Ichki chegaralovchi to’qimalarga – endoderma va ekzoderma kiradi. Endoderma yaxlit halqasimon qavat sifatida ildizning markaziy silindrini po’stloq bilan chegaralab turadi. Ekzoderma rizoderma hujayralari ostida joylashadi va rizoderma nobud bo’lishi bilan u tashqi himoya vazifasini bajaradi.
Asosiy to‘qimalar
O‘simlik organlarining ko‘pchilik qismi yirik, hujayra devori yupqa, modda almashinish jarayonida aktiv ishtirok etuvchi hujayralardan tashkil topgan. Bu guruh hujayralar o‘simlik organlarida birlamchi va ikkilamchi meristema hisobidan hosil bo‘ladi va ular asosiy to‘qimalar deyiladi. Bu to‘qima tashqi tomondan qoplovchi to‘qima bilan o‘ralgan va uning oraliqlarida mexanik, o‘tkazuvchi va shu kabi boshqa to‘qimalar elementlari joylashgan. Asosiy to‘qima hujayralari parenxima, ya’ni ko‘pincha yumaloq ko‘pburchak shaklida bo‘ladi. Hujayra po‘sti yupqa sellyulozadan tuzilgan, ba’zan qalinlashgan va yog‘ochlangan. Asosiy to‘qima hujayralari orasida har xil shaklda va kattalikda bo‘lgan hujayralararo bo‘shliqlari mavjud.
Asosiy to‘qimalar ko’pincha o‘simliklar uchun oziqlantiruvchi vazifani o‘taydi. Bajaradigan vazifasi va joylanishiga ko‘ra asosiy to‘qima quyidagi qismlarga bo‘linadi:
So‘ruvchi (shimuvchi) parenxima. Bu parenxima ildizning so‘rish mintaqasida joylashgan bo‘lib, u ildiz tuklari hamda birlamchi po‘stloqning yosh parenxima hujayralaridan iborat. Bu parenxima tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni so‘rib olib ildizning markaziy silindridagi o‘tkazuvchi to‘qimalarga yetkazib beradi. Epiblema yoki rizodermada ildiz tuklari orqali ildizga suv va unda erigan moddalarni tuproqdan shimib olinadi. Velamen orxideyalarning havo ildizlarida o’ta yaxshi taraqqiy etgan. G’alladoshlar murtagidagi qalqonning so’ruvchi qavati ham muhim vazifani bajaradi.
Assimilyatsion parenxima yoki xlorenxima. Xloroplastlari bo‘lgan asosiy to‘qima assimilyatsion parenxima deb ataladi. Bu parenxima asosan o‘simlik barglarida, o‘t o‘simliklarning poyalarida daraxtsimon o‘simliklar poyasining birlamchi parenximasida, felloderma hujayralarida, epifit o‘simliklarining havo ildizlarida va yashil mevalarida bo‘ladi. Bu to‘qima hujayralarida fotosintez jarayoni bo‘lib turadi.
Barg xlorenximasining hujayralari har xil tuzilgan. Yuqori epidermis ostida joylashgan hujayralari ko‘pincha uzunasiga cho‘zilgan, prizmatik, barg yuzasiga perpendikulyar va zich joylashgan bo‘lib, u ustunsimon yoki palisad parenxima deyiladi. Bu hujayralarda xloroplastlar ancha ko‘p bo‘lib, fotosintez intensiv o‘tadi.
Barg xlorenximasining ikkinchi qismi bargning ostida joylashgan, bu yerda hujayralar izodiametrik shaklda bo‘ladi, bu hujayra oraliqlarida bo‘shliqlar ko‘p. Natijada hujayralar siyrak joylashadi. Buni bulutsimon parenxima deyiladi. Bu hujayralarda xlorofillar bo‘lsa ham unda asosan transpiratsiya va gaz almashinuv jarayoni kechadi. Fotosintez esa uning ikkinchi darajali vazifasi hisoblanadi.
Qarag‘ay ninabargidagi xlorenxima hujayralarining yumaloq po‘sti har tomonlama burmali yoki qatlamli bo‘ladi. Shuning uchun bu xlorenxima burmali xlorenxima deyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |