Po’kak (periderma). Odatda epidermis o’simlik organlarida bir necha oydan yilgacha saqlanadi, keyin esa to‘kiladi va uning o‘rnini ikkilamchi qoplovchi to‘qima – po’kak egallaydi. Ko’pchilik o’simlik ildiz va poyalarida ikkilamchi ksilema hosil bo’lishi bilan ildiz hamda poyaning epidermasi o’rnini periderma egallaydi (7-rasm). Periderma - murakkab ko’p qavatli qoplovchi to’qima, chunki tuzilishi va vazifalari har xil bo’lgan hujayralar majmuasidan iborat:
a) fellema (po’kak) - uning asosiy vazifasi himoyalashdir;
b) fellogen (po’kak kambiysi) - undan uzoq vaqt qalinlasha boradigan periderma hosil bo'ladi;
d) felloderma - fellogenni oziqa bilan ta'minlash funksiyasini bajaradi.
7-rasm. Marjon daraxti novdasining peridermasi:
1-yasmiqcha; 2-epidermis qoldiqlari;3-po’kak-fellema; 4-fellogen; 5-felloderma.
Fellogen bir qavat meristematik hujayralardan iborat bo’lib, u ko‘p yillik o‘simliklarda epidermis ostida joylashgan birlamchi po‘stloq hujayralaridan hosil bo‘ladi va u organning tashqarisiga po’kak hujayralarini, ichkariga felloderma hujayralarini beradi. Mana shu uchta to’qima peridermani tashkil etadi.
Olma, nok, tol, oleandr va shu kabi o‘simliklarda fellogen epidermis hujayralaridan hosil bo‘ladi, oq akatsiya va gledichiya o’simliklarida esa u birlamchi po’stlog‘ining ichkarisida joylashgan uchinchi qator parenxima hujayralaridan yoki ikkilamchi po’stloq hujayralaridan ham hosil bo’lishi mumkin.
Fellogen hujayralarning po‘sti yupqa quyuq donador sitoplazmali bo’ladi. Ularning bo‘linishi doimo tangental yo‘nalishda, ya’ni poya yuzasiga parallel bo‘ladi. Fellogen o‘zidan tashqi tomonga zich radial joylashgan hujayralar hosil qiladi, hujayralararo bo‘shliqlari bo‘lmaydi. Keyinchalik bu hujayralarning po‘sti qalinlashadi va suberin moddasini shimib olishi natijasida po‘kkaklashadi, natijada hujayra protoplasti o‘ladi. Po‘kaklashgan hujayralar o‘lik, hujayrasi bo‘sh (Quercus ruber) yoki smola hamda oshlovchi moddalar bilan to‘lgan bo‘ladi. Oq qayin o‘simligida betulin moddasi bo‘lib, bu o‘simlik poyasiin oq rangga bo‘yaydi.
Fellogen ichkariga qarab tirik xlorofilli parenximatik hujayralar hosil qiladi. Bu hujayralar siyrak joylashib ular orasida hujayralararo bo‘shliqlar qoladi. Bu to‘qima fellogerma deyiladi. Demak, fellogen, po’kak (fellema) hamda fellodermani birgalikda periderma deyiladi.
Birlamchi qoplovchi to‘qima (epidermis)dagi og‘izchalar poyada bargdagiga nisbatan kamroq bo’ladi va keyinchalik epidermis bilan birga to’kiladi. Biroq epidermisdagi bazi bir og‘izchalar ostidagi birlamchi parenxima hujayralaridan maxsus guruh xlorofilsiz hujayralar hosil bo‘ladi. Ular kengayadi, bu hujayralarning o’rta plastinkasi eriydi va hujayralar bir-biridan ajralib, sharsimon shaklga kiradi. Ana shu hujayralar ostida yasmiqchalar fellogeni rivojlanadi. Natijada hujayralar po‘sti po’kaklashadi va ichi havo bilan to‘ladi. Keyinchalik bu to‘qima alohida yoki guruh hujayralariga ajraladi va ular orasida ko‘p miqdorda hujayralararo bo‘shliqlar vujudga keladi. Ana shu bo’rtayotgan to’qimalar bosimi ostida epidermis yoriladi va unda yoriqcha hosil bo‘ladi. Poyada bu usul bilan hosil bo‘lgan yoriqli bo‘rtma yasmiqcha deyiladi (8-rasm). Shu yasmiqchalar orqali atmosfera bilan poyaning ichki to‘qimalari o‘rtasida gaz almashinuv jarayoni bo‘ladi. Yasmiqchalar organlarning ilgari og‘izchalar bo‘lgan joylarda hosil bo‘ladi. Demak, og’izcha va yasmiqchalar o‘rtasida o‘zaro funksional bog‘lanish mavjuddir.
Ma’lumki, qoraqat va zirklarda fellogen va undan hosil bo‘lgan periderma poya po’stlog‘ining ancha ichkarisida hosil bo‘ladi. Bunday hollarda yasmiqchalar to’g’ridan to’g’ri fellogen hujayralaridan ajralib chiqadi.
Po’kakning qalinligi o‘simliklarda har xil bo‘ladi. Masalan, po’kakli eman (Querus ruber) daraxtida po’kakning qalinligi 25 sm gacha borishi mumkin.
8-rasm. Yasmiqchalar:
1-Marjon daraxti (A) shoxchasidagi yasmiqchalarning tashqi ko’rinishi; 2-ko’ndalang kesmadagi yasmiqcha; Yas-yasmiqcha; B-kirkazon poyasining ko’ndalang kesmasidagi yasmiqcha.
|
9-rasm. Po’stloqning tuzilishi:
1-po’kak; 2-po’stloq parenximasi; 3- skleriedlar (tosh hujayralar); 4-lub tolasi; 5-druzli hujayra.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |