5.Qoplovchi to‘qimalar
Yuksak o’simliklar tuproq va atmosfera muhitlari bilan bog’lovchi tashqi va turli fiziologik vazifalarni bajaruvchi chegaralovchi to’qimalardan tashkil topgan. Gaz almashinuv, suv bug’latish va mexanik himoya vazifasini bajaruvchi chegaraolovchi to’qimalarga qoplovchi to’qimalar deyiladi. Kelib chiqishi va joylashishiga ko’ra qoplovchi to‘qimalar uch guruhga; epiderma, po‘kak yoki periderma hamda quruq po‘stloqqa (ritidom) bo‘linadi.
Birlamchi qoplag’ich to’qima-epiderma (yunoncha “epi”-yuqori, “derma”-teri ma’nosini bildiradi) o‘simlikning yosh organlarini quyosh nuri ta’sirida qurib qolishdan saqlaydi, barg orqali bo’lib turadigan transpiratsiyani chegaralaydi va boshqa mexanik ta’sirlardan himoya qiladi. Ikkilamchi va uchlamchi to’qimalar-periderma va po’stloqlar esa o’simlikning poya va ildizlarini qoplaydi.
Epidermis o‘simlikning barg va yosh novdalarini tashqi tomondan o’rab turuvchi bir qavat zich joylashgan tirik parenximatik hujayralardan tuzilgan. Hujayra po’sti esa bir necha bor bukilgan. Ichida yirik vakuolasi bo’ladi. Xloroplastlar epidermis hujayralarida uchramaydi, bu hujayralarning po’sti esa hamma joyida ham bir xil qalinlashmagan. Tashqi muhit, ya’ni atmosfera tomon joylashgan hujayra po’sti boshqa qismlariga qaraganda qalinroq bo’ladi. Buning ustiga u yerda kutin qavati, mum qatlami va mayda tukchalar zich bo’lib joylashadi. Tuklar (trixomalar) oddiy va bezli bo’ladi. Bezli tuklarda efir moylari, kislotalar va fermentlar mavjud. Trixomalar epiderma o'simtasi bo’lib, tuzilishi, shakli va bajaradigan funksiyalari bo’yicha har xil bo’ladi. Ular himoya etuvchi, tayanch va bezli tuklar, tangachalar, bo’rtmalardan iborat. Trixomalardan emergeneslar o’zining hosil bo’lishida, nafaqat, epidermadan, balki uning ostidagi to’qimalarning ham qatnashishi bilan farq qiladi. Trixomalarga ma’lum darajada g’uddasimon o'simtaga ega bo'igan epiderma hujayralari - suv pufaklari kabi differensiyalangan hujayralar ham o’xshash bo’ladi. Tuklarning har xil tiplari ba’zi bir oila, turkumlar va turlarni aniqlashda foydalaniladi (4-rasm).
4-rasm. Trixomalar (tukchalar) va emergenslar:
A - kartoshkaning (Solanum tuberosum) oddiy ko’p hujayrali tuklar; B - olmaning (Malus domestica) oddiy bir hujayrali; V - jiydaning (Elaeagnus angustifolia) yulduzchali tukchasi; G - sigirquyruqning (Verbascum thapsus) ko’p hujayrali shoxlangan tuklar; D - tamakining (Nicotiana rustica) bezli tuklari; E - gazandaning (Urtica dioica) uyuvchi tuklari (emergens).
Kutikula moddasi rangsiz plenkaga o‘xshash bo‘lib, o‘zidan suv va gazlarni o’tkazmaydi. Bazi bir o‘simliklarda, masalan, palmada mum qatlamining qalinligi 5 mm gacha boradi. Bu moslamalar epidermisning himoya vazifasini yanada kuchaytiradi. O’simlik to’qimalariga havoni kirishi va suvning barg yuzasi orqali bug’lanish (transpiratsiya) epidermisda joylashgan og’izchalar orqali amalga oshadi.
Og’izchalar ikkita loviyasimon shaklli qamrovchi hujayradan tuzilgan bo’lib, bu hujayralar gaz va suv bug’latib turadigan teshikni hosil qiladi (5-rasm). Qamrovchi hujayralar po‘sti har xil ya’ni, og‘izcha teshikchalari tomon joylashgan po‘sti boshqa qismlariga nisbatan qalinroq tuzilgan. Bu hujayralar tarkibida xloroplastlar mavjud bo’lib, shu belgisi bilan epidermis hujayralaridan farq qiladi. Qamrovchi hujayralar atrofida o‘rnashgan epidermis hujayralari og‘izcha yordamchi (yon) hujayralari deyiladi. Yorug’likda yetarli suv bo‘lgan taqdirda fotosintez jarayoni o‘tadi. Bu paytda og‘izchalar ochiq bo‘ladi. Qorong’i tushganda fotosintez to’xtaydi va og‘izchalar ham yopiladi.
|
B
|
5-rasm. Epidermisdagi og’izchaning tuzilishi:
A–og’izchaning ko’rinishi, B–og’izchaning ustidan ko’rinishi: 1–epidermis hujayrasi, 2–og’izchaning hujayralari, 3–xlorofill donachalari, 4–og’izcha teshigi, 5–hujayra mag’izi, 6–sitoplazma, 7–og’izchaning oldingi teshigi, 8–orqa tomoni, 9–havo bo’shlig’i, 10–xloroplastli qamrovchi hujayra, 11–qamrovchi hujayraning yupqa po’sti, 12–13–kutikula, 14–hujayraning sellyulozali po’sti, 15–yadro
|
Bu o‘simlikni qurib qolishdan saqlaydi. Og‘izchalarning ochilish va yoyilish mexanizmi bu qamrovchi hujayralardagi xlorofillarga bog‘liq, ya’ni quyosh nuri tushishi bilan qamrovchi hujayralarda fotosintez boshlanib kraxmal va qand moddasi hosil bo‘ladi, natijada qamrovchi hujayralar konsentratsiyasi uni o‘rab turuvchi epidermis yon hujayralarining konsentratsiyasiga qaraganda keskin ortadi. Bunda fizikaning Osmos qonuniga asosan epidermis yon hujayralaridagi suv qamrovchi hujayralarga o‘tishi natijasida hujayralarning hajmi kengayadi, turgor holati keskin ortadi hamda qamrovchi hujayralar po‘sti cho’zila boshlaydi. Biroq og‘izcha teshikchalari tomon joylashgan qamrovchi hujayralar po’stida cho‘zilish hususiyati yo‘q. Shu sababli cho‘zilayotgan qamrovchi hujayralar po‘sti hujayra po’stining bu qismini ikki tomonga tortadi, natijada og‘izchalar ochiladi.
Qorong‘ilikda yoki yozning tush paytlarida fotosintez to’xtashi bilan qamrovchi hujayralar konsentratsiyasi bilan epidermis yon hujayralarining konsentratsiyasi tenglashadi. Bunda qamrovchi hujayralardagi suv yana qayta qo’shni hujayralarga o’tishi tufayli og’izchalar yopiladi. Og‘izchalarning yopilish va ochilishiga atmosferadagi karbonat angidridning miqdori ham ta’sir etadi. Qamrovchi va uning atrofida joylashgan epidermis yon hujayralarining shakli turli-tuman bo‘ladi. Ularning shakli, kattaligi, qamrovchi hujayralarning yon hujayralarga nisbatan joylanishi muhim morfologik belgilar bo‘lib, o‘simlik turlarini aniqlashda bu belgilardan keng foydalanish mumkin, chunki bu belgilar ancha konservativ hisoblanadi. Yuksak o‘simliklarda og‘izcha apparatining asosiy xillari quyidagicha:
1. Anomotsit og‘izchalar qirqbo’g’inlardan tashqari barcha yuksak o’simliklarda uchraydi. Og‘izcha atrofida yon hujayralar bo’lmaydi (6-rasm).
2. Diatsit xili paporotniklar va gulli o’simliklarda uchraydi. Ikki yon hujayra og‘izcha bo’yiga nisbatan perpendikulyar joylashadi.
3. Paratsit xili paporotniklar, qirqbo’g’inlar va gulli o’simliklarda uchratladi. Bunda bitta yoki bir nechta epidermisning yon hujayralari og‘izchaning uzunasiga parallel bo‘lib joylashadi.
6-rasm. Og’izcha apparatining asosiy xillari:
1-anomotsit og’izchalar (qirqbo’g’inlardan tashqari barcha yuksak o’simliklarda); 2-diatsit (paporotniklar va gulli o’simliklarda); 3-paratsit (paporotniklar, qirqbo’g’inlar, gnetsimonlar va gulli o’simliklarda); 4-anizotsit (faqat gulli o’simliklarda); 5-tetratsit (asosan bir pallali o’simliklarda); 6-ensiklotsit (paporotniklar, ochiq urug’lilar va gulli o’simliklarda).
4. Anizotsit og’izchalar faqat gulli o’simliklarda uchraydi. Bunda og‘izchaning qamrovchi hujayralari epidermisning uchta yon hujayralari bilan o‘ralgan bo‘ladi. Bu hujayralardan bittasi qolgan ikkitasiga nisbatan yirik yoki kichik bo‘ladi.
5. Tetratsit xili asosan bir pallali o’simliklarda uchraydi.
6. Ensiklotsit xili qirqquloqlar, ochiq urug’lilar va gulli o’simliklarda uchraydi. Bunda Yon hujayralar og’izcha atrofini halqa bqilib o’rab turadi.
Og‘izchalarning o‘simliklar uchun ahamiyati nihoyatda katta. Chunki, atmosfera bilan o‘simliklar o‘rtasidagi barcha gaz va suv almashinuv jarayoni shu og‘izchalar orqali bo‘ladi. Og’izchalar bargning umumiy yuzasi ning 1-2% ini tashkil etadi. Og‘izchalarning kattaligi hamda ularning barg yuzasidagi miqdori o‘simlik turi, tashqi muhit va o‘sish sharoitiga bevosita bog‘liq. Og’izchalarning soni qurg’oqchilikka chidamli o’simliklarda 1 mm2 yuzada o’rtacha 100-300 to’g’ri keladi. Masalan, 1 mm2 yaltirbosh bargining yuzasida 30 ga yaqin og’izcha bo‘lsa, ochiq quyosh nuri tik tushadigan joyda o‘sadigan kungaboqar o‘simligi bargida 220-250, g’o’zada 250, zarangda 550 tagacha og’izchalar borligi aniqlangan.
Bir pallali o’simliklarda og’ichalar tartibli-parallel qatorlar hosil qilgan holda joylashsa, ikki pallali o’simliklarda turli yo’nalishda tartibsiz joylashadi.
Og‘izchalar asosan bargning ostki epidermisida, suv betida suzib yuruvchi o‘simliklarda esa bargning ustki epidermisida joylashadi.
Epidermis ko‘pincha bir yil yashaydi, keyin esa tushib ketadi. Epidermis asosan bir qavat hujayralardan tashkil topgan, biroq oleandr o‘simligida u ikki qavat bo‘ladi. Fikus va ko‘pchilik ninabargli o‘simliklarning vakillarida epidermis bir necha yil to‘kilmasdan yashaydi.
Kuzga borib ko’p yillik o‘simlikning organlarida epidermis o’rnini ikkilamchi qoplovchi to’qima – po’kak (periderma) egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |