarje’band va tarkibband janrlari adabiyotshunos olimlar tomonidan atroflicha o‘rganilgan. Lekin kichik lirik janr fard poetikasi alohida ijodkor misolida tadqiq etilmagan. Poetik tuzilishi ixcham, ammo juda katta mazmuniy qamrov asosiga qurilgan bu janr she`riyatda o‘z mavqeiga ega. Fard poetikasi, uning shaxs axloqiga, inson kamolotiga ta’siri, fardning g‘oyasi-yu mavzusi, qanday bilim va hikmatga asoslanganligini, shuningdek, badiiy obrazlar tizimi va uslubning o‘ziga xosligini hamda unda qo‘llangan badiiy san’atlarni va boshqa jihatlarini o‘rganishni taqozo etadi.
Fard janri poetikasi va tarixi M. Oymatova1 tomonidan ilmiy jihatdan o‘rganilgan. L. Serikova “Alisher Navoiy lirikasining kichik shakllari”2 mavzusidagi nomzodlik ishida ayrim fard namunalarini semantik va sintaktik tadqiq etadi. R. Orzibekov3 ham bu janr haqida xulosalar bergan. Biroq biz bu taqiqot ishlaridan ijodiy foydalangan holda Navoiy fardlarini yanada kengroq yoritishga urindik.
Alisher Navoiy fardlarini o‘rganish, uning ma’no qamrovi va badiiyati, undagi shaxs, axloq va inson kamolotining ifoda etilishi bilan bog‘liq. Ularning qay mavzuda, qay irfoniy ma’no bilan namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishga, adabiyotimizni chuquroq anglashga yordam beradi. Navoiy fardlaridan birida:
Manga emdi go‘shai mehrob ila toat yetar,
Ey ko‘z, ul mehrob qoshni ko‘rmakim, ofat yetar4 –
deydi. Bir o‘qishda, muallif – oshiq sifatida ma’shuqadan ko‘p jafo ko‘rgan va uning jazolashlari haddan ortganligi bilinadi. Bundan uning ishqiy mavzudaligi ma’lum bo‘ladi. Birinchi misrada, oshiq bir chekkada mehrobga sajda qilib ibodat etsa bas, yetarli ekanini aytadi. Ikkinchi misrada esa, oshiq ma’shuqasiga har qaraganda unga ofat yetishini ma’lum qiladi. Oshiqning bu holga yetishi, uning tag zamiri va mohiyatiga ilm-u irfon bilan nazar solsak, bandaning Allohga ishqi va uning bu ishqdan kechmasligi ma’lum bo‘ladi. Navoiy “ey ko‘z, ofat yetar” – deb aytishida Muso (a.s.) hikoyatiga ishora qilmadimikin?!
O‘zbek adabiyotshunosligida o‘zgacha bir ilmiy an`ana bor. U ham bo‘lsa har bir janrning tarixi va poetikasini alohida tadqiq etish. Masalan, O. Nosirov5 g`azal janrini, I. Haqqulov6 ruboiy janrini, L.Zohidov7 muammo janrini, M. Abduvohidova8 munozara janrini, M.Oymatova9 fard janrini, M.Asadov10 soqiynoma janrini, D. Kazakbayeva11 tarji’band va tarkibband janrlarini monografik jihatdan o‘rganlar. Maxsus tadqiqot talab etuvchi ana shunday janrlar sirasiga qit`a, tarix, chiston janrlari ham mansub. Binobarin, bizning tadqiqotlarimiz mavzusi adabiyotshunoslikdagi ana shu an`anani davom ettirilishi jihatidan ham dolzarbdir. Yuqorida nomi tilga olingan olimlar janrlarni umumiy tadqiq etishgan. Ayniqsa, XXI asr axborot- texnologiyalari davri, ma’lumotlar to‘lib- toshgan davrda kerakli axborotlarni saralash va foydalanishda insonning aziz va mukarramligini hamda uning e’tiqodini mustahkamlashda Alisher Navoiyning asarlari alohida o‘ringa loyiq. Biz bundan biroz chekinib, alohida ijodkorning fardlari tahliliga urinamiz.
Tadqiqotning obyekti sifatida bevosita Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-ma’oniy” kulliyotiga kiruvchi “Favoyid ul-kibar” devonidagi 86 ta fard namunalari asos qilib olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |